Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə92/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Patagoniya Andi. Patagoniya Andi shimolda 42° j.k. dan boshlanib, janubda materikning oxirgi nuqtasigacha davom etadi. Bu o‘lka hududida And tog‘lari shimoldan janubga tomon pasayadi, kuchli parchalanib boradi va minglab tog‘li orollarni, Chili arxipelagini hosil qiladi. Chilining Bo‘ylama tektonik vodiysi janub
tomon pasayib, okean suvi tagida qolib ketadi. Eng janubdagi qo‘ltiqlar va bo‘g‘izlar uning davomi hisoblanadi, Chili arxipelagini materikdan ajratib turadi.
Patagoniya Andining baland nuqtasi shimolda 3000 m dan oshsa, janubda 2000 m ga ham yetmaydi. Uning shimoliy qismida harakatdagi vulkanlar keng tarqalgan. Minchimavida (2470m), Korkovado (2110m) va Ueki (1050m) vulkanlari shular jumlasidandir. Kordil’eraning o‘rta qismida Patagoniya Andining eng baland nuqtasi San-Valentin (4058 m) tog‘i joylashgan.
Patagoniya Andi tabiiy geografik o‘lkasi uchun nam, mo‘tadil okean iqlimi xarakterli. Janubda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan qish va yoz oylarining o‘rtacha haroratida katta farqlar uncha sezilmaydi. O‘lka hududi doimo kuchli nam g‘arbiy shamollar ta’sirida bo‘lib, ular And tog‘larining g‘arbiy yonbag‘irlariga katta miqdorda namlik olib keladi. O‘rtacha yillik yog‘in miqdori 2000-3000 mm ni tashkil etadi. Bosh Kordil’eraning g‘arbiy yonbag‘irlarida yillik yog‘in miqdori 5000-7000 mm dan ham oshadi. Bu ekvatorial va subekvatorial iqlim mintaqalarida joylashgan Amazoniya pastekisligiga tushadigan yog‘in miqdoridan bir necha marta ko‘p. Shuning uchun bu yerda gileyalarga o‘xshash qalin, baland bo‘yli, o‘tib bo‘lmaydigan gemigeliya o‘rmonlari yaxshi rivojlangan.
Patagoniya Andining iqlim xususiyatlaridan biri yil davomida yomg‘irli, past bulutli, tumanli, kuchli shamolli kunlarning ko‘p bo‘lishi va havo haroratining mo‘tadilligidir. Kuchli shamollarning va yomg‘irli kunlarning takrorlanishi bir yilda 200 kundan oshadi. Qishning o‘rtacha harorati +4°+7°C atrofida bo‘ladi. Yozning o‘rtacha harorati +15°C dan oshmaydi, janubda esa +10°C gacha pasayadi. Baland tog‘larda yil davomida manfiy harorat hukmronlik qiladi. Tizmaning sharqiy yonbag‘rida harorat -30°C gacha pasayadigan sovuqlar bo‘lib turadi.
O‘lka iqlimining ikkinchi xususiyati Patagoniya Andida qor chizig‘ining juda ham past bo‘lishiga va muzliklarning rivojlanishiga qulay sharoit yaratganligidir. Bosh Kordil’eraning shimolida qor chizig‘i 1500 m balandlikda bo‘lsa, janubda 1000 m dan ham pasayadi. Markaziy Andda qor chizig‘i Patagoniya Andiga nisbatan juda yuqori bo‘lib, 5600-6100 m gacha Punada hatto 6300 m balandlikkacha ko‘tariladi.
Patagoniya Andida hozirgi muzliklar keng tarqalgan bo‘lib, ular asosan ikkita markazda mujassamlashgan. Birinchi shimoliy markaz 46°-47°40 j.k. lar oralig‘ida va ikkinchi janubiy markaz 48°20 - 51°30 j.k. lar oralig‘ida vujudga kelgan. Bu muzliklar Patagoniya muzlik qalqoni deb ataladi. Shimoliy muzlik San-Valentin tog‘ massivida joylashgan bo‘lib, uzunligi 700 km va eng keng joyi 70 km masofaga cho‘zilgan. Umumiy maydoni 20 000 km2 dan ortiq, bu Kavkazning tog‘ muzliklaridan 10 hissa katta. Janubiy muzlik Piramide (3380 m) va Muralon (3600 m) tog‘ massivlarini qoplab olgan. Umumiy maydoni 14 000 km2 ga teng. Ikkita muzliklar markazi bir-biridan materik ichkarisiga ko‘ndalang yorib kirgan chuqur Beyker fordi orqali ajralib turadi. Patogoniya Andining muzlik qoplami o‘zining shakliga ko‘ra xilma-xil bo‘lib, uni ayrim olimlar pleystosen davridagi qalin muzliklarning qoldig‘i (relikt muzlik) deb hisoblashadi.
Patagoniya Andida ko‘llar ham keng tarqalgan. Bulardan eng yiriklari Buenos-Ayres, Pueyrredon, San-Martin, Vedma, Arxentino va boshqa ko‘llardir.
Buenos-Ayres (2400 km2) o‘lka hududida eng katta ko‘l hisoblanadi. Muzliklar va ko‘llar Tinch okeanga va qisman Atlantika okeaniga quyiladigan daryolarni suv bilan ta’minlaydi.
O‘lkaning o‘simlik qoplami nihoyatda xilma-xil. O‘rmonlar tarkibida doimiy yashil daraxt turlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Patagoniya Andidagi o‘rmonlarning qalinligi, turlarga boyligi, ko‘p yarusliligi, chirmashib o‘sadigan lianalar, moxlar va lishayniklarning keng tarqalganliga nam subtropik yoki tropik o‘rmonlarni eslatadi. Tuproq qoplami shimolda qo‘ng‘ir va janubda podzol tuproqlardan iborat. Tekislik joylarda botqoq tuproqlar uchraydi. O‘lka flora majmuasining asosiy o‘simlik turlari doimiy yashil va bargini to‘kadigan janub buk, magnoliya, igna bargli alerse va libosedruslar, bambuklar, daraxtsimon qirqquloqlardan tarkib topgan. O‘rmonlarning sernamligi tufayli daraxtlarning tanalarini mox va lishayniklar qoplab olgan. O‘rmonlar materikning janubiy qismiga borgan sari siyraklashib boradi. Eng janubda ular tundra tipidagi o‘simliklar bilan almashinadi. Bosh Kordil’eraga ko‘tarilgan sari qalin o‘rmonlar tarkibi bir oz o‘zgarib, siyrak va past bo‘yli o‘rmonlar bilan almashinadi. Siyrak o‘rmonlar qariyb qor chizig‘igacha ko‘tarilib boradi. Tog‘ o‘tloqzorlar mintaqasi o‘lka hududida uchramaydi. Tizmaning Patagoniya yassi tog‘ligiga qaragan sharqiy yonbag‘rida yog‘in g‘arbiy yonbag‘riga nisbatan kam bo‘ladi. Bu yerdagi o‘rmonlar Tinch okean qirg‘oqlaridagi o‘rmonlarga nisbatan siyrak va o‘simlik turlariga kambag‘alroq. Asosiy o‘simlik turlari buklardan va igna bargli daraxtlardan tarkib topgan. Tog‘ etaklaridagi o‘rmonlar o‘rnini quruq dasht landshaftlari va kserofit butazorlar egallagan.
Patagoniya Andining tabiiy landshaftlari inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida kam o‘zlashtirilgan. O‘lkaning shimolida o‘rmonlardan tozalangan yerlarda yem-hashak beradigan o‘tlar ekiladi. Janubiy qismida haydalgan yerlar juda kam uchraydi. Shuning uchun tabiiy o‘simliklar ham tabiiy landshaft majmualari ham o‘zining asl holatini hozirga qadar yaxshi saqlab kelgan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   88   89   90   91   92   93   94   95   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin