Tropik mintaqa. Janubiy Amerikaning tropik iqlim mintaqasiga Braziliya yassi tog‘ligining sharqiy va janubi-sharqiy qismlari, Gran-Chako tekisligi va Tinch okean sohilining 5° va 30° j.k. lar oralig‘idagi hududlari kiradi. Tropik mintaqaning iqlimi xilma-xil va sharqdan g‘arbga tomon o‘zgarib boradi. Braziliya yassi tog‘ligining sharqiy va janubi-sharqiy qismlari uchun yil davomida Atlantika okeanidan keladigan tropik havo massalari ta’sirida hosil bo‘lgan nam iqlim xarakterli. Atlantika okeanidan keladigan janubi-sharqiy passat shamollari o‘zi bilan nam havo massalarini keltirib, Braziliya yassi tog‘ligining yonbag‘irlarini, materikning chekka qismlarini yilning aksariyat davrida atmosfera yog‘inlari bilan ta’minlaydi. Bu yerga yil davomida 2000-3000 mm atrofida yog‘in yog‘adi.
Tropik mintaqali materikning ichki tekislik qismida, Gran-Chako tekisligida yil bo‘yi yog‘in sharqiy qismiga nisbatan kam bo‘ladi (500-1000 mm). Materik ichki qismidagi tropik iqlimda atmosfera yog‘in rejimi subekvatorial mintaqadagiga o‘xshash, bu yerda ham yog‘in asosan yozda, qurg‘oqchiliq qishda bo‘ladi. Lekin undan yillik yog‘in miqdorining kamligi va haroratning keskin o‘zgaruvchanligi bilan farq qiladi. O‘rtacha oylik harorat +20°+28°C ni tashkil etadi. Maksimal harorat +47°C Gran-Chako tekisligida kuzatilgan. Braziliya yassi tog‘ligida qishning o‘rtacha harorati +12°+16° C ga teng.
Tropik mintaqaning Tinch okean qirg‘oqbo‘yi tekisliklari va tog‘ etaklari uchun cho‘l va chalacho‘l iqlim tiplari xarakterli. Bu tipdagi iqlim ayniqsa Atakama cho‘lida yaqqol ifodalangan. Qirg‘oqbo‘yi cho‘l va chala cho‘llarida havoning nisbiy namligi 80 % bo‘lishiga qaramasdan yog‘in juda kam yog‘adi. Issiq oyning harorati o‘rtacha bo‘lib, ba’zida +20° C dan oshadi. Tinch okean sohilidagi tekisliklarda Peru sovuq oqimi yomg‘irli bulut emas, balki tuman hosil bo‘lishiga yordam beradi. Tuman tarkibidagi mayda nam zarrachalari qurg‘oqchil tropik cho‘lni namlab turadi va tropik cho‘llarning yagona nam manbai hisoblanadi. Atakama cho‘li yagona namlikni ana shu tumanlardan oladi.