To‘yni kuyov qiladi Oddiy bir muammo, nikoh to‘yini o‘tkazish bilan bog‘liq. Uni o‘tkazish erning gardanida. Abdurohman ibn Afv roziallohu anhu bir kuni xursand bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomning oldilariga kelib qoldi. «Buncha xursandsiz, ey Abdurohman», deb so‘radilar. «Yo Rasulalloh, kichkina mayizning yarmidek keladigan tilla bor edi, shuni mahriga berib uylandim», deb xursandchiligining sababini bayon qilganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilarki: «Unday bo‘lsa, bitta qo‘y so‘yib, e'lon ham qiling». Bu o‘rinda Payg‘ambarimiz «Ey, Abdurohman, otangga aytgin, senga to‘y qilib bersin», demadilar. To‘y qilish sahobiyning o‘ziga aytilmoqda. Yoki qaynotangga ayt, to‘y bersin demadilar. Shu narsa – Islomda to‘y xarajatlari ham kuyov bolaning zimmasida ekanini bildiradi.
Bugun biz nima qilyapmiz, or-nomus qayerda qoldi? Oilaviy hayotning boshlanishidayoq kuyov bola o‘z majburiyatini kelin tomonga yuklar ekan, oilaning taqdiri, kelajagi qanday bo‘ladi? Kamsitishlar, haqoratlar va oilaviy ajrimlar shuning ortidan kelmayaptimi?!
Ikki tomonning orzu-havasiga muolaja bormi? Ortiqcha bid'at-xurofotlar, orzu-havaslarni jilovlashda ko‘pgina erkaklarning ayollarga so‘zi o‘tmayapti. Barchalari emas, albatta, biroq shunaqa narsalarni deb, ayollar erlariga farmonbardor darajasiga kelmoqda. Vaholanki, oilaviy hayot ham bir ibodat. Bunga ham tayyorgarlik ko‘rishi kerak.
Payg‘ambarimiz alayhissalom uylanmoqchi bo‘lgan yigitlarga: «Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kimda kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin», deganlar.
Shu qodir bo‘lish masalasida arabcha «bo-at» so‘zi ishlatilgan. Uni o‘zbekchaga tarjima qilsak, nikohga qodirlikda jismoniy qodirlik, ongli-aqliy qodirlik va moddiy jihatdan oilani ta'minlay oladigan qodirlikni anglatadi. Bugun nima bo‘lyapti? Shu uchovi topilmasayam, ota-ona farzandini uylab qo‘ymoqda. Natijada birovning oq-u qorasi ham bebaxt bo‘lyapti.
Nima uchun oilaviy hayot bu darajaga keldi? Bunga mutlaqo tayyor bo‘lmasdan turib, islomiy qadriyatlardan, Allohning hukmlaridan, millatimizning tarixidagi qadriyatlardan yiroqlashib, boshqa millatlarga taqlidan oilaviy hayot boshlanmoqda. Ana shundan yetarli muammolar kelib chiqmoqda.