www.ziyouz.com kutubxonasi
25
urildi, Rojdestvo bayramida u Edisga xuddi shunday atir sovg‘a qilgandi.
Qiziq, Berkxardt bu ayolni ishga uning baland bo‘yi yuqorigi qavat shiftining balandligiga uyg‘un
bo‘lgani uchun olganmikin? — o‘yladi Palmer. Uni yana shu narsa biroz hayron qoldirdiki, Nyu-York
kotibasi o‘ziga qimmatbaho atirni ep ko‘rishi mumkin, lekin uning ko‘z o‘ngida Berkxardtning ishchi
xonasi butun hashamati ila paydo bo‘lishi bilan Palmerning o‘y-fikrlari tarqalib ketdi.
Gap xonaning chindan ham bahaybatligida emas, deb o‘yladi uni ko‘zdan kechirarkan, Palmer.
Muhimi shunda ediki, hamma narsa oshkora amalga oshirilgan edi, ishning ko‘zini bilib, keng miqyosi
bilan hayratga solishni ko‘zlab loyihalashtirilgandi.
Xonaning ikki devori oq edi. Qisqaroq bo‘lganining uzunligi 30 futga yaqin kelardi, balandligi 12
futga, ya’ni butun yuqorigi qavat balandligiga teng edi. Ikkinchi devorning uzunligi 50 futdan kam
emasdi. Uning ustidagi shift esa xuddi ko‘kka talpingan chag‘alayning qanotiga o‘xshab yoppasiga
shishadan yasalgan bo‘lib, balandligi 20 futcha kelardi. Palmer o‘zini ulkan eshitish muguzi
ichidagidek his qildi. Miyasida bema’ni bir fikr yarq etdi: agar u turgan yeridan turib baqirsa bormi,
qo‘ng‘iroq shaklidagi xona uning ovozini shu qadar kuchaytirardiki, bu kuchdan kattakon oyna chil-
chil sinishi hech gap emasdi.
U o‘z ovozi kuchini sinab ko‘rish niyatidan voz kechdi va buning o‘rniga Berkxardt tomonga o‘girildi.
U esa diqqat bilan Palmerga qarab turardi.
— Ana oyna-yu, mana oyna, — dedi Palmer qo‘pol ohangda. — Shunday katta shisha toboqlar
yasash mumkinligini bilmas ekanman.
— Odatda, bunaqalarini yasashmaydi ham, — uni ishontirishga shoshildi qariya. — Ammo Korning
yigitlari me’mor da’vatiga labbay deb javob berishdi. Bu oynani loyihalagan Korning o‘ziniyam lol
qoldirdi. Bu shunday shishalarning to‘rtinchisi. Avvalgi uchtasi silliqlayotganda sinib ketdi.
— Bunisi sinmaydimi? — Palmer yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, lekin shu savol bilan cheklanib
qo‘ya qoldi.
— Korning odamlari kafolat berishdi. Maunt Palomar rasadxonasidagi teleskop ko‘zgusi ham
shunday oynadan yasalgan. Tayyorlash jarayoni o‘sha-o‘sha — asta-sekin sovutish. Buning qalinligi
bir dyuym1dan kam emas.
Berkxardt eshik yonidagi tugmani bosgan edi, xona tag‘in ham yorishib ketdi.
Palmer shiftga ko‘z yugurtirib, jilosiz va shaffof oynadan yasalgan to‘rtburchaklar ustida shaxmat
tartibida joylashtirilgan taxtalarni ko‘rdi. Ular zalga quyosh nuri bilan birga kirib bordilar. Palmerning
nigohi yozuv stoliga tushdi. Stolda kimdir o‘tirardi. U o‘rnidan turib, bularga peshvoz chiqdi.
— Sizni shuncha kuttirib qo‘yganimdan afsusdaman, Mak, — dedi unga qarab yurarkan Berkxardt.
Lekin u shunday masofada to‘xtadiki, ularni kutib olgan kishining qo‘li yetmasdi. Berkxardt Palmerga
o‘girilib, dedi:
— Qani, Vudi, bir sakrab yerga tush-da, Mak Berns bilan tanish. — Ana shunday murakkab
harakatdan so‘ng Berkxardt stolning narigi tomoniga shu tarzda joylashdiki, unga cho‘zilgan qo‘lni
qisib qo‘yishdan ataylab bosh tortdi degan tasavvurga o‘rin qoldirmadi. Palmer oldinga yurib,
Bernsning qo‘lini qisdi.
— Mister Berns, men Vuds Palmerman.
Berns jilmaydi. Uning qoramag‘iz og‘zida bir tekis mayda oppoq tishlari yaltiradi.
— Mister Berns — mening otam, Vudi, meni esa oddiygina qilib Mak deyishadi, — dedi u.
— Mak, — deya takrorladi Palmer va asta o‘rindiqqa cho‘kdi.
Berkxardt ham xuddi shunday o‘rindiqqa o‘tirdi-da, bo‘shliqqa qarab nimagadir irjayib qo‘ydi.
— Vudi — bizning ierarxiyamizda1 ikkinchi raqamli odam hisoblanadi, — dedi Berkxardt. — Vudi
Palmer — mening birinchi vitse-prezidentim... Uni sizga tanishtiraman.
— Leyn... — dedi Berns va mana shu bir bo‘g‘inli so‘z havoda osilib qoldi. Berns ushbu vaziyatga
hal etilmagan holda qolish imkonini berdi, o‘z oromkursisiga o‘tirdi, qoramtir-ko‘k shimining qatlamini
tizzalari ustidan biroz tortib qo‘ydi. U kostyumini ko‘zdan kechirib, yengida mavjud bo‘lmagan changni
qoqib qo‘ygandek bo‘ldi. Palmer Bernsning kostyumi ajoyib bichimda ekaniga e’tibor berdi. Uning