Janubiy Sibir tog’lari. Janubiy Sibir tog’lari Yevrosiyoning eng yirik tog’li o’lkalaridan biri. Maydoni 1,5 mln. km2 dan ziyod. G’arbda G’arbiy Sibir pastekisligidan sharqda Tinch okean qirg’oqlaridagi tog’ tizmalarigacha 4500 km masofaga cho’zilgan. Janubiy Sibir tog’lari Shimoliy Muz okeaniga quyiladigan
buyuk Sibir daryolari bilan o’z suvini Markaziy Osiyo berk havzasiga va sharqda Amurga oqadigan daryolar o’rtasida asosiy suvayirg’ich vazifasini bajaradi. O’lka landshaftlarining shakllanishida uning geografik o’rni, rel’efining xilma-xilligi va iqlimining kontinentalligi katta rol o’ynagan. Shuning uchun Oltoy tog’oldi dashtlari G’arbiy Sibir dashtlariga, Shimoliy Zabaykale o’rmonlari Janubiy Yoqutiston taygasiga, Tuva va Sharqiy Zabaykale tog’oralig’i botiqlaridagi dasht landshaftlari Mongoliya dashtlariga o’xshash.
Janubiy Sibir tog’li o’lkasi murakkab strukturalar majmuasi bo’lib, Oltoy, Kuznesk-Salair, Sayan, Tuva, Baykalbo’yi, Zabaykale va Baykal-Stanovoy kabi kichik landshaft oblastlaridan tarkib topgan. Ayrim hollarda o’lkaning g’arbiy qismi bilan sharqiy qismi tabiati o’rtasidagi tafovutlarni hisobga olib, Janubiy Sibir landshaft oblastlarini ikki guruhga - Oltoy-Sayan va Baykalbo’yi-Zabaykalega birlashtirishadi. Bir xil manbalarda Janubiy Sibir tog’lari Sayan-Oltoy tog’li o’lkasi va Baykal tog’li o’lkasi deb ham qaraladi. Bular o’rtasidagi chegara Baykal ko’lidan bir oz janubi-g’arbdan o’tadi. Janubiy Sibirda tog’ hosil bo’lish jarayoni bir vaqtning o’zida sodir bo’lgan emas. Birinchi intensiv burmali tektonik ko’tarilishlar Baykalbo’yi, G’arbiy Zabaykale va Sharqiy Sayanda yuz bergan. Ular kembriydan oldin va quyi paleozoyda vujudga kelgan. Paleozoyning turli bosqichlarida Oltoy, G’arbiy Sayan, Kuznesk Olatovi, Salair kryaji, Tuva tog’ligi hosil bo’lgan. Paleozoyning so’nggi bosqichida va mezozoy burmalanishida Sharqiy Zabaykale tog’lari qad ko’taradi.
O’lkaning barcha tog’lari mezozoy va paleogen davomida ekzogen kuchlar ta’sirida yemirilib, denudasion tepaliklarga aylangan. Neogenda va to’rtlamchi davrning boshlarida yemirilgan qadimgi tog’li oblastlar yangi tektonik harakatlar natijasida qaytadan ko’tarilib baland tog’ tizmalarini, cho’kkan joylarda yirik tog’orolig’i botiqlari vujudga kelgan. Qadimgi burmalangan tog’larning ko’pchiligi baland ko’tarilgan tekis yuzali tik yon bag’irli yassi tog’liklarga aylangan. O’lka rel’efining shakllanishida to’rtlamchi davr muzliklarining ham roli katta. Janubiy Sibir tog’larining hozirgi rel’efi to’rtlamchi davrda yangi tektonik harakatlar va erozion parchalanishlar natijasida shakllangan. Al’p orogenezi o’lkaning qadimiy peneplenlarini ancha baland ko’tarib, zinapoyasimon rel’ef hosil qilgan. Shunga ko’ra Janubiy Sibir tog’larida asosiy rel’ef tiplari geomorfologik mintaqalar yoki yaruslar ko’rinishida tarqalgan.
Al’p tipidagi baland tog’ rel’ef shakllari to’rtlamchi davrda ko’tarilgan va balandligi 2500 m dan yuksak bo’lgan Oltoy, Sayan, Tuva, Barguzin tizmalarida va Stanovoy tog’ligida vujudga kelgan. Al’p tipidagi cho’qqilar qiyin yemiriladigan jinslardan tarkib topgan, o’tkir qirrali, tik yon bag’irli, chuqur daryo vodiylari bilan kesilgan. Keng tarqalgan tor grabenlar al’p rel’efini yanada ham murakkablashtirgan. Janubiy Sibirning eng baland nuqtalari Oltoy tog’larining Katun tizmasidagi Beluxa (4506 m), Saylyugem tizmasidagi Tavan-Bogdo-Ula (4082 m), Sharqiy Sayandagi Munku-Sardik (3491 m) cho’qqilaridir. Stanovoy tog’ining baland nuqtasi Kodar tizmasida 2999 m ga yetadi. Bu cho’qqilar qor va muzliklar bilan qoplangan. O’lkaning 6% maydoni al’p tipidagi rel’ef shakllari bilan band. Bu yarusda qattiq iqlim sharoiti hukmronlik qiladi.
Janubiy Sibir uchun balandligi 800 m dan 2200 m gacha bo’lgan o’rtacha baland tog’ rel’efi xarakterli. Bu tipdagi rel’ef shakllari o’lkaning 60% maydonini ishg’ol etadi. O’rtacha baland tog’ rel’efi qadimgi denudasion yuzalarning erozion parchalanishi natijasida vujudga kelgan. Tektonik ko’tarilishlar va rivojlangan yosh daryo vodiylarining qalin to’ri sababli o’rtacha tog’ massivlarining nisbiy balandliklari 200 m dan 800 m gacha, vodiylar yonbag’irlarining qiyaligi 10° dan 50° gacha o’zgaradi. Bu yarus intensiv yuvilish zonasi bo’lganligi tufayli yumshoq yotqiziqlarning qalinligi katta emas. Daryo vodiylarida sharsharalar va tosh ostonalar juda ko’p. Past tog’ rel’efi o’lkaning chekka hududlarida, kam ko’tarilgan joylarda rivojlangan va dengiz sathidan 300-800 m balandlikda joylashgan. Past tog’ rel’efining yon bag’iri qiya, delyuvial yotqiziqlar qoplab olgan. Bu tipdagi rel’ef tog’oralig’i botiqlarini o’rab turgan tog’ etaklarida ham uchraydi. Quray, Chuya, Tuva, Minusinsk, Kuznetsk botiqlari atrofida joylashgan past tog’ rel’efining balandligi 800-1000 m atrofida. Past tog’ rel’efi ayniqsa Sharqiy Zabaykale tog’oralig’i botiqlari uchun juda xarakterli. Tog’oralig’i botiqlari Janubiy Sibir tog’larining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Uning aksariyati 400-500 m dan 1200-1300 m gacha balandlikda joylashgan.
Janubiy Sibirda foydali qazilmalarning rang-barangligi tog’ jinslarining turli- tumanligiga bog’liq. Tog’li Shoriyada temir, Kuznesk Olatovida marganes, Tuvada polimetallar, Sayan, Tuva tizmalarida, Tog’li Oltoyda oltin rudasi konlari juda ko’p. Birgina Oltoy tog’lari uchun oltin, volfram konlari, polimetallar, volfram-molibden va simob mintaqalari xarakterli. Kuznesk, Minusinsk, Chulim-Enisey botiqlarida toshko’mir, Tuva botig’ida qo’ng’ir ko’mir konlari joylashgan. Kuznesk va Minusinsk botiqlarida neft va tabiiy gazning katta zahirasi borligi aniqlangan.
O’lkaning geografik o’rni okeanlardan uzoqligi, materik ichkarisida joylashganligi uning iqlim xususiyatlarini belgilaydi. Faqat Arktika havo massalari o’zgargan holda tog’ etaklariga yetib keladi. Qishda o’lka hududi ustida baland atmosfera bosimi vujudga keladi. Antisiklonlarning tarkib topishi bilan harorat inversiyasi rivojlanadi. Natijada yuqoriga ko’tarilgan sari havo harorati ko’tarilib, tog’oralig’i botiqlari juda sovib ketadi. Yozda materikning ichki qismi kuchli qiziydi va past atmosfera bosimi hosil bo’ladi. Natijada Janubiy Sibir tog’lari ustida kontinental havo shakllanadi. O’rtacha yillik harorat o’lkaning hamma qismida manfiy, baland tog’ zonasida -6°-10°S ni tashkil etadi. Yanvarning o’rtacha harorati
-20°S dan -27°S gacha o’zgaradi. Faqat Oltoyning g’arbiy tog’ etaklarida va Baykal sohillarida -15°S ga ko’tariladi. Shimoliy Zabaykaleda va tog’oralig’i botiqlarida - 32°-35°S ga teng. Yozda o’lkaning eng issiq hududlari hisoblangan botiqlarda o’rtacha harorat +20°+22°S gacha yetadi. Tuva botig’ida mutloq minimum -58°S gacha tushgan bo’lsa, mutloq maksimum +38°S gacha ko’tarilgan. Atmosfera yog’in miqdori turli xil hududlarda 100 mm dan 2500 mm gacha o’zgaradi. Ularning taqsimlanishiga tog’ rel’efi kuchli ta’sir etadi. Masalan, Oltoy tog’larida yiliga 800- 1000 mm, Minusinsk botig’ida 300 mm, Tuva botig’ida 200 mm dan ham kam yog’in tushadi. Janubiy Sibir tog’larining ko’pchiligini balandligi qor chizig’idan yuqori ko’tarilmaydi. Faqat Oltoy, Sharqiy Sayan tog’larida va Stanovoy tog’ligida firn qorlari va muzliklar uchraydi. Ular unchalik katta muzliklar emas.
Muzliklarning maydoni Oltoyda 900 km2 dan ortiq, Sharqiy Sayanda 25 km2 ga yaqin, Stanovoy tog’ligining Kodar tizmasida 19 km2 ga teng.
Janubiy Sibir tog’larida Shimoliy Osiyoning Ob, Irtish, Yenisey, Lena va Uzoq Sharqning Amur singari yirik daryo tizimlarining manbalari joylashgan. Ko’pchilik daryolar tog’ xarakteriga ega, tik yon bag’irli tor vodiydan oqib o’tadi. Ular asosan bahorda erigan qor suvlaridan va yozgi-kuzgi yomg’ir suvlaridan to’yinadi. Katta balandliklardan boshlanuvchi daryolar yozning ikkinchi yarmida ko’p yillik qor va muzliklar suvidan ham to’yinadi. Daryolarning o’rtacha oqim moduli 15-20 l/sek.km2 ga teng. Janubiy Sibir tog’larida ko’llar ko’p. Ular kelib chiqishiga ko’ra tektonik, kar, morena, morena-to’g’on ko’llariga bo’linadi. Eng yiriklari Baykal, Xubsigul, Ubsu-Nur, Teles, Markakol, Ulug’-Xol, Katta Tiberko’l, Mojar ko’llaridir. Baykal faqat Yevrosiyo materigida emas, balki butun dunyodagi eng chuqur ko’ldir. Uning maydoni 31500 km2, maksimal chuqurligi 1620 m, uzunligi 636 m va eng keng joyi 80 km ga yaqin. Ko’lga 336 ta daryo quyiladi va undan Angara daryosi oqib chiqadi. Baykalning organik dunyosi juda qadimiy va nihoyatda o’ziga xosdir. Bu yerda 600 turga yaqin o’simliklar o’sadi, 1200 dan ziyod hayvon turlari yashaydi.
Janubiy Sibir tog’larida tuproq-o’simlik qoplamining asosiy tarqalish qonuniyati balandlik zonallikdir. O’lkaning florasi rang-barang bo’lib, birgina Oltoyda 1850 turga yaqin o’simliklar bor. Bu G’arbiy Sibir pasttekiligidagi zonalar o’simlik turidan 2,5 marta ko’pdir. Mazkur o’lkada tuproq-o’simlik qoplamining quyidagi balandlik zonalari mavjud: tog’-dasht, tog’-o’rmon-dasht, tog’-tayga vabalandtog’ o’tloq. O’lkaning Oltoy, Sayan, Tuva, Janubiy Zabaykale tog’ etaklari va quyi yonbag’irlari, tog’oralig’i botiqlari qora va kashtan tuproqli dashtlar bilan band. Tog’ dashtlarining yuqori chegarasi Oltoyda 600 m dan, Janubiy Zabaykaleda 1000 m gacha quruq botiqlarda 1500-2000 m (Chuya, Quray dashtlari) balandlikkacha ko’tariladi. O’t qoplami chalov, betaga, betaga chirmovug’i, sarv chillakoyoq, erkak o’tlardan iborat. Zabaykaleda tog’-dashtlaridan yuqorida tog’- o’rmon zonasi joylashgan. Bu yerda dasht boshoqli o’tlari bilan birga siyrak butalar, tilog’ochlar, qayinlar, qarag’aylar va Dauriya rododendronlari o’sadi. O’lka landshaftlarining asosiy qismini tog’ taygasi tashkil etadi. Janubiy Sibirning 60% maydoni tayga zonasi bilan band. O’rmonlarning yuqori chegarasi shimolda 1200- 1600 m dan janubda 2000-2400 m gacha ko’tariladi. Tog’ o’rmonlari asosan tilog’och, qarag’ay, yel va kedrlardan tashkil topgan. Ular bilan aralash holda mayda barglilardan qayin va tog’teraklar ham o’sadi. Tuproq qoplami tog’-podzol, chimli- podzol, muzloq tog’-tayga tuproqlaridan iborat. Janubiy Sibirning balandtog’ zonasida tog’-tundra landshaftlari uchraydi. Oltoy va Sayanning yaxshi namlangan baland tog’ zonasi uchun subal’p va Al’p o’tloqzorlari xarakterli. Bu zonada tog’- tundra, tog’-o’tloq va chimli-podzol tuproqlar shakllangan.
O’lka faunasining xilma-xilligi bevosita uning geografik o’rni bilan bog’liq. Fauna tarkibida Sibir taygasiga, shimoliy tundraga, Mongoliya va Qozog’iston dashtlariga xos hayvonlar uchraydi. Baland tog’larda shimol bug’usi, tog’ echkisi, arxarlar bilan yonma-yon dasht sug’urlari yashaydi. Tog’ taygasida yirik bug’u- maral, Barguzin soboli, Zabaykale olmaxoni, Baykal quri, los, tog’ echkisi, ayiq va
rosomaxa keng tarqalgan. Tuva botig’i va Janubiy Zabaykale dashtlarida Dauriya yumronqozig’i, sakroq qo’shoyoq, manul mushugi, oq quyon, malla quyon, qarsoq tulkisi bilan birga Mongoliya dashtlaridan kirib kelgan antilopa-jayron, Mongoliya sug’uri, Mongoliya qumsichqoni uchraydi. Dashtlarda Sibir tuvalog’i, qizil o’rdak, tog’ g’ozi, Mongoliya to’rg’ayi va boshqa qushlar in qo’yadi. Oltoy va Sayanda Amerika norkasi, ondatra, malla quyon, Uzoq Sharqdan keltirilgan yenotsimon it, ola bug’ular iqlimlashtirilgan. Tuvada ikki o’rkachli tuyalar yashaydi. Barguzin qo’riqxonasida tog’ taygasi muhofaza qilinadi va Barguzin soboli ko’paytiriladi.