1-vaziyat. Shahlo o‘qiydigan maktabda bolalarning chiroyli kiyinish va ko‘pgina qimmatbaho narsalari bilan maqtanishlari odat tusiga aylangan edi. Ularning ota-onalari bozor iqtisodiyotining yangi sharoitlariga moslashib olgan va katta miqdorda pul ishlab topadiganlardan edilar. Shu sababli, ularning bolalari har kuni yangi kiyim kiyib kelishlari va ko‘ngilochar o‘yinlar o‘ynashlariga imkoniyatlari mavjud edi. Shahlo esa, modaga mos kelmaydigan, onasi yoki buvisi tikib bergan eski ko‘ylaklarni kiyib yurardi. Nima uchun boshqalarda shunday chiroyli narsalar bor, unda esa – deyarli yo‘q? Uning ba’zi dugonalari maktabga katta miqdorda pul olib kelishar va uyga ketayotgan vaqtda do‘kon oldida to‘xtab, shokolad yoki boshqa shirinliklar olishar edi. Uning eng yaxshi maktab dugonasi endilikda gaplashmas edi. U faqat “tanlanganlar” bilan muloqotda bo‘lar edi. Ba’zan Shahlo maktabga borishni xohlamasdi. Uning ota-onasiga nima bo‘ldi? Nima uchun uning ota-onasi dugonalarinikiga o‘xshab tijorat bilan shug‘ullanisha olishmaydi? Balki, ular yetarlicha tadbirkor emasdirlar yoki dangasami? Kunlardan bir kuni kechqurun, ularning oilasi mehmonga borishga shaylanayotgan vaqtda, keskinlik o‘z chegarasiga yetdi. Oila a’zolarning hammasi katta qizining kiyinishini kutar edilar. Shahlo o‘zining xonasida kiyimini o‘ziga o‘lchab, oynada qarab, bir soatdan ko‘proq vaqtini o‘tkazdi. Kechga qolishdan qo‘rqib, nihoyat, ota uning xonasi eshigini taqillatdi.
— Nima?!! — deb Shahlo eshik ortidan qattiq qichqirdi.
— Shahlo, hammamiz seni kutayapmiz, tayyormisan? Biz kechga qolishimiz mumkin, — dedi ota.
— Men bormayman! — qichqirdi Shahlo.
— Nima uchun? Nima gap? — ma’yus so‘radi ota.
— Bu lash-lushlar jonimga tegdi. Men unda xuddi kampirga o‘xshab qolaman. Kiyadigan hech nima bo‘lmaganidan charchadim. Nima uchun onam bilan hech qachon hech narsa olib bermaysizlar? Men o‘zimning kiyimlarimni ko‘rgani ko‘zim yo‘q! Men ulardan nafratlanaman!
U xo‘rsinib yig‘lay boshladi. Davomli sukunat. Ota-ona unga nima deyishni bilmas edi. Haqiqatan ham, ular nima deyishlari mumkin? Ular bolalariga doim yaxshilik qilishga harakat qilganlar, lekin endi bu yetarli emas ekan. Ularning qizi baxtsizligidan, yuraklari tars yorilay deb turibdi. Ular o‘zlarining qizlariga boshqa hech nima berolmaydigan va nima qilishni bilmaydigan omadsiz insonlar deb his qilar edilar.