Mustahkamlash uchun savollar:
-
Nima uchun o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari hisobga olinib, baholab boriladi?
-
Hozirgi davrda o‘quvchilar bilim va ko‘nikmalarini reyting tizimida baholashning qanday yo‘nalishlari mavjud?
-
O‘quvchilar bilim, ko‘nikmalarini nazorat qilishning qanday turlari va shakllari mavjud? Ularni qanday izohlaysiz?
-
Maktablarda o‘quvchilar bilim, ko‘nikma va malakalarini baholashning qanday mezonlari mavjud? Ularni izohlang.
-
Maktabda baholashning qanday tizimi mavjud?
-
Bahoning ta’lim-tarbiyaviy, amaliy ahamiyatini qanday tushunasiz?
-
O‘quvchilar o‘zlashtirishining reyting tizimi haqida nimalarni bilasiz?
24-MAVZU: TARBIYA JARAYONINING MOHIYATI
Reja:
1.Tarbiya haqida umumiy tushuncha.
2.Tarbiyaning ijtimoiy hodisa ekanligi.
3. Tarbiyaning о‘ziga xos xususyatlari
Tayanch tushunchalar: Tarbiya, ijtimoiy hodisa, yosh avlodni tarbiyalash, jamiyat, shakl, xususiyat, anglab yetish, komillik,demokratik.
Tarbiya jamiyatdagi hodisa sifatida, o‘sib kelayotgan avlodning jamiyat hayotida, turmushi, ijtimoiy ishlab chiqarish faoliyati, ijodi va ma’naviyligida ishtirok etishida murakkab qarama-qarshi ijtimoiy-tarixiy jarayon hisoblanadi. U inson bo‘lib rivojlanish va indvidualliklar, jamiyatning ishlab chiqarish kuchlarining muhim elementlari, shaxsiy baxtlarning yaratuvchisi bo‘lib ishtirok etadi. Su bilan birga, ijtimoiy taraqqiyot va avlodlar ketma-ketligini ta’minlaydi.
Tarbiya ijtimoiy hodisa sifatida, uning mohiyatini ifoda etuvchi quyidagi asosiy belgilari bilan ifodalanadi:
1. Tarbiya o‘sib kelayotgan avlodni ijtimoiy hayot va ishlab chiqarish sharoitlariga jalb etish, ular bilan eskirayotgan va yangilanayotganlarini almashtirishning amaliy ehtiyojidan kelib chiqqan. Natijada, bolalar katta bo‘ladilar, o‘z hayotlari va mehnat qobiliyatlarini yo‘qotayotgan katta avlod hayotini ta’minlaydilar.
2. Tarbiya – doimiy, zarur va umumiy kategori. U insoniyat jamiyati yuzaga kelishi bilan birga paydo bo‘ladi va jamiyatning o‘zi yashar ekan, u ham mavjud bo‘ladi. U jamiyatning mavjudligi va doimiyligi, uning ishlab chiqarish kuchlarini tayyorlash va insonni rivojlantirishni ta’minlashning muhim vositasi hisoblanganligi uchun ham zarurdir. Unda qonuniy o‘zaro bog‘liqliklar va bu hodisaning boshqa ijtimoiy hodisalar bilan o‘zaro bog‘liqliklari aks ettiriladi. Tarbiya, o‘qitishning bir qismi sifatida, ta’limni ham o‘z ichiga oladi.
3. Tarbiya – ijtimoiy-tarixiy rivojlanishning har bir bosqichida o‘zining vazifasi, mazmuni va shakllari bo‘yicha aniq tarixiy xususiyatga ega bo‘ladi. U jamiyat hayoti xususiyati va tashkil etilishi bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun o‘z davrining ijtimoiy qarama-qarshiliklarini aks ettiradi. Chunki, sinfli jamiyatda turli sinflar, qatlamlar va guruhlarda bolalarni tarbiyalashning asosiy tendensiyalari ba’zan qarama-qarshi bo‘ladi.
4. O‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash – ularning ijtimoiy tajriba elementlarini o‘zlashtirishlari hisobiga, katta avlod ijtimoiy munosabatlariga, munosabatlar tizimiga va ijtimoiy zarur faoliyatga jalb etilishlari jarayoni va natijasi asosida amalga oshiriladi. Kattalar va bolalarning o‘zaro ijtimoiy munosabatlari, ta’sirlari har doim ularni bolalar yoki kattalar anglab yetishlaridan qat’iy nazar, tarbiyaviy yoki tarbiyalovchi hisoblanadi. Eng umumiy shakllarda bu o‘zaro munosabatlar, bolalar hayoti, sog‘ligi va ozuqalanishlarini ta’minlashga, jamiyatda ularning o‘rnini va ruhiy holatini aniqlashga qaratilgan. Kattalar bolalar bilan o‘zlarining tarbiyaviy munosabatlarini anglab yetishlari va bolalarda u yoki bu sifatlarni shakllantirish maqsadlarini o‘z oldilariga qo‘yar ekanlar, ularning munosabatlari yanada maqsadga yo‘naltirilgan, pedagogik tus oladi.
Kattalarda tarbiya xususiyatlarini anglab yetish asosida jamiyatda bolalarni jamiyat manfaatlari yo‘lida tarbiyalash qonunlarini tushunish va ulardan maqsadga muvofiq foydalanishga intilish yuzaga keladi. Katta avlodning tarbiyalash munosabatlari tajribalarini umumlashtirishga, ularda namoyon bo‘ladigan tendensiyalar, aloqalar, qonunlarni o‘rganishga, ulardan shaxsni shakllantirish maqsadlarida foydalanishga ongli ravishda murojaat etadi. Mana shu asosda pedagogika – tarbiya qonunlari to‘g‘risidagi va bolalar hayoti va faoliyatini ongli ravishda hamda maqsadga muvofiq boshqarish maqsadlarida, ulardan foydalanish to‘g‘risidagi fan yuzaga keladi.
Shunday qilib, tarbiya – ijtimoiy hodisa, jamiyat va individning hayotini ta’minlash usuli sifatida zarurdir. U ma’lum tarzda shakllangan ijtimoiy munosabatlar va jamiyat hayot tarzi natijasidagi aniq tarixiy sharoitlarda amalga oshiriladi. Uni amalga oshirishning asosiy mezonlari shaxsning xususiyatlari va sifatlari hayot talablariga mos kelish darajasi hisoblanadi. Tarbiya ijtimoiy hodisa sifatida butun ijtimoiy hayotning tabiiy bir qismidir. Shuning uchun uning qarama-qarshiliklari ijtimoiy hayotning eng umumiy qarama-qarshiliklarining ifodasi hisoblanadi. Tarbiya aks ettiradigan bunday qarama-qarshiliklar qatoriga qotib va eskirib qolgan ishlab chiqarish munosabatlarining, ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishini ortga surishi natijasida yuzaga keluvchi qarama-qarshiliklar kiradi. Bu qarama-qarshiliklar ijtimoiy tarbiyada o‘sib kelayotgan avlodni tayyorlashga konservativ yondashishlar mustahkam o‘rnashib olishi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bizning jamiyatimizda mustaqillik davrigacha ijtimoiy hayot va ishlab chiqarish kuchlarining faqat davlat mulkchiligi asosida tashkil etilishi ishlab chiqarish o‘sishini ortga surishga olib keldi. Davlat mulkchiligi va rejalashtirilishi ustunligi ijodiy shaxs faolligi va tashabbuskorligiga, ko‘pincha, to‘sqinlik qiladi. Xalq ta’limi tizimida bu o‘zining mazmuni, shakli va metodlari qandaydir rasmiylashish hamda bir xilligi bilan ifodalanadi. Tarbiyadagi boshqa bir qarama-qarshilik hayot talablari va shaxsning ijtimoiy hayotga va ishlab chiqarish faoliyatiga tayyorgarligi darajasi o‘rtasida yuzaga keladi. Hayot talablarini anglab yetish, mana shu talablar asosida tarbiya mazmunini va tashkil etilishini ko‘ra bilish ilmiy-texnik taraqqiyot keskin rivojlanishidan ortda qoladi. Ushbu qarama-qarshilik chuqurlashib borgan sari o‘sib kelayotgan avlodni zamonaviy tayyorlashga xalaqit qiluvchi “qalpoq” va konservativ holatlarni o‘z vaqtida aniqlash hamda yo‘qotish zarur bo‘ladi. Uni hal etish ta’lim va tarbiya mazmunini muntazam va mos ravishda hal etishni, ta’lim va tarbiya metodlarini hayot talablariga javob bera oladigan qilishni talab etadi. Mana shu holat ijtimoiy hayot yangi sharoitlari va unga bolalarni tayyorlash bilan uning eskirib qolgan usullari o‘rtasidagi qarama-qarshilik hisoblanadi. Tarbiyadagi uchinchi qarama-qarshilik – insondagi mavjud tabiat kuchlari, inson tabiati rivojlanishi, uning cheklanmagan imkoniyatlari bilan jamiyat ijtimoiy hayotidagi bu rivojlanish cheklovi sabab bo‘luvchi, dasturlashtiruvchi sharoitlar o‘rtasida yuzaga keladi.
Erkinlikni cheklovchi, avtoritar jamiyat iste’dodlarini so‘ndiradi, odamlarni buzadi, iltifotli mansabdorlarga va befarq rasmiyatchilarga, ishlab chiqarish jarayonining ortiqcha qismiga, ijtimoiy hayotda to‘siqqa aylantiradi. Demokratik jamiyat esa moddiy-texnik bazasini rivojlantira borib, turli ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirib, har bir inson shaxsining ijtimoiy hayot talablariga mos va o‘zida mavjud tabiiy kuch, iste’dod va qobiliyatlarga nisbatan rivojlanishiga haqiqiy sharoit yaratadi.
Tarbiyaning to‘rtinchi qarama-qarshiligi – bolaning faol tabiati, uning ijtimoiy hayotda, turli munosabatlarda, muomalalarda ishtirok etishga intilishi bilan hayot jarayonida amaliy, haqiqiy ishtirok etish uchun tajriba, bilimlari, malaka va ko‘nikmalari yetishmasligi va uning tabiiy hamda ijtimoiy yetuk emasligi o‘rtasida kuzatiladi. Ushbu qarama-qarshilik bolalar uchun idrok etishga, tarbiya jarayonida faol ishtirok etishga haqiqiy harakatlantiruvchi kuch, rag‘bat hisoblanadi. U bolani faqat tarbiyaviy o‘zaro munosabatlar ob’ekti sifatida emas, balki sub’ekti sifatida ham ijtimoiy hayotda ishtirok etishga, ta’lim-tarbiyaviy tayyorlashga sabab bo‘ladi.
Mustahkamlash uchun savollar:
-
Tarbiyaning maqsadi nimadan iborat?
-
Shaxsan Siz tarbiyaning vazifalarini qanday tushunasiz?
-
Tarbiyaning turlarini tasvirlab bering.
-
Tarbiya jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
9
25-MAVZU: TARBIYA METODLARI
Reja:
1.Tarbiya metodlari haqida umuiy tushuncha.
2. Tarbiyaning maqsad va vazifalari.
3.Rag‘batlantirish va jazolash metodalari haqida.
Tayanch tushunchalar: tushuntiris, uqtiris, ishontirish, o‘git-nasihat, maslahat berish iltimos va istak, buyruq va talab, axloqiy suhbat, ibrat-namuna, rag‘batlantirish va jazolash.
Tarbiya metodlari (usullari) o‘qituvchi-tarbiyachining o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatish usullari, ularga ijobiy xulq-atvor ko‘nikmalari va malakalarini singdirish maqsadida ularning hayoti va faoliyatini tarbiyaviy jihatdan to‘g‘ri ta’sir etish yo‘llaridir.
Tarbiya metodlari ko‘plab olimlarimiz tomonidan klassifikatsiya qilingan. Ularning ba’zilariga qisqacha to‘xtalamiz.
Professor J.Hasanboev: “Tarbiya metodlari bu o‘qituvchi (tarbiyachi) va jamoa tomonidan g‘oyaviy va ma’naviy e’tiqodlarni, ma’naviy his-tuyg‘u va odatlarni tarkib toptirish maqsadida qo‘llaniladigan, shaxsga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish yo‘llari demakdir” – deb tarbiya metodlariga ta’rif beradi hamda ularni uch guruhga bo‘ladi:
-
Ijtimoiy ongni shakllantirishga xizmat qiluvchi metodlar (hikoya, tushuntirish, o‘qitish, ma’ruza, axloqiy-ma’naviy suhbat va bahs).
-
Odatlantirish va faoliyatda mashqlantirish metodlari (pedagogik talab, o‘rgatish, mashq qilish, tarbiyalovchi vazifalar, musobaqa, jamoatchilik fikri, namuna ko‘rsatish).
-
Tarbiyada rag‘batlantirish va jazolash metodlari (rag‘batlantirish, ma’qullash, ko‘ngilni ko‘tarish, dalda berish, ishonch bildirish, qayd qilish, og‘zaki yoki yozma tashakkur bildirish, mukofotlash, jazolash, tanbeh berish).
Rus olimi I.G.Shukina (Shukshin) tarbiya metodlarini quyidagi 3 guruhga bo‘ladi:
-
ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar (hikoya, tushuntirish, ma’ruza, axloqiy suhbat, taqqoslash, ishontirish, instruktaj, disput, doklad, namuna);
-
faoliyatni tashkil etish va xulqni shakllantirish metodlari (mashq, topshiriq, tarbiyalovchi muhit);
-
qo‘llab-quvvatlash metodlari (musobaqa, rag‘batlantirish, jazolash).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, biz tarbiya metodlarini quyidagicha guruhlashtirdik:
2-chizma
Tarbiya metodlari
Ijtimoiy ongni shakllantirish metodlari
Rag’batlantirish va jazolash metodlari
Ibrat-namuna metodlari
tushuntirish, uqtirish, o’git-nasihat, maslahat berish, iltimos va istak, buyruq va talab, axloqiy suhbat, ma’ruza, munozara
ota-ona namunasi, o’qituvchi xatti-harakati, o’rtoqlari namunasi, ilg’or kishilar namunasi, adabiy asarlar, film qahramonlari xatti-harakati
ma’qullash, ishonch bildirish, ishonish, qayd etish, maqtash, mukofotlash, do’q-po’pisa, koyish, uyaltirish, qizartirish
I. Ijtimoiy ongni shakllantirish metodlari
O‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash va ishonch-e’tiqodni shakllantirish maqsadida ularning ongi, his-tuyg‘ulari va irodasiga har tomonlama ta’sir ko‘rsatishda qo‘llaniladigan usullar ijtimoiy ongni shakllantirish metodlarini tashkil etadi.
Tushuntirish. Tushuntirish tarbiya ishlari jarayonida juda ko‘p qo‘llaniladi. Bolalarga biror fazilatning afzalligi va kishi uchun zarurligi qisqa, aniq qilib tushuntirib beriladi.
Uqtirish. Uqtirish biror axloqiy fazilatni tarbiyalanuvchilar ongiga singdirish va ular tomonidan o‘qib olinishini ta’minlashga asoslanadi. Shuning uchun o‘qituvchilar va tarbiyachilar o‘quvchilarni tarbiyalaganda va ularga axloqiy fazilatlarni tushuntirganda uning afzalliklarini va zarurligini ko‘rsatuvchi dalillar keltirishi, isbotlashi, ishontirishi lozim. “O‘qigandan uqqan yaxshi” degan xalq maqoli bor. Uqib olingan axloqiy fazilat bolada mahkam singib qoladi.
Ishontirish. Ishontirish deb, bolalarda ma’naviy axloqiy fazilatlarni tarbiyalash va mustahkamlash, xarakter va xulqlaridagi salbiy tomonlarni yo‘qotish maqsadida ularning ongi, tuyg‘usi va irodasiga ta’sir ko‘rsatishga aytiladi. Ishontirish quyidagi pedagogik talablarga rioya qilinganda muvaffaqiyatli bo‘ladi:
– ishontirishdan obro‘li o‘qituvchining foydalanishi;
– tarbiyalanuvchilarning yosh va o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi;
– ishontirishning samimiyligi, aniqligi, tushunarliligi.
O‘git-nasihat. O‘qituvchi, tarbiyachi va kattalarning yoshlarga o‘z tajribalari, ko‘rgan-bilganlari va o‘qiganlarini dalillar, aniq misollar bilan ishonarli qilib aytib berishlari, yaxshi fe’l-atvorga, odobga va axloq qonun-qoidalarini bajarishga da’vat etish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga o‘git-nasihat deyiladi. Nasihat qilish yoshlarni yaxshilik tomon yo‘llash, yaxshi fazilatlarni egallashda ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish demakdir. O‘git-nasihat o‘quvchilarga yakka holda va guruh-guruh qilib berilishi mumkin.
Maslahat berish. Maslahat – biror hodisa ro‘y berganida, ishda, xatti-harakatda, xulq-atvorda qanday qilsa, yaxshi bo‘lishi haqida fikr berish. Har bir kishi, ayniqsa, bolalar bir ishni boshlashdan avval bu ish haqida kattalarning, o‘qituvchining fikrini bilishni istaydi yoki biror ishda, harakatda qiyinchilik tug‘ilib qolsa, shu qiyinchilikni yengish yo‘lini topish maqsadida o‘qituvchidan, kattalardan maslahat so‘raydi. Bunday maslahat olish o‘quvchi hayotida tez-tez uchrab turadi. Shuning uchun tarbiyachilar bolalardagi bu xususiyatdan tarbiya maqsadida mohirlik bilan foydalanishlari kerak.
Iltimos va istak. Iltimos, o‘tinch, so‘rov bilan bolalarga murojaat etish, ularga va ularning kuchiga bo‘lgan ishonchni ifodalaydi. Shuning uchun ham sinfga yoki ayrim bolalarga biror ishda yordam berishlarini iltimos qilinganda ularga ma’qul tushadi, ularning faolligini safarbar qiladi va buni bolalar bajonidil bajaradilar. Iltimos bolalarning kuchiga ishonish va hurmat etishga asoslanadi.
Buyruq va talab. Buyruq – qat’iy amr farmon shaklida ifodalangan talab. Bolalardan talab qilinadigan talablar hamda ularga beriladigan amr-farmon va buyruqlar aniq, ravshan, tushunarli, muayyan ham qat’iy bo‘lishi kerak. Har bir buyruq yoki talabning maqsadi bolalarga tushunarli bo‘lsin. O‘quvchilar oldiga qo‘yilgan buyruq va talabning albatta bajarilishiga erishish kerak.
Axloqiy suhbat. Ishontirish va tushuntirishning eng yaxshi vositalaridan biri bo‘lgan axloqiy suhbat maktabdagina emas, balki oilada ham olib boriladi. Ibn Sino suhbat uslubini qo‘llaganda bolaning shaxsini hurmat qilish lozimligi xususida shunday yozadi: “Bolaga zug‘um qilib, unga hurmatsizlarcha munosabatda bo‘lmaslik, aksincha, tengdosh o‘rtoqlarday gaplashish lozim”.
Suhbat mobaynida quyidagi talablarga rioya etish har ikki tomon uchun foydalidir:
-
suhbat chog‘ida o‘quvchilarning o‘z fikrlarini erkin ifoda etishlariga sharoit yaratish;
-
o‘quvchilarning mustaqil fikrlashlariga imkon beruvchi savollar bilan murojaat qilish;
-
suhbatdoshning shaxs sifatidagi huquq va erkinliklarini tan olish;
-
suhbat mavzusi o‘quvchining yoshiga mos bo‘lishi;
-
suhbat adabiy tilda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Munozara. Tarbiyalanuvchilarga hissiy og‘zaki ta’sir ko‘rsatish asosida ularda ma’naviy axloqiy sifatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan usul bo‘lib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzularda o‘tkaziladi. Munozara turli nuqtai nazarlar to‘qnashgan vaziyatda o‘quvchilarda ma’lum hodisaga nisbatan ishonch hosil qilishga yordam beradi.
II. Ibrat-namuna metodlari
Bolalar tarbiyasida ibrat-namunaning ahamiyati kattadir. Namuna yoki ibrat usuli bolalardagi taqlidchanlikka asoslanadi. Taqlid boshqalarning xulq-atvorini, yurish-turishini ongli yoki ixtiyorsiz ravishda takrorlash demakdir. Namunadan xalq pedagogikasida ham keng foydalanilgan. Ota-bobolarimiz o‘z farzandlarini hamisha yaxshilardan, donolardan, ulug‘ kishilardan ibrat olishga da’vat qilib kelganlar.
III. Rag‘batlantirish va jazolash
Bola o‘z xatti-harakati, qilig‘iga boshqalarning baho berishlariga muhtojdir. Shuning uchun ham bolalar biror harakat yoki qiliq qilsalar, darhol atrofdagi kishilarga qaraydilar. Bolalar hayotida va kamolotida ularni qurshab olgan va tevarak-atrofdagi kishilar hamda jamoatchilikning ularning xatti-harakati va xulqiga bergan bahosi g‘oyat katta ahamiyatga ega.
O‘quvchilarni tarbiyalashda rag‘batlantirish va jazolashning samarali natija berishi uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi kerak:
– tarbiyachining obro‘si;
– rag‘batlantirish va jazolashning haqqoniyligi.
Rag‘batlantirishning ma’qullash, ko‘nglini ko‘tarish, ishonch bildirish, maqtash, mukofotlash kabi shakllari mavjud.
Ma’qullash. Rag‘batlantirishning eng ko‘p tarqalgan shakllaridan biri bo‘lib o‘quvchining muvaffaqiyati va yaxshi xulq-atvorini ma’qullashdir. Bosh qimirlatish, tabassum, yuz va qo‘l harakatlari, “balli”, “barakalla” kabi so‘z va imo-ishoralar bilan bolalar xatti-harakati ma’qullanadi.
Ko‘ngil ko‘tarish, dalda berish. Ko‘ngil ko‘tarish bolalarga kuch bag‘ishlaydi, ularda o‘ziga ishonchni o‘stirib, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi.
Ishonch bildirish, ishonish. O‘quvchiga ishonish, ishonch bildirish unga katta mukofotdir. Bolalardagi bunday holatni o‘qituvchidan o‘zi yaxshi bilishi va ularga ishonch bilan qaramog‘i lozim.
Qayd etish. Bolalar xulq-atvorining yaxshilanib borayotganini qayd etish, ayniqsa, bolalar jamoasi oldida (sinfda, maktab o‘quvchilari o‘rtasida, ota-onalar oldida) qayd qilish, ruhini ko‘tarish o‘quvchini tetiklantiradi va uni yaxshi intizomga yo‘llaydi.
Mukofotlash. Maktabdagi eng oliy mukofot boshlang‘ich maktabni bitirganda, sinfdan-sinfga o‘tganda maqtov qog‘ozi berish va o‘rta maktabni bitirganda hamma fanlardan a’lo o‘qigani, namunali xulqi uchun imtiyozli attestat berishdir. Rag‘batlantirish o‘quvchilargagina emas, balki butun bir sinf jamoasiga ham qo‘llanadi.
Pedagogikada bolalarni rag‘batlantirish bilan bir qatorda jazo choralari ham qo‘llaniladi.
Jazo – bolalarning o‘z xulqi va harakatidagi nojo‘yalik hamda kamchiliklarni anglashiga, tugatishiga, yaramas harakatlardan, sho‘xliklardan o‘zlarini tiyishga yordam beradi. Bolalarga nisbatan jazo choralarini qo‘llaganda quyidagi pedagogik talablarga amal qilish kerak:
– jazoning haqqoniyligi;
– jazo aybdorni tarbiyalashi;
– aybdor nima uchun jazo olayotganini bilishi lozim.
Asosan, quyidagi jazo choralaridan foydalanish mumkin: o‘qituvchining, sinf rahbarining, direktorning, o‘quv yoki ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining tanbehi; parta, sinf doskasi yoki o‘qituvchi stoli yonida tikka turg‘azib qo‘yish; sinf o‘quvchilari oldida ogohlantirish berish, darsdan chiqarib yuborish; bajarilmay qolgan sinf yoki uy vazifasini bajarish uchun darsdan keyin olib qolish; ta’sir ko‘rsatish uchun pedagoglar kengashiga chaqirish; direktorning maktab bo‘yicha beradigan buyrug‘i bilan ogohlantirish e’lon etish; xulqiga qo‘yilgan bahoni pasaytirish. Sanab o‘tilgan jazo choralari qo‘llanganda o‘qituvchi har bir bolaning kasbiy va yosh xususiyatlarini, sinfning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olmog‘i kerak.
Po‘pisa. Po‘pisa – ma’n etilgan va be’mani xatti-harakatlarni to‘xtatishga va oldini olishga yordam beradi.
Koyish. Koyish – bema’ni qiliqlarning yaramasligini aytish va ogohlantirish shakllaridan biri. Bolalarning salbiy harakatlari, qiliqlari va tartibni buzganliklari uchun ularni koyib qo‘yish zarur. Bolalarni koyiganda ularni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborish ko‘zda tutiladi.
Uyaltirish, qizartirish. Bolalarni tarbiyalashda ularning uyat, sharm-hayo hissiga ehtiyotlik bilan ta’sir etish kerak. Bolaning uyalishi va qizarishi uni shu ayb-xatoni qaytarmaslikka xizmat qilishi lozim.
Mustahkamlash uchun savollar:
-
Tarbiya metodlarining maqsadi va tamoyillarini tushuntirib bering.
-
Tarbiya metodlaridan hikoya, suhbat, namuna hamda ma’ruza qanday hollarda qo‘llaniladi?
-
Xalq pedagogikasi qanday tarbiya metodlariga ega?
-
Rag‘batlantirish va jazolash metodlari haqida gapirib bering.
26-MAVZU: O‘QUVCHILAR JAMOASI VA UNING O‘QUVCHIGA TA’SIRI
Reja:
1.Shaxsning shakllanishida oila muhiti, jamoa va jamiyatning ta’siri.
2.Jamoa rivojlanishning darajalari.
3.Komil inson shaxsini tarbiyalashda jamoaning roli va ahamiyati.
Tayanch tushunchalar: jamoa, jamoatchilik,rivojlanish darajasi, sinf rahbari, komil inson, muhit, irsiyat, ta’lim tarbiY.
O‘qituvchi faoliyatida o‘quvchilar jamoasini shakllantirish markaziy vazifa hisoblanadi. Jamoa nazariyasi qonunlariga muvofiq uni yaratish metodikasi asoslari quyidagilardan iborat: talablar qo‘yish, faollarni tarbiyalash, o‘quv, mehnat, ijtimoiy-siyosiy va ommaviy madaniyat, faoliyatdagi istiqbollarni tashkil etish, sog‘lom jamoatchilik fikrini shakllantirish, ijobiy an’analarni yaratish va ko‘paytirish.
Ta’riflangan bu qoidalar har qanday jamoani shakllantirish va rivojlantirish uchun qo‘llanma hisoblanadi.
Tarbiya metodlarini tanlashda ularning rivojlanish darajasiga mosligi muvaffaqiyatining muhim sharti hisoblanadi. Shuning uchun har bir o‘qituvchi tarbiyaviy ishni sinfdan, jamoa munosabatlarining rivojlanish darajasini aniqlashdan boshlaydi. O‘qituvchining esa yangi sinf bilan ko‘p marta ish boshlashiga to‘g‘ri keladi: o‘z mehnat faoliyatining dastlabki yilida, sinfni navbatdagi bitirib chiqish mavsumidan keyin, ba’zan esa maktabda vujudga kelgan vaziyat taqozosi bilan sinf rahbari o‘zining metodlari jamoaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmasligi uchun shundan keyingi ishlari davomida vaqti-vaqti bilan jamoaning rivojlanishi darajasini aniqlab turadi.
Nazariyada jamoa rivojlanishining uch yoki to‘rt darajasi ajratib ko‘rsatiladi.
Boshlang‘ich daraja pedagogning kuch-g‘ayrati natijasida sinfda o‘rnatilgan muayyan darajadagi tartib, intizom bilan o‘quvchilarning uncha katta bo‘lmagan qismi sinf rahbarining harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan izohlanadi. Tarbiya jarayoniga, o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoniga o‘tganda yuksak darajaga erishiladi. Ayrim o‘quvchilar va umuman jamoa o‘z faoliyatini mustaqil rejalashtiradi va tashkil etadi, o‘ziga va bir-biriga talablar qo‘yadi va o‘z-o‘zini nazorat qiladi. Sinf rahbari va o‘quvchilar jamoasi o‘y-niyatlari va ishlarida birgadirlar.
Past darajadan yuqori darajagacha boradigan yo‘l uzoq bo‘lib, muayyan qiyinchiliklarni bartaraf etish bilan kechadi. Ayni paytda jamoani shakllantirish yuzasidan olib boriladigan ishlar yuzasidan juda qiziqarlidir. Bu – sinf rahbarining asosiy ishi. Umuman, maktab o‘quvchisi tarbiyasining asosiy natijalari bu ish qanchalik muvaffaqiyatli o‘tishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar o‘quvchilar jamoasi tashkil etilmagan bo‘lsa, o‘quvchi maktabni hech afsuslanmay tark etadi, hatto keyinchalik maktab yillarini eslamaydi ham. O‘quvchilarni inoq jamoaga birlashtirishga mohir sinf rahbari qo‘lida tarbiyalangan odam baxtlidir. Ulg‘ayayotgan kishining hayotdagi mavqeini shakllantirishda, uning hayot yo‘lini belgilashda o‘z vazifasini anglash sinf rahbarining bolalar jamoasini barpo etish yuzasidan olib boriladigan faol va qat’iy faoliyatining zarur sharti hisoblanadi.
Jamoaning rivojlanish darajasini belgilash metodikasining mohiyati – u yoki bu rivojlanish darajasidagi jamoa normativ ta’rifini aniq jamoa ta’rifi bilan taqqoslashdan iborat. Ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan maqsadning, pedagoglar bilan o‘quvchilarning birgalikdagi har tomonlama sobitqadam faoliyatining, o‘zaro mas’uliyatli munosabatlarning mavjudligi: o‘z-o‘zini boshqarish organlarining faoliyati va h.k.
Sinf rahbari jamoaning rivojlanish darajasini belgilash uchun bolalarda ularning hozirgi va bo‘lajak hayotlarida ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlari mavjudligini bilish muhim, ya’ni jamoaning hayotiy faoliyati istiqbollarini barcha yoki yarim o‘quvchilar qabul qilishni va bu istiqbollarning xususiyati qandayligini bilib olish zarur. Agar bo‘lajak shanbalik yoki bayram kechasi bolalar uchun faoliyatga undovchi bo‘lsa, bu kun istiqboli faqat ayrim o‘quvchilar uchun ahamiyatli bo‘lsa, jamoa rivojlanishining ikkinchi bosqichi haqida gapirish mumkin.
Pedagog sinf bilan ishlashning dastlabki bosqichida turli vaziyatlarga duch kelishi mumkin. Sinfda haqiqiy jamoa munosabatlari bo‘lmasligi mumkin, bunda o‘qituvchi ishni boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Ko‘pincha bunday holat yangi shakllangan, “yig‘ma” sinflarda, yangi qurilgan maktablarda bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, boshqa hollarda ham shunday bo‘lishi, avvalgi sinf rahbarining kuch-g‘ayrati muvaffaqiyat keltirmagan bo‘lishi, tarkibi o‘zgarmagan jamoa VII-VIII sinflarda ham shakllanmasligi mumkin.
Ikkinchi tomondan sinf rahbari sinf bilan ishlar ekan, har doim jamoa rivojlanishning boshlang‘ich davri bilan ish ko‘radi, deb mo‘ljallab bo‘lmaydi. Boshlang‘ich sinfdayoq (I-IV sinflarda) ko‘pincha yaxshi sinf jamoalari shakllanadi. O‘qituvchi bunday holda jamoa faoliyatining avvalgi tajribasini tahlil etadi va uning ancha yuqori rivojlanish darajasiga mos keladigan tarbiya metodlarini qo‘llaydi.
Komil inson shaxsini tarbiyalashda jamoaning roli va ahamiyati. Odam bolasining rivojlanishi bu muhim jarayon sanaladi. Bizga ma’lumki, hayoti davomida inson jismoniy va psixik tomondan o‘zgarib boradi, lekin bolalik va o‘smirlik davrida rivojlanish nihoyatda kuchli bo‘ladi. Bola mana shu yillarda ham jismoniy, ham psixik jihatdan o‘sishi, o‘zgarishi bilan shaxs sifatida kamolga yetadi. Bunda berilayotgan tarbiya maqsadga muvofiq ta’sir etishi natijasida bola jamiyat a’zosi sifatida kamol topib, murakkab ijtimoiy munosabatlar tizimida o‘ziga munosib o‘rin egallaydi. Shaxsning fazilatlarini to‘g‘ri aniqlash va bexato baholash uchun uni turli munosabatlar doirasida, turli vaziyatlarda kuzatib ko‘rish lozim. Ana shundagina shaxsning ijtimoiy xulqi, ma’naviy qiyofasi, insoniy fazilatlari ro‘yobga chiqadi. Demak, shaxsni rivojlantirish vazifasini to‘g‘ri hal qilish uchun uning xulqiga ta’sir etuvchi omillarni, bu omillarning tabiatini, shaxsning xususiyatini yaxshi bilmoq kerak.
Bolaning kamolotiga, ruhiyatiga, fe’l-atvori shakllanishiga quyidagi omillar ta’sir etadi: biologik omil, ijtimoiy omil va tarbiya ta’sir etadi.
O‘rta Osiyo mutafakkirlaridan Forobiy, Abu Ali Ibn Sinolar ham inson tarbiyasiga ta’sir etadigan omillar ahamiyatiga e’tibor berib kelganlar Forobiy inson kamolotida ta’lim-tarbiyaning muhimligini ta’kidlab: “munosib inson” bo‘lish uchun odamda ikki imkoniyat: ta’lim va tarbiya olish imkoniyati bor. Ta’lim olish orqali nazariy kamolotga erishiladi, tarbiya esa, bu kishilar bilan muloqotda axloqiy qadr-qimmatni va amaliy faoliyatni yashirishga olib boradigan yo‘ldir, deydi. Abu Ali Ibn Sino etika va axloqiy tarbiya masalalarini falsafiy pedagogik asosda yoritib berishda yordam berdi. U ayniqsa, oila tarbiyasida ota-onaning o‘rniga alohida to‘xtalib, bola tug‘ilgach, avvalo, ota unga yaxshi nom qo‘yishi, so‘ngra esa uni yaxshilab tarbiya qilishi kerak. Agar oilada tarbiyaning yaxshi usullaridan foydalanilsa, oila baxtli bo‘ladi, – degan fikrni ilgari suradi.
Bola shaxsining rivojlanishiga, kamol topishiga irsiyat, muhit va tarbiya kabi omillar ta’sir etadi. Bola shaxsining rivojlanishiga naslning ta’siri deganda, ota-onalarga o‘xshashlikni ifodalovchi biologik belgilarning takrorlanishini tushunmoq kerak, har bir bola ota-onasidan meros shaklida ba’zi biologik sifatlarga (tananing tuzilishi, sochning, ko‘zning, terisining rangi, bo‘y-basti va boshqalar) ega bo‘lgan holda dunyoga keladi. Bularning barchasi jismoniy xususiyatlarga kiradi. Bulardan tashqari oliy nerv faoliyatining xususiyatlari ham tug‘ma o‘tadi. Bu esa fiziologik xususiyat hisoblanadi.
Inson kamolotiga ta’sir etadigan omillardan yana biri bu muhitdir. Muhit deganda kishiga hayajonli ta’sir etadigan tashqi voqealar majmuasi tushuniladi. Bunga tabiiy muhit, ijtimoiy muhit, oila muhiti kiradi. Shular bilan birga muhit – oila sharoiti ham katta ta’sir kuchiga ega. Chunki bola ko‘z ochib ota-onasini, qarindosh urug‘ini ko‘radi. Bola kamolotida ijtimoiy jamiyat muhit bo‘lib hisoblanadi. Chunki bu yerda ishlab chiqish munosabatlari va ularni tartibga solib turadigan ijtimoiy qonun-qoidalar alohida ta’sir qiladi. Bu xil munosabat natijasida odam bolasi hayot tajriba va bilimlarini egallaydi. Inson kamolotida ijtimoiy muhitning ta’siri turli tarixiy davrda turlicha bo‘ladi, turli sotsial guruhlarga ham turlicha ta’sir etadi.
Bizga ma’lumki, komil inson shaxsini tarbiyalashda yuqoridagi omillardan tashqari yana bir omil, ya’ni jamoaning roli ham katta hisoblanadi. Chunki jamoa har qanday bola tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga soladi. Masalan, sinf jamoasini oladigan bo‘lsak, agar shu sinfda bir yomon o‘quvchi, ya’ni xulqi, tarbiyasi jihatdan yomon bo‘lsa, shu sinf jamoasi unga asta-sekinlik bilan o‘z ta’sirini, albatta, o‘tkazadi. Ya’ni qanday yo‘llar bilan degan savol tug‘ilishi mumkin. Masalan, tadbirlar yoki sayohatlar orqali. Komil inson shaxsini tarbiyalashda jamoaning ahamiyati juda katta. Azal-azaldan bizgacha, ota-bobolarimizdan qolgan o‘lmas maqollarimizdan birini shu o‘rinda keltirib o‘tsak: “Aqlni beaqldan o‘rgan”. Ushbu maqol zamirida bir qancha ma’nolar bor. Ya’ni jamoada har xil bolalar bo‘lib, ular bir-biriga qarab ham o‘zlaridagi yomon xulqlarni yo‘qotadilar. Bu xislatlar esa ularning komil inson bo‘lib tayyorlanayotganidan darak beradi.
Dostları ilə paylaş: |