1-BOB. MANTIQ ILMINING PREDMETI VA AHAMIYATI
Tafakkur – mantiq ilmining o‘rganish obyekti
Kelib chiqishiga ko‘ra arabcha bo‘lgan “mantiq” (grekcha logos) atamasi “fikr”, “so‘z”, “aql”, “qonuniyat” kabi ma’nolarga ega. Uning ko‘pma’noliligi turli xil narsalarni ifoda qilishida o‘z aksini topadi. Xususan, mantiq so‘zi, birinchidan, obyektiv olam qonuniyatlarini (“obyektiv mantiq”, “narsalar mantig‘i” kabi iboralarda), ikkinchidan, tafakkurning mavjud bo‘lish shakllari va taraqqiyotini, shu jumladan, fikrlar o‘rtasidagi aloqadorlikni xarakterlaydigan qonun-qoidalar yig‘indisini (“subyektiv mantiq” iborasida) va uchinchidan, tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fanni ifoda etishda ishlatiladi.
“Mantiq” so‘zining paydo bo‘lishi haqida gapiradigan bo‘lsak, ilk bor Demokritning “Mantiq haqida yoki Kanon”1 asarida ishlatgan. Lekin bu terminning doimiy qo‘llanishiga ellinistlar, platonchilar, peripatetiklar va, ayniqsa, stoiklar sabab bo‘lganlar. Shu bilan birga, stoiklar grammatikani (sintaksisni) va falsafiy mushohada tilini mantiqning tarkibiga kiritdilar hamda ritorika va dialektikani mantiq bilan uzviy bog‘liq ilm turlari sifatida ajratdilar. Xususan, “Ritorika deb, – yaxshi muhokama qilishni, dialektika deb esa, savol-javoblar orqali vujudga keladigan tortishuvlar qoidalari haqidagi fanni tushundilar”2.
Mantiq ilmining o‘rganish obyektini aqliy mushohada, tafakkur tashkil etadi. “Tafakkur” arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilidagi “fikrlash”, “aqliy mushohada” so‘zlarining sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Tafakkur bilishning yuqori bosqichidir. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun bilish jarayonida tutgan o‘rni, bilishning boshqa shakllari bilan bo‘lgan munosabatini aniqlab olish zarur.
Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida subyektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat. Bilishning maqsadga muvofiqligini, yaxlitliligi, tizimliligini aql, ya’ni tafakkur belgilaydi. Tafakkurning mantiq obyekti sifatidagi o‘ziga xosligi va bilishda tutgan o‘rni to‘g‘risida aniq tasavvur hosil qilish uchun bilishning manbalari, turlari, darajalari,metodlarini ifoda etuvchi ba’zi fundamental tushunchalarning ma’no-mazmuni va o‘zaro munosabatini qisqacha ko‘rib chiqamiz.
Aql (aqliy mushohada, tafakkur) insonga xos buyuk hislat, ne’matdir. Aql (lot. Rationalis; yun. nus, fronesis; arab. al-aql – asoslangan, maqsadga muvofiq) – insonga o‘ylash, fikrlash, anglash va xotirlash, xulosa chiqarish imkonini beradigan qobiliyati, noyob ma’naviy hodisa. Bizning maqsadimiz kontekstida “aql”, “aqliy mushohada”, “tafakkur” tushunchalarini bir xil ma’noga ega deb olish mumkin. Inson hayoti, faoliyati aqliy mushohada asosida qurilgan bo‘ladi; amalga oshiradigan har bir ishida maqsad mavjud bo‘lib, unda, odatda, “mantiqiy ish” izlarini topish mumkin. Hosil qilingan xulosa, unga taya’ni b sodir qilinadigan amaliy harakat, uning to‘g‘ri yoki xato bo‘lishidan qat’i nazar, fikrlash, tafakkur natijasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Aql, tafakkur bilish manbalaridan biridir. U bilishning boshqa vositalari, xususan, hissiy mushohada (sezgi, idrok, tasavvur), irratsionallik (masalan, intuitsiya) bilan birgalikda mavjud. Ularning o‘ziga xos xususiyatlari hamda munosabatlari to‘g‘risida turli xil qarashlar mavjud. Masalan, Aristotel aqlning bilishdagi rolini yuksak baholagan, uning bir qancha shakllarini, xususan, nazariy va amaliy aqlning nus va fronesis, sust va faol shakllarini farqlagan. Islomda, xususan, Kalomda aqlning cheksiz imkoniyatlarga egaligi ta’kidlanadi. Unga ko‘ra, Allohning o‘zi – oliy aql, donishmandlik sohibi. Unda inson aqli tufayli o‘z his-tuyg‘ularini boshqaradi, tartibga soladi, olgan bilimlarining chin yoki xato ekanligini aniqlaydi va eng muhimi, Xoliq tomonidan yaratilganini bilishga muvaffaq bo‘ladi, degan fikr mavjud. Lekin ba’zi islom ilohiyotchilari aqlning inson faoliyatida tutgan o‘rnini yuqori baholamaydi. Xususan, G‘azzoliy, o‘z tadqiqotlari asosida, “Aql o‘zining ojiz va notavonligini tushunib yetish uchungina kerak”, degan xulosaga keladi. Tasavvufni e’tirof etgan Alisher Navoiy asarlarida esa, aql bilan bog‘liq bo‘lgan, uning turli sifatlarini ifoda etadigan iboralarni uchratamiz. Ular “aql ko‘yi”, “aql xirmoni”, “aql kuchi”, “aql-hush”, “o‘tkir zehn”, “fahm-farosat”, “aql quvvati”, “aql-farosat”, “aqldan ozgan”, “xudbin” kabilardir3.
Aql so‘ziga ma’nosi bo‘yicha “intellekt” so‘zi yaqin turadi. Intellekt (lot. Intellektus – aql, idrok, zehn) – keng ma’noda kishilarning voqea-hodisa mohiyatini to‘laligicha bilishga asoslangan va u orqali namoyon bo‘ladigan faoliyatini ifodalaydi. Intellekt kishilarning aql, idrok, zakovat, ma’naviy jihatdan yetuklik darajasini ham bildiradi.
Aql, tafakkur ratsional bilish bo‘lgani uchun uni ba’zan ratsionallik termini bilan ham ifodalashadi. Aqlni bilishning yagona samarali vositasi deb hisoblaydiganlar ratsionalizm (lot. Rationalis, ratio – aql) oqimini tashkil etadilar. Ratsionalizm – sensualizm (lot. his, sezgi)ga qarama-qarshi bo‘lgan ta’limot. Agar ratsionalizmda aql, tafakkur chin bilim hosil qilish haqiqatni o‘rnatishning asosi va mezoni deb hisoblansa hamda uning bilishdagi ahamiyati bo‘rttirib tavsiflansa, sensualizmda hissiy mushohadaning bilishdagi roli mutlaqlashtiriladi.
Ratsionalizmga qarama-qarshi bo‘lgan boshqa falsafiy oqim – irratsionalizmda inson mohiyatini belgilab beruvchi asos sifatida aql emas, insonning mavjudligi, irodasi, ruhiyati, ongsizligi kabi fenomenlari asoslanadi. Boshqacha aytganda, irratsionalizm inson ruhiyatining ratsionallik doirasidan tashqariga chiqadigan turli jihatlarini, masalan, irodani, intuitsiya’ni , ongsizlikni bilishning muhim vositalari sifatida tavsiflaydi. Irratsionalizm bilishning noaqliy (aqldan quyi yoki yuqori) bosqichlari mavjudligini tan oladi hamda ularning haqiqatni anglashdagi o‘rnini ochib berishga e’tibor qaratadi.
Aqliy mushohadaning yaratadigan mo‘jizasi, ayniqsa, to‘g‘ri fikrlashda, aql kuchini to‘g‘ri yo‘naltirishda namoyon bo‘ladi. O‘rnatilgan har bir ilmiy qonun, ilgari surilib, chinligi asoslangan har qanday g‘oya, yaratilgan barcha san’at asarlari aynan ana shu to‘g‘ri tafakkur, ya’ni fikrni mantiqan to‘g‘ri qurish natijasidir. Ba’zi hollarda hissiy tajriba, ya’ni sezish, idrok etish, yaqqol tasavvur qilish natijalariga taya’ni b xulosa chiqarish bilan cheklanadilar. Vaholanki, hissiyot yakka predmetlarni, ularning mavjud holatini, harakati, o‘zaro ta’sirini qayd etish bilan cheklanadi. Aql esa ularga xos o‘xshashlik, umumiylikni, muayyan sharoit mavjud bo‘lgan barcha hollarda uning takrorlanib turishini ilg‘aydi va shu asosda ularni ayrim sinflarga birlashtirib, ular bilan turli mantiqiy amallarni bajaradi, nazariy qurilmalarni yaratadi, masalan, o‘simliklar, hayvonlar sinflarini, makro-mikro-megadunyolarni bilish obyektlariga aylantiradi. “Kvant mexanikasi”, “elementar zarrachalar nazariyasi”, “zamonaviy atomizm” tushunchalari virtual (ko‘zga ko‘rinmaydigan) obyektlarni ifoda etadi, ularni faqat aql ko‘zi yordamida ko‘rish, tafakkur vositasida tushuntirish mumkin.
Shuningdek, aql, tafakkur faqat bugungi kunda tajribamizda, ko‘z oldimizda bo‘lgan narsalar haqidagina emas, balki o‘tmish va kelajak to‘g‘risida mulohazalar yuritish, ayrim hodisalarning mavjudligini oldindan aytish, asosli bashoratlar qilishning imkoniyatini ham beradi.
Aqlning tabiati, bilishdagi imkoniyatlari haqida gapirar ekanmiz, albatta, uning bilish manbalaridan faqat biri ekanligi, uning boshqa bilish o‘choqlari, vositalari, tajriba bilan uzviy bog‘liq ekanligini yoddan chiqarmasligimiz lozim. Xususan, tafakkur, aql kundalik hayotiy tajribamizga tayanadi, undan oziqlangani holda hayotiy tushunchalarni yaratadi va bu bilan mazkur tushunchalarni ilmiy asosda talqin etish, aniqlashtirish uchun zamin tayyorlaydi. Masalan, har kuni Quyoshning Sharqdan chiqib, G‘arbga botishini kuzatamiz, u huddi Yer atrofida aylanayotgandek bo‘lib tuyuladi. Ana shu kundalik tajriba natijasiga taya’ni b, Ptolomey geotsentrik nazariya’ni (Yer markazi bo‘lgan Quyosh sistemasi haqidagi ta’limotni) yaratdi. Bilish, tafakkur rivoji, xususan, astronomiya sohasidagi keyingi tadqiqotlar Yerning dumaloq planeta ekanligini, uning o‘z o‘qi va Quyosh atrofida aylanishini ko‘rsatdi. Bu Kopernikning geliotsentrik nazariyasining (Quyosh markaz bo‘lgan sistemaning) yaratilishida o‘z ifodasi va isbotini topdi. Boshqa bir misol keltiramiz. Momaqaldiroq va chaqmoq chaqilishi kundalik tajribada ikki xil hodisa bo‘lib tuyuladi. Ilmiy izlanishlar ularning o‘zaro aloqador ekanligini – bitta hodisaning ikki xususiyati ifodasi sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatdi. Ularning oldinma-ketin sodir bo‘lishi yorug‘lik va tovush tezliklari orasidagi farq bilan belgilanishi ma’lum bo‘ldi.
Bu misollar shundan dalolat beradiki, kundalik tajribada predmet va hodisalar hissiy mushohada, idrok vositasida qabul qilinadi va ularga bevosita asoslangan holda mulohazalar hosil qilinadi. Ular bilish obyektining tashqi tomonidan namoyon bo‘lishini tushuntiradi, xolos. Predmetning asl tabiati, mohiyatini tushuntirish uchun aqlning faol ishtiroki, yuqori darajada abstraktlashgan tafakkurning kuchi talab etiladi. Bu nazariy bilish bosqichiga o‘tish, bilish predmetinig tabiatini, mohiyatini belgilovchi muhim xususiyatlari, ular asosida yaratiladigan ideallashgan obrazlari, modellari to‘g‘risida mulohazalar hosil qilish, ularni isbotlash orqali sodir bo‘ladi. Nazariy tafakkurda predmetlar turli mantiqiy sinflarga birlashtiriladi, ular turli xil holatlarida olib o‘rganiladi, natijalari izchil va asosli tarzda bayon qilinadi.
Demak, predmet mohiyatini, uning asl tabiatini, unga xos qonuniyatlarni o‘rnatish, ularni muayyan nazariy sistemalarda bayon qilish asosida tushuntirish mumkin. Bunga erishish uchun esa to‘g‘ri fikrlash qoidalarini, mantiq qonunlarini o‘rganish, ulardan nazariy bilim va amaliy muhokama yuritishda samarali foydalanish lozim. Bu mantiqning maqsadi, vazifasini tashkil etadi.
Aqliy mushohada, tafakkurning boshqa bilish manbalari bilan bo‘lgan munosabatini aniqroq tasavvur qilish uchun ularning o‘ziga xosliklari, bilishdagi vazifalari, imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish zarur.
Dostları ilə paylaş: |