2. Mehnat qo‘shiqlari, ularning turlari. O‘zbek xalqi tarixini shartli ravishda mehnat qilish tarixidan iborat deyish mumkin. O‘zbeklar to‘y marosimlarini, gap-gashtaklarni, sayillarni, turli bayramlarni o‘tkazishda o‘ta tashkilotchi va ijodkor xalq sifatida shuhrat topgan. Dam olish, hordiq chiqarishni o‘rniga qo‘ygan xalq, odatda, mehnat qilishni ham biladi.
Mehnat qo‘shiqlari o‘z tarkibida bir necha janrlardan iborat bo‘ladi. Har bir janrni bevosita mehnatning qaysi turi bilan band bo‘lish belgilaydi. Xususan, o‘rmak qo‘shig‘i gilam to‘qishda aytilar ekan, aynan shu namuna kashta tikuvchi, qo‘sh haydovchi shaxs tomonidan ijro etilmaydi. Ya’ni har bir mehnat sohasi o‘zining maxsus qo‘shig‘iga egaligi bilan ajraladi. Shuningdek, ko‘p qo‘shiqlarda ish qurollariga murojaat qilish odati bor. Bug‘doy yanchayotgan dehqon ho‘kizi bilan tillashadi, un chiqarayotgan ayol yorg‘ichoqqa murojaat qilishi mumkin. Binobarin, mehnat qo‘shiqlarining ichki turlarini matnda esga olingan ish quroli vositasida ham aniqlash imkoni bor. Yana bir xususiyatni eslab o‘tish joiz. Mehnat qo‘shiqlari uzoq muddat davomidagi ishni bajarishda o‘ziga xos vosita bo‘lgani sababli ularda qayta-qayta bir matnni takrorlash, ish qilayotgan odamning sergakligini oshirish maqsadida turli xitoblarga murojaat qilish ham an'ana hisoblanadi.
Folklorshunos Bahodir Sarimsoqov mehnat qo‘shiqlarini o‘rganish tahlil qilishning qulayroq yo‘lini belgilash maqsadida ularni quyidagi turlarga bo‘lishni ma’qul topgan:
Dehqonchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar.
Chorvachilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar.
Hunarmandchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar60.
Keltirib o‘tilgan tasnif mehnat turlariga ko‘ra amalga oshirilgan. O‘z navbatida ularning har biri ma’lum ichki bo‘linmalardan tashkil topdi.
Xalqning dehqonchilik bilan qo‘shiqlarining yorqin misoli sifatida Qo‘sh qo‘shig‘ni keltirish mumkin, Qo‘sh qo‘shiqlarida dehqonning mashaqqatli mehnati va bu mehnatni oz bo‘lsada oson qilgan hukizidan minnatdorligi, ana shu ho‘kizini olqishlab, maqtash davomida o‘z ishidan mamnuniyat sezish ham ifoda etilgan:
Enib kelding ekishdan,
To‘rt oyog‘ing kumishdan.
Yoki
Tarlon tayog‘im hayda,
Temir tuyog‘im hayda.
Ishni tamom qilmasang,
Jonimga arom qayda.
Qo‘sh ishlarini yakunlab yerga baraka urug‘lari qadalgach, bu orada bahor ham ancha amalga kirib, gulu –lolalar ochilib Navro‘z bayrami, Lola sayli, gul bayramilariga ulanib ketadi. Lola sayli va qizil gul bayramlarida aytiluvchi qo‘shiqlarni ham, ko‘klam paytidagi sog‘in qo‘shiqlarini ham keng ma'noda Navro‘z qo‘shiqlari turkumiga kiritish mumkin. Chunki bu qo‘shiqlarning barchasi bahor qo‘shiqlari hisoblanadi. Xuddi shu kabi chorvachilik bilan bog‘liq qo‘shiqlar va hunarmandchilik bilan bog‘liq qo‘shiqlarni ham ko‘rib chiqish mumkin.