Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari:
1. Zamonaviy o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining ikkinchi bosqichida shakllandi va unda bir vaqtning o‘zida qiyosiy-tarixiy va sistem-struktur yondashuvlar rivojlandi.
2. O‘zbek tilshunosligi lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishi muammosi bilan shug‘ullanayotganligi sababli u o‘zining navbatdagi empirik bosqichiga qadam qo‘ydi.
3. Yordamchi so‘zlar umumiy grammatik ma’nosi “sintaktik vazifadan nosintaktik vazifaga” belgisi asosidagi darajalanish bo‘yicha guruhlanadi va bu qator “ko‘makchi-bog‘lovchi-yuklama” ko‘rinishida bo‘ladi.
4. Yordamchi so‘zlarda grammatik ma’no tarkibi turlicha. Ko‘makchilarda kategorial ma’no faqat “tobelash”, yondosh ma’no birikuvchi so‘zlarning ma’nosiga bog‘liq ravishda juda ko‘p bo‘lib, hamroh ma’no sifatida ularning uslubiy xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin. Bog‘lovchilarning bir guruhida “tobelash”, boshqalarida “tenglash” kategorial ma’no hisoblanadi, yondosh ma’no birikuvchi so‘zlarning ma’nosiga bog‘liq ravishda ko‘pdir. Hamroh ma’no esa ularning uslubiy ma’nolaridir. Yuklamalarning kategorial ma’nosi “kuchaytirish” bo‘lib, yondosh ma’no sifatida “subyektiv munosabat”ni ajratish mumkin. Hamroh ma’no sifatida tobelash va tenglash sintaktik ma’nolari namoyon bo‘ladi.
5. Yordamchi so‘zlarning nutqiy voqelanishida sathlar hamkorligi turli darajada bo‘ladi. Ularning umumiy lisoniy ma’nosi voqelanishida asosan sintaktik sath yetakchilik qilib, leksik sath unga hamkorlik qiladi.
6. Yordamchi so‘zlarning umumiy ma’nolari voqelanishida lisoniy omillarga nolisoniy omillar hamrohlik qiladi.
Dostları ilə paylaş: |