Anketa orqali va og’zaki savol-javoblar qilish mehnatni tashkil etish va ish vaqtidan foydalanishning mavjud holatini o’rganish uchun o’tkaziladi. SHuningdek, rahbarlar va mutaxassislarning mehnat samaradorligini oshirishga va ish sharoitini yaxshilashga imkon beradigan maxsus tadbirlar o’tkazish haqidagi mulohazalarini o’rganish uchun amalga oshiriladi.
Ish vaqtini suratga olish (IVS) mo’ljallangan kuzatishlar davri mobaynida vaqt sarflari tuzilishini belgilash uchun tatbiq etiladi. IVS da ish vaqti sarflarini o’rganish istisnosiz barcha vaqt sarflarini ularning haqiqiy izchilligi tartibida kuzatish va o’lchash yo’li bilan amalga oshiriladi.
Ish vaqtini suratga olish ikkita asosiy belgi – kuzatiladigan ob’ektlar va kuzatishlarni o’tkazish hamda ishlov berish usullari bilan ajralib turadi.
Jamoaga rahbarlik vazifalari bo’yicha ish vaqti sarflari quyidagicha guruhlanishi mumkin: rejalashtirish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, rag’batlantirish va nazorat qilish. Ish shakllari bo’yicha vaqt sarflarini quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: kengashlar o’tkazish, kengashlar va uchrashuvlarda qatnashish; lavozim vazifalarini bajarish bilan bog’liq bo’lgan ishlar; maktublar bilan ishlash; xodimlar bilan alohida suhbatlar o’tkazish; telefonda so’zlashish va boshqalar.
Boshqaruv tadbirlarini bajarish usullariga bog’liq ravishda quyidagicha guruhlarni ajratish mumkin: tashkiliy-ma’muriy, analitik - konstruktorlik va axborot-texnikaviy tadbirlar.
Har bir rahbar yoki mutaxassis ish vaqtini sarflashni alohida tasniflashni tahlil qilish jarayonida o’zining kundalik ishida zahiralarni qidirib topish uchun har tomonlama axborot olish imkoniga ega bo’ladi. Masalan, turli tasniflash belgilaridan foydalanib, vaqtning haqiqiy sarfini tasniflovchi jadvallarni shakllantirish tavsiya etiladi. Formulalardan foydalangan holda, har bir ish turiga qancha foiz vaqt ketishini va uning umumiy natijalarga nisbatan salmog’ini belgilab chiqish mumkin.