Hozirgi vaqtda ta’lim jarayonida talaba bilan o‘qituvchining o‘zaro munosabati, xarakati bo‘yicha asosan o‘qitishning uchta turi ya’ni passiv, aktiv(faol) va interaktiv ko‘rinishlari shakllangan bo‘lib, ularning har-biri o‘ziga xos xarakterli xususiyatlarga egadir. Ularga e’tiborimizni qarataylik.
O‘qitish jarayonida hozirgi vaqtda “Passiv metod” deb hisoblanayotgan bu metod hammaga tanish bo‘lib, ko‘p avlodlar ana shu metod asosida bilim oldi va u hozir ham mavjud bo‘lib, eng ommaviy tus olgan metod desa bo‘ladi. Bu metodga asosan o‘qituvchi va talabaning o‘zaro xarakati yoki munosabati shunday bo‘ladiki, unda o‘qituvchi mashg‘ulotni tashkil qiluvchi, yurgizuvchi va boshqaruvchi asosiy shaxs bo‘lib, mashg‘ulot borishini boshqarib boradi, talaba esa uning aytganlarini so‘zsiz bajarib boruvchi nisbatan faoliyatsiz shaxs bo‘lib qoladi. Ular orasidagi bog‘lanish savol javob, mustaqil ish, nazorat ishi, testlar, imtixon va x.k. orqali amalga oshiriladi.
Hozirgi zamon pedagogika texnologiyasi nuqtai nazaridan o‘qitishning bunday usuli uning ba’zi ustunliklariga qaramasdan kam samarali deb hisoblanmoqda. Bu metod o‘qituvchi tomonidan nisbatan engil tayyorgarlik ko‘rib, ma’lum cheklangan vaqt ichida katta o‘quv materialini bera olish ya’ni o‘quvchilarga uzata olish imkoniyatiga ega bo‘lgan metod deyilmoqda.
O‘qitishning aktiv(faol) metodi. O‘qitishning bu metodi prinsiplariga asosan talabalar dars jarayonida passiv(faoliyatsiz) tinglovchilar bo‘lib qolmay, balki o‘qituvchi bilan teng xuquqli, faol ishtirokchilar sifatida muloqatda bo‘ladilar. Agar passiv metod ko‘proq o‘qituvchining aytgani oxirgi haqiqat degan xulosaga mos idrok qilish prinsiplarga tayansa faol metodda talaba va o‘qituvchi dars jarayonida ko‘proq demokratik teng xuquqli ishtirokchilar sifatida ishtirok etadilar, muloqatda bo‘ladilar va haqiqatga erishadilar. Talabalar ma’ruza yoki amaliy darslarda o‘zlari tushunmay qolgan joylari bo‘yicha o‘qituvchiga savol berish orqali uni aniqlab, tushinib olishi mumkin.