6.3. Temperament Shaxsning individual xususiyatlari uning tug‘ma, biologik
xususiyatlariga bog‘liq. Chunki aslida bir tomondan shaxs ijtimoiy
mavjudot bo‘lsa, ikkinchi tomondan biologik – yaxlitlik, tug‘ma
sifatlarni o‘z ichiga olgan individ hamdir.
Temperament individning dinamik – o‘zgaruvchan psixik
faoliyati jarayonini ta’minlovchi sifatlarini o‘z ichiga olib, u
shaxsda ontogenetik taraqqiyot jarayonida shakllanadigan boshqa
xususiyatlarga asos bo‘ladi. Temperament xususiyatlari odam
bir faoliyat turidan ikkinchisiga, bir emotsional holatdan yoki bir
malakalardan boshqasiga almashtirgan paytlarda reaksiyalarning
egiluvchan va dinamikligini ta’minlaydi.
Demak, temperament (lot. “temperamentum” – aralashma so‘zidan
olingan) – shaxs faoliyati va xulqining dinamik (o‘zgaruvchan) va
emotsional-hissiy tomonlarini xarakterlovchi, biologik shartlashgan
individual xususiyatlar majmuidir.
Temperament xususiyatlari shaxsning ichki tuzilmasi bilan
bevosita bog‘liq bo‘ladi, ya’ni ularning namoyon bo‘lishi uning
konkret vaziyatlarga munosabatini, ekstremal vaziyatlarda o‘zini
qanday tutishini belgilab beradi. Masalan, inson turli vaziyatlarda
o‘zini turlicha tutadi: oliy o‘quv yurtida talabalar safiga qabul
qilinganligi to‘g‘risidagi axborotni eshitgan bolaning o‘zini tutishi,
yoki hayotning og‘ir sinovlari (yaqin kishining o‘limi, ishdan
haydalish, do‘stning xoinligi kabi) paytida odam beixtiyor namoyon
qiladigan reaksiyalari uning temperamentiga bog‘liq bo‘ladi. Shuning
uchun bir xil vaziyatni turli shaxslar, biri og‘ir-bosiqlik bilan,
boshqasi esa o‘zini yo‘qotgudek darajada his-hayajon bilan boshidan
kechirar ekanlar. Shu sababli shaxs temperamenti uning shakllanishi
va ijtimoiy muhitda o‘ziga xos mavqyeni egallashida, shaxslararo
muloqot jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, temperament hayotiy voqealar va vaziyatlarni turli
mezonlar asosida ajratishga imkon beradi. Bunda temperament
odamning ijtimoiy obyektlarga nisbatan “sezgirligini” tarbiyalaydi,
192
professional mahorat va kasb malakasining oshib borishiga o‘z
ta’sirini ko‘rsatadi.
Temperament ta’rifidan ma’lum bo‘ldiki, uning xususiyatlari
tug‘ma hisoblanadi. Shunday bo‘lsada, u shaxsga bevosita aloqador
va anglanadigan bo‘lgani uchun ham ma’lum ma’noda dinamik
ko‘rinishda bo‘ladi. Masalan, inson go‘daklik davrida flegmatikka
o‘xshash xususiyatlarni namoyon qilgan bo‘lsa, u umrining oxirigacha
faqat shundayligicha qoladi, deb bo‘lmas ekan.
Temperamentning fiziologik asoslari to‘g‘risida tushuncha
qadimgi yunon olimi Gippokrat ta’limotiga binoan, insonlarning
temperament xususiyatlari jihatidan o‘zaro bir-biridan tafovutlanishi
ularning tana a’zolaridagi suyuqliklarning (xiltlarning) turlicha
nisbatda joylashuviga bog‘liq ekan. Uning fikricha, inson tanasida
to‘rt xil suyuqlik (xilt) mavjud bo‘lib, ular o‘t yoki safro
(yunon. “chole” – o‘t) , qon
(lot. “sanguis” yoki “sanguinis” – qon
) , qora o‘t
(yunon. “melas” – qora, “chole” – o‘t) , balg‘am
(yunon. “phlegma” – balg‘am) kabilardan iborat bo‘lib, unga ko‘ra:
1) o‘tning xususiyati – quruqlikdir, uning vazifasi tana a’zolarida
quruqlikni saqlab turish yoki badanni quruq tutishdir;
2) qonning xususiyati – issiqlikdir, uning vazifasi tanani isitib
turishdir;
3) qora o‘tning xususiyati – namlikdir, uning vazifasi badan
namligini saqlab turishdir;
4) balg‘am (shilimshiq modda)ning xususiyati – sovuqlikdir, uning
vazifasi badanni sovutib turishdan iboratdir.
Gippokrat ta’limotiga muvofiq, har bir insonda shu to‘rt xil suyuqlik
mavjud bo‘lib, uning bittasi ustuvorlik qilib, mazkur aralashmalardan
qaysi biri salmoqliroq bo‘lsa, shunga qarab insonlar temperament
jihatdan farqlanadilar, chunonchi, xolerikda sariq o‘t, sangvinikda
qon, melanxolikda qora o‘t, flegmatikda balg‘am (shilimshiq modda)
ustun bo‘lishi ta’kidlanadi.
Gippokratning to‘rt xil modda (suyuqlik)lar aralashmasi, ya’ni
temperament tushunchasi va uning tipologiyasi
(sangvinik, xolerik, flegmatik melanxolik) ramziy ma’noda hozirgi zamon psixologiyasida
ham qo‘llanilib kelinmoqda.