2-bob. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni tashkil qilish 8. Davlat ekologiya qo‘mitasining quyidagi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazadi:
Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologik ekspertizasi markazi);
Oldingi tahrirga qarang. Davlat ekologik ekspertizasi markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallari (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologik ekspertizasi markazining hududiy filiali);
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-apreldagi 230-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 09/22/230/0377-son) Davlat ekologiya qo‘mitasi davlat ekologik ekspertizasining yagona tizimini tashkil etuvchi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalariga uslubiy rahbarlik qiladi.
9. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari:
ushbu Nizomning 4-bandida qayd etilgan davlat ekologik ekspertizasi obyektlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi;
obyektlarni atrof muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha taqdim etilgan materiallar, ekologik normativlar, loyihalar va boshqa hujjatlar asosida o‘rganadi, tahlil qiladi, davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi;
buyurtmachi so‘rovi bo‘yicha ekologik ekspertizaning borishi va uning natijalari to‘g‘risida ko‘rib chiqish muddati tamom bo‘lgandan keyin bir ish kuni davomida xabardor qiladi;
davlat ekologik ekspertizasi xulosasini ushbu Nizomda belgilangan tartibda beradi.
10. Davlat ekologik ekspertizasi markazi quyidagi obyektlar bo‘yicha:
atrof muhitga ta’sirni baholashda — loyihaoldi va loyiha hujjatlarini, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, texnik qayta jihozlanishi lozim bo‘lgan ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlar yoki atrof muhitning holatiga va fuqarolar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan texnologik jarayonni o‘zgartirishlarni, atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning yuqori darajada xavfli (keyingi o‘rinlarda — I toifaga mansub) va o‘rtacha darajada xavfli (keyingi o‘rinlarda — II toifaga mansub) faoliyat turlari bo‘yicha maxsus huquqiy rejimga ega obyektlarni;
I toifaga mansub faoliyat turlari bo‘yicha atmosferaga chiqariladigan tashlamalarning, yer usti suv oqimlari yoki joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalar oqovalarini oqizishning, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilari hosil bo‘lishi hamda ularni joylashtirishning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan ekologik normativlari loyihalari;
hududlarga muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, favqulodda ekologik vaziyat hamda ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida ularni kompleks tekshirish materiallari;
texnika, texnologiya, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlar;
davlat dasturlari va konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlari obyektlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari;
aholisi soni 50 ming kishidan ortiq bo‘lgan loyihalashtiriladigan obyektlarning shaharsozlik hujjatlarini;
tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yo‘riqnoma -uslubiy hujjatlar (texnik reglamentlar, shartlar, standartlar, qoidalar va yo‘riqnomalar) loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi.
11. Hududiy davlat ekologik ekspertizasi markazlari quyidagi obyektlar bo‘yicha:
atrof muhitga ta’sirni baholashda — atrof muhitning holatiga va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hamda atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning past darajada xavfli (keyingi o‘rinlarda — III toifaga mansub) va mahalliy darajada ta’sir ko‘rsatish (keyingi o‘rinlarda — IV toifaga mansub) faoliyat turlarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi va texnik qayta jihozlanishi lozim bo‘lgan ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlarni yoki texnologik jarayonlarni o‘zgartirishni;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning II va III toifasiga mansub faoliyat turlari bo‘yicha atmosferaga chiqariladigan tashlamalarning, yer usti suv oqimlari yoki joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalar oqovalarini oqizishning, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilari hosil bo‘lishi hamda ularni joylashtirishning ekologik normativlari loyihalarini;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarining loyihalarini;
aholisi soni 50 ming kishi va undan kam bo‘lgan obyektlarning (shaharchalar, turar joy dahalari) shaharsozlik hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazadi.
12. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari:
vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va buyurtmachilardan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, ma’lumotnomalar, axborot materiallari va boshqa materiallarni olish;
davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilgan va tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning normativ hujjatlari talablariga javob bermaydigan materiallarni buyurtmachiga qaytarish;
zaruratga ko‘ra davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etilgan materiallarning ishonchliligini obyektning o‘ziga borib aniqlash huquqiga ega.