Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə125/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   121   122   123   124   125   126   127   128   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Kanada Kordil’erasi. Bu o’lkaga Kanadaning janubi-g‘arbiy qismidagi va AQSh ning shimoli-g‘arbiy qismidagi tog‘ tizmalari, platolar va botiqlar qaraydi. O’lkaning shimoliy chegarasi Avliyo Ilya va Makkenzi tog‘larining janubidan o‘tadi. Janubda Kaliforniya botig‘i, Katta Havzaning shimoliy qismi hamda Missurining yuqori qismidagi vodiysi bilan chegaralanadi. Kanada Kordil’erasining tog‘ tizmalari, platolari va yassi tog‘liklari Kordil’era tizimining boshqa qismlariga o‘xshab Tinch okean qirg‘oqlariga parallel ravishda joylashgan. O’lkaning bu xildagi orografik tuzilishi iqlim sharoitiga, tuproq-o‘simlik qoplami va landshaft kompleklarining zonal-regional differensiyalanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Kanada Kordil’erasi landshaft majmualarining mo‘tadil iqlim sharoitida shakllanganligi, tog‘ tizmalarining Alyaska va AQSh Kordil’eralariga nisbatan past bo‘lganligi, Tinch okean sohilidagi tog‘larning kuchli parchalanganligi va tog‘ muzliklarining kam tarqalganligi bilan ajralib turadi. Avliyo Ilya tog‘idan janubdagi yosh tog‘lar tizimi qirg‘oqqa juda yaqin joylashgan, kuchli parchalangan va ularning hozirgi relyef shakllari Aleksandr arxipelagi, Qirolicha Sharlotta orollari va Vankuver oroli kabi ko‘rinishlarga ega bo‘lgan. Unchalik baland bo‘lmagan bu
tog‘lar Orolli tog‘ zanjiri deb ataladi. Bu tog‘lar zanjirining eng baland nuqtasi Vankuver orolida joylashgan Viktoriya cho‘qqisidir (2200 m).
Kanadaning Tinch okean sohili Shimoliy Amerikada eng kuchli parchalangan hududlardan biri bo‘lib, bu yerdagi orollar tizimi bir-biridan va materikdan tor bo‘g‘izlar orqali ajralib turadi. Orollar zanjirini esa Qirg‘oq tektonik cho‘kmasi materikdan ajratib turadi. Tektonik cho‘kmaning bir yo‘nalishi materik ichkarisiga kirib borib Pyudjet-Saund qo‘ltig‘ini hosil qiladi. Kanada Kordil’erasiga qarashli qirg‘oq tizmalari mezozoy burmalanish jarayonida vujudga kelgan bo‘lib, asosan granitlardan tarkib topgan. Uning eng baland nuqtasi Uoddington tog‘i okean sathidan 4042 m ko‘tarilgan.
Qirg‘oq tizmasidan sharqda Villamet bo‘ylama tektonik cho‘kmasi joylashgan. Bu cho‘kma paleogen va neogen davrlarining dengiz yotqiziqlari hamda daryolarning allyuvial yotqiziqlari bilan to‘ldirilgan. Villamet cho‘kmasi tektonik jihatdan Qirg‘oq cho‘kmasining davomi hisobolanadi. Bu cho‘kmadan sharqda Kanada Qirg‘oq tizmalarining janubiy davomi bo‘lgan Kaskad tog‘lari meridional yo‘nalishda 1000 km ga yaqin masofaga cho‘zilgan. Bu tog‘lar cho‘kindi va vulkanik jinslardan tarkib topgan. Tashqi qiyofasi asimmetrik ko‘rinishga ega. Sharqiy yonbag‘ri tik jarlik, g‘arbiy yonbag‘ri esa aksincha qiya. Yonbag‘irlar chuqur vodiy va tor daralar bilan kuchli kesilgan.
Kaskad tog‘larining 1750-2000 m balandlikdagi platosimon yuzalari nisbatan tekislangan. Tekislangan yuzalar ustidan bir necha so’ngan vulkanlarning konuslari yuqoriga qad ko‘targan. Vulkan konuslari yosh lavalardan tarkib topgan bo‘lib, ular kam yemirilgan. Ularning eng yiriklari Reynir (4391m) va Shasta (4361m) tog‘laridir. Lassen-Pik vulkani eng so‘nggi marta bundan 85 yil avval otilgan. Tog‘larda fumarola va issiq buloqlar ko‘p uchraydi.
Kaskad tog‘larida landshaft majmualari vertikal zonalar bo‘ylab joylashgan. G‘arbiy yonbag‘rida nam qoramtir igna bargli o‘rmonlar sharqiy quruqroq kontinental yonbag‘rida qarag‘ay o‘rmonlari keng tarqalgan. 2800-3000 m dan balandda o‘rmon landshaftlari subal’p va al’p mintaqalari bilan almashinadi. Tog‘larning eng baland joylari qor va muzliklar bilan qoplangan.
Tinch okean sohili tog‘ tizmalaridan sharq tomonda ichki platolar va tog‘lar polosasi joylashgan. Bu polosa Stikin tog‘lari va Nechako, Frayzer hamda Kolumbiya platolaridan iborat. Ichki tog‘lar va platolarning balandligi 800-1500 m ni tashkil etadi. Platolar ichida eng kattasi Kolumbiyadir. Kolumbiya platosi Kaskad va Qoyali tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan. Maydoni 500 000 km2 atrofida bo‘lib, shimoldan janubga 400 km va g‘arbdan sharqqa 250 km masofaga cho‘zilgan. O‘rtacha balandligi 700-1000 m. Platoning geologik tuzilishida asosan 1200 m qalinlikdagi vulkanik bazalt jinslari ishtirok etadi. Lavali platoning shimoliy qismi materik muzliklari olib kelgan yotqiziqlar bilan, janubiy qismi lyossimon jinslar bilan qoplangan. Iqlimi quruq, kontinental, yoz oylari issiq, yog‘in juda kam bo‘ladi. Yillik yog‘in miqdori 400-500 mm dan oshmaydi. Plato hududi Kolumbiya, Sneyk daryolari va ularning irmoqlari bilan chuqur kesilgan. Daryolar hosil qilgan daralarning chuqurligi 900-1500 m gacha boradi. Tabiati dasht va chala cho‘l
landshaflaridan tarkib topgan. O‘zlashtirilgan unumdor qora, kashtan va qo‘ng‘ir tuproqlar sug‘oriladigan agrolandshaftlar bilan band.
Kanada Kordil’erasining sharqiy qismi Qoyali tog‘lar bilan o‘ralgan. Qoyali tog‘lar Kanadada Makkenzi tog‘ining janubidan boshlanib, AQSh hududi bo‘ylab davom etadi. Uning faqat shimoliy, Missuri daryosinint kenglik bo‘ylab oqadigan vodiysigacha bo‘lgan qismi Kanada Kordil’erasi o’lkasiga qaraydi. Qoyali tog‘lar bir necha bo‘ylama tog‘lardan va ularni bir-biridan ajratib turgan keng vodiylardan iborat. Qoyali tog‘larning eng baland cho‘qqilari qor va muzliklar bilan qoplangan. Bular Kanada hududida joylashgan Robson (3954m) va Kolumbiya (3747m) tog‘laridir. Cho‘qqilar o‘rtasida balandligi 1134 m bo‘lgan Yellouxed davoni kesib o‘tgan. Shimoliy Qoyali tog‘larning relyefi uchun muzlik relyef shakllari va bo‘ylama tektonik cho‘kmalar xarakterli. Tektonik cho‘kmalardan Kolumbiya, Freyzer va boshqa daryolar oqib o‘tadi.
O’lkaning orografik tuzilishi iqlim xususiyatlariga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Tinch okean sohilidagi tog‘ tizmalarining g‘arbiy yonbag‘ri sernam va mayin iqlimli. Orollardagi tog‘lar, qirg‘oq va Kaskad tog‘ tizmalarining g‘arbiy yonbag‘irlari 2000 mm, ayrim qismlari 6000 mm gacha yog‘in oladi. Qor juda ko‘p yog‘adi. Qirg‘oq tizmalarida qorning qalinligi 6-9 m gacha boradi. Okean sohillarida yoz oylari ancha salqin. Kaliforniya sovuq oqimining ta’siri tufayli iyulning o‘rtacha harorati +130+15°S atrofida bo‘ladi. Qishda sovuqsiz kunlar uzoq davom etadi. Yanvarning o‘rtacha harorati 0°S dan -3°S gacha o‘zgaradi.
Qirg‘oqdan uzoqlashgan sari iqlim xususiyatlari keskin o‘zgarib, okean iqlimi o‘rniga kontinental iqlim sharoiti kuchaya boradi. Vallamet botig‘ida yog’in miqdori 1000 mm gacha, lavali platolarda 400-500 mm gacha kamayadi. Yog‘in asosan qish oylariga to‘g‘ri keladi. Ichki platolarda yoz issiq va quruq bo‘lganligi sababli qishloq xo‘jalik ekinlari sun’iy sug‘orishni taqozo etadi. Qoyali tog‘larning sharqiy yonbag‘irlarida Atlantika okeanidan keladigan havo massalari hisobiga yog’in miqdori bir oz ko‘payadi. Bu hududlarda maksimum yog’in qish paytiga emas, balki yoz oylariga to‘g‘ri keladi.
Kanada Kordil’erasi hududida gidrografik to‘r yaxshi rivojlangan. Daryo tarmoqlarining ko‘p va sersuv bo‘lishiga sabab orografik tuzilish xususiyatlari, yog’in miqdorining ko‘pligi va tog‘ muzliklarining keng tarqalganligidir. Daryolari Qirg‘oq, Kaskad va Qoyali tog‘ tizmalaridagi muzliklardan hamda ko‘llardan boshlanadi. Eng yirik daryolari Kolumbiya va uning irmoqlari Sneyk, Freyzer, Spokan, Uillamettlardir. Bu daryolar qor va muzliklardan to‘yinib, yoz oylarida to‘lib oqadi. Okean sohillariga yaqin joylarda daryolar yomg‘ir suvlaridan ham to‘yinadi. Tog‘ vodiylarida Flatxed, Pand-Orey va boshqa ko‘llar mavjud. Barcha daryolari gidroenergiya resurslarga boy. Kolumbiya daryosida Grand-Kupi va Bonnevil gidrouzellari qurilgan.
Iqlimning g‘arbdan sharqqa tomon o‘zgarishi o’lkaning tuproq-o‘simlik qoplamiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Okean sohillarida, 1200-1500 m balandlikkacha bo‘lgan tog‘ yonbag‘irlarida, orollarda o‘rmonlar yaxshi saqlangan. Qirg‘oq tog‘ tizmasi yonbag‘ridagi Villamet cho‘kmasidagi o‘rmonlar sitxa yeli, Duglas pixtasi, tuya, g‘arb xemlogi va boshqa igna bargli daraxtlardan tashkil topgan. Vankuver
orolidagi daraxtlarning bo‘yi 60-75 m gacha yetadi. Kaskad tog‘ tizmasidagi qadimgi qalin o‘rmonlar kesilib ketgan va ularning o‘rnini ikkilamchi siyrak antropogen o‘rmonlar egallagan. Ikkilamchi tog‘ o‘rmonlarida Duglas pixtasi va sariq qarag‘aylar keng tarqalgan. Ichki platolarda o‘simlik qoplami shimoldan janubga tomon o‘zgarib boradi. Platoning shimoliy qismi o‘rmonlar bilan, o‘rta qismi o‘rmon dasht va janubiy qismi dasht o‘simliklari bilan qoplangan. Qurg‘oqchil yerlari butazorlar va kserofit boshoqli o‘tlar bilan band. Ichki platolarning haydaladigan joylarida donchilik va bog’dorchilik yaxshi rivojlangan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   121   122   123   124   125   126   127   128   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin