Sug‘urta – bu ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplashga mo‘ljallangan maqsadli sug‘urta fondlarini uning qatnashchilari o‘rtasida badallar hisobidan shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan qayta taqsimlash munosabatlari yig‘indisi. O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasida
sug‘urtaga
quyidagicha ta’rif berilgan:
«Sug‘urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘laydigan sug‘urta mukofotlaridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi». Sug‘urtaning iqtisodiy mohiyatiga uning funksiyalari mos keladi. Ular sug‘urtani moliya
tizimining bir bo‘g‘ini sifatida xususiyatlarini oydinlashtirishning tashqi shakllari hisoblanadi.
Sug‘urtaning to‘rtta funksiyasi mavjud:
Tavakkalchilik
Oldini olish
Jamg‘arma
Nazorat
Asosiysi tavakkalchilik funksiyasi hisoblanadi, chunki sug‘urtaviy tavakkal zarar
ehtimolligi sifatida talofat ko‘rgan xo‘jaliklarga pullik yordam ko‘rsatish bo‘yicha
sug‘urtaning asosiy yo‘nalishi bilan bevosita bog‘liq. Aynan tavakkalchilik
funksiyasining amal qilish doirasida sug‘urta ishtirokchilari o‘rtasida bo‘lishi mumkin
bo‘lgan sug‘urta hodisalari oqibatlari bilan bog‘liq pul shaklidagi qiymatning qayta
taqsimlanishi ro‘y beradi.
Oldini olish funksiyasi sug‘urta fondi mablag‘larining bir qismi hisobidan sug‘urta
tavakkalchiligini kamaytirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.
Hayot sug‘urtasida sug‘urta kategoriyasi kredit kategoriyasi bilan hayotni ma’lum
muddatgacha sug‘urtalash
shartnomalari bo‘yicha mablag‘larni jamg‘arishda ancha yaqinlashadi. Hayot sug‘urtasi
orqali pul mablag‘larini jamg‘arish oilaviy sharoitda sug‘urtaviy himoyaga bo‘lgan
ehtiyoj bilan bog‘liqdir. Shu bilan sug‘urta jamg‘arish funksiyasini ham bajarishi
mumkin.
Sug‘urtaning nazorat funksiyasi sug‘urta fondini qat’iy maqsadli shakllantirilishi va
uning mablag‘laridan
to‘g‘ri foydalanishdan iborat. Mazkur funksiya yuqoridagi uch spetsifik funksiyalardan
kelib chiqadi va konkret sug‘urta munosabatlarida ular bilan birga namoyon bo‘ladi.
Nazorat funksiyasiga mos ravishda qonunchilik va instruktiv hujjatlar asosida sug‘urta
amallarini to‘g‘ri bajarilishi ustidan moliyaviy sug‘urta nazorati amalga oshiriladi.