O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazi-fayllar.org
1.2. Maktab darsliklaridagi hududiy muammolar bilan bog‘liq materiallar. Maktab darsliklarida nazariy tushunchalarni oʻquvchilar ongiga singdirishda va shu asosda ularda malaka va koʻnikmalarni hosil qilishda mashq va topshiriqlarning oʻrni beqiyos.
Pedagogika fanlari doktori Q.Husanboyevaning taʼlim mazmunini belgilab beruvchi omillarga dars, didaktik vositalar, yaʼni maktab darsliklari bilan bir qatorda oʻqituvchini ham kiritishi nihoyatda toʻgʻri yondashuv. Chunki til sathlarini oʻqitishda oʻqituvchining roli juda muhim boʻlib, oʻquvchilar tovushning hosil boʻlishidan tortib, uning yozuvda aks etishi, soʻzlarning hosil boʻlishi hamda
ularning nutqda qoʻllanish oʻrinlari, soʻz birikmasi va uning hosil boʻlishi, soʻz qoʻshilmasi va qoʻshma soʻzlardan oʻzaro farqi, gap tuzish texnikasi, gap boʻlaklari va ularning ichki guruhlarga ajralishi, fikrni ifodalash usullarini bevosita oʻqituvchidan oʻrganadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, taʼlim mazmunining yoyilmasi oʻqitishning didaktik vositalari, jumladan, maktab darsliklari hisoblanadi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining “Ona tili” darsliklarida til boʻlimlari doirasida tadqiq etiluvchi lisoniy va nutqiy hodisalarning ayrim holatlarda taʼrif va tavsiflash bilan chegaralanib qolmoqda. Holbuki, oʻzbek adabiy tilining paydo boʻlishi va qoʻllanilishi haqidagi qarashlar juda qadimiy tarixga ega.
Maktab “Ona tili” darsliklarida til boʻlimlari, jumladan soʻz birikmasining oʻrganilishiga keng oʻrin ajratilgan. 8-sinf ona tili darsligi toʻlaligicha sintaksis, soʻz birikmasi va sodda gap sintaksisi tadqiqiga bagʻishlangan. Lekin maktab darsliklarida mashq va topshiriqlar yetarlicha farqlanmaganligiga guvoh boʻlamiz.
Shu oʻrinda “mashq” va “topshiriq” atamalarini mohiyatan farqlash, ularning lingvodidaktikadagi oʻrni hamda ahamiyati haqida toʻxtalish joizdir. Metodist M.Saidov oʻquv materiallari sirasida oʻquv topshiriqlarini uch turga boʻlib, ularni oʻzaro farqlaydi va, koʻpincha, oʻqituvchilar oʻz ish faoliyatlari davomida “mashq”, “topshiriq” va “masala” tushunchalarini qorishtirib yuborishlarini taʼkidlaydi. Olim pedagogika fanlari doktori A.Gʻulomovning “mashq ham oʻquv topshirigʻining bir shakli, ham oʻqitishning muayyan bir usuli,” degan fikriga qoʻshiladi va topshiriq mashqning bir boʻlagi, u, asosan, mashqning shartida oʻz
ifodasini topishini, topshiriq mashqqa qaraganda torroq tushunchani ifodalashini eʼtirof etadi.
Topshiriq va mashqlar oʻzaro farqlanadi, oʻquvchi mavzu yuzasidan yetarlicha nazariy bilimga ega boʻlgandagina mashqlarni bajara oladi va bunday mashqlarning shartlari takroriy boʻlishi tabiiy hol. Chunki oʻquvchi takrorlar asosida koʻnikma va malakalarni hosil qiladi. Topshiriq mashqqa nisbatan torroq tushuncha boʻlgani bois, uni mashqning tarkibiy qismi sifatida keltirish mumkin. Yaʼni topshiriq oʻquvchini fikrlashga undaydi, maʼlum maqsad sari yoʻnaltiradi, mustaqil ijodiy izlanishiga xizmat qiladi.
Kuzatishlardan maʼlum boʻladiki, har bir atama oʻz mazmun-mohiyatiga ega. Yaʼni, mashq maʼlum bir harakatni aniq koʻzlangan maqsad asosida malaka va koʻnikma hosil qilish uchun bir necha bor aynan takrorlash boʻlsa, topshiriq oʻquvchining zimmasiga biror mavzuga yoʻnaltirish, ijodiy fikr bildirish yoki mustahkamlash maqsadida bir marta bajarish uchun beriladigan ish, vazifani anglatadi.
Maktab ona tili ta’limida nazariy bilimni oʻrganishdan maqsad fikrni ogʻzaki va yozma tarzda grammatik toʻgʻri va uslubiy aniqlik ifodalash uchun undan ongli foydalanish hisoblanadi. Biroq nazariy bilimni amalda qoʻllashni esa maqsadga muvofiq va muntazam oʻrgatib borish talab etiladi. Mashqlar tizimi tushunchani oʻzlashtirish bosqichiga va uning xususiyatiga mos ravishda mashq turini tanlash, uning murakkablasha borishini va oʻquvchilar mustaqilligi oʻsib borishini hisobga olgan holda mashqlarni bajarish izchilligini aniqlash koʻzda tutiladi. Bu tizim
mashqlarning oʻzaro bogʻlanishiga asoslangan. Bilimni shakllantirish xarakteriga asoslangan grammatik mashqlar ikki turga boʻlinadi:
a) morfologik mashqlar;
b) sintaktik mashqlar.
Agar oʻquvchilar faoliyatining xarakteri, yaʼni mashq jarayonida oʻquvchilar bajaradigan aqliy omillar xarakteri asos qilib olinsa, mashqlar analitik, sintetik, taqqoslashga, guruhlashga, umumlashtirishga oid mashqlarga boʻlinadi. Mashqning oʻziga xos xususiyatlarini aniqroq belgilash uchun yuqoridagi ikki asos hisobga olinadi. Masalan, mashqning vazifasi aralash berilgan soʻzlardan gap tuzishni va gap boʻlaklarini ajratishni talab etsa, bu mashq bilimni shakllantirish turiga koʻra sintaktik mashq, faoliyat xarakteriga koʻra sintetik-analitik mashq hisoblanadi.
Oʻzbek adabiy tili turli lahjalardan oʻsib chiqqanligi sababli uning talaffuzi borasida hududlar bilan bogʻliq jiddiy muammolar bor. Maktab ona tili darsliklarini tuzishda, ayniqsa, soʻz birikmasiga doir oʻquv materiallarini berishda mualliflar aholi hududiy talaffuzining tilga ta’sirini inobatga olishlari kerakligini taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Shu maʼnoda dastur va darsliklar tuzishda sintaktik nuqtai nazardan har bir hududning talaffuzdagi muammolari eʼtiborga olinishi lozim.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Surxondaryo va Qashqadaryo vohasida ayrim boshqaruv munosabatli soʻz birikmalarini tuzishda kelishik qoʻshimchalarini qoʻllash bilan bogʻliq qator muammolarga duch kelamiz. Maktabda oʻqimoq – maktabga oʻqimoq. Oʻrin-payt kelishigi [-da] oʻrnida [-ga] joʻnalish kelishigini qoʻllash holatlari koʻp uchraydi. Demak, surxondaryolik va qashqadaryolik oʻquvchiga adabiy tilda soʻzlash qonun-qoidalarini singdirish uchun darslikda
berilgan ikkita mashq yetarli boʻlmaydi. Mavzuga monand, ammo darslikdagi oʻquv materiallarini aynan takrorlamaydigan topshiriqlarini tuzish, mashqlar tizimini yaratish va ulardan unumli foydalanishni barcha oʻqituvchi ham bir xilda amalga oshiravermaydi.
Toshkent viloyati, Fargʻona, Andijon va Namangan, xususan, shahar hududida ommaviy tarzda [-ning] qaratqich kelishigi oʻrnida muntazam [-ni] tushum kelishigi va tushum kelishigining tovush oʻzgarishiga uchragan variant [-ti]ning ishlatilishi (akamning kitobi – akamni kitobi, ishning koʻzi – ishti koʻzi va b.), shuningdek, Xorazm viloyatining ayrim tumanlarida [-ga] joʻnalish kelishigi oʻrniga [-a] shaklining qoʻllanishida muammolar borligini aytish mumkin. Samarqand viloyatining ayrim tumanlarida Oʻ unlisi oʻrnida U unlisining yozilish holatlari ham imloviy savodxonlikka putur yetkazadi. Bunday orfografik xatolarni tuzatish uchun darslikdan tashqari mustaqil oʻquv topshiriqlarining ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi yaxshi samara beradi. Koʻrinadiki, maktab ona tili darsliklarida yuqorida keltirilgan nutqiy muammolarni oʻzlashtirishga moʻljallangan nazariy maʼlumotlar va ularni mustahkamlovchi mashqlar yetarli emas. Mazkur muammolarni sanab oʻtilgan hududlarning oʻquvchilari nutqida adabiy meʼyor holatiga keltirish uchun bugungi darslik va qoʻllanmalarda deyarli eʼtibor qaratilmagan maxsus fonetik, leksik, morfemik, morfologik, sintaktik va stilistik mashqlar, tovush va qoʻshimchalar talaffuzi, soʻz birikmasi va gap tuzish jarayonida lisoniy birliklardan unumli foydalangan holda soʻz valentliklarini tanlash va toʻgʻri jumla tuza olish koʻnikmalarini shakllantirishga oid alohida mashq va topshiriqlar tizimini ishlab chiqishga ehtiyoj seziladi.
Shuningdek, [-ning] qaratqich kelishigini koʻpchilikning ham yozma, ham ogʻzaki nutqida notoʻgʻri qoʻllanilayotgani, uni bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlarning deyarli sezilmayotgani bu borada zarur tavsiyalar ishlab chiqishni va ularni zudlik bilan amaliyotga tatbiq etishni taqozo etadi.
Oʻquvchining ijtimoiy hayotda aloqa-aralashuvni toʻgʻri amalga oshirishida xizmat qila oladigan zaruriy maʼlumotlarni uning uzoq muddatli xotirasiga oʻtkazish uchun oʻsha maʼlumotlarni koʻp marta takrorlatish va xotirasida qayta tiklab turish lozim. Shu oʻrinda aytish mumkinki, til sathlari, xususan soʻz birikmasini oʻqitishda mashq va topshiriqlarning oʻquv materialini tashkil etuvchi sermazmun, purhikmat matnlardan oʻrinli foydalanilsa, oʻquvchi ularni bir-ikki takrorlash bilan uzoq muddatli xotirasiga “yozib qoʻyadi”. Biror jismoniy harakat avtomatlashish darajasiga yetishi uchun qancha uzluksiz mashq zarur boʻlsa, muayyan nutqiy malakaning shakllanishiga ham shuncha mashq, harakat kerak boʻladi.
Darslik yaratishda tilshunos olimlar psixologlar yordamidan foydalansa, ijobiy natijalarga erishish imkoniyati sezilarli darajada oshgan boʻlar edi. Chunki psixolog oʻquvchining yoshi va ruhiyati bilan bogʻliq muammolar va ularning yechimi, yosh xususiyatidan kelib chiqib ular uchun qiziq boʻlgan mavzular, mashgʻulotlar haqida yetarlicha va atroflicha maʼlumotga ega. Bu esa darslikni yanada qiziq va oʻquvchi uchun qadrli boʻlishini taʼminlaydi. Darsliklar sifatini yaxshilash faqat uning dizayni ustida emas, balki mavzu mundarijasini ham tubdan isloh qilishni taqozo etadi.