O’zbek she’riyatida Yesenin an’analari reja: Kirish I bob. Sergey Yesenin – rus adabiyotining taniqli namoyandasi


II BOB. ZAMONAVIY O’ZBEK SHE’RIYATIDA S.YESENIN AN’ANALARI



Yüklə 154,19 Kb.
səhifə10/15
tarix02.02.2022
ölçüsü154,19 Kb.
#114016
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15
II BOB. ZAMONAVIY O’ZBEK SHE’RIYATIDA S.YESENIN AN’ANALARI

II.1. ERKIN VOHIDOV IJODIDA S.YESENIN AN’ANALARI

“Traditsiya deganda biz dunyoni badiiy idrok etish yo’lida avloddan- avlodga o’tib kelgan ilg’or adabiy tajribani nazarda tutamiz”, – yozadi M.Yunusov.7 Haqiqatan, Sharq va o’zbek mumtoz adabiyoti an’analari zamonaviy adabiyotimizning ham shakl, ham mazmun jihatdan boyishiga xizmat qildi. An’ana “dunyoni badiiy idrok etish yo’lida avloddan-avlodga o’tib kelgan ilg’or adabiy tajriba”dir. Erkin Vohidov ijodi ham hayotbaxsh adabiy an’analar bulog’idan nur emib, o’zining kamolot bosqichiga ko’tarildi. Shoir ijodi nihoyatda serqirradir. Biz she’riyati va poemalari misolida bu kamolot cho’qqilari sari tashlangan qadamlar asosini S.Yesenin an’analari jihatdan tahlil etishga urinamiz.

Sergey Yesenin she’riyati o’zbek ijodkorlariga o’zgacha ruh bag`ishlagani ko’pchilik adabiyot ahliga sir emas. Xususan, «Anna Snegina» poemasi shoirga katta shuhrat keltirdi. Taniqli o’zbek shoiri E.Vohidov bu poemani mahorat bilan o’zbek tiliga o’girdi. Bu muvaffaqiyatli tarjima yutug`i shoirni yanada ilhomlantirdi. S.Yesenin she’rlari va poemalariga xos mayinlik, samimiylik, tabiiylik, chuqur lirizm nafaqat E.Vohidov she’riyatida, balki poemalarida yorqinroq namoyon bo’la boshladi.

Filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov Yesenin she’rlarining tarjimoni Erkin Vohidov haqida yozarkan: “Ayniqsa, S.Yeseninning “Fors taronalari” turkumiga kirgan she’rlari o’tgan asrning 60 yillarida mashhur bo’lib ketgani esimdan chiqmaydi. Rus shoirining Sharqni qo’msab, Sharq ohanglarida yaratgan mahzun va latif qo’shiqlari butun ohori, dilrabo ohanglari bilan tilimizda yangrab, she’riyat muxlislari qalbini rom etgan edi. Aslida “edi” deyishimiz o’rinsiz. Bu tarjimalar hozir ham va bundan keyin ham shunday maftunkor jozibasini saqlab qoladi: S.Yesenin go’yo o’zbekcha kuylayotganday, “Ming bir kecha”ni o’qib, Shahrizodaga, afsonaviy Shohinaga oshiqi beqaror bo’lib, Sa’diy g`azallari ruhida rubob chertib qo’shiq aytayotganday”. Haqiqatan, E.Vohidov tarjimasida yangragan samimiy she’riyat Yesenin ruhiyatiga yaqin bo’lgan shoirlar qalbini rlarzaga solgani rost. Bu ta’sirlanish o’zbek adabiyotida ham Yeseninona she’rlar yozilishiga sabab bo’ldi. E.Vohidov, R.Parfi, M.Yusuf, I.Mirzo kabi taniqli o’zbek shoirlari ijodida S.Yesenin an’analari ijodiy davom ettirildi. O’z qarashlarimizni S.Yesenin va E.Vohidov she’r va dostonlarini qiyoslash asosida dalillashga harakat qilamiz.

Lirik poemalar voqelikni lirik tuyg`ularga yo’g`rilgan holda badiiy umumlashmalarda bayon etishi bilan o’ziga xoslik kasb etadi. Ularda muallifning his-kechinmalari talqini hamda uning shu his-kechinmalariga ta’sir qilgan voqealarga munosabati asosiy o’rin tutadi. Shu bois bu turdagi poemalar yagona syujet chizig`iga asoslanmaydi. Mazkur holatni esa quyidagicha ko’rinishda formulalashtirib ko’rsatish mumkin:

KEChINMA + VOQELIK + MUNOSABAT

LIRIK + EPIK + LIRIK = LIRIK POEMA (matematik formuladan foydalanish: kechinmalirik + voqelikepik + munosabatlirik =lirik poema; yoki: [ Kl+Ve+Ml = LP).

Ko’rinadiki, lirik poemalarda epiklikka nisbatan liriklik miqdori ortiq. Ma’lum bir voqelik ta’sirida yuzaga kelgan kechinma asosida boshqa voqea-hodisalarga munosabat ko’rsatiladi. Natijada asarning lirizmi kuchayadi.

Adabiyotshunos V.Kikansning quyidagi fikrlari V.Jirmunskiy qarashlariga hamohanglik qiladi: «Lirik poema voqelikni epik tasvirlashda anchagina siqiqlikka asoslanadi, tasvirlanayotgan voqelikka muallif munosabatini yorqin ifoda etadi. Shu jihati bilan u poemaning boshqa ko’rinishlaridan farq qiladi». Ana shu lirik bo’yoq va siqiqlik lirik ibtido, lirik asos, lirik chekinishga keng o’rin ajratish imkoniyatlarini vujudga keltiradi. Shuning uchun ham biz lirik poemani o’qiyotganimizda undan voqea izlamaymiz. Lirik tasvir asosidan epiklik sizib yuzaga chiqadi. Shundagina lirik qahramon qalbida kechgan kechinmalar silsilasini his eta boshlaymiz.

N.Rahimjonovning yozishicha: «Lirik poemada hayot xossasi liro-epik poemadan farqli o’laroq, aniq syujet oqimida emas, balki «men» orqali ifodalangan lirik qahramonning ob’ektiv voqelikdan tug`ilgan ichki kechinmalari, ana shu hayotga munosabati, his-tuyg`ulari orqali ochiladi». Sh.Hasanov esa bugungi dostonlar taraqqiyotidan kelib chiqib yozadi: «Liro-epik va lirik doston orasidagi asosiy farqni ob’ektiv va sub’ektiv tasvir usuli belgilaydi. Liro-epik dostonlarda voqea-hodisalar, xarakterlar, hayotning turfa manzaralari o’quvchi ko’z o’ngida gavdalana boshlaydi, shoirning shaxsiy ehtiroslari esa ikkinchi darajaga o’tadi. Lekin lirik dostonda esa lirik qahramonning taassurotlari, ehtiroslari yagona bir mavzu doirasida badiiylashadi va shoir qalbidagi tug`yonlar uzviy aloqadorlik kasb etadi. Agar unda ba’zi bir voqea tafsilotlari bayon etilsa-da, u ham lirik shaxsning ruhiy olamini yoki hasbi holini ochishga xizmat qiladi». Biroq hamma lirik poemalarda ham hasbi hol berilavermaydi. Shunga qaramay, adabiyotshunoslar qarashlarida mushtaraklik mavjud. Bu lirik poemada lirik qahramonning kechinmalari berilishi bilan bog`liq. His-tuyg`u, kechinmalar silsilasi esa ko’proq monologda yuzaga chiqadi. XX asrning ikkinchi yarmi o’zbek dostonlari badiiy strukturasida aynan shu jihatlar yorqinlashib borayotganligi kuzatiladi.

Shoir poemalarida Anna Snegina tipidagi qahramonlar yuz ko’rsata boshladi. «Anna Snegina» poemasi bilan «Istanbul fojiasi»dagi ayrim mutanosib jihatlar mulohazalarimizga oydinlik kiritadi.

Yesenin o’z dostonini “Anna Snegina” deb nomlagan. Bu bejiz emas. Nomlanish asar mohiyatini belgilaydi. Shu jihatdan olganda Anna Snegina timsoli dostonning g`oya va mazmuniga qay darajada xizmat qilgan. Buyuk ijodkorlar o’z asarlarida asosan inson taqdiri masalasi atrofida fikr yuritadilar. Agar dostonga shu tomondan qaraladigan bo’lsa, Anna Snegina taqdiri asarning eng fojiali nuqtasi ekanligini his qilish mumkin. Ta’kidlash kerakki, Anna Snegina hayotda prototipi bo’lgan qahramon bor. U Lidiya Ivanovna Kashina konstantinovalik er egasi. Bu haqda shoirning singlisi A.Yesenina guvohlik bergan.

Yesenin dastlab bu haqda she’r yozgan. Shoir L.I.Kashina hayoti bilan qiziqib kelgan. Dostonda taqdir chizig`i shunday beriladi: Anna Snegina shoir bilan bolaligidan yaqin bo’lgan, hatto keyinchalilik ko’ngillar bog`langan. Lekin taqdir Annani ofister bilan birlashtirgan. Ko’ngildagi beg`ubor tuyg`ular, orzular, shirin xayollar , uchrashuvlar endi o’tkinchi yoshlikda qolib ketgan, armonga aylangan. Hayot har kimni o’z yo’rig`iga soladi. Insonda tug`ilgan his tuyg`ular yurakning tub tubiga cho’kib ketishi mumkin, lekin hech qachon butunlay tark etmaydi. U yurak tubidan qalqib yuzaga chiqadi. Shoir haqida xabar topgan Anna Sneginaning his tuyg`ularini ham shunday tushunish mumkin. Tuzum o’zgarishi har bir inson taqdiriga o’z izini qoldiradi. A.Sneginalar fojiasi mana shu tuzum o’zgarishlarining, yangi siyosatning oqibatlaridana biridir. Har qanday siyosatga chidash mumkin, biroq Vatandan ayirgan siyosatga chidash og`ir. Anna Snegina oilasi tug`ilib o’sgan Vatanini Rossiyani tashlab ketishga majbur bo’ladi. U yoshlik orzularidan, sevgisidan, turmush o’rtog`idan, eridan, mol mulkidan, nihoyat, Vatanidan ayriladi. Nahotki, bir insonga shuncha yo’qotish. Endi Anna Sneginani hayotda tutib turadigan yuirdan bir suyanchi uning yuragidagi Vatan va sevgi. Mana shu tuyg`u va tuyg`uning azobu armonlari bilan sog`ingan Vataniga va hamon yuragidagi eng yaqin kishisiga Londondan turib maktub yo’llaydi.

“Sog` bormisiz, salomat, omon?

Men ham sog`man, tinchman, salomat.

Tushlarimga kirar har zamon

O’sha bog`cha

Siz bilan suhbat...

Men yiroqda

Sizlar yiroqda

Rossiyada hozir navbahor

Daraxtlar ham gulga kirmoqda

Moviy libos kiygan archazor

Oq qog`ozga dil ishonch la

Bitarkanman yurak ovozin...”

Yuqoridagi satrlar Vatanga qaynoq muhabbat, suyukliga mehr ruhi sezilib turibdi. Unda Anna Sneginaning Vatanini qo’msashi yuksak tuyg`uning inson qalbidagi g`alabasidir.

E.Vohidov ham “Istanbul fojiasi” dostonida Iskandar obrazi orqali urush keltirib chiqargan fojialarni qalamga oladi. Asarda Iskandar obrazi markaziy o’rin tutadi. U o’zini sayyohlar – Jalol va Saodatga shunday tanishtiradi:

Men bir xazon yaprog`iman. Taqdir shamoli

O’z bog`imdan yiroqlarga uchirib ketgan [459].

Ushbu satrlarda shoir betakror metafora orqali voqelikni badiiy ifodalashga erishgan. Binobarin, xazon yaprog`i – Iskandar, o’z bog`i esa Vatani. Taqdir shamoli uning o’z bog`idan uchirib ketgan. Demak, u – vatangado.

Uning yurtdoshlarini ko’rish uchun dengiz portiga kelishi vatangadolik holatini ochib berishga yordam bergan. Binobarin, u ilk bor o’z qarindoshlarini uchratganida ham faqat so’ragani bir siqim Vatan tuprog`i bo’ldi. Shu bois Jalol Vatan tuprog`ida o’sgan mayizdan Iskandarga berganida, u shunday shukrona aytadi:

Shukr.

Shukr, yurtim nafasini tuygandek bo’ldim.



Qulluq yurtdosh, ming tashakkur. Iloho tangrim

Nasibangni butun qilsin![61].

Shoir bunda kuchli dramatik holatlar va kolliziyalar, qarama-qarshiliklar orqali vatangado kimsaning ruhiy holatini aks ettira olgan.

Iskandar xarakteri voqeadan voqeaga o’tgani sari yorqinlasha boradi. Uning aftodahol ko’rinishi va gaplaridan ta’sirlangan Jalol pul tutqazadi. Shunda notanish odam (asarga Iskandar notanish odam sifatida kirib keladi):

Yo’q, kerak emas

Kambag`alman, lekin gado bo’lganimcha yo’q [464].

– deya xitob qiladi. Shu nuqtada Iskandar qalbini vayron etgan dard yuzaga chiqa boshlaydi.

Urush yillarida bedarak yo’qolgan, asirga tushgan vatandoshlarimizdan ham qoraxat kelgan. Iskandar – shunday «qurbon»lardan biri. U asirga tushgan. Asirlikdan qochib o’z vataniga emas, Istanbulga kelgan. Shoir asar davomida buning tub sabablarini ochishga harakat qiladi.

Iskandar kuyinishlarida achchiq haqiqat bor. Jalol esa soxta shon egasi. Shu sabab u ukasining tirikligidan quvonish, uni bag`riga bosish o’rniga, Iskandarning dardlarini mayda, bachkana deb hisoblaydi. Ukasi yillar davomida chekkan qalb iztiroblarini pisand qilmaydi, his etmaydi.

Voqeadan-voqeaga, satrdan-satrga o’tgan sari vaziyat taranglasha boradi. Natijada Iskandar akasiga «meni vatangado qilgan o’zing emasmi?», – deb haqiqatni fosh etadi.

...Ukang sevgan qizni xotin qilib yashashga

Hech bo’lmasa, elu yurtdan uyalmadingmi?

Uyat! Sendek aka bilan bir uyda emas,

Bir zaminda yashamoqdan nomus qilaman.

Shu parchadan kitobxon fojianing asl mohiyatini anglaydi. Binobarin, Iskandarni yoshi etmasligiga qaramay hujjatini o’zgartirib, jangga ketishiga majbur qilgan kuch birinchi muhabbat iztiroblari ekanini tushuna boshlaydi. Shu bois u qalbidagi alamli kechinmalarni to’kib soladi.

Iskandarda insoniylik yuksak darajada. U akasini kechirishga tayyor. Nima uchun? Chunki Vatan sog`inchi, onasining olisdagi mehri uni shunga chorlaydi.

Iskandarning qirq yildan ziyod o’z vatanidan yiroqda yashaganligi uning hech tuzalmas dardidir. Shu bois u hech bo’lmaganda so’nggi nafasda ona vatanida bo’lishni istaydi. Shu o’rinda shoir tiriklik inson uchun ulug` ma’naviy ne’mat ekanligini uqtirmoqchi bo’ladi.

Shoir dostonda iztirobning, sog`inchning suratini chizadi. Asar obrazlari gaplashmaydilar, balki dillashadilar. Bu muloqot asar obrazlarining insoniy qiyofasini ochib berishga xizmat qiladi. M.Hoshimova ushbu asar haqida fikr yuritib yozadi: ««Istanbul fojiasi» – davr to’zonlari, hayot chigalliklari ichra changib, noxush to’lqinlar iskanjasiga tushib qolgan, adashgan, ammo kechikib bo’lsa-da xatosini anglagan odamlar fojiasi»dir. Iskandarni adashgan obraz deyish mumkinmi? Bizningcha, yo’q. U o’zga yurtga atayin ketgan emas. Yuqorida tahlil etganimiz insoniy jihatlar, or-nomus uni shunday yo’l tutishga majbur etdi. Yana u yurtdan yiroqda esa-da, hamisha uning sog`inchi, ona diydoriga muyassar bo’lish kabi qadriyat darajasidagi tuyg`ular og`ushida yashadi. Shu bois «adashgan» sifatlashi Iskandarga emas, Jalol va Saodatga ko’proq mos tushadi. Demak, Iskandar haqida gap ketganda, M.Hoshimova fikrlariga qo’shilib bo’lmaydi.

Ayni choqda akasining xiyonati tufayli o’z yurtiga qaytolmagan, ilk muhabbati iztiroblari ulkan bir dardga aylangan Iskandar adabiyotimiz uchun butunlay yangi obraz hisoblanadi. Uning «Surat»dagi Toshlonga taqdirdoshlik jihatlari mavjud. Ya’ni u ham Toshlon kabi sevgilisini kechirishga tayyor. Biroq tug`ishgan akasini kechirolmaydi. Ana shunday ichki ziddiyat, aql va ko’ngil kurashi Iskandarni yurtidin uzoqda yashashga majbur etadi. Biroq bu majburlik uni eng yuksak insoniy tuyg`ular – yurtni sevish, onaga cheksiz mehr kabilardan ayirolmaydi. Shuning uchun dostonni o’qish davomida kitobxon Iskandarga bog`lanib qoladi, uning tuyg`ularini hurmat qilishga intiladi. Eng muhimi, undagi sabot va matonatga tahsin o’qiydi. Zeroki, inson hayotga bir marta keladi. Shu bir martalik umrining o’zga yurtlarda kechishi aslida uning uchun eng katta ma’naviy-ruhiy dard, azobdir. Iskandar shuni engishga harakat qiladi. Uning har daqiqada yurtini, jondan aziz onajonini qo’msab yashashining o’zida umrini behuda ketkizmaganligi namoyon bo’ladi.

Anna Snegina bilan Iskandarni ba’zi ma’naviy-ruhiy mushtarakliklar bog`lab turadi. Ma’lumki, har ikkala asarning markazida Vatan mavzusi turadi. Ular ikkalasi ham vatangado. Biroq bu qismat bir xilda kechgan emas. Anna Snegina o’sha davr siyosati sabab Rossiyani tashlab Londonga, Iskandar esa, avvalo, urush, qolaversa, insoniy iztiroblari tufayli Turkiyaga ketishga majbur bo’ladi. Demak, ulardagi vatangadolik majburiyat tufayli yuzaga kelgan. Biroq ular har lahzada Vatanni qo’msab, unga intilib yashaydi.

Dostonlardagi yana bir mutanosiblik makon birligi bilan belgilanadi. Sababi, Anna Snegina «o’zini shu ko’yga solgan Sho’roning qizil bayrog`i tikilgan kemalarga boqib taskin topishi uchun har kuni dengiz qirg`og`iga, ya’ni portga keladi... Dengiz qirg`og`ida turgan musofir ayol olislarda qolib ketgan Vatani tomon yo’l olayotgan kemalarni ko’zga ko’rinmay qolguncha kuzatib» qoladi [69,35]. Iskandar ham o’z yurtdoshlarini ko’rish uchun Istanbul portiga keladi. «O’zbekiston» kemasi yiroqlashgunga qadar unga tikilib qoladi:

Quyosh botib ketdi – kemam ko’zdan yo’qoldi,

Ana, ko’kka birin-ketin chiqdi yulduzlar.

Yulduz – yulduz yoshlar to’kib mening holimga,

Ko’ngildagi faryodimga falak ham bo’zlar [522].

Demak, har ikki asarda musofirlik, vatangadolik inson uchun achchiq qismat bo’lishi barobarida tuzalmas ma’naviy dard ekanligi yuqoridagi ruhiy manzaralarda ochib berilgan.

Anna Snegina va Iskandarning muhabbat bobida ham qismatdoshlik jihatlari mavjud. Anna Snegina shoir muhabbatini bir umr qalbida asraydi. Rus adabiyotshunosi Yu.Prokushevning ta’kidlashicha, Anna Snegina Londondan turib Rossiyaga yo’llagan maktubida qachonlardir sevgan kishisi haqida o’ylab, alohida iliqlik va umid bilan unga: «Oh, Siz men uchun naqadar aziz, Xuddi Vatan kabi, bahor singari», –deb yozgan [18].

Iskandar ham Istanbul portida Saodat bilan uchrashganida unga nisbatan muhabbati so’nmaganligini namoyon etadi:

Sen yonimda bo’lsang, olam gurkirar edi,

Dilda quvonch, hayotimga nur kirar edi [492].

Har ikkala qahramonning oilasi bo’la turib, ilk muhabbatini qo’msash holati psixologik jihatdan o’xshash ko’rinishda tasvir etilgani mazkur dostonlarni bir-biriga yaqin qilib ko’rsatuvchi belgilardan yana biridir. Bu dostonlarga xos shu mungli va dardli tuyg`u dramatizmi asarning ruhiy ta’sirchanligini kuchaytirgan muhim omillardandir.

Ijodkor uchun adabiy ta’sir umumbashariy tuyg`ularni ifoda etish sari yo’l ochgan. Natijada adabiyotimizda betakror qahramon obrazi yaratilishiga erishilgan.




Yüklə 154,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin