Maxsus lug‘atlar biror soha yoki ma’lum bir qatlamga oid so‘zlar bilan cheklangan bo‘ladi. Bu cheklanish ularning nomlanishida ham o‘z aksini topadi. Masalan: «O‘zbek tili morfem lug‘ati» (T.,1977.), «O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati» (T., 1974.), «O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati» (T.,1984.), «O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati» (T.,1980.), «Siyosiy terminlarning izohli lug‘ati», «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati» shular jumlasidandir.
2-§. Lug‘atshunoslik tarixidan. Barcha turkiy xalqlar kabi o‘zbek xalqining ham lug‘atshunoslik bilan bog‘liq tarixining dastlabki bosqichi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari bilan bog‘lanadi. Uning to‘liq ism-sharifi Mahmud Ibn-ul Husayn Ibn Muhammad-al-Koshg‘ariy bo‘lib (tavallud sanasi aniq emas), «Devonu lug‘otit turk» asari hijriy 469, melodiy 1076-1077- yil yozilgan. Asarning yagona qo‘lyozma nusxasi 1914-yilda Turkiyaning Diyorbakir shahridan topilgan va u hozirgacha Istambulda saqlanadi. Bundan tashqari alloma tomonidan turkiy tillar sintaksisiga doir «Javohirun nahv fil lug‘otit turk» asari yaratilganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud. Biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
«Devonu lug‘otit turk», dastlab, 1915-1917 yillarda uch tomlik kitob holida Istambulda, keyinchalik, ya’ni 1928 yilda esa sharqshunos Brokkelman tomonidan nemis tiliga tarjima qilinib Leypsikda nashr qilingan. «Devonu lug‘otit turk» asari 1960-1963 yillarda taniqli sharqshunos olim Solih Mutallibov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Toshkentda nashr etilgan. «Devonu lug‘otit turk» asari faqat leksikografik tadqiqot bo‘lib qolmay, unda qadimgi turkiylar tilning fonetik-fonologik, leksik-semantik, lingvogeografik, dialektologik xususiyatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar mavjud. Shu bois Mahmud Koshg‘ariy turkiyshunoslikning sanab o‘tilgan sohalarining asoschisi sanaladi.
Dostları ilə paylaş: |