IV. Ish beruvchining asosiy burchlari Ish beruvchi xodimlar mehnatini tashkil qilishi, qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini yaratib berishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomini ta’minlashi, mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etishi, xodimlarning ehtiyoj va talablariga e’tibor bilan qarashi, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borishi, Mehnat Kodeksiga muvofiq jamoa shartnomalarini tuzishi shart:
a) har biri o‘z mutaxassisligi va malakasi bo‘yicha ishlashi, o‘ziga birkitilgan ish joyiga ega bo‘lishi, o‘z vaqtida topshiriladigan ish boshlanishidan avval belgilangan topshiriq bilan tanishtirilishi va to‘liq ish kuni (smena) davomida ish bilan ta’minlanishi darajasida ishlovchilarning mehnatini to‘g‘ri tashkil qilishi; mehnatning sog‘lom va xavfsiz sharoitlarini, asbob, mashina, dastgoh va boshqa uskuna-larning bekamu-kust holatini, shuningdek, uzluksiz va bir maromda ishlash uchun zarur bo‘lgan xom ashyo, materiallar va boshqa resurslarning me’yoriy zaxiralarini ta’minlashi;
b) fan, texnika, mehnatni ilmiy tashkil etishning eng yangi yutuqlarini joriy qilish yo‘li bilan mehnat unumdorligini oshirish uchun sharoitlar yaratishi; ishlab chiqarish samaradorligini, ish va ishlab chiqariluvchi mahsulot sifatini oshirish, past malakali va jismoniy og‘ir qo‘l mehnatini qisqartirish, ishlab chiqarishni tashkil etish madaniyatini oshirishga doir tadbirlarni amalga oshirishi;
v) o‘z vaqtida bo‘linmalargacha ishlab chiqarish topshiriqlarini etkazish, ichki imkoniyatlarni yanada to‘laroq aniqlash va ulardan foydalanish, xom ashyo va materiallar, energiya va yoqilg‘i sarfining ilmiy asoslangan me’yorlarini, ulardan oqilona va tejamli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan choralarni amalga oshirgan holda, topshiriq-larni eng kam mehnat, moddiy va moliyaviy xarajatlar bilan bajarilishini ta’minlashi, ishlab chiqarish foydaliligi va ishning boshqa rejaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilashi;
g) doimiy ravishda mehnatga haq to‘lashni tashkil etishni takomillashtirishi, mehnatni me’yorlash sifatini oshirishi; xodimlarning o‘z shaxsiy mehnat va ishning umumiy yakuni natijalaridan moddiy manfaatdorligini ta’minlashi, mehnatning amaldagi haq to‘lash va me’yorlash shartlarini to‘g‘ri tatbiq qilishni ta’minlashi, belgilangan muddatlarda ish haqini berishi;
d) mehnat intizomini buzuvchilarga nisbatan ta’sir choralarini hamda mehnatda erishgan yutuqlari uchun rag‘batlantirish choralarini qo‘llashi;
e) mehnat haqidagi qonunlarga rioya qilishi; mehnat sharoitlarini yaxshilashi, barcha ish joylariga kerakli texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash va ularda mehnat muhofazasi (xavfsizlik texnikasi qoidalari, sanitariya me’yorlari va qoidalari va b.) qoidalariga mos keladigan ish sharoitlarini yaratishi lozim. Qoidalarda ishlarni bajarishda mehnatning xavfsiz sharoitlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan rioya qilinishi lozim bo‘lgan talablar bo‘lmasa, ish beruvchi kasaba uyushmasi organlari bilan kelishgan holda mehnatning xavfsiz sharoitlarini ta’minlash choralarini ko‘rishi;
j) ishlab chiqarishda shikastlanishning, ishchi va xizmatchilarning kasb va boshqa kasalliklarining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi; qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda mehnatning zararli sharoitlari bilan bog‘liq imtiyoz va tovonlarni (qisqartirilgan ish kuni, qo‘shimcha ta’tillar, davolash-profilaktika ovqatlari va b.) o‘z vaqtida taqdim etishi, amaldagi me’yor va qoidalarga muvofiq, maxsus kiyim-bosh, maxsus oyoq kiyim va boshqa individual himoya vositalari bilan ta’minlashi, bu vositalarga lozim bo‘lgan qarovni tashkil qilishi;
z) xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarish sanitariya va mehnat gigienasi, yong‘in xavfsizligi va ularni bajarish buyicha yo‘riqnomalardagi barcha talablarni xodimlarning bilishi va ularga amal qilishini doimo nazorat qilishi;
i) ratsionalizatorlik takliflar va ixtirolarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi va joriy etishi, ishlab chiqarish ixtirochilarini qo‘llab-quvvatlashi va rag‘batlantirishi, texnik ijodga ko‘maklashishi;
k) xodimlarning malakasini, ularning bilim darajasini mun-tazam ravishda oshirishni ta’minlashi, ishlab chiqarishda va o‘kuv yurtlarida ish va o‘qishni bir vaqtda olib borishga zarur sharoitlarni yaratishi;
l) xodimlarning talab va ehtiyojlariga e’tibor bilan qarashi, ularning uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilanishini ta’minlashi, yotoqxonalar, maktabgacha bolalar muassasalarini, shuningdek, bevosita korxonalardagi ishchilar uchun oshxonalarning ta’mirlanishini va ularni yaxshi holatda saqlanishini amalga oshirishi, yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj xodimlarning hisobini tashkil etishi, amaldagi qonunchilikka muvofiq, uy-joy maydonini taqsimlashi va bu masalalarni hal etishda keng oshkoralikni ta’minlashi;
m) tijorat va xizmat sirlarini tashkil etadigan ma’lumotlar ro‘yxatini xodimlarga, ularning imzosi bilan tanishtirishi;
n) maxfiy malumotlarni himoyalashga doir talablarga qat’iy amal qilinishini ta’minlashi; korxonaning iqtisodiy manfaatlari va maxfiy malumotlarni himoyalashga qaratilgan ishlarni doimo amalga oshirishi lozim; bo‘linmalarning rahbarlari maxfiy malumotlarni saqlanishiga doir chora-tadbirlarning tashkil etilishi va ularga amal qilinishi uchun javobgardirlar.
o) O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq, xodimlarning dam olish, kafolatli va kompensatsiya to‘lovlariga bo‘lgan huquqini amalga oshirishni ta’minlashi;
Ish beruvchi tegishli holatlarda korxona kasaba uyushmalari bilan kelishib yoki birgalikda o‘z vazifalarini amalga oshiradi (O‘zR MK 177, 179, 188, 189, 196, 213, 214, 215 - moddalari).