68-bob. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari 473-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga soliq solish shartlari Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab, mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan muddatga ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.
Oldingi tahrirga qarang. Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari foyda solig‘ini to‘lashdan o‘zi kiritgan investitsiyalar hajmiga qarab:
3 million AQSh dollaridan 5 million AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 3 yil muddatga;
5 million AQSh dollaridan 15 million AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 5 yil muddatga;
15 million AQSh dollari va undan yuqori miqdordagi investitsiyalar uchun — 10 yil muddatga ozod etiladi.
(473-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-iyuldagi O‘RQ-783-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.07.2022-y., 03/22/783/0620-son) Oldingi tahrirga qarang. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari faqat investor (investorlar) va Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi o‘rtasida tuzilgan Maxsus iqtisodiy zona hududiga investitsiya kiritish to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining faoliyati turlariga nisbatan tatbiq etiladi.
(473-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-iyuldagi O‘RQ-783-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.07.2022-y., 03/22/783/0620-son) Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa soliqlar bo‘yicha imtiyozlardan ushbu Kodeksga muvofiq foydalaniladilar.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 17-fevraldagi “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunining 3, 39, 42-moddalari.