1- asosiy masala bo’yicha darsning maqsadi:O’quvchilarga Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonidagi mardlik g’oyasini singdirish.
Identiv o’quv maqsadlari: 1.Alisher Navoiyning “ Saddi Iskandariy “ dostoni haqida tushunchaga ega bo’la oladi.
2. “Saddi Iskandariy“ dostonining boshqa shoirlar dostonlaridan farqini bilib oladi.
3. Dostonning g’oyasi haqida to’liq ma’lumotga ega bo’la oladi.
1- asosiy masalaning bayoni: “Saddi Iskandariy” ( “Iskandar devori “) – Alisher Navoiyning adolatli va ma’rifatli hukmdor rahnamoligida markazlashgan davlat barpo etish, xalq osoyishtaligi va yurt ma’murligini ta’minlash, o’zaro toj-taxt kurashlari, ixtilof-u nifoqlarga barham berish singari umumbashariy g’oyalarni o’zida badiiy ifoda etgan dostondir. Ulug’ shoir “Xamsa” tarkibidagi boshqa asarlarda bu masalaga alohida e’tibor berib, Anushervonni odil, Sulton Muhammad Xorazmshoh, Shohi G’oziy, Chin xoqoni, Xusrav Parvez, Bani Omir va Hay qabilasi boshliqlari, Ibn Salom, Bahrom singari katta-kichik hukmdorlar obrazini ijod etdi. Mazkur asarlarda o’sha hukmdorlarning yaxshi a’mollari yuksak san’atkorlik bilan vasf etilgan bo’lsa, ularning tabiatidagi noqisliklar tanqid ostiga olindi. “Hayrat ul-abror” dostonida “Iskandarning yetti iqlim mamolikini panjai tasarrufig’a kiyurg’oni va xoli ilik bila olamdin rixlat markabin surgonini ibrat namunasi qilib ko’rsatgan buyuk mutafakkir “Saddi Iskandariy” da odil va ma’rifatli, ma’naviy yetuk shoh obrazini Iskandar timsolida mujassamlashtirdi. Bu bilan shoir “Xamsa” tarkibidagi boshqa dostonlarida ilgari surilgan ijtimoiy-siyosiy qarashlarini “Saddi Iskandariy” dostonida yanada takomillashtirib o’zi orzu qilgan hukmdorning mukammal obrazini asar qahramoni misolida badiiy tasvirladi.
Iskandar tarixiy shaxs bo’lib, u eramizdan oldingi IV asrda (356-323) yashagan buyuk jahongir Aleksandr Makedonskiyning Sharqdagi nomidir. Sharq xalqlari orasida bu ulug’ sarkarda Iskandar Zulqarnayn, Iskandari Rumiy, Iskandar Maqdon nomlari bilan atalgan. Aleksandr nomi shu so’zga talaffuz jihatdan uyg’un “Iskandar” so’zi bilan ifodalangan bo’lsa, “Rumiy” va “Maqdon” uning vatanini anglatgan.
“Zulqarnayn” Iskandarning ilohiylashtirish zaminida unga berilgan sifat bo’lib ,ikki shohli degan ma’noni bildiradi degan ma’noni bildiradi. Manbalarda ma’lumot berilishicha, shoh juda qadim zamonlarda Yaqin Sharqda ilohiy qudratning timsoli sanalib ,xudolar singari shohli tarzda tasavvur qilingan. Aleksandr Makedonskiyning tarbiyasi bilan uning ustozi Aristotel (Arastu er.av . 384-322) shug’ullangan. Eramizdan avvalgi 336-yilda otasi Filipp o’ldirilgach, Aleksandr Makedonskiy taxtga chiqadi. 26 yoshida Doro III ni yengib, Eronni egallaydi. Keyinchalik u Movoraunnahr va Hindistonni zabt etadi. Dunaydan Hind daryosigacha bo’lgan katta hududda ulkan mamlakat barpo etadi, nihoyat, eramizdan avvalgi 323-yilda, 33 yoshida vafot etadi. Sharq yozma badiiy adabiyotida atoqli fors-tojik shoiri Abulqosim Firdavsiy ilk bor Iskandar haqida doston ijod etdi. Asrning bosh qahramoni “Shohnoma” tarkibi bir qator sosoniy hukmdorlarga bag’ishlangan dostondagi yetakchi obrazlardan keskin farq qilmaydi.
Alisher Navoiy “ Saddi Iskandariy” dostoni uchun Iskandar Zulqarnaynning jahongirlik yurishlari tarixini asos qilib olsa-da, ulug’ shoir asarida tarixiy Iskandar-Aleksandr Makedonskiydan tubdan farq qiluvchi yangi bosh qahramon obrazini yaratdi. Buyuk mutafakkir o’z davriga qadqr yozma va og’zaki badiiy adabiyotning turli janrlarida sayqallashib, takomillashib borgan Iskandar obrazi va uning hukmronligi, jangovor yurushlarining badiiy lavhalaridan ijodiy foydalandi. Shuningdek, bu asar “Xamsa” tarkibidagi boshqa masnaviylarda ilgari surilgan yetakchi g’oyani takomillashtiruvchi, yaxlit janr hisoblangan “Xamsa” ning yakunlovchi dostoni bo’lgani uchun uning tuzulishi navoiyona badiiy tafakkur bilan alohida mohiyat kasb etadi. “Saddi Iskandariy” da nazariy-axloqiy doston sanalgan “Hayrat ul- abror “ va yaxlit voqealar tizimiga ega dostonlar “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai Sayyor” asarlariga xos tuzulishning o’zaro yaxlitlashuvi ko’zga tashlanadi.
Dostonning asosiy voqealari Iskandarning tug’ulishi, Faylaqus uni valiahd deb e’lon qilishi, tarbiyalagan otasi vafotidan so’ng, Iskandarning taxtga chiqishi lavhalarini o’zida mujassamlashtirgan XV bobdan boshlanadi. Bu bob asar asosiy voqealari tizimining muqaddimasi sanaladi. Keyingi tartibda keluvchi har to’rt bob mazmunan bir-biri bilan Uzviy bog’langan bo’lib, asarning alohida bir qismini tashkil etadi. Unda Iskandarning sarguzashtlariga oid biror bir lavhani tasvirlashdan oldin hukmdorning to’g’ri yo’l tutganini nazariy asoslash uchun avvalgi uch bobda ma’lum bir masala xususidagi shoirning mulohazalari, uni tasdiqlovchi biror hikoya yoki masal va Arastuning ayni masalaga oid qarashlari keltiradi. Asardagi har to’rt bobning dostonning bir qismini tashkil etishi Iskandar sarguzashtidan bahs etuvchi boblarning so’ngida keltirilgan lavhaga yakun yasovchi soqiy, mag’onniy va shoirning o’ziga murojaati o’rin olganligida ham ko’riladi. Sakson to’qqiz bobdan tashkil topgan dostonning muqaddimasi sanalgan XV bobda Alisher Navoiy talqinidagi Iskandar tarixiy Iskandar- Aleksandr Makedoniskiydan tamomila farqli ekanligiga ishora qilinadi.Ma’lumki, tarixiy manbalarda Iskandar Zulqarnaynning nasl-nasabi xususida turlicha ma’lumotlar uchraydi. Ba’zida uni Eron shohi Doro II ning o’g’li desa, boshqa asar mualliflari jahongirning shajarasini Misr firavnlariga borib taqalishini qayd etadi. Alisher Navoiy dostonidagi Iskandar esa asrab olingan farzand, uning nasl-nasabi ma’lum emas. Asarda tasvirlanishicha, shikordan qaytayotgan rum- u Rus podshosi Faylaqus otining sarkashligi tufayli endigina tug’ulgan, yordam bo’lmagani uchun madorsizlanib chalajon holiga kelgan chaqaloqni qo’liga oladi. Unga Iskandar nomini berib, o’g’il va valiahd deb e’lon qiladi. “Hayrat ul- abror” ning “Adab dob’i”dagi bobida o’rtaga qo’yilgan talablarning amaldagi ijrosini Iskandarning jismoniy- ma’naviy shakllanish jarayonida ham his qilish mumkin. Iskandarga ta’lim va tarbiya berish uchun zamonasining eng zo’r donishmandlarijalb qilinadi.
Naqumohiy olinda dastur edi, Ki hikmatqa olamda mashhur edi. Iskandar bilan Arastu hamsaboq edi . Uning ma’naviy- ma’rifiy shakllanish yillari ana o’shanday muhitda kechdi. U zamonasining yaktolari-allomai davronlaridan insonshunoslikni, insonni qadrlash ilmini o’zlashtirdi. Taraftayn (ikki taraflama ) sa’y-u harakatlar tufayli zamon Iskandari :
Bori ilm aro, o’yla, shib kamol, Ki, komil aningdek topilmoq mahol. martabasiga ko’tariladi. Ulug’ shoir asarlarining asosiy voqealari to’qimasiga talay hikmat va hikoyalarni kiritganki, bu ayni badiiy yaratmalarning mantiqiy bog’liqligi, g’oyaviy mazmunini ta’sirchan bo’lishini ta’min etgan.