X U L O S A Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, byudjet tashkilotlarida samarali ichki audit xizmatini tashkil etish uchun nazorat qilishni puxta rejalashtirish, rejaga asosan tekshirishning byudjet tashkilotlariga mo‘ljallangan uslubiyotini ishlab chiqish lozimligini ko‘rsatadi.
Ichki audit o‘tkazish uslubiyotini puxta ishlab chiqilishi nafaqat ichki auditorga, balki moliyaviy nazorat xodimlariga ham ish jarayonida katta yordam beradi. Chunki samarali tashkil qilingan ichki audit ma’lumotlari ishonchli hisoblanadi. Davlat moliyaviy nazoratida ichki audit ma’lumotlaridan keng foydalaniladi. Chunki ichki auditor tashkilotda doimiy faoliyat olib borib, ish faoliyatini qanday tashkil qilinganligi, xato va kamchiliklar mavjud bo‘lgan bo‘limlarni ish jarayonini tahlil va nazorat qilib boradi.
Jahon amaliyotini olib qaraydigan bo‘lsak ichki audit tizimiga, uning tashkil qilinishiga va yuritilishiga juda katta e’tibor berilganini ko‘ramiz. Chunki ichki audit tashkilotni doimiy tahlil qilib borganligi bois, samaradorlik ko‘rsatkichlarining yuqoriligini ko‘rishimiz mumkin.
Tashkilotning faoliyat yuritayotgan har bir bo‘limini o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda belgilangan qonunlar doirasida olib borilishi, har bir xodimni o‘z lavozimiga mas’uliyat bilan yondoshishini ta’minlash hamda aniqlangan kamchiliklar borasida ularni bartaraf etuvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqilishi samaradorlikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimini samarali tashkil etilishi va ularning oʼzaro hamkorlikda faoliyat olib borishini taʼminlash maqsadida xalqaro COSO modeli komponentlaridan foydalangan holda model ishlab chiqish lozim. Bu model byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazoratni oʼzaro hamkorligi doirasida tashkilotning faoliyatini samarali olib borilishini taʼminlab berishi shart. Shuningdek, ichki nazorat tizimini yanada samarali tashkil qilish uchun xodimlarni faol ishtirokini taʼminlash hamda ularni oʼz vazifalariga vijdonan yondoshishlariga erishish lozim. Har bir xodim oʼz vazifalarini aniq bilib, uni toʼliq bajarishga harakat qilsa, oʼz-oʼzidan ichki nazorat tizimi mustahkamlanib boradi.
Ichki nazorat tizimiga taʼsir etuvchi omillar oʼrganilib, ichki audit va ichki nazorat tizimlarini oʼzaro aloqasi shakllantirilish, xalqaro SOSO modeli asosida byudjet tashkilotlarida ichki nazorat va ichki audit xizmatini tashkil etish komponentlari ishlab chiqish, shuningdek, tashkilot rahbari tomonidan ichki nazoratni tashkil etishda bajaradigan vazifalar aniq belgilab berilishi lozim. Xalqaro SOSO modelini byudjet tashkilotlarining ichki nazorati va tashkilot tarkibidagi ichki audit uchun qoʼllash maqsadga muvofiq boʼladi. Bu model vazirlik va idoralarda tashkil etilgan markazlashgan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati uchun mos kelmaydi va bu tizimda qoʼllab boʼlmaydi.