EKSPERTIZA O‘TKAZISHDA MAJBURLOV CHEGARASI – murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan, shuningdek kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq usullardan majburiy foydalanishga faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Basharti bunday shaxs o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki ruhiy kasal bo‘lsa, ekspertiza uning qonuniy vakili, vasiy yoki homiysining roziligi bilan amalga oshiriladi.
EKSPERTIZA XULOSASINI BERISHNING ILOJI YO‘QLIGI TO‘G‘RISIDAGI HUJJAT– agar ekspert qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.
EKSPERTNI SO‘ROQ QILISH– ekspertning xulosasi yetarli darajada aniq bo‘lmay, kamchiliklarini to‘ldirish uchun qo‘shimcha tekshirish o‘tkazishga zarurat bo‘lmasa yoki ekspert foydalangan usullarga aniqlik kiritish zarur bo‘lib qolsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertni Jinoyat-protsessual kodeksining 98–108-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda so‘roq qilish huquqiga ega. Ekspert faqat o‘zi tomonidan berilgan xulosa va shaxsan o‘tkazgan ekspert tekshiruvlari yuzasidan so‘roq qilinishi mumkin. Ekspertni u xulosa berguniga qadar so‘roq qilish taqiqlanadi.
F
FUQAROVIY DA’VOGAR – bevosita jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida moddiy, jismoniy yoki ma’naviy zarar ko‘rgan shaxs.