II.2. M.YUSUF VA S.YESENIN SHE’RIYATIDAGI MUSHTARAK JIHATLAR
Adabiyot tarixidan ma’lumki, S.Yesenin tarixning dolg`ali bir davrida yashab, ijod etdi. Davr shoirni bo’ron bilan yuzma yuz qildi. bu yuzma yuzlik uning fikr va o’y kechinmalarini to’lqinlantirmasligi mumkin emasdi. Ayniqsa, har bir voqea hodisadan o’z qalb istaklarin kutayotgan, tashna dili qonmay turgan paytda mohiyatga etish istagi kuchli bo’lishi muqarrar. Mohiyat esa haqiqatga olib boradi. Endi tabiiy bir savol tug`iladi: Yeseninning mna shu bo’rondan, o’sha davr voqe hodisalaridan chiqargan xulosasi nima edi? Bu savolga shoirning “Sovet Rusi ” she’ridan javob olish mumkin. Chunki bu she’rda Sho’ro tuzumining dastlabki yillaridagi qishloq hayoti, kishilar ruhiyati va shoirning iztirobli holati o’z ifodasini topgan. “Qaytdim g`arib qolgan maskanim tomon” degan shoir
Boshimni o’y chulg`ar,
O’ngmi yo ro’yo?
Vatanim shu qadar o’zgarmish hozir.
Men o’z qishlog`imda turibman go’yo
Uzoq bir o’lkadan kelgan musofir
holatiga tushib qoladi. Aslida bu o’zgarishlar yangi tuzumdan nishona edi. Yesenin bu o’zgarishlarni kuzatar ekan, uni rus qishloqlarining kelajagi, oddiy kishilarning dunyoqarashi, yurtning taqdiri qay tomonga ketayotganligi ko’proq o’ylantirgan. Shu bois shoirning Vatan haqidagi bitiklarida ana shu dard o’z ifodasini topgan.
Lekin men bilaman,
Bo’ronlar aro
Umrbod o’chmagay hislar topoldim.
Men o’z taqdirimni mangu , beorom
Quyunlar libosi birla yopoldim.
Umrbod o’chmaydigan his Oktyabr to’ntarishidan keyin shoir ijodining o’zagiga aylandi. U ham bo’lsa Vataniga va xalqiga bo’lgan cheksiz muhabbat va sadoqat tuyg`usi edi. Xuddi mana shu tuyg`a shoirning yangi tuzumga bo’lgan munosabatini belgiladi. Ayniqsa, chet elga qilgan safari uning dunyoqarashiga ta’sir qiladi, fikr mulohazalarini qat’iylashtiradi, vatanidagi yutuq va kamchiliklarni yanada chuqurroq anglab etgan holda xulos a chiqarishga harakat qiladi.
Yeseninshunos olim B.Rahmonov Yesenin badiiy merosini to’rt unsur bilan izohlash maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi: Vatan, millat, muhabbat va talant8. Haqiqatan, bu fikrga qo’shilish mumkin. Mana shu to’rtta ustunsiz shoirning she’riyat qasri bu qadar mustahkam, bu qadar go’zal va hayratlanarli bo’lmasdi.
Yesenin she’riyatining bosh mavzusi Vatanga muhabbat tuyg`ularining kuylanishidir. Uning muhabbati shu qadar qaynoq va mislsiz. Bu yoniq muhabbat dastlab o’zi tug`ilib o’sgan Ryazanga bo’lgan ishqda ibtido topadi. Uning “Bu dunyoda men bir yo’lovchi”, “Ketayotgan Rus”, “Hayot yo’lim” kabi she’rlari shu ruh yorqin sezilib turadi. Vatanga bo’lgan qaynoq muhabbat ruhi o’zbek shoirlari ijodiga ham ko’chdi deyish mumkin. Tahlil etayotganimiz M.Yusufning Vatan haqidgi bitiklarida Yesenin she’riyati ohanglari eshitilib turadi. “Vatanim” , “Andijon”, “Izhori dil” singari she’rlari mulohazalarimizga oydinlik kiritadi.
Yesenin she’riyatining jozibador ohanglari, mazmuni va shakli ko’pgina o’zbek shoirlari qatori M.Yusuf ijodiga ham yorqin sahifalar ochishga ko’mak berdi. Ikkala shoir tabiati, ruhiyatidagi yaqinlik Yeseninona she’rlar yaratilishi sari yo’l ochdi. Bu fikrni Muhammad Yusufning maktab shaklidagi she’rlari misolida yorqin kuzatishg mumkin. Yeseninning “Onamga xat”, “Singlim Shuraga”, “Ayolga maktub” singari she’rlari ruhida M.Yusufning ham “Onamga xat”, “Singlimga maktub”, “Maktub” singari she’rlari yozildi.
Binobarin, maktub orqali his-kechinmalarni ifoda etish o’zbek mumtoz adabiyotida, qolaversa, dunyo adabiyotida an’anaviylashgan. Binobarin, Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si oshiqning ma’shuqaga yo’llangan nomalaridan iborat. Asar o’n bitta maktubdan tashkil topgan. Misol uchun, avvalgi nomada ma’shuqaning go’zalligi ta’rif etiladi:
Pari ruxsoralarning ko’rkka boyi,
Yuzung navro’zu qoshing bayram oyi.
E’tibor berilsa, shoir ma’shuqaning pari ruxsoralar orasida ko’rkda, go’zallikda tengsiz ekanini ta’kidlaydi. Yoxud:
Tabassum qilsangiz shakar uyolur,
Tishing injusidan gavhar uyolur –
der ekan, shoir chiroyli kulgu, oppoq tishlar ma’shuqani yanada jozibali ko’rsatib turganligini ifoda etishda mubolag`aga keng o’rin beradi.
Ikkinchi nomada lirik qahramon sevgiliga bo’lgan muhabbatini, tuyg`u- kechinmalarini tong nasimi orqali etkazishni istaydi va unga murojaat qiladi:
Salomim gulga elt, ey tong nasimi,
Kim erur Oy quli, Axtar nadimi.
Gul, Oy, Axtar ko’chma ma’noda yorni ifodalab kelmoqda. «Axtar» forscha so’z bo’lib, yulduz, «nadim» esa hamsuhbat, yaqin xizmatkor deganidir. Demak, shoir tong nasimi orqali yorga salom yo’llayapti va uning quli, xizmatkori bo’lishga ham tayyor ekanini bildirmoqda.
Ko’rinadiki, asardagi nomalar boshidan oxirigacha sevgi maktublaridan tuzilgan. Zamonaviy adabiyotda esa bu an’ana yangicha davom ettirildi. Endi maktublarni faqat ma’shuqaga emas, balki ustozga, onaga, singilga – ko’ngilga yaqin kishilarga yo’llash urfga aylandi.
S.Yeseninning maktub uslubidagi she’rlari ruhi zamonamizning yoniq qalb shoiri Muhammad Yusuf she’rlariga ham ko’chdi. Binobarin, Yeseninning “Ayolga maktub” she’ridagi ruhiyat manzaralari M.Yusufning “Maktub” she’rida yorqin ko’zga tashlanadi. S.Yeseninda:
O’sha kun albatta
Yodingizdadir.
Burchakka qisilib
Ojiz turganim.
G`azabnok edingiz
Va g`oyat og`ir
So’z bilan urdingiz
Betimga manim.
M.Yusufda:
Sevgilim,
Sevgilim,
Og`riydi dilim.
Jonim og`riyverar sizni o’ylasam.
Gulday yuzingizni silar endi kim,
Meni eslarmisiz yo’qmi o’sha dam.
E’tibor berilsa, har ikkala parchada ham muhabbatda ozorlangan, ayni paytda ozor etkazgan oshiq holati aks etgan. Qolaversa, bu ozorda ishqning achchiq iztiroblari aks etgan.
Men sizni sevardim
Siz esa aslo
Parvo qilmasdingiz
Men edim behol
Shaddod bir suvoriy
Xaloyiq aro
Siz bilmas edingiz
Bo’ronda, axir.
Meni o’z bag`riga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir.
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.
Ushbu misralarda Yesenin yashagan muhit tasviri o’z ifodasini topgan. Yaxshi bilamizki, shoir nihoyatda taloto’p zamonda yashab ijod etdi. M.Yusuf she’rida esa boshqacha manzara mavjud:
Bulutlar ko’k kezar kunda piyoda
Ufqqa oftob botar qizil gulxanday.
Armonim ekansiz yorug` dunyoda
Sizni o’ylamasdan yasharman qanday.
Bu misralarda ham Yeseniniga hamohanglik bor. Ikkala shoirni muhabbat hislari birlashtirib tursa da, biroq oradagi vaqt va zamon masofasi ularni ajratib turadi. Ya’ni har ikki shoir ishqida ham iztirob alangalangan, armon tuyg`ulari sezilib turadi. Tafovuti shundaki, Yesenin zamon nosozligi tufayli ozorlansa, M.Yusuf tinchlik davrida muhabbat dardlarini, armonli kechinmalarni ifoda etadi.
She’rlar ohangi deyarli bir xil yakunlanadi. Ya’ni har ikkala oshiq shoir ham sevgiliga faqat omonlike istaydi va uni yodidan chiqarmasligi ta’kidlaydi:
Mayli, yashang yangi
Yorning oldida,
Baxtli bo’ling, shudir
Tilagim mening.
Sizga salom bilan
Sizni yodida
Doim saqlaguvchi
Sergey Yesenin.
M.Yusufda:
Dunyo omon bo’lsin,
Siz bo’ling omon,
Omadli bo’ling siz
Baxtli bo’ling siz.
Lekin,
Bilib qo’ying,
Bilib qo’ying, hamon
Sizni unutolmas Muhammadingiz
Muhabbat iztiroblari, sog`inchlari aks etgan har ikkalar she’riy maktub samimiy ruhi, qalb torlarini chertishi bilan mushtaraklik kasb etadi.
S.Yesenin va M.Yusuf ijodida singilga yozilgan maktublar ham avlohida o’rin egallaydi. Bu maktublarda singil bilan dildan suhbatlashish, dardlashish ruhi ustuvorlik qiladi. Yeseninning “Singlimga xat” she’ridan o’qiymiz:
Salom senga, singlim
Salom, assalom.
Qadrdon dalalar salomat bormi?
Ayt, qalay parvarish qilmoqda bobom
Ryazandagi bizning oluchazorni?
M.Yusufning “Singlimga xat” she’rida:
Qachon xat yozgandim senga, bilmayman.
Qofiya bilan band bugun tosh ko’nglim.
Yolg`iz akang bo’lib,
Yoningda yurmayman...
Kechir meni. Singlim,
Kechir, meni singlim.
U yoqda shotutlar
To’kilar suvga.
Qovunlar yorilar
Sen yo’lga qaraysan.
Tuproq ko’chalarda,
Mushtoq kechalarda
Yoz meni sog`inib sarg`aygan maysa.
Ushbu satrlarni avvalo vatanga muhabbat tuyg`usi bog`lab turadi. S.Yesenin ham singlisidan dastavval o’zi tug`ilib o’sgan Ryazanni so’raydi. So’ng esa bolaligi kechgan qadrdon dalalarni, bobosi parvarish qilayotgan oluchazor haqida bilgisi keladi. Bunda yurtga beqiyos muhabbat ruhi yaraqlab turadi. Shu ruh M.Yusuf maktubiga ham ko’chgan. U ham dastavval qishlog`inining shotutlari-yu, qovunlarini, bolaligi o’tgan tuproq ko’chalarni so’raydi. Yoz ta’rifida go’zal badiiy topilma yaratadi. Ya’ni yoz meni sog`inib sarg`aygan maysa. Ma’lumki, ko’klamda maysa yam-yashil bo’ladi. Biroq yoz quyoshi bu yashillikni biroz za’faron tusga soladi. Shu ma’noda bu topilmada Vatan sog`inchi o’z ifodasini topgan.
Mastroq edim men
Oh, u oq kayinlar,
Oppoq qayinlar...
Qizlardek sarvinoz, suluv, xushqomat.
Sevmasligi mumkin ularni faqat
Quvnoq navniholda ko’rmagan samar.
M.Yusufda:
U yoqda shotutlar to’kilar tag`in
Behilar hidiga to’ladi xonam
Ayvonda, xirmonda, Andijon tomonda,
Kuz meni sog`inib sarg`aygan onam
Yig`laydi, bu yil ham kelmadi bolam.
Har bir maktubda shoir mansub xalq mentalitetiga xos jihatlar o’z ifodasini topgan. Jumladan, oq qayin rus tabiatiga xos, u go’zallik, hayot, muhabbat timsoli. Shotut, behi esa o’zbek tabiatiga xos. Har ikkala parchada shu ruh ko’zga tashlanadi.
Har ikkala shoirning hayotga nisbatan qarashlarida mushtaraklik bor. Ularni falsafiylik, samimiyat bog`lab turadi. Zero, hayotda chin do’st topish nihoyatda mushkul. S.Yesenin singlisiga bu haqda yozadi:
Singlim!
Naqadar kam hayotda chin do’st,
Ko’plardek mening ham
Yuragimda dog`.
Agar nozik qalbing
Toliqqan bo’lsa,
Buning soz davosi
Tinmoq, unutmoq.
Yesenin singlisi bilan xat orqali chin qalbdan dardlashadi va yorug` dunyoda haqiqiy do’st topolmaganidan ozorlanadi. Bu insoniy dard uning uchun yurakdagi dog`dir. Bu fikrlarga M.Yusuf qarashlari ham hamohang:
Goh to’lib ketaman
Qanday gap axir.
Qo’ygil meni deyman ey, shirin azob.
Quyoshga termulay,
Erga bosay bag`ir,
Qo’shiqlar kuylashga boshqa odam top...
M.Yusufning ham shoir qalbi atrofdagilardan ozor chekkan. Shu bois she’r yozishni shirin azobga mengzaydi.
Ona siymosi dunyodagi barcha xalqlar uchun muqaddas va mo’’tabardir. Ularni birlashtirib turuvchi mushtarak fazilatlar bisyor, albatta. Lekin, ayni vaqtda, har bir xalqqa, millatga mansub ona siymosi o’z fe’l-atvori, tabiati, ichki va tashqi dunyosi, hatto, portreti bilan muayyan darajada farqlanib turadi. Ona butun bir xalq, butun bir millatning o’ziga xosligi, shakllanishi, namoyon bo’lishida alohida o’rin tutuvchi siymodir va ayni vaqtda, har bir inson kabi jamiyat, muhit, sharoitning vakili sifatida o’ziga xos bir individumdir. «Odamning qalbida qanday olijanob tuyg`ular mavjud bo’lsa, ularning barchasi avvalo onadandir»9. Ona qalbida hammaga etib boradigan adoqsiz mehr bor, bu ulug` tuyg`uni farzandlariga singdirishni istaydi. Uning e’tiqodiga ko’ra insonni inson qiladigan, qalbini olovday isitib, oftobday nurlantiradigan qudrat – muhabbat. Ona farzandning qalbida hayotga, uning jamiki ehsonlariga muhabbat doimo to’lqin urib turishini xohlaydi.
Sergey Yesenin va Muhammad Yusuf ijodida dunyodagi eng ulug` zot onaga yozilgan maktublar alohida o’rin tutadi. Dastlab onaning shoir o’g`ilga yozgan maktublarini muqoyasa qilamiz. S.Yeseninning “Onamdan maktub” she’ri quyidagicha boshlanadi:
Ko’zimiz to’rt bo’ldi,
Bolam, kelaqol.
Yaxshiydi, bayramga
Kelsang, har qalay.
Otangga ishtonlik
Menga jun ro’mol
Ola kel bizlarda
Kamchilik talay.
M.Yusufning “Onamdan xat” she’rida:
O’g`lim, jigargo’sham, aytgin chi, nahot,
Achinmaydi joning, onang holiga.
Meni to’shaklarga mixlab qo’ydi bod,
Kelsang, bir ko’rsam u, o’lsam mayliga.
E’tibor berilsa, har ikkala she’rda ham o’g`ilni sog`ingan ona iztiroblari aks etgan. Yesenin bu sog`inchni xalqona: “ko’zimiz to’rt bo’ldi” iborasi orqali badiiy ifoda etsa, M.Yusuf “Kelsang, bir ko’rsam u, o’lsam, mayliga” deydi.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham.
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan ko’ra omoch
Haydasang, bolam.
Obro’ keltiradi
Halol mehnating.
M.Yusufda:
Sog`misan ishqilib, qo’rqaman, qo’zim,
Podsholar haqida she’rlar yozasan.
O’ynashib bo’larmi, shohlar bilan ayt,
Qishloqi joningga she’rdan ne huzur?
Zeriksang bepoyon yaylovingga qayt,
Siqilsang dashtlarga ot choptirib yur.
Onalar qalbidagi dardlar o’xshaydi. Yeseninning onasi ham o’g`lining she’r yozishidan qo’rqib yashaydi. Chunki o’g`lining boshiga nogahoniy kaltaklar sinishi mumkin. Qolaversa, o’g`lining yoniga qaytishini, dehqonchilik bilan shug`ulanishini istaydi. M.Yusufning onasi ham o’g`lining “podsholar haqida she’r yozishi”dan xursand emas. U ham shoir o’g`lining o’z qishlog`iga, bepoyon kengliklarga qaytishini xohlaydi.
Yeseninning javob maktubi va M.Yusufning javob xatlari ham bir biriga uyg`un. “Javob” she’ri quyidagicha boshlanadi:
Aziz onaginam,
Bo’lgin salomat.
Mehru shafqatingni
Sezib turibman.
Sen zarra tasavvur
Qilmassan faqat,
Nima deb dunyoda
Yashab yuribman.
M.Yusufning “Onamga xat” she’ridagi dastlabki misralarni ko’zdan kechiramiz:
Men sizni o’ylayman shomu saharda
Ona, sog`insam ham bora olmayman.
Tunlari charog` shunday shaharda,
Hech kimga ko’nglimni yora olmayman.
E’tibor berilsa, shoir o’g`illarning onalariga farzandlik mehri beqiyos. Aziz insonlarning mehru shafqatini ular har lahzada his etishadi. Yesenin “nima deb dunyoda yashab yuribman”, deya o’zining qalb izhorini, farzandlik ehtiromini ifoda etsa, M.Yusuf esa tunlari charog`on oydin shaharda onaday do’st topolmaganidan ozorlanadi. U faqat ko’ngil dardlarini onasiga aytishi mumkin. Zero, “Onamdayin do’st topmadim” db yozgan zamonaviy o’zbek shoirining fikrlari ana shunday buyuk hayot haqiqati yashiringan.
Demak, maktub uslubida yozilgan she’rlar qiyosi shuni ko’rsatadiki, S.Yesenin va Muhammad Yusuf ruhiyatidagi yaqinlik mana shunday bir biriga uyg`un she’rlar yaratilishiga asos bo’lgan. Aytish mumkinki, bu uyg`unlik adabiyotlarimiz orasidagi ijodiy ko’prikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ta’kidlash kerakki, S.Yesenin she’riyati hali ko’p yillar ijodiy chashma vazifasini o’tay oladi. S.Yesenin va Iqbol Mirzo she’riyatidagi mutanosibliklar misolida buni asoslash mumkin. Bu jarayonni tekshirish va baholash esa galdagi vazifalar qatoriga kiradi.
XULOSA
Sergey Yesenin ijodi rus she’riyatining yorqin sahifasini tashkil etadi. Uning samimiy his kechinmalar bilan yo’g`rilgan yoniq she’riyati adabiyot ahlini hamisha hayratga solib keladi. Shuning uchun bo’lsa kerak, shoir asarlari jahonning bir necha tillarida tarjima qilingan va she’rxonlar qalbini zabt etgan. S.Yesenin she’rlarining o’zbek tilida jaranglashida O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning katta hissasi bor. E.Vohidov shoirning “Fors taronalari” turkumii va “Anna Snegina” dostonini o’zbek tiliga mahorat bilan o’girdi. Bu asarlar alohida kitob holida, shuningdek, E.Vohidovning “Sadoqatnoma” nomli saylanmasida nashr etildi. Bu tarjimalar Sergey Yeseninni o’zbek kitobxoniga xuddi o’z shoiridek tanishtiradi. Chunki unda ikki xalqning ikki ulug` shoiri tuyg`ulari uyg`unlashib, o’ziga xos yaxlitlikni yuzaga keltirgan.
Aytish mumkinki, S.Yesenin she’riyatidagi samimiyat, mayinlik, joziba, ravonlik o’zbek shoirlari ijodiga ham samarali ta’sir ko’rsatdi. Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid singari shoirlarimiz ijodida S.Yesenin she’riyatining hayotbaxsh an’analari yorqin sezilib turadi.
Kuzatishlarimiz shuni ko’rsatadiki, S.Yesenin she’rlarining o’zbek tilida jaranglashi uning ruhiga yaqin bo’lgan shoirlar ni shunday asarlar yozishga undadi. O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri E.Vohidovning xizmati tufayli o’zbek kitobxoni yana bir nafis shoirni kashf etdi. Tahlillarimiz shuni ko’rsatadiki, E.Vohidov she’riyatidagi mayinlik, samimiy hislar tajassumi, qisqa satrlar S.Yesenin uslubiga hamohanglik kasb etadi. Xususan, S.Yesenin she’riyatidagi daraxt, ayniqsa, oq qayin badiiy timsoli Rossiya tabiatinining go’zalligini ifoda etsa, ramziy ma’noda Vatanning muhtasham timsoliga aylangan. E.Vohidov she’riyatida ham daraxt obrazi muhim o’rin tutadi. Uning keksa qarag`ay haqidagi she’ri bunga yorqin misoldir. Keksa qarag`ay vatan timsoliga aylangan. Zero, qo’porilgan joyidan o’z panjalariga tuproqni olib ketishida shunda timsoliy mazmun yashiringan. Qolaversa, shoir tarjimialari dostonlarda ham o’ziga mutanosiblik, uyg`unlikni vujdudga keltirdi. Shoir dostonlarida Sergey Yesenin yaratgan qahramonlarga ruhiy ma’naviy jihatdan o’xshaydigan qahramonlar yaratildi. Buni S.Yeseninning “Anna Snegina” va E.Vohidovning “Istanbul fojiasi” dostonlarini qiyoslash jarayoni asoslab turadi. Xususan, Anna Snegina va Iskandarning qismatdoshlik jihatlarini badiiy parchalar vositasida asoslashga harakat qildi.
Muhammad Yusuf ruhiyati jihatidan S.Yeseninga o’xshaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, tuyg`ular hamohangligi, samimiyat, mayinlik S.Yesenin satrlarini yodga soladi. S.Yeseninning maktub uslubidagi she’rlari (“Ayolga maktub”, “Singlimga xat”, “Onamga xat” ) M.Yusuf ijodida ham shunday she’rlar yaratilishiga sabab bo’ldi. Binobarin, maktub mumtoz she’riyatda asosan, ma’shuqaga yo’llanganligi bilan o’ziga xoslik kasb etadi. XX asr adabiyotida esa maktubning badiiy vazifalari kengaydi. U endi oshiq va ma’shuqaning dil rozidan iborat bo’lmay, ko’ngil kechinmalarini, insoniy dardlarni yaqin kishilarga (onaga, singilga) ifodalash vositasiga ham aylandi. Har ikkala shoirning maktub uslubidagi she’rlari xuddi shu jihatdan qiyoslandi va muhim xulosalarga kelindi. Ya’ni shoirlar avvvalo, o’z dardarini, qolaversa, xalqning qalbida yashiringan tuyg`ularni maktub orqali ifodalashga erishdilar. Bu esa she’riyatdagi mazmuniy va shakliy yaqinlikni vujudga keltirdi.
Umuman olganda, S.Yesenin she’riyati o’zbek shoirlari ijodiga toza ruh, samimiy tuyg`ular, tabiiylik bag`ishladiki, bu mulohazalarimiz yuqoridagi qiyos va talqinlar asosida yanada oydinlashdi.
Aytish mumkinki, zamonaviy o’zbek adabiyoti taraqqiyotida A.S.Pushkin, N.Hikmat, J.Bayron, I.V.Gyote kabi shoirlar asarlari tarjimasi va ijodiy ta’siri qanchalik ahamiyat kasb etgan bo’lsa, chaqmoq misol yashab o’tgan S.Yesenin she’riyati ham shu qadar o’zbek she’riyati ruhiga singdi. Natijada adabiy ta’sirning yangi qirralarini yoritish imkoniyatlarini yuzaga keltirdi. Bu esa ijodiy o’rganish va ta’sirlanish ufqlarini kengaytirshga xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |