Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə188/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   184   185   186   187   188   189   190   191   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Shimoliy Uzoq Sharq. Bu tabiiy geografik o’lka Yevrosiyoning eng chekka shimoli-sharqiy qismini egallaydi. Uning tarkibiga Chukotka tog’ligi, Anadir yassi tog’ligi, Anadir-Penjina pastekisligi, Koryak tog’ligi, Jugjur tizmasi, Kamchatka yarim oroli va Kuril orollari kiradi. O’lka tabiati shakllanishida uning geografik o’rni, shimol va sharq tomonlarida sovuq Chukotka, Bering va Oxota dengizlari bilan chegaralanganligi, qishda yuqori atmosfera bosimi ta’sirida bo’lishi va rel’efining xilma-xilligi katta rol o’ynagan. O’lka hududi shimoldan janubga 3000 km masofaga cho’zilgan, maydoni 1 mln. km2 ga yaqin. O’lka murakkab tektonik strukturasi va tog’li rel’efi bilan farq qiladi. Tekislik yuzalar kam tarqalgan bo’lib, ular materik ichkarisiga kirib borgan dengiz qo’ltiqlari sohillarida va yirik botiqlarda joylashgan. Bular Anadir va Penjina pastekisliklari, Parapol doli, Markaziy Kamchatka botig’i va boshqalardir.
Paleozoyning oxiri va mezozoyning boshlarida o’lkaning shimoliy qismi Verxoyansk-Chukotka geosinklinal dengiz havzasining sharqiy chekkasi bo’lib, unda cho’kindi jinslar to’plana borgan. Mezozoy burmalanishida o’lkaning shimoliy chekkalaridagi strukturalar - Chukotka tog’ligi va Ekiatap tizmasi paydo bo’lgan. Burmalar hosil bo’lgan paytda intruziyalar chiqib oltin, qalayi ruda konlarini vujudga keltirgan. O’lkaning katta qismi kaynozoy burmali oblastining Tinch okean mintaqasiga qaraydi. Uning asosiy qismining tarkib topishida Al’p orogenezi hal qiluvchi rol o’ynagan. Al’p burmalanishi bosqichida bo’r, paleogen va neogen yotqiziqlari burmalanib, shimoli-sharqiy yo’nalishdagi burmali strukturalar vujudga kelgan. Shu davrda o’lkani qamrab olgan vulkanik harakatlar ham nihoyatda kuchli bo’lgan.
Neotektonik harakatlar antropogenda ham juda faol davom etgan. Natijada eski yoriqlarga ko’ndalang ravishda ko’plab yangi tektonik yoriqlar paydo bo’lib, burmali strukturalarni alohida-alohida palaxsalarga bo’lib yuborgan. Vulkanik harakatlar kuchayib bazalt, andezit lavalari oqib chiqqan, ko’plab plato va kichik burmali massivlarni hosil qilgan. Strukturalarni vujudga keltiruvchi neotektonik harakatlar hozir ham faol davom etmoqda. Vulkanlarning otilishi, tez-tez bo’lib turadigan zilzilalar bu zonada geosinklinal taraqqiyot bosqichini davom etayotganligidan dalolat beradi. O’lkaning xarakterli rel’ef tiplari - past tog’ va o’rtacha baland tog’ massivlaridir. Ularning ayrimlari chuqur vodiylar bilan kuchli parchalangan, ayrimlarida yassi tepalar saqlanib qolgan. Bu rel’ef tiplarining o’rtacha balandligi 500 m dan 1700 m gacha. Chukotka tog’ligining eng baland joyi 1508 m, Markaziy Koryak massividagi Muz tog’ining balandligi 2562 m. Markaziy Koryak massivi Koryak tog’ligining orografik yadrosi bo’lib, undan o’rtacha balandligi 1000-1500 m bo’lgan Janubiy Mayn, Pikas, Olyutor, Paxachi va boshqa tog’ tizmalari atrofga tarqalgan. O’lkaning eng baland tog’lari Kamchatka yarim orolida joylashgan.
Kamchatka yarim oroli Koryak tog’ligidan va materikdan Parapol doli cho’kmasi orqali ajralib turadi. U shimoldan janubga 1200 km masofaga cho’zilgan, maksimal kengligi 480 km, maydoni 350 ming km2. Yarim orol hozirgi zamon Sharqiy Osiyo geosinklinal zonasida joylashgan va uning tog’ tizmalari nisbatan yaqinda burmalangan. Kamchatka rel’efining xarakteriga ko’ra g’arbdan sharqqa tomon 5 qismga bo’linadi: G’arbiy sohil tekisligi, O’rtaliq tizmasi, Markaziy Kamchatka tog’oralig’i botig’i, Sharqiy tizma va Sharqiy vulkanik hudud.
Yarim orolning g’arbiy qismini kengligi 80-100 km keladigan G’arbiy Kamchatka pastekisligi egallagan. Markaziy qismida O’rtaliq tizma joylashgan bo’lib, uning eng baland nuqtasi Klyuchi Sopkasida 4780 m ga yetadi. Tizmaning o’rta qismida parchalanib ketgan lava platolari va vulkan konuslari joylashgan. O’rtaliq va Sharqiy tizmalar oralig’ida kengligi 50-80 km gacha cho’zilgan lavalar, flyuvioglyasial, prolyuvial va allyuvial yotqiziqlar bilan qoplangan Markaziy Kamchatka botig’i joylashgan. Murakkab strukturali sharqiy tizma Ganal, Valagin, Tumrok va Kumroch tog’laridan tarkib topgan. Sharqiy tizmada Kamchatkaning baland cho’qqilaridan shimolda Shiveluch (3283 m) va janubda Nomsiz (3628 m) vulkanlari joylashgan. Sharqiy vulkanik plato so’ngan va harakatdagi vulkanlarga juda boy. Bu yerda Kronoki vulkani dengiz sathidan 3528 m, Koryak 3456 m, Avacha 2741 m qad ko’tarilgan. Umuman Kamchatkada 160 ta vulqon mavjud bo’lib, shundan 28 tasi harakatdagi vulqon hisoblanadi.
O’lkaning iqlimi musson xarakterga ega bo’lsada, uning shimoliy qismida janubga nisbatan musson iqlim belgilari ancha kuchsiz namoyon bo’ladi. Qishda Arktika frontining Oxota tarmog’i siklonlari o’tib, yog’inni bir oz ko’paytiradi. O’lkaning shimoliy hududlarida yoz salqin keladi va qisqa davom etadi. Iyulning o’rtacha harorati Chukotka tog’ligida va yarim orolida +4°+6°S ni, yanvar oyiniki -
-24°-32°S ni tashkil etadi. Anadir va Penjina pastekisliklarida issiq oyning o’rtacha harorati +8°+12°S, sovuq oyniki -24°-28°S bo’ladi. Janubda havo ancha iliq, Kamchatkada, Kuril orollarida va Oxota sohillarining janubida iyulning o’rtacha harorati +16°S, yanvarniki -15°S gacha ko’tariladi. Atmosfera yog’inlari o’lkaning shimolida g’arbdan sharqqa tomon 250 mm dan 500 mm gacha orta boradi. Koryak tog’ligining g’arbiy yonbag’irida 300-350 mm, sharqiy yonbag’irida 800 mm gacha yog’in tushadi. Kamchatka yarim orolining sharqiy sohillari uchun dengiz iqlimi xarakterli, yillik yog’in miqdori 700 mm dan 1100 mm gacha boradi. Qor qoplamining kalinligi 1,5-2 m ni, shimolda esa 50 sm ni tashkil etadi.
Kamchatkada hozirgi zamon muzliklari ham mavjud. Muzliklarning umumiy maydoni 874 km2 bo’lib, uning ko’pchilik qismi O’rtaliq tizmada joylashgan. Bu yerda qor chizig’i 1500-1600 m balandlikdan o’tadi. Eng katta muzlik Klyuchi Sopkasi hududidagi Erman muzligi bo’lib, maydoni 34,1 km2, uzunligi 16 km. Baland cho’qqilarni va vulqon sopkalarini 5-7 qirrali yulduzsimon qiyofadagi muzliklar qoplagan. O’lkada gidrografik to’r yaxshi rivojlangan, ammo yirik daryolar juda kam. Eng yiriklari Anadir, Penjina va Kamchatka daryolaridir. Anadir daryosi (1145 km) Anadir yassi tog’ligidan, Mayn irmog’i Koryak tog’ligidan boshlanib, Bering dengizining Anadir qultig’iga qo’yiladi. Penjina (640 km) Kolima tog’laridan boshlanib, Oxota dengizining Penjina ko’rfaziga quyiladi. Bu daryolar
qor va yomg’ir suvidan to’yinadi. Kamchatka (770 km) daryosining to’yinishida yer osti suvlari katta rol o’ynaydi. Kamchatka yarim orolida vulkanik ko’llar va issiq buloqlar keng tarqalgan. Eng yiriklari Kronosk (212 km2) va Kuril (76 km2) vulkanik ko’llaridir. Geyzernaya daryosi vodiysida 22 ta harakatdagi yirik geyzerlar mavjud. Ulardan eng kattasi Velikan geyzeri qaynoq suvni 40-50 m gacha balandlikka otadi. Geyzer buloqlari suvining harorati 90-100°S ga teng.
Shimoliy Uzoq Sharq o’lkasida sovuq va nam iqlim sharoitida tundra landshaftlari keng tarqalgan. Tundraning janubiy chegarasi Magadan yaqinidan o’tadi. Zonaniig torfli-gleyli tundra tuproqlari mox, lishaynik, qiyoq, momiqbosh, golubika, brusnika, yernik, qutb boshoqlilari bilan qoplangan. O’rmon-tundra zonasi yer bag’irlab o’suvchi kedr, olxa va past bo’yli o’rmonlardan tashkil topgan. O’lkaning janubida, Jugjur tog’larida tog’-tayga landshaftlari hukmronlik qiladi. Bu zonada Ayan yeli, oq po’stloqli pixta, toshqayinlar o’sadi. O’rmonlar tagida tipik tog’-tayga podzol tuproqlar rivojlangan. Tog’larning 1100-1300 m dan yuqori qismida baland tog’ tundra mintaqasi boshlanadi. O’lkaning shimoliy qismi uchun Sharqiy Sibir fauna elementlari, janubiy qismi uchun Manjuriya fauna elementlari xos. Kamchatka faunasi esa orol xarakteriga ega bo’lib, bir oz farq qiladi. Uning tarkibida Kamchatka soboli, qo’ng’ir ayiq, suvsar, tulki, shimol bug’usi, Kamchatka sug’uri, qor qo’yi uchraydi. Sibir taygasidan olmaxonlar Parapol doli orqali kirib kelgan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   184   185   186   187   188   189   190   191   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin