O’zbek she’riyatida Yesenin an’analari reja: Kirish I bob. Sergey Yesenin – rus adabiyotining taniqli namoyandasi


I.3. SHOIR SHE`RLARIDA SHARQ TASVIRI



Yüklə 154,19 Kb.
səhifə9/15
tarix02.02.2022
ölçüsü154,19 Kb.
#114016
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15
I.3. SHOIR SHE`RLARIDA SHARQ TASVIRI

Cheksiz ijod osmonida har bir qalamkashning o`z uslubi, o`z ijod yo`li bo`ladi. Qaysidir ijodkorda falsafiylik kuchli bo`lsa, yana qaysidir ijodkor milliylikka e`tibor qaratadi. Buyuk rus shoiri SergeyYesenin ijodida ham shunday bir mavzu borki, bu mavzu kitobxon e`tiborini tortmasdan qolmaydi. Yesenin asarlarida sharqona ruh yaqqol sezilib turadi, shoir o`z she`rlarida Sharq tasviriga alohida ahamiyat qaratadi. Albatta, buning o`ziga yarasha sabablari bor: Yesenin Sharq mumtoz she`riyatiga qiziqqani va shu qiziqishi sabab hatto Eron mamlakatiga ham bormoqchi bo`lgani ma`lum. Ammo Yesenin yashagan davrda Rossiyaning Eron bilan munosabatlari yaxshi emas edi. Shunday bo`lsa-da shoir Eronga emas, Ozarbayjonga boradi. Shoir shu yerda yashab, Sharq hayotini o`z ko`zi bilan ko`radi, sharqona ruhni his etadi. Sharqdagi hayot tarzidan zavqlanish natijasida “Fors taronalari” she`rlar turkumi yuzaga keladi. Turkumdan o`rin egallagan she`rlarining aksariyatini ishqiy mavzudagi she`rlar tashkil etib, unda G`arb kishisining Sharqdagi turmush tarziga, umuman, Sharq odamlariga bo`lgan ayricha mehri sezilib turadi.

Za`far yuzga nur to`kar oqshom,

Bog`da gullar javlon urgan payt.

Kel, jonginam, qo`shiq ayt, Xayyom-

Kuylab o`tgan qo`shiqlardan ayt

Bog`da gullar javlon urgan payt.

Oy nuriga g`arq bo`lgan Sheroz,

Parvonadek uchar yulduzlar.

Menga yoqmas, o`rtanaman, rost,

Niqob tutsa dilrabo yuzlar,

Oy nuriga g`arq bo`lgan Sheroz,

Qizlar yuzni saqlar niqobda,

Issiqdanmi bo`lib asramoq,

Yo kuymasin derlar oftobda.

Sevsin uchun yigitlar ko`proq –

Qizlar yuzni saqlar niqobda.

Bu she`r “Fors taronalari” turkumidan joy olgan bo`lib, bu va shu turkumdan o`rin olgan boshqa she`rlarda ham yuqorida ta`kidlaganimizdek rus yigitining Eron go`zaliga sevgisi kuylanadi. She`r faqatgina shu xususiyat bilan emas, yana bir boshqa jihatdan e`tiborga molik: shoir she`rda oqshom paytini tasvirlar ekan, Sharqning go`zal shaharlaridan biri Sheroz shahrini oy nuriga g`arq bo`lgan holatda aks ettiradi va yulduzlarni ajoyib tashbeh orqali uchayotgan parvonaga o`xshatadi. Keyingi misralarda shoir Sharq hayotidagi bir udumga ishora qilib yuziga niqob tortib yurishi, ya`ni hijobda yurishi nazarda tutilmoqda. Lirik qahramon bunga o`zicha sabab axtaradi: issiqdan asrash uchun (ma`lumki, arab mamlakatlarida havo harorati bir muncha yuqoriroq bo`ladi.), oftobda kuymasligi uchun deya taxminlar qilib, oxirida sababini “yigitlar yana ham ko`proq sevishi uchun” deb izohlaydi. Aslida bunga sabab shoir aytganicha havo isishi yoki oftobdan kuymaslik emas, balki asl sabab Sharq ayollariga xos yuksak ma`naviyat-madaniyat, sharm-hayo, tarbiya, odob-axloqdir.

Shoirning shu to`plamdan o`rin olgan yana bir she`ri “Dog`lar ketmish majruh ko`ngildan” she`rida yuqoridagi vaziyatga o`xshash tasvirga duch kelamiz:

Rossiyada gulday qizlarni

Tutqunlikda saqlamas erlar,

Sarmast etar bo`sa bizlarni

Bexanjar-u, bemakr-u, bezar.

Bu tong yuzli dildor qoshimda

Bir bor xirom etsa noz bilan

Shohi ro`mol solgum boshiga,

Yo`llariga sheroziy gilam.

Shoir bu she`rda Sharq bilan G`arbda, ya`ni o`z vatani Rossiyada ayollarga bo`lgan munosabat masalasidagi farqlarni aytib o`tadi. Chunonchi, Sharqdan farqli o`laroq shoirning vatanida qizlarni tutqunda saqlashmaydi, ya`ni ular hijobga o`ranishmaydi. Keyingi bandda shoir Sharq ayollariga ziynat bo`lgan sharqona ibo-hayo, nomus, or va tarbiyaga qoyil qoladi. Lirik qahramon o`z suyuklisiga shunchalar intiqki, agar sevgan yori unga bir bor xirom etsa, oshiq yorining boshiga shohi ro`mol solib, yo`llariga sheroziy gilam to`shamoqchi bo`ladi. Shu banddagi shohi ro`mol, sheroziy gilam timsollari bevosita Sharq bilan bog`liqligi ortiqcha izoh talab etmaydi.

Dog`lar ketmish majruh ko`ngildan,

Mast vasvasa qo`zg`amas tug`yon.

Men dardimga Tehron gulidan

Choyxonada topoldim darmon.

Choyxonachi – barvasta, o`ktam,

Qoyil qolsin rus, deb, choyimga,

O`tkir aroq, may o`rniga ham

Achchiq-achchiq choy tutar menga.

Tehron Eronning poytaxti ekanligi ma`lum. Lirik qahramon o`z dardiga choyxonadan darmon topadi. Shoir choyxonani atroflicha tasvirlaydi, choyxonachi G`arbdan kelgan mehmon choyga hayron qolsin deb, unga may o`rniga achchiq-achchiq choy beradi. Shoir bu bandda choyxonachi obrazi timsolida Sharq xalqlaridagi mehmondo`stlik, mehmonnavozlik, sharqona samimiylik xislatlarini tasvirlab beradi.

Yesenin she`rlarida oshiqlik mavzusi yetakchilik qilsa-da, Sharqning go`zal va so`lim go`shalari ta`rifiga bag`ishlab yozgan she`rlari ham alohida ahamiyatga ega.

Firdavsiyning moviy diyori,

Ko`pni ko`rgan ey, ko`hna diyor!

O`ychan nigoh, ko`zi zangori

O`rusingni unutma zinhor!

Firdavsiyning moviy diyori.
Ajoyibsan, go`zalsan, Eron,

Bog`laringda lola-yu nargiz,

Ular menga olis bepoyon

Bir o`lkani eslatar hargiz,

Ajoyibsan, go`zalsan, Eron.

Shoir she`rning birinchi bandida Firdavsiy tug`ilib o`sgan moviy diyorni tasvirlar ekan, uni ko`pni ko`rgan, ko`hna dunyo deya ta`riflaydi, shu bilan birga keyingi misrada shoir ayni paytda go`zal, ko`hna diyorda yashayotgan bo`lsa-da, o`z vatanini unutmaslikka chorlaydi. Ikkinchi bandda esa shoir Eron manzaralarini, bog`-rog`larini yuksak pardalarda g`oyatda ajoyib tasvirlaydi.

Sergey Yesenin aslida Eronga umuman bormagan, aniqrog`i, borish unga nasib etmagan, ammo shoining shunday bir yuksak mahorati borki, u o`z she`rlarida o`zini Eronga yurganday tasavvur qilib, iztirob va dardlarini kuylaydi.

Qilmaganman Bag`dodga safar,

Karvon bilan eltmadim hino,

Ammo bir zum tin olsam netar

Tizzangga bosh qo`yib dilrabo!

Shafqat ayla, jonginam, derman,

Ham qilurman qancha iltijo,

Rossiyada mashhur shoirman,

Nechun zarra qilmaysan parvo?!

Kuy taratar qalbimda garmon,

Qaydadir it hurar oydin kech.

Eron qizi, moviy, bepoyon

Yurtni ko`rging kelmaydimi hech?

Shoir bu she`rda Bag`dodga bormaganligini tan oladi, hattoki hino eltish bahonasida karvonga qo`shilib safarga chiqmaganligini xolisona taftish etadi. Ammo bu “qilmishi” uchun yordan shafqat so`rab, undan bir o`tinch- tizzasiga bosh qo`yib, bir zumgina tin olishni so`raydi. Shoir o`z vatanida juda mashhur, uni hamma hurmat qiladi, lekin yor uchun zarracha ahamiyatga ega emas. Lirik qahramon bundan azob chekadi, yoridan, Eron go`zalidan, shoirning o`z yurti moviy Rossiyani nahotki ko`rgisi kelmayotganini intiqib so`raydi.

Bunda ko`ngil yozgani emas,

Izlab keldim xayolan seni.

Oqqushqanot qo`llar har nafas

Og`ushiga chorladi meni.


Nolishim yo`q o`tgan umrimdan,

Ammo horg`in dil izlar orom.

Dilbar, menga quvnoq yurtingdan

Biror narsa so`yla bu oqshom.

Keyingi bandda shoir biroz chekinadi-yu, asl maqsadini, o`z vatanini tashlab, nega Sharqqa kelganini aytadi, ya`niki bu yerga shunchaki ko`ngil yozgani emas, balki xayoliy malikasini izlab kelganini izohlaydi va yoridan dilga orom berish uchun quvnoq yurtidan bir narsa so`ylab berishini iltimos qiladi.

Sergey Yesenin o`zining “Xurosonda bir darvoza bor” she`rining oxirgi bandlarida uni o`ziga mahliyo qilgan yurt- Eron va pinhoniy ravishda asiri bo`lib qolgan xayolidagi ma`shuqa bilan ramziy ravishda xayolan xayrlashadi. Ammo bu yerlarni also unutmasligi, ma`shuqasining shirin g`ami bilan umrbod yashashini va o`z o`lkasida uni bir umr kuylab o`tishini chuqur iztirob bilan tasvirlaydi.

Yana tushdi Rus sari yo`lim,

Eron, sendan ketgummi hali.

Nahot, seni boz ko`rmas bo`ldim?

Ona yurtga mehrim tufayli

Yana tushdi Rus sari yo`lim.

Xayr endi, xayr, parizod!

Darbozangni ocholmasam-da,

Shirin g`aming birla umrbod

Kuylab o`tay seni o`lkamda

Xayr endi, xayr, parizod!



Shoirning “Fors taronalari” turkumidagi she`rlarini o`qiyotganimizda xohlaymizmi-yo`qmi, shoir boshidan kechirgan holatlarni, xayoliy ma`shuqasi vositasidagi ruhiy iztiroblarni shoir bilan birga baham ko`ramiz. Shoir o`zi aslida G`arb kishisibo`lishiga qaramay, asarlarida Sharq ruhiyatini shunchalik nozik did bilan singdira oladiki, shoir go`yo butun umr shu yerda yashab ijod etgan deb o`ylaysiz. Ha, shoir qalbi - ummon, xayoloti - uchqur ot. U zamon va makon lashkarini chilparchin qila oladigan kuchga ega!


Yüklə 154,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin