Nazorat topshiriqlari: 1.Alisher Navoiyning « Layli va Majnun » dostoni boshqa shoirlarnikidan nimasi bilan farqlanadi.
2.Ushbu mavzuning Navoiydan keyingi takomili haqida nima deya olasiz.
2- asosiy masala bo’yicha darsning maqsadi: «Layli va Majnun» dostoninig g’oyasini o’quvchilarga singdirish.
Identiv o’quv maqsadlari: 1.Dostonning g’oyasi haqida to’liq ma’lumotga ega bo’la oladi.
2. Davrning ijtimoiy muhiti haqida umumiy tushunchaga ega bo’ladi.
2 - asosiy masalaning bayoni: «Layli va Majnun» dostonida Navoiy ishq haqida, ishqning inson jismiga soladigan g’alayonlari haqida, bu yo’lga kirgan kishining hayoti iztirob, ruhiy qiynoqlarga to’la bo’lishini Layli va Majnun obrazlari orqali bayon etadi. Dostonda Layli va Majnunning alamli, fojeali kechinmalari tasvirlangan. Dostonda haqiqiy ishq bilan majoziy ishq uyg’unlashib ketadi. Asardagi Majnun - oshiq, fidokorlikning ramzi bo’lsa, Layli go’zallik va poklikning timsolidir. Sharq mumtoz adabiyotida o’ziga xos an`ana mavjud. Unga ko’ra har qanday asar Xudoning madhi-hamd, undan iltijo-munojot, Muhammad payg’ambar ta`rifi-na`t kabi maxsus boblar bilan boshlanadi.
Navoiyning «Layli va Majnun» dostonining 1- bobi ham xuddi shu an`anaga muvofiq Xudo madhiga bag’ishlangandir. Unda shoir faylasuf olim sifatida olamning yaratilishi, tun, kun, oy, quyosh, yulduzlarning, bahor, kuz, qish fasllari, insonning yaratilishi - Xudoning beqiyos qudrati ifodasi ekanligini ta`kidlab, unga hamdu sanolar o’qiydi. Majnun otasining befarzandligi, Qaysning tug’ilishi, uning Layli bilan uchrashishi, Layliga bo’lgan ishqi, shu ishq tufayli boshiga tushgan musibatlari, bir necha marta hushidan ketishi, el orasida «Majnun» deb nom chiqarishi, sahro kezishi, Ibn Salomning Layliga sovchi yuborishi, Majnunning hayvonlar bilan do’stlashishi, Navfal bilan uchrashuvi, jang bo’lishi, Layli va Majnunning Zayd tufayli xat orqali bir-birlaridan xabardor bo’lishlari, Majnunning Navfal yurtidan qochib ketishi, Laylining esa Ibn Salomning zolim changalidan qutilishi, ikki sevishganlarning bir-birining vasliga yetishishi va jon berishlari dostonning asosiy syujetini tashkil qiladi.
Navoiyning boshqa asarlari, ayniqsa dostonlari qatori «Layli va Majnun» ham bugungi kunda yangicha qarashlar bilan tadqiq etish ko’zga tashlanmoqda.
«Layli va Majnun» dostoni haqida ko’plab ilmiy tadqiqotlar yaratilgan. Sho’ro mafkurasi ta`siri ostida «Layli va Majnun» tahliliga bag’ishlangan ayrim tadqiqotlar asarni «kerakli» va «keraksiz» qismlarga ajratib o’rganish ko’zga tashlanadi. Asardagi ilohiy muhabbat, umuman doston obrazlarini tasavvufiy jihatdan talqin etish, Navoiy kuylagan ishqni-ilohiy ishq, haqiqiy ishq sifatida keng tahlil etish N.Komilov tadqiqotida mavjud. Ko’pincha darsliklarda esa «Layli va Majnun»dagi ishq insoniy ishq sifatida izohlanadi.