Foydalanilgan adabiyotlar.
M.Cho’qaev. Turkiston sho’rolar hokimiyati ostida. “Erk” gazetasi 1990 yil. 14, 15, 16, 17, 18 – sonlarida.
O.Sharofiddinov. Mustafo Cho’qaev. “Sharq yulduzi”. 1992 yil 4-son. 85 – 93 sahifalar.
P.Shermuhammedov. M.Cho’qaev o’g’li portretiga, chizgilar. “Turkiston” 1992 yil 21 fevral.
Axmedov B. O’zbeklar. “Muloqot” 1991 yil 1- son.
Yusupov A. Xorijdagi o’zbeklar. “Yoshlik” 1990 yil 2–son, 54-58- betlar.
Orif Usmon. Xuroson o’zbeklari. “Muloqot”. 1991 yil 3–son.
E.Jo’shqin. Hojilar. Xalq so’zi 1994 yil 4 yanvar.
“O’zbek muhojirligi tarixidan lavhalar”. Farg’ona 1998 yil.
4- bob. Xorijdagi o’zbeklarning O’zbekiston bilan munosabatlari.
1. Jamoatchilik orqali qavm-qarindoshlik aloqalarining o’rnatilishi va mafkuraviy cheklanganligi
2. Vatan jamiyati orqali munosabatlar tarixi.
3. “Vatandosh” radiostanstiyasi va “Oydin” gazetasi orqali munosabatlar tarixi.
4. O’zaro hamkorlikning tarixiy tajribasi va muammolari
Tayanch atamalar
Milliylik mezoni – O’zbek muhojirlarining milliy urf–odat va ona tilimiz o’zbek tilini saqlab qolishni asosiy zarurat deb hisoblashi
“Vatan” jamiyati – 70–90 yillarga qadar o’zbek vatandoshlar bilan faoliyat olib borgan mafkuraviy cheklangan tashkilot
“Oydin” ro’znomasi – Respublikada 1968–90 yillarda muhojir o’zbeklar uchun nashr etilgan gazeta
“O’zbekiya” – Qohiradagi o’zbeklar yashaydigan ko’cha
O’zbek xalqi qadimiy, jahon xalqlariga o’rnak bo’ladigan darajada boy madaniyat yaratdi, fanning barcha sohalarida ibrat bo’lsa arziydigan yutuqlarga erishdik. Hozirgi kunda 24 mln.ga yaqin o’zbekning salkam 9 mln.ni O’zbekistondan tashqaridagi MDH davlatlarida hamda uzoq xorijda istiqomat qilmoqda. Demak, o’zbek millati ham er yuzidagi ko’p sonli millatlar safiga kiradi. Bu xalq hozirgi kunda jahon xalqlarining ko’pchiligiga birday qadrli bo’lgan – A.R.Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al- Xorazmiy, Mirzo Ulug’bek, A.Navoiy, Z.Bobur kabi buyuk siymolarni etkazib berdi. Bir muallif – “O’zbek xalqi qadimiy madaniyatga ega bo’lgan xalqdir. Mana shu zamin uchun ko’p azob–uqubat chekkan, juda ko’p ish qilgan, uni yashnatib zamonaviy o’lkaga aylantirgan xalqdir” – deb baho berganida bizning ibratli o’tmishimiz va hozirimizni nazarda tutgan edi.
O’zbek xalqining o’z ona yurti, vatani O’zbekistonga, tug’ilib o’sgan eriga mehr–muhabbatini so’z bilan izhor qilish nihoyatda qiyindir. Shuning uchun O’zbekistonda yaratilgan madaniyat, yuksak san’at, fan yutuqlari, xorijdagi fan, adabiyot san’at namoyondalarini o’ziga jalb qilishi tabiiy holdir. Ayniqsa, 60–80 yillarda xorijlik turli sohalarning olimlari, turkologlar o’zbek san’ati va adabiyotini kengroq o’rganish bilan shug’ullandilar. Faqatgina 20 yillar davomida (1968–88) jahonning turli tillariga O’zbekistonning 70 dan ortiq shoir va yozuvchilari asarlari tarjima qilindi. 60 yillar oxiri 70 yillar boshida venger tarjimoni Erjbet Bordskiy A.Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Sa’bai sayyor” asarlari hamda Oybek, Zulfiya asarlarini mojar o’quvchilariga taqdim qildi. Ikkinchi bir venger tarjimoni Debosh Eva G’.G’ulomning “Shum bola” asarini venger tiliga o’girdi. Luiza Sitrong (Angliya) xizmati bilan o’zbek xalq ijodi namunalari “O’zbek xalq maqollari”, “O’zbek xalq ertaklari” kabi kitoblar ingliz tilida o’z o’quvchilariga etkazildi. Amerikalik olima Ilza Laude Sirtautas AQSh ning Sietl shahridan. Ushbu shahar Toshkent bilan birodarlashgan. “Hozirgi zamon o’zbek adabiyoti xrestomatiyasi”, A.Oripovning “Mening O’zbekistonim” she’riy to’plamlarning Oybekning “Bolalik” qissasini ingliz tiliga o’girib Evropa va Amerikaga tarqatdi. Hozirgi kunda Shirin Akiner (Angliya), Matxur Sudxir Kumar, Mengzar Salim (Hindiston), Abdukarim Maqsud, Maxmud Zodiy (XXR) kabi o’nlab o’zbek adabiyotining tarjimonlari faol ish olib bormoqdalar. O’zbek klassik va sovet adabiyotining ta’sirchan kuchi ko’plab xorijlik o’z qiziquvchilarini ushbu sohada ilmiy–nazariy tadqiqotlarga undadi. Jumladan, AQSh ning Nyu York Universiteti professori, turkolog Xarold Battersbi adib A.Muxtor romanlarini ilmiy jihatdan tadqiq qilib, doktorlik dissertastiyasi tadqiqotini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1988 yil “Vatan” jamiyatiga yozgan maktubida “O’zbeklar, ularning tili, madaniyati, arxeologiyasi haqida ma’ruza qilish menga yoqadi... Shuning uchun imkoni bo’lsa bizga O’zbekiston to’g’risidagi nashrlardan yuborib tursangiz. Imonim komilki, men va mening talabalarim sizlarning nashrlaringizni yaxshi tushunamiz. Biz siz o’zbeklarning hayoti va kundalik turmushi to’g’risida ko’proq bilishni istardik”. Biz hozirgi kunda ilmiy–nazariy tadqiq qilishga kirishgan A.Cho’lpon, A.Fitrat, Behbudiy kabilarning faoliyati va ijod yo’li xorijlik o’zbek madaniyati, tarixi bilan shug’ullanuvchi professorlarni qachonlardir o’ziga jalb qilgan. Turkiyalik Narmin Arjon A.Cho’lpon ijodini o’rganib, ilmiy tadqiqot sohasidagi ishlarini olib borgan doktorlik unvonini olgan. U o’z ilmiy ishida asosan amerikalik olim E.Ollvort va B.Hayit asarlaridan foydalangan bo’lsada, uning u ishi Cho’lponshunoslikka qo’shilgan katta hissadir. Sharqiy Germaniyada yashovchi professor Zigfrid, Klaynmixel adabiyotshunos Sh.Turdievning “O’zbek adabiyotida kichik etnik janrlarning shakllanishi”, “Hayotbaxsh ta’sirlar” kitobiga taqrizlar yozib Berlinda e’lon qilingan. S.Salimov uning “G’abru- Sharq” devonini nemis tilidan o’zbek tiliga o’giradi. Yana bir olim AQSh, Kolumbiya dorilfununi olimi E.Ollvort M.Behbudiy asarlari bilan Amerika jamoatchiligini birinchi bo’lib tanishtirdi. Ollvort shu kunlarda A.Fitratning “Qiyomat”, “Shaytonning tangriga isyoni”, “Munozara”, “Bedil” asarlarini o’rganish va ingliz tiliga tarjima qilish bilan mashg’ul. AQSh ning Sietl shahridan Toshkentga tashrif buyurgan vrach Roshius N.Doun “Xalq so’zi” gazetasi redakstiyasida bo’lib E.O.Ollvortning 1990 yil Kaliforniya shtatida nashr qilingan “Hozirgi o’zbeklar”, XIV asrdan hozirga qadar madaniyat tarixi kitobini o’zbek o’quvchilariga taqdim etdi. O’zbek adabiyotining tadqiqotchilari professor Anna Brvar (Yugoslaviya), G’.G’ulomning “Men Yahudiy” she’rlarini ivrit tiliga o’girgan tarjimon olim Aris Arrian (Isroil) kabilar ham bizga ma’lumdir.
O’zbek milliy raqs va qo’shiqchilik san’ati o’zbek muzikasini ta’sirchan kuchi chet ellarda yashovchi fuqarolarni shu qadar o’ziga maftun qilganki, buni bir necha xorijiy mamlakatlardagi o’zbek milliy san’atini targ’ib qiluvchi ansambllardan ko’rish mumkin. Jumladan, AQSh ning Sietl shahrida vujudga kelgan Loruel Grey xonimning “Tannovar” ansamblini va uning rahbarligidagi nashr qilinadigan o’zbek san’atini targ’ib qiluvchi “Chashma” jurnali (jurnal 3 oyda 1 marta chiqadi obuna bahosi 15 dollar), Sheyning “Avaz” ansabli, Angliyadagi “Balalayka”, Kanadadagi “Kevbek”, Afg’onistondagi “Zafar shodiyonalari” o’zbek xalq cholg’u ansabllari kabilarni ko’rsatish mumkin, o’zbek musiqasining ta’sirini esa Berlin Universitetining ilmiy xodimi, olima Angelika Yungning o’zbek maqomchiligiga oid ilmiy asarlaridan, turk musiqashunosi Etem Ruxi Ungur tomonidan qariyb yarim asrdan buyon nashr qilinayotgan “Muzika to’plami” jurnalida A.Fitratning “O’zbek muzikasi” asarini turk o’quvchilariga havola qilinishi kabi misollardan bilib olsa bo’ladi. “Yaqin va O’rta Sharq xalqlari hayoti va an’analari hamda hozirgi zamon muzika madaniyati” mavzusida o’tkazilgan jahon musiqashunoslarning 3 – Samarqand Xalqaro anjumanidan (bunday anjumanlar 1974, 1981, 1987 yillarda uch marta Samarqandda o’tkazilgan) bilsak bo’ladi.
Misr Arab Jumhuriyati San’at Akademiyasi qoshidagi xalq muzikasi oliy institutining direktori Rotib al–Xafin: “Samarqand bizda juda katta taassurot qoldirdi. Misrga qaytishim bilanoq an’anaviy muzika sohasida sizlar bilan aloqa o’rnatish masalasiga qat’iy kirishaman”, - degan edi. U Qohiraga maqom va maqom xarakteridagi bir necha o’zbek muzikalari yozilgan plastinkalarini yuborgan.
O’zbekistondan umuman uzoq bo’lgan, o’zbek milliy urf–odat, an’analari bilan tarbiyalanmagan, o’zbek tilini o’rganishga o’z hayotining maxsus bir qismini baxsh etgan xorijlik olimu, adabiyotshunosu, musiqashunosu va barcha o’zbek madaniyati bilan qiziquvchi ming–minglab kishilarni o’ziga maftun etgan ushbu diyor o’z yodi, ruxi bilan xorijdagi o’zbek vatandoshlarimizni hech qachon tark eta olmas edi. Xorijdagi o’zbek vatandoshlar o’zlari dunyoga kelgan yoki ota–bobolarining yurti bo’lgan O’zbekistonga mehr – muhabbat bilan yashadilar.
Xorijga chiqib ketgan o’zbeklar eng avvalo o’z ona tillari o’zbek tilini saqlab qolish, o’zbek milliy urf–odat, an’analariga sodiq qolishga intildilar. 1930-yillar boshida Saudiya Arabistoniga ketib qolgan Mo’minjon Andijoniy o’z maktublarining birida: “Olti farzandim bor. Ularga tarbiya berish va o’qitishda asosiy maqsad qilib o’zbek tilini o’rganishlarini qo’ydim. Farzandlarim o’zbek tilini juda sof gapiradilar, gapirganda xuddi O’zbekistondan kelgan kishilarni eslatadilar. Hijozga (Saudiya Arabistoni shahri) ko’chib kelganimizda ko’p vatandoshlar o’z farzandlariga o’zbek tilini etarli o’rgatmaganliklarini sezib, biz ularni tanqid qildik. Hozir esa bolalarimizning orasida o’zbek tilini bilmaydiganlari yo’q”, - deb yozadi. O’z farzandalariga o’zbek tilini o’rgatish yo’lida u yoki bu mamlakatlardagi o’zbek vatandoshlar maxsus jamoalarga birlashib, ionalar to’plab, xususiy va o’zbek jamoa maktablarini qurganlar, oralaridagi savodxon ziyoli kishilarni iqtisodiy jihatdan ta’minlab, mudarrislik, muallimlik qilishga sharoit yaratganlar.
Ushbu maktablardan birida o’qigan Yo.Yakvalxo’jaev shunday eslaydi: O’zbek vatandoshlar Shin Jongning (XXR) G’ulja shahrida o’zbek tilida ta’lim va tarbiya beradigan maktab qurishga kirishadilar. Bu juda jazirama issiqda elkasiga g’ishtni ortiqlab 2–qavatga qiynalib chiqqan Tursunoy kabi ayollar ham, ularga bag’ishlab she’r yozgan shoir Axat Shokir o’g’li kabilar ham qatnashgan. Maktab A.Navoiy nomidagi o’zbek “Namuna” maktabi bo’lib, unda Aklima, Ovtat, Ravziya opalar, Eminjon afandi kabi o’zbek muhojir ziyolilari dars berganlar (Sunatilla, Shahobiddin, Nabi Ubaydulla, Qodir Hikmat shular jumlasidandir). “Ona tili va adabiyoti” o’qituvchimiz Eminjon afandi ba’zan qiyinroq so’zlarni yoki nomlarni yaxshi talaffuz qilolmasak, sekin yonimizga kelib: “Bugun bo’lmasa, indin o’z uyingga borasan (O’zbekistonga) bolam, o’sha erda ham shunday gapirib o’tirsang uyat, kim o’qitgan ona tilidan deb so’rasalar, men ne bo’lgan odam bo’ldim der edilar” – deb eslaydi Yo.Yakvalxo’jaev.
Xorijga ketib qolgan o’zbeklar oilalarida doim o’zbek tilida gapirganlar. Hech bo’lmasa farzandlariga o’zbek og’zaki nutqini o’rgatishni maqsad qilib qo’yganlar. 1989 yil AQSh da bo’lgan O’zbekiston SSR xalq shoiri E.Vohidov ko’plab o’zbeklar oilasida mehmon bo’ladi.
Xorijda yashayotgan har bir o’zbekning qonida o’z vatani mehri jo’sh urib turibdi... Odatda kindik qoni to’kilgan joyni vatan deydilar. Lekin “Suriyada tug’ilgan, yo Marokashda dunyoga kelgan, yo Istambulda ko’z ochgan o’zbek uchun bu baribir vatan O’zbekistondir”, - deydi, shoir Akbarxo’ja ota va uning 5 yoshli Sofiya, 5 yoshli Bobur kabi nabiralari bilan o’zbek tilida gapirganligini aytib, chunki oilada o’zbekcha gapirish ular uchun yozilmagan qonun deb fikr bildiradi.
Xorijdagi o’zbek vatandoshlar ayrim olingan mamlakatlarda yaqin, o’zaro aloqalarda bo’lish, milliy urf–odatlarni birga bajo keltirish maqsadida O’zbekiston bilan bog’liq nomlar qo’yilgan ko’chalarda yashaganlar. Jumladan Misrda o’zbeklarning O’zbekiya, Turkiyaning Istambul shahrida esa Marg’ilonliklar, Andijonliklar, Qo’qonliklar, Turkistonliklar nomidagi ko’chalar bo’lganligi haqida ma’lumot beriladi. O’zbekona milliy xususiyatlarni saqlab qolish yo’lida xorijdagi o’zbek oilalari hatto mamlakatlarni ham tanlamasdan bir-birlari bilan yaqin quda–andachilik munosabatlariga kirishganlar. Bu haqda o’zbek vatandoshlarining o’zlari suhbatlarda quyidagicha ma’lumot beradilar. 1990 yil kuzida O’zbekistonda bo’lgan Saudiya Arabistonilik vatandoshimiz (asli Andijonlik) Shahobiddin Muhammad Solih : “Mening 7 farzandim bor, to’rt o’g’il va uch qiz, 1 o’g’lim va 1 qizim turmush qurishgan. Kelinim ham, kuyovim ham o’zbekdir. Oilamning barcha a’zolari o’zbek tilida yaxshi gapiradi. Biz O’zbekistondan uzoqda yashasakda maqsadimiz milliy tilimiz va an’analarimizni saqlab qolishdir” – deydi. Boshqa bir Saudiya Arabistonilik vatandoshimiz Kamoliddin Orif al–Buxoriy: “Mening oilam katta. 5 o’g’il va 2 qizim bor. Barchamiz o’zbek tilini bilamiz va o’zbek odatlariga rioya qilamiz,” – deydi. “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining AQSh dagi Chikago shahrida yashovchi G’iyosiddin Nasafiy boshchiligidagi o’zbek oilasi a’zolari oilada o’zbek tilida gapiradilar. Oila a’zolari turli mamlakatlarda yashaydilar. Nasafiyning 1 o’g’li oilasi bilan Pokistonda, 2 qizi turmushga chiqib Turkiya va Franstiyada, qolgan a’zolar Jamila, Jamoliddin, Najmiddin, Sirojiddinlar ota–onasi bilan AQSh da yashaydi.
Xorijdagi o’zbek vatandoshlar o’zlarini O’zbekistondan kelib qolganliklarini, yoki o’zbekistonlik o’zbeklar avlodi ekanliklarini bildirish maqsadida o’z ism va familiyalaridan so’ng ko’pincha al–Buxoriy, Turkistoniy nomini qo’shadilar.
Bu haqda Saudiya Arabistonilik Abdulhakim Xalifa Ismoiliy, Miyon Fazl Maqsad, Fazl Hamid, Muxammad Yusuf Muxammad Marg’ub, M.Ma’diy Ubaydullolar (ular 1990 yil mart, aprel oyida O’zbekistonda bo’lishdi) o’z suhbatlarida buni tasdiqlaydilar. Jumladan, Xalifa Ismoiliy: “Avvalo, shuni aytib o’tish joizki, O’rta Osiyodan borganlarni u erda “Turkistoniy” yoki oddiygina qilib “Buxoriy” deb atashadi. Padari buzrukvorlarimiz, volidai mehribonimiz bizlarga hech qachon “o’z yurtlaringni, tillaringni unutmang, chunki tilni unutgan Vatanni unutadi. Vatanni unutgan esa imonni unutadi”, - deb nasihat qilganlar. Shu bois barcha o’zbek xonadonlarida o’zaro ham oila a’zolarimiz jamul jam bo’lganda ham faqat o’zbek tilida gaplashamiz. Hamyurtlar bir–birimiz bilan quda–andamiz”, - degan edi Toshkent, Namangan, Andijonda bo’lganlarida. Ushbu kishilar 100 dan ortiq o’zbek xonadonida bo’lgan, 20 ga yaqin bemor, 30 ga yaqin qariyalarni borib ko’rgan.
Al–Buxoriy Turkistoniy kabilardan tashqari o’zi kelib chiqqan O’zbekiston shaharlaridan birini ism va familiyadan keyin qo’shib aytish mumkin. Masalan Akbar Abdulla Andijoniy (Saudiya Arabistoni), Idi Chilik Samarqandiy (Turkiya), Majidbek Marg’iloniy (AQSh), G’iyosiddin Nasafiy (AQSh), Abdullajon Toshkandiy (Saudiya Arabistoni), Abdulmajid Namangoniy, Fariddin Namangoniy (Saudiya Arabistoni) yoki Farg’ona nomi bilan Farg’oniy deb atalgan kishilar turli mamlakatlarda yashaydi.
Keksa avlod o’zbek vatandoshlar (ularning ancha qismi olamdan o’tgan) o’z farzandlarini O’zbekiston bilan mumkin qadar yaqin aloqa bog’lashga, milliylik xususiyatlarini saqlab qolishga undabgina qolmay, balki Vatandagi bu xayrli ishlarga yordam qo’lini cho’zganlar. Ular O’zbekistonda nashr qilinadigan o’zbek tili grammatikasi darsliklarini, radiolar orqali o’zbek tili darslarini uyushtirishni, o’zbek adabiyoti san’ati namunalaridan ko’proq yuborib turishni iltimos qilganlar. Biz eslatib o’tgan M.Andijoniy xorijdagi o’zbek bolalarimiz o’zbek tilida yaxshi gapira olsalarda, o’z ona tillarda yozish va o’qishni bilmaydilar. Bizga cheklanmagan miqdorda 5–6–sinflar uchun arab alfavitida o’qish kitoblari yuborsanglar. “Vatandosh radiosi orqali bolalarimiz uchun 30 minutli o’zbek tili darslarini uyushtirsanglar”, - deb murojaat qilgan edi. Boshqa bir vatandoshimiz 80 yoshli otaxon Xoji G’ulom Yassa (Turkiyada yashaydi, A.Yassaviy avlodidan) sayyoh I.Usmonov bilan suhbatda: “Biz yoshimizni yashab, oshimizni oshab, umrimizni Vatan sog’inchi bilan o’tkazdik. O’g’lim bizning ona tilimiz, urf–odatlardan boshqa yana nimamiz bor. Axir bizning O’zbekistonimiz shu tilimiz emasmi? Bizga Vatandan boshqa hamma narsa bor, afsus bizga vatan etishmaydi. Qolaversa, bizni bir narsa qiynab kelyapti. U ham bo’lsa Turkistonliklarning yosh avlodi. Ularning aksariyati Vatanni faqat bobolar suhbatidan biladi, xolos. Biz qo’limizdan kelgancha ularga Vatan mehrini, Vatanga muhabbatni singdirdik. Lekin bizdan keyin ularga Vatan tuyg’usini kim uqtiradi? Ularga ona tilini kim o’rgatadi. Endi bizdan keyingilar biz ko’rgan kunlarni ko’rmasin. Hukumat rahbarlariga iltimosimiz shuki, chet eldagi vatandoshlarga dushman deb qaramasinlar. Farzandlarimizni Vatanni ko’rishga zor qilmasinlar. Ularning kelajagini ham o’ylasinlar, toki chet ellarda bizning millat vakillari dengizga tushgan tomchidek yo’q bo’lib ketmasin. Yaxshi qo’shnichilik va quda–andachilikka yo’l ochaylik. Istaganlar Vatanga qaytib, qo’lidan kelgancha Vatan ravnaqiga o’z hissasini qo’shsinlar. Iloji boricha erkin aloqalar yo’lga qo’yilsa, shunda biz oxiratda tinch yotamiz – deganlar. Usmonxo’ja Po’latxo’ja o’g’li Temirxo’ja (Olmoniya) otasi hayot bilan vidolashgan vaqtda o’ziga qilgan nasihatni shunday eslaydi: “Otam bizda ham ona Turkistonga g’oyibona muhabbat uyg’otgan. Oxirgi kuni oldiga chaqirib olib: “Men senga bankda pul qoldirayotganim yo’q, baland qasrlar, hosildor erlar ham qoldirayotganim yo’q, seni suyab yuradigan opa–uka ham qoldirmadim. Faqat hamisha yodingda tutishing uchun Vatan hasratini qoldirdim” – degan edilar”.
Ota–bobolar qilgan xizmat, yosh o’zbek vatandoshlarni milliy an’analarimizga, tilimizga, qolaversa yurtimizga sadoqat, mehr–tuyg’ularni joylashdagi fidoiyliklari bejiz ketgan emas. Hozir xorijda istiqomat qiluvchi, aslida o’sha tomonlarda dunyoga kelgan o’zbeklarning farzandlari garchi bu erda biror marta bo’lmagan bo’lsalarda, garchi 40–50 yoshga kirib O’zbekistonni ilk bor ko’rsalarda o’zlarini ushbu yurt farzandi deydilar. Bu haqda “Vatan” jamiyatida mehmon bo’lishganda, O’zbekistonlik o’z qarindoshlariga hamda jurnal va gazeta muxaririyatlariga yozilgan xatlarda, radiosuhbatlarida, turli uchrashuvlarda Vatandosh o’zbeklar iliq, samimiy gaplar aytmoqdalar. Temir Xo’ja (u 47 yoshida O’zbekistonga 1 marta kelgan) faqat men emas, otalari bu yurtdan ketgandan 40 yil keyin tug’ilganlar ham, yoki ularning nevaralari ham bu erni Vatan deydi. Vatan – bu ildizdir. Bu yurtga ildiz otmagan, uning tuprog’ini hurmat qilmagan bu erni Vatan qilolmaydi. Bizning bolalar ham Turkistonni Vatan deydi. Chunki ildizimiz, bizni yashnatuvchi, ko’kartiruvchi tuproq shu erda”, - degan edi. Yoki 1982 yili “Vatan” jamiyatida mehmon bo’lgan vatandoshimiz Burxon al– Buxoriy (Suriyada tug’ilgan) muloqotlaridan birida nutq so’zlab O’zbekistonga bo’lgan mehrini quyidagicha ifoda etadi.
Ey, Vatanim mening! Mana bir o’g’loning bag’ringga qaytdi. Sevinchidan u ona bag’riga otilgan go’dakday, quchog’ingga otildi. Ammo shunisi ajoyibki, bu farzandning ko’zi sening nuringni emib ochilmagan, qo’llari tuprog’ingni paypaslab emaklamagan, mitti qadamlari senda atak– chechak qilmagan, o’pkasi havoyingdan bahramand bo’lmagan. Ammo u sening farzanding edi. Ey, Vatan! Sen avvalo o’zingda mana shu “Vatan” degan ma’noni jamlab, qalbimga tuyg’u bo’lib o’rnashib olding, keyin misoli osmondagi nurday vujudimni qoplading. Shu tariqa badan–badanimga singib ketding, qonimga o’rnashib olib unga o’z mehringni bosding. Shu tariqa sen o’z tabiating, shaklingni menga va men orqali bolalarim chehralariga berding - degan edi.
Ibratli otalarning yaxshi xususiyatlari, vatanparvarlik tuyg’ulari ular bolalari orqali umr boqiy bo’lib qoladi. Otasi asli Samarqandlik bo’lgan, o’zi Turkiyada dunyoga kelgan Eltur Ulugtug nomli vatandoshimiz sharofat, bilim va suxandonlikni qadrlaydigan otasi haqida : “Otamning tabiatan go’zallik shaydosiligi, bilimdon va sipoligi menga ko’p narsa bergan. Binobarin, yoz oylarida har kuni quyoshni ko’rib turgan odam shu quyoshni izlaydi. O’sha quyoshning quvvvatini bergan Ulug’bek, Ali Qushchi va boshqa donishmandlarning shahri bo’lgan Samarqand, ya’ni otam tug’ilgan joyning go’zalligini, ilm fan rivojini ko’rmoqlik men uchun ota vasiyatidir. Chunki men O’zbekistonni otamning timsolida ko’rdim”, - deb yozadi.
Yuqorida keltirilgan fikrlar bevosita vatandosh o’zbeklar tomonidan aytilgan. Shuni qayd qilish o’rinliki, turli sabablarga ko’ra xorijiy ellarga sayyoh bo’lib borgan yurtdoshlarimiz ham o’zlari uchrashgan mamlakatlardagi har bir o’zbekda ona yurt mehri, Vatanga intilish tuyg’usi ko’p hollarda so’z bilan ifodalanadigan darajadan ham ustun ekanligining guvohi bo’lganlar. Fikrimizni aniqlashtirish uchun bir necha hayotiy dalillarni ko’rsatib o’tish foydadan xoli bo’lmaydi.
1990 yil Suriyada bo’lib qaytgan shoira Umida Abduazimova shunday hikoya qiladi. Safar kunlari yurtdoshlarimizdan uchratib qolsam deb, bir kiyim atlas, A.Navoiy, Sakkokiylarning she’riy to’plamlarini o’zim bilan olib borgan edim. Bir kun do’kondorlardan biri meni ko’rib yonidagi rastalarni ko’rsatdida: “Ularga hadya qil, ular samarqandlik bo’ladi” – dedi. Dastlab e’tibor bermagan ekanman. Men qayta–qayta o’tgan ko’chadagi rastalarning peshtoqiga Samarqand deb yozib qo’yilgan. Hayajon bilan bosh suqdim. Mumkinmi? deb so’radim, mumkin, deb o’rinlaridan turishdi, bir birlariga o’xshash qora qosh, qora ko’z ikki aka-uka. Bu ikki o’g’lon bizni bobosi va otasining yurtidan ekanligimizni bilib boshi osmonga etdi, mehmon qilishdi. Suhbatda: “Hamma narsamiz bor, ammo bobomiz ham o’tgan yili (1989 y) otamiz ham olamdan o’tdilar. Har ikkovlari ham 20 kun o’zlarini bilmay yotdilar. Hali yoshlikdagi jo’ralari bilan suhbatlashdilar. Hali xayollarida shiftga in qo’ygan qaldirg’ochlar haqida qayg’urdilar... Otamning oldlariga kirib kim bilan gaplashyapsiz, dada, bu erda hech kim yo’qku dedim. Ular esa meni jerkib berdilar. Nega yo’q bo’lar ekan. Qora ko’chamizdagi tut daraxtini mevalarini bolalar terib esin, ularga chodir solib qo’y. Ana ertagi o’rik ham oqarib qolibdi. Otam bilan bir paqir qilib amakimnikiga olib boramiz. Amakim menga yong’oq qoqib beradilar. Xullas, Samarqandda yurdilar. Shu kunlarda Samarqandliklarni ko’rdilar. Bobom ham shunday, bir kun Samarqandni borib ko’rasizlar. O’shanda bilasiz bobongiz ham, otangiz ham tug’ilgan joylarning qanday jannatligini” – deb hikoya qilardi. Ko’pgina vatandoshlar hayotining oxirgi lahzalarigacha O’zbekistonga intilib uning yodi bilan yashaganlar. Turkiyaga sayohatga chiqqan bir guruh sayyohlarning boshlig’i Musaxon aka o’zbek vatandoshlar bilan bir piyola choy ustida suhbat uyushtiradi. Suhbat oxirida Musaxon o’zi bilan olib chiqqan Toshkent chinni zavodida tayyorlangan bitta chinni kosani esdalik uchun ularga sovg’a qiladi. Shunda Turkiyalik o’zbek vatandoshlar kosani sindirib, ko’zlariga surtib, ro’molchalariga o’rab ko’krak cho’ntaklariga berkitishadi. Ular ota yurtimiz loyidan yasalgan chinni kosa sinig’i bilan dafn etiladigan bo’lsak, vatangadolik dardimizga birmuncha davo topilib, ko’zimizni tinch yumamiz. Yana ushbu mamlakatda bo’lgan I.Usmonov Anqara muzeyida 20 yoshlardagi soldat Turkiya fuqarosi (ota–onasi O’zbekistondan) Sardorbek bilan suhbatlashadi. Suhbatlari oxirida Sardorbek “Eh aka! Bizga ham Vatanni ko’rmak nasib etarmikin deydi. Ta’ziya marosimlaridan birida ishtirok etgan I.Usmonovni (u erda 20 ga yaqin 20–80 yoshgacha o’zbek vatandoshlar bo’lgan) keksa otaxonlardan Shaxobiddin Yassa bag’riga bosib, yuzlarini yuzlariga qo’yib, uzoq vaqt omonlashib turganlar. Bolam men siz orqali Vatanni quchib, uning muattar hididan bahramand bo’ldim dedilar”.
AQSh ga 1989 yil 2 fevraldan 2 martigacha qadar “Toshkent darvozalari” hujjatli filmini olish uchun borganlar. Jumladan, E.Vohidov yuzlab vatandoshlar bilan suhbat qilib shunday xulosaga keladi. “O’zbekiston o’zbeklarining asl vatani, xorijda yashab turgan o’zbeklar ham, ular O’zbekistonda dunyoga kelganmi? yoki ular Qobulda tug’ilganmi, yoki Nyu- Yorkda tug’ilganmi? Undan qat’iy nazar O’zbekiston tuprog’ini Vatan deb ataydilar. Men shunga guvoh bo’lganman”, - deb aytgan edi. Ushbu singari fikrlarni juda ko’plab qayd qilish mumkin. Jamiyat taraqqiy qilib borgan sari milliy ong o’sishi, milliy qadriyatlarni chuqur anglash, milliy urf– odat va an’analarga e’tibor kuchayar ekan, bevosita o’z xalqi manfaati, taqdiri haqida qayg’uradigan kishigina haqiqiy baynalmilalchi bo’lishga ishonging keladi. Xorijdagi o’zbek vatandoshlar o’zlari yashagan mamlakatlarda oz sonli millat bo’lsalarda, mahalliy xalqlarga tom ma’noda qo’shilib keta olmadilar. To’g’ri, ular o’zlari yashab turgan mamlakat xalqlari tillarini, urf–odatlarini o’rganadilar, ularga hurmat bilan munosabatda bo’ldilar. Umumjamiyatga ega qoidalarni qabul qildilar, lekin o’ziga xos milliylik saqlab qolindi. Xorijdagi o’zbek vatandoshlarning tuyg’usi, ona- yurtga mehri milliy an’analarimizga sodiqligi, ma’naviyat, axloqiy dunyosida o’zining ijobiy natijalarini berdi. Bizning mamlakatimizda millatlarning o’zaro qo’shilib ketib, yagona xalq shakllanishi to’g’risidagi dogmatizmga asoslangan shior ostida olib borilgan sun’iy hamda ob’ektiv tabiiy jarayonlardan xoli ishlar jamiyat a’zolarining ma’naviy o’sishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
“O’ta baynalmillalchilikka” ko’p o’rinlarda berilib ketib, milliy tilimizni, ota–bobolardan meros qoldirilgan asrlar osha yashab kelayotgan milliy urf–odat va an’analarimizni yo’qotish darajasiga ham borib etdik. O’ta “evropalashuv” jarayoni axloq madaniyatimizga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Hozirgi kunda xorijdan bizga tashrif buyurayotgan o’zbek vatandoshlar ushbu kamchiliklarimizga ham indamay qo’ymayaptilar albatta: Saudiya Arabistonidan mehmon bo’lgan vrach Zuhuriddin Mirzaobid Turkistoniy: “O’zbekistonda bolalarning ta’lim tarbiyasi etarli darajada emas, bundan tashqari to’y va shunga o’xshash ma’rakalarda ortiqcha xarajatlarga yo’l qo’yilayotgani, haddan ko’p odam to’planib noz–ne’matlar besabab isrof bo’layotgani meni tashvishga soldi. Zararli o’tkir ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish ham yaxshilikka olib kelmayapti. Insonni olamdan o’tishi bilan bog’liq marosimlar uchun ortiqcha xarajatlarga ham aslo hojat bo’lmasa kerak degan edi. Boshqa bir saudiyalik vatandoshimiz Abdullajon Ismoiljon o’g’li Ahmadbek al–Turkistoniy: (u 1990 yil yozida turmush o’rtog’i Sharifa Sheroziy bilan ota yurti Qo’qonga kelgan)... “To’ylarda spirtli ichimliklar ichilishi menga g’ayritabiiy tuyuldi. Ichimlik iste’mol qilishdan saqlanish, to’g’risi hazar qilish kerak, chunki ichimlik ichish katta gunoh va tarbiyani buzadi”. To’ylarda ortiqcha xarajatlarga yo’l qo’yilar ekan, sunnat to’ylarini ixchamgina o’tkazib, tejalgan mablag’ni bolaning o’qishi va yaxshi inson bo’lib etishishi uchun sarflanmog’i lozimdir”, - deydi. Ushbu yo’nalishlarda biz o’zbek vatandoshlardan o’rnak olishimiz kerak. Ular ko’pchiliklari asosli va asossiz sabablarga qaramay O’zbekistondan chiqib ketgandan so’ng o’z mehnatsevarliklari, Vatanga mehr–muhabbati, ishbilarmonligi bilan o’zlarining hayotlarini ta’minladilar. Ehtimol milliylikka, o’zbek tiliga, an’analarimizga hurmat xorijdagi o’zbeklar timsolida biz o’zbek millati ibratli xalq ekanligimizga asos bo’lgandir. O’zbek vatandoshimiz Temur Xo’ja axloqiy, ma’naviy masalalar haqida fikr yuritib, deyarli xorijdagi o’zbek vatandoshlarimiz orasida daydilik, ichkilikbozlik, o’g’rilik, qotillik, ayollarga nisbatan axloqsizlik qilish kabi salbiy holatlar yo’q. “50 yillar davomida (1930–80 y.) Turkiyadagi gazetalarda xorijlik O’rta Osiyoliklar haqida bor–yo’g’i ikki salbiy xabar bosilib chiqqan. Ulardan biri turmush o’rtog’iga kuch ishlatishda, ikkinchisi qarzini o’z muddatida to’lamaslikda ayblanadi degan fikr bildirdi yoki 1990 yil yozida Saudiya Arabistonidan bir guruh o’zbek xotin–qiz vatandoshlar O’zbekistonga tashrif buyurganlar. Bir necha gazeta va jurnal muharririyatliklaridagi suhbatlarida o’zlarining nafaqat uy–xo’jalik ishlariga uquvliklarini emas, balki ma’naviy madaniyatdan xabardor, ajoyib axloq egasi ekanliklari qayd qilinadi”.
Xorijdagi o’zbek vatandoshlar bizda mavjud bo’lgan kamchiliklar o’zlarida yo’qligi tufayli bu salbiy holatlarni tez ilg’ab olganlar. Jumladan, Namangan viloyatidan Turkiyadagi tog’asining uyiga mehmon bo’lib borgan Umar Usmonjonov to’y ma’rakalar ishtirokchisi bo’lgan. “Tog’am bilan 2-3 kun suhbatlashganimizdan so’ng bizni Adana shahridagi o’zbek xonadonlaridan biriga to’yga taklif qilishdi (Uning ma’lumoticha, Adana shahrida 280 ta o’zbek oilasi yashagan). Adanalik o’zbeklarning urf– odatlari biznikiga yaqin turadi. 48–50 yoshlardagi Turdiali Afandi degan kimsaning to’yida 200 ga yaqin kishi to’plandi. Xatna, to’y va qiz uzatish singari marosimlar asosan davlat tomonidan belgilangan to’yxonalarda o’tkazilishi kishi e’tiborini o’ziga tortadi. Biz o’zimiz bilan olib borgan taniqli xonandalar K.Otaniyozov, Sh.Jo’raev, O.Otajonovlar ovozi yozilgan plastinkalar olib borgan edik. Ular ovozini to’yga to’planganlar tinch o’tirib, ko’zda yosh bilan bir–birlarini quchoqlab, xursand bo’lib e’tibor bilan tingladilar. Plastinkalar qayta–qayta qo’yilib magnitafonlarga yozib olindi. To’yda isrofgarchilikka aslo yo’l qo’yilmadi”, - deb aytadi. Xorijdagi o’zbek–vatandoshlar bilan o’zbekistonlik o’zbeklar tili, urf–odati kabilarda, xalq og’zaki ijodidagi matal, maqol, qo’shiq, laparlarda o’ziga xos farqlar bor, albatta. Chunki o’zbeklarning asosiy qismi O’zbekistonda yashaganligi tufayli, bizda hozirga zamon o’zbek adabiy tili vujudga keldi. U birinchi so’zlar bilan boyidi. Xorijdagi o’zbek– vatandoshlar inqilobgacha mavjud bo’lgan o’zbek tili lahjalarida gaplashadilar yoki xorijdagi o’zi yashab turgan mamlakat tilida u yoki bu so’zlarni qanday bo’lsa, shunday to’g’ridan to’g’ri tarjima qilib olganlar. Taqqoslash uchun qo’shni Afg’onistonda yashovchi o’zbeklar ko’pgina forsiycha so’zlarni o’zbek tiliga tarjima qilib olganlar. Bu tilshunoslikda nusxa ko’chirish bo’lsa kerak. Masalan: fors tojik tilidagi dandonikan, pushtibonu, rahbarona, xarobkori, ozodixox va sulhxox kabi so’zlarni aynan ko’chirmalari tish sindiruvchi, orqadoshlik, yo’lovchilik, buzmakorlik, erkinliksevar bo’lib Afg’oniston o’zbeklari orasida ular ko’p ishlatidali.
Bizda bular: qaqshatgich, himoyachi, rahbarlik, buzg’unchilik, erksevar, tinchliksevar bo’ladi. Xorijdagi o’zbek vatandoshlarning tillariga fors tojik tilidan tashqari arabcha so’zlar ham kirib qolganki, so’zlashuv jarayonida ushbu so’zlar ko’plab ishlatiladi. Afg’onistondan ta’lim olayotgan o’zbek vatandoshlarining farzandlari ma’lumoticha, u erdagi o’zbeklar tilida hozirga qadar proza, poeziya, ega – kesim, aniqlovchi, bitishuv, birikuv kabi terminlar ishlatilmaydi. Yuqoridagi qayd qilingan juz’iy fikrlarga qaramay, ona tilimiz- o’zbek tilini faxr deb bilish, vatan mehrini, sog’inchini yuksak e’tiqod ila qalblarda saqlash O’zbekistonga intilib yashash xorijdagi o’zbek vatandoshlar uchun eng oliy tuyg’u bo’lgan.
Dostları ilə paylaş: |