TERGOVCHINING ALOHIDA TOPSHIRIG‘I – jinoyat ishini tergov qilish davomida muayyan tergov, protsessual harakatlarini yoki tezkor-qidiruv chora-tadbirlarini o‘tkazishga yordam berish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi ijrosi majburiy bo‘lgan topshiriq.
TIBBIY YO‘SINDAGI MAJBURLOV CHORALARI – sodir etgan jinoyati yoki ijtimoiy xavfli qilmishi uchun jinoyat subyekti bo‘la olmaydigan va jinoiy javobgarlikka yoki jazolash mumkin bo‘lmagan shaxslarni majburiy davolash yoki uning xavfligiga qarab jamiyatdan ajratishga qaratilgan davlatning huquqiy ta’sir chorasi.
TINTUV – surishtiruvchi va tergovchi tomonidan biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida yoki o‘zga joyda yoxud biror shaxsda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa yoki hujjatlar bor deb o‘ylash uchun yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladigan tergov harakati.
TORTISHUV PRINSIPI – jinoyat protsessining asosiy prinsiplaridan bo‘lib, unga ko‘ra ayblov va himoya funksiyalari chegaralangan va ular odil sudlovdan ajratilgan, tortishuv faqat bir xil imkoniyatga ega bo‘lgan taraflar o‘rtasida olib boriladi.
TUMAN SUDI – umumiy yurisdiksiya sudlarining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, o‘z tarkibiga fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari kiradi.
TO‘XTATILGAN JINOYAT ISHINI QAYTA TIKLASH – bu vujudga kelgan jinoyat ishini to‘xtatish holatlarining protsessual va tashkiliy harakatlar natijasida bartaraf etilishi hamda qonunchilikda belgilangan boshqa harakatlar bajarilishidir.
U
UY QAMOG‘I – gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan to‘liq yoxud qisman ajratib qo‘yilib, o‘zi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda bo‘lishidan iborat bo‘ladi. Uy qamog‘i jazosini ijro etish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining yashash joyidagi ichki ishlar organi zimmasiga yuklatiladi.