NUTQ TOVUSHLARI ARTIKULYATSIYASI
Nutq apparatining ishlashi natijasida tovush hosil bo‘lish jarayoni artikulyatsiya deyiladi. Ma’lum bir tilga xos bo‘lgan nutq tovushlarini hosil qilishga muvofiqlashgan nutq apparati artikulyatsiya bazasi deyiladi. Nutq tovushlarining artikulyasiyasi uchta etapni: 1) talaffuz qilishga tayyorgarlik-ekskursni, 2) talaffuzning o‘zini, 3) nutq organlarining o‘z o‘rniga qaytishi-rekursni o‘z ichiga oladi. Nutq tovushlarini hosil qilishdagi artikulyatsiya harakatlarining yig‘indisi artikulyatsiya bazasi deyiladi.
Nutq tovushlarining akustik xususiyati ularning kuchi, balandligi, tembri va cho‘ziq-qisqaligi bilan ifodalanadi. Akustika tovushlarning quyidagi belgilari borligini ta’kidlab ko‘rsatadi:
1. Tovush amplitudaga, ya’ni tebranish chegarasiga bog‘liq bo‘ladi.
2. Tovushning baland–pastligi tebranish tezligiga, ya’ni bir sekundda bo‘ladigan tebranish soniga bog‘liq. Tebranish ko‘p bo‘lsa, tovush baland bo‘ladi. Tebranish oralig‘i qancha uzun bo‘lsa, tebranish shuncha kam, sekin bo‘ladi, tovush yo‘g‘on va past chiqadi.
3. Tovushning cho‘ziq-qisqaligi tebranish vaqtining davomli yoki davomsiz bo‘lishiga bog‘liq. Tebranish qancha davomli bo‘lsa, tovush shuncha qisqa bo‘ladi.
4. Tovush tembri asosiy ton bilan qo‘shimcha tonlarning munosabatiga bog‘liqdir. Tembrning o‘ziga xos xususiyatlari bor; tembrga qarab tovushning baland–pastligini aniqlaymiz. Bir xil cholg‘u asboblarining farqini ham tembridan ajratish mumkin. Ularda rezanatori farq qiladi.
Nutq tovushlarining paydo bo‘lishida rezonansning roli katta. Nutq tovushlarining tarqalishi va kuchayishida kishilarning og‘iz va burun bo‘shlig‘i rezonator vazifasini bajaradi. Og‘iz bo‘shlig‘i o‘zgaruvchan rezonator hisoblanadi. Uning bo‘linishi, tilning yuqoriga ko‘tarilishi va pastga tushishi, oldinga va orqaga surilishi turli–tuman tovushlarning chiqishiga imkon beradi. Burun bo‘shlig‘i esa o‘zgarmas rezonatordir.
NUTQ TOVUSHLARI TASNIFI
Tovushlar shovqin va ovozdan hosil bo‘ladi. Tovushlar unli va undoshlarga ajraladi. Agar o‘pkadan chiqayotgan havo oqimi tovush paychalarini titratib o‘tib, og‘iz bo‘shlig‘ida qarshilikka uchrasa, unda undosh tovush hosil bo‘ladi. Hamma tillarda tovushlar miqdori har xil. O‘zbek tilida 6 ta unli, 23 ta undosh bor.
Unlilar (vokalizm). Unli tovushlar faqat ovozdan iborat. Tilning gorizontal holatiga ko‘ra unlilar uch xil bo‘ladi:
1. Til oldi unlilari: (i), (a), (e).
2. Til o‘rta unlilari: (o‘).
3. Til orqa unlilari: (u), (o‘), (o).
Tilning ko‘tarilish darajasiga qarab, unlilar uch turga bo‘linadi:
a) ochiq unlilar; (a), (o).
b) yarim ochiq unlilar; (e), (o‘).
v) yopiq unlilar; (i), (u).
Qisqa va cho‘ziqligiga qarab unlilar qisqa va cho‘ziq unlilarga ajraladi. Bu miqdor belgisi deyiladi. Bu xususiyat o‘zbek va rus tillarida yo‘q, ingliz, turkman tillarida bor. Lablarning ishtirokiga ko‘ra unlilar lablangan (u, o‘, o) va lablanmagan (i, e, a) bo‘ladi.
Unlilarning tarkibiga ko‘ra turlari uch xil - monoftonglar, diftonglar, triftonglar bo‘lib, bu ularning tarkibidagi tovushlar miqdoriga bog‘liq. Bunday ajratish ham o‘zbek va rus tillariga xos emas. U roman-german tillarida ko‘p uchraydi. Diftonglar va triftonglar garchi ikki va uch tovushdan iborat bo‘lsa ham bir vazifani bajaruvchi, bir fonema hisoblanadi. Bo‘g‘in ajratilganda bir bo‘g‘inga kiritiladi.
Undosh tovushlar (konsonantizm). Undosh tovushlarning hosil bo‘lishida havo oqimi tovush paychalarini titratish - titratmasligidan qat’iy nazar og‘iz bo‘shlig‘ida qarshilikka uchraydi. Agar havo oqimi faqat og‘iz bo‘shlig‘ida qarshilikka uchrasa, jarangsiz undoshlar (p, t, s, f) hosil bo‘ladi.
Agar shovqin ovozdan ustun tursa, jarangli undoshlar hosil bo‘ladi: (b, v, g, d, j).
Agar ovoz shovqindan ustun tursa, sonor yoki sonontlar deyiladi. Ular og‘iz (r) va burun (m, n, ng) sonorlariga bo‘linadi.
Talaffuz o‘rniga ko‘ra undoshlar lab, til, bo‘g‘iz undoshlariga ajraladi.
Lab–lab undoshlar: b, m, p.
Lab–tish undoshlar: v, f.
Til oldi undoshlari: t, d. s, sh, n, z.
Til orqa undoshlari: q, g‘.
Til o‘rta undoshi: y.
Hosil bo‘lish usuliga ko‘ra undoshlar portlovchi, sirg‘aluvchi, qorishiq va ba’zi tillarda nafas turlariga ajratiladi.
Portlovchilar; (b), (p), (t), (d) kabilar talaffuzida o‘pkadan chiqayotgan havo nutq organlari qarshiligini yorib o‘tadi, natijada portlash ro‘y beradi.
Sirg‘aluvchilar; (v), (f), (s), (sh), (j), (x) bunda nutq organlari qattiq jipslashmaydi, bir–biriga yaqinlashadi, havo oqimi ularning orasidan sirg‘alib o‘tadi.
Qorishiq tovushlar; (ch), (j) - ular ikki undosh yig‘indisidan tashkil topgan. Bunda til milkka taqaladi, lekin tovush portlash bilan emas, sirg‘alish bilan chiqadi. Ba’zi tillarda nafas undoshlari bor.
Tillardagi nutq tovushlari son jihatdan ham, sifat jihatdan ham o‘zaro to‘g‘ri kelmaydi. Ularning akustik – artikulyatsion xususiyatlari ham har xil bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |