Навоий “хамса” сидаги баъзи образлар талқинига доир


III BOB: “XAMSA”NING G`OYAVIY MOHIYATINI O`RGANISH



Yüklə 1,04 Mb.
səhifə15/23
tarix02.02.2022
ölçüsü1,04 Mb.
#114017
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   23
III BOB: “XAMSA”NING G`OYAVIY MOHIYATINI O`RGANISH:

  1. XAMSA”DA QANOAT TUSHUNCHASI

O`zbek mumtoz adabiyoti ayrim tushunchalar, obrazlar, timsollarning ko`p ma’noligi bilan xarakterlanadi. Bu narsa zohiriy va botiniy ma’no, haqiqiy va majoziy ma’no, ilohiy va dunyoviy, birlamchi va tagma’no kabi ko`pgina atamalar bilan nomlanadi. Ishq, fano, baqo, faqr, ilm, ko`ngil, so`z, odob, may, vafo, sabr, qanoat, dunyo, iymon, nafs, nodonlik, jaholat, tama kabilarning mohiyatini ham shu tarzda sharhlash mumkin.

Navoiygacha bo`lgan adabiyotimizda ham, ayniqsa, Navoiy asarlarida qanoat xususida anchagina mulohazalar yuritilgan. Shoir she’riyatida, “Hayrat ul-abror”, “Mahbubul-qulub”, “Tarixi anbiyo va hukamo” kabi asarlarida bu boradagi mushohadalar bayon qilingan.

Qanoat nima? Uning hayotiy, tasavvufiy mohiyati nimalardan iborat? Bu savollarning o`ziga xos javobi bor. “O`zbek tilining izohli lug`ati”da qanoat so`zining ma’nolari izohlangan. Unda ko`proq bu so`z tilga olinganda nimani anglashimiz, xayolimizda ilk uyg`onadigan tasavvur o`z ifodasini topgan. “Qanoat” tushunchasining hayotiy, hamma ham tushunaveradigan mazmuni keltirilgan:

“Qanoat (a) 1. Ozga yoki borga ko`nish, bori bilan kifoyalanish, nafsi tiyiqlik bilan ko`pga, ortiqchalikka intilmaslik.

2. Mamnunlik, xursandlik, mamnuniyat, qoniqish.

3. Ishonch, ishonish”. (O`zTIL. 2-tom. 550-bet).
Ba’zan boriga ko`nikmay, o`zini o`tga-cho`g`ga urib, yaxshi-yomon, harom – harishdan or qilmay yana ham ko`proq narsa ilinjida talpinish qanoatsizlik.

“Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug`ati”da esa shunday qaydlar uchraydi: “Qanoat -1. qanoat: boriga sabr qilish, chidash, bardosh berish.

2. tamasizlik.

3. befoyda urinmaslik”. (IV tom. T., 1985. 30-bet).


Ushbu izohlarda qanoatning tasavvufiy mohiyatiga daxldor bir fikr keltirilgan. Bu – tamasizlik. Navoiy ijodida qanoatning zidi, qarama-qarshisi sifatida asosan tama, tamagirlik qo`llanilgan. Qanoat – boriga ko`nish, shukr qilish. Ba’zan “Sabr-qanoat tilayman” degan jumlani eshitib qolamiz. Men bu tarzdagi ma’noni unchalik ham to`g`ri deb o`ylamayman. Inson g`amga, musibatga, qiyinchiliklarga sabr qilishi mumkin. Ammo unga qanoat qilinmaydi. Azobga qanoat emas, chidam kerak. Oz narsaga, bir parcha nonga, yetishmovchilik bo`lsa-da, sog`-salomat yashashga qanoat qilish mumkin. Shu sabab ham “sabr qanoat” emas, “sabr-toqat” tarzida jumla ishlatish to`g`riroq bo`lardi. Qanoatning ma’nodoshi – shukr qilmoq, tamasizlik; sabr esa toqat, chidam bilan aloqador.

Mumtoz shoirlarimiz asarlarida qanoatning tasavvufiy mazmuni birinchi o`rinda turadi. Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” asarida tasavvufning ko`pgina istilohlari sharhlangan. Unda futuvvat (yigitlik, mardlik, olijanoblik, saxovat, jo`mardlik; ayni paytda tariqatning bir bo`lagi hisoblanib, omma orasida yaxshi sifatlar va namunali axloq bilan mashhur bo`lish tushuniladi) ning oltita zohiriy va oltita botiniy rukni (ustuni) borligi ta’kidlanadi. Oltita botiniy ruknning uchinchisi qanoat (10-bet). Ayni paytda tariqatning kichik va katta abjadlari (hisoblari) borligi aytilib, katta abjad 29 ta so`zdan iborat ekanligi ta’kidlanadi: “Yigirma birinchi – qanoatni o`z hayotining asosi va faoliyatining poydevori deb bilish”. (16-bet)

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg`u -bilig” asarini o`quvchilarimiz yaxshi bilishadi. Asarda to`rt majoziy obrazlar mavjud:

Biri to`g`rilikka tayanch – Adolat,

Biri Davlat erur, u qutli g`oyat.

Uchinchi – ulug`lik AQL ham ZAKO,

To`rtinchi – qanoat erur bebaho.1
Demak, Adolat, Davlat, Aql, Qanoat timsollari, ular bilan bog`liq savol-javob, mulohazalar asarning asosini tashkil etadi. Kuntug`di, Oyto`ldi, O`gdulmish, O`zg`urmish timsollari asosida bu masalalar bayon qilinadi. O`zg`urmish (Uyg`ongan) – qanoat timsoli. U o`zini odamlardan chetga tortgan, dunyo ishlariga aralashmay, tog`u g`orlarda makon tutgan zot. O`z aql-u zakovati, dunyo va inson haqidagi donishmandona fikrlari, ofiyati – qanoati, boriga shukr qilishi bilan hukmdor nazariga tushgan zohid.

Biz bu asarda qanoatning tasavvufiy mazmuni asosiy o`rin tutishini sezamiz.

Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asarining “Hukamo zikri” qismida Luqmoni hakim haqida ma’lumot keltirilgan. Navoiy bu ulug` zot xususida ushbu asarning payg`ambarlar qismida ham, hukamo-hakimlar- donishmandlar qismida ham mulohaza yuritgan. Shoir Luqmoni hakimga taalluqli hikmatli fikrlar, u kishi tomonidan aytilgan donishmandona o`gitlarni bayon etadi. Navoiy yozadi: “Ul (Luqmon) debdurki, barcha yukni tortim, burchdin og`irroq yuk ko`rmadik va barcha lazzatni tottim, ofiyatdin chuchukroq sharbat totmadim...” (MAT. 16-tom. 190-191-betlar). Luqmoni hakim ta’kidicha, inson uchun eng og`ir, mashaqqatli yuk-burch, Olloh, el, yurt oldidagi burchni bajarish. Dunyoda lazzat, totli narsalar ko`p. Lekin eng shirini-ofiyat-qanoat. Demak, donishmand Luqmon xulosasiga ko`ra, odamzot uchun barcha sharbatlarning eng mazalisi, foydasi ko`pi boriga shukr qilish, Olloh berganiga qanoat qilish. Bu ham ko`pchilik amal qilsa arzirli hikmat.

Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari o`ziga xos odob-axloq darsligi. Uning inson kamoloti, shaxs tarbiyasidagi o`rni beqiyos. Mazkur asarning ikkinchi qismi (o`zi uch qism) “Hamida af’ol va zamima xisol xosiyatida” deb nomlanadi. Bu “Yaxshi fe’llar va yomon xislatlar xosiyati” degani. O`n fasldan iborat bu qismda tavba, zikr, zuhd, sabr, rizo, ishq kabi masalalar qatori qanoat haqida ham mulohazalar yuritilgan. Yuqorida tilga olingan atamalar ham bu qismda asosiy e’tibor tasavvufiy mazmunga qaratilganini ko`rsatadi.

“Qanoat– qismatdan rozi bo`lish, nafsdan voqiflikdir. Ozga qone’lik qanoatdir”1.

Navoiy asarning “Qanoat zikrida” deb nomlanuvchi to`rtinchi bobida bu mavzuga doir mulohazalarini bildiradi. Shoir nazarida, qanoat- “chashmayedurkim, suvi olmoq bila qurumas va maxzanedurkim, naqdi sepmoq bila o`ksumas”. Ya’ni qanoat suvi tugamas buloq, sarf qilgan bilan tugamaydigan xazina. Qanoat – manzili xursandlik, ammo qiyin va mashaqqatli yo`l. Qanoat –javhar. Kishilarning eng yuksagi – qanoatlisi: “Emasdur kishi turfa andoqki, qone’”.

Biz yuqorida qanoatning zidi tama ekanligini ta’kidlagan edik. Shoir ushbu o`rinda ham shu nuqtai nazarini ilgari suradi. Qanoatli faqrning yovg`on umochi olg`ir-tamagir boyning novvot-u halvosidin mazaliroq. Qanoatda qanchalik osoyishtalik bo`lsa, tamada shuncha razolat, uqubat bor.

Kimki qanoatli bo`lsa, uning el-yurt ichida obro`-e’tibori bo`ladi. Aksincha, kimki tama-yu hirsga ruju qo`ygan bo`lsa, yaxshi-yomon ichida xoru nahs ko`rinadi:

Har kimki, qanoat tarofi nisbati bor,

Barcha el aro tavozeu izzati bor,

Ulkim tamau hirs bila ulfati bor,

Yaxshi - yomon ichra zillatu nakbati bor.

(“Mahbub ul-qulub”. 55-bet)
“Hayrat ul-abror” dostonida ham bu mavzuning alohida sharhi bor. Dostonning yettinchi maqolati “Qanoat bobidakim...” deb nomlangan. Asarda mavjud yigirma maqolatdan – yigirmata eng zaruriy masalalardan biri sifatida qanoatga to`xtalish ham bejiz emas. Unda quyidagi jihatlar yoritilgan:


  1. Qanoat, uning foydalari.

  2. Qanoatli insonga xos jihatlar, unga mos tashbehlar.

  3. Qanoatning zidi sifatida tamaga bo`lgan munosabat.

  4. Tamagirlikning oqibatlari, bu kayfiyatdagi kishining balo-yu ofatlarga giriftorligi.

  5. Qanoatli va tamagir do`stlar taqdiri bilan bog`liq ilova hikoyat.

Ma’lumki, “Hayrat ul-abror” 1483-yil yozilgan. “Mahbub ul-qulub” esa 1500-yil. Qanoat haqidagi fikrlar ikki asarda ham juda yaqin, o`xshash, hatto takror darajada. Shoir oradan 17 yil o`tib, umrining oxirida yozilgan “Mahbub ul-qulub”da ushbu mavzuga yana bir bor to`xtalishi, muhim ahamiyatga ega. Ikki asarda ham qanoat va tama darvesh-u shoh, gado va shoh, osoyishtalik va tashvish, obro` va xorlik, qatiqsiz umoch va kuloch (halvoga o`xshash shirinlik) juftliklari vositasida tashbehlangan.

Shoir yozishicha, qanoatli kishi g`ani – boy bo`ladi. Oddiy, ko`rimsiz kulbada yashayotgan qanoatli darvesh tamagir shohdan ustun. Shoirning mana baytiga e’tibor beraylik:

Chunki tama’ bo`ldi gadolar ishi,

Bilki gadodur tama’ etgan kishi. (“Hayrat ul-abror”. 165-bet)


Gadoning ishi tama. Uning boshqa ilinji yo`q. “Qonii darvesh erur podshoh”. Qanoat bilan inson sarbaland bo`ladi. Tinch ko`ngil, osoyish unga hamroh bo`ladi. Birovning minnatli kulochidan o`zining qatiqsiz umochi yaxshiroq:

Tinch ko`ngil birla qatiqsiz umoch

Behki birov minnati birla kuloch. (170-bet)

Qanoatsiz kishining qismati xorlik:

Ulki etib tarki qanoat shior,

Aylab ani ul tama’ el ichra xor. (172-bet)


“Hayrat ul-abror”ning muhim xususiyati shundaki, shoir biror bir mavzu xususida fikr bildirar ekan, uning dalili, natijasi o`laroq qiziqarli hikoyatni ilova qiladi. Qanoat haqidagi mulohazalarini bayon etib bo`lgach, “Qoni’ juvonmard ila tomi’ jahongard...” haqidagi hikoyatni keltiradi.

Fors mamlakatidan Chinga yo`lga chiqqan ikki do`st haqidagi bu hikoyatda “qoni’”- qanoatli va “tomi’” – tamagir kishining holati bayon qilingan. Unda oson xazina, yengil boylikka ega bo`lishni istamay, yo`lida davom etgan, shahar darvozasidan birinchi kirib, podsholikka erishgan va boshqasi davlatga mashaqqatsiz erishish umidida tosh ostidan xazina izlab hech nimasiz qolishi tasvirlangan. Navoiy e’tiroficha, “Xom tama’ dahrda ranjur erur”.

Navoiyning qanoat haqida bu dostonida bildirgan fikrlari to`liq tasavvufona. Mana bu bayt ham fikrimizni quvvatlaydi:

Jur’asidin soliki roh et meni,

Mulki qanoat uza shoh et meni. (176-bet)
Umuman, Navoiyning qanoat borasidagi mulohazalari har birimizni o`z harakatlarimiz, qilayotgan haq-u nohaq ishlarimizni yana bir bor o`ylab ko`rishga undashi bilan ahamiyatlidir.


Yüklə 1,04 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   23




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin