Tayanch-harakat apparati buzilgan oʻquvchilarni korreksion oʻqitish. Tayanch-harakat apparati buzilishining turlari va yuzaga kelish sabablari. Tayanch-harakat apparatidagi turli buzilishlar bolalarni oʻqitish va tarbiyalashda muayyan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Tayanch-harakat apparati funksiyalarining buzilishi tug‘ma yoki orttirilgan boʻlishi mumkin. Tayanch-harakat apparati patologiyasi quyidagi turlarga ajratiladi:
1) nerv tizimining kasallanishi (bolalar serebral paralichi (BSP), poliomielit);
2) tayanch-harakat apparatining tug‘ma patologiyasi; sonning tug‘ma chiqqanligi; boʻyin qiyshiqligi; qiyshiq oyoqlik va oyoqning boshqa nuqsonlari; umurtqa pog‘onasi rivojlanishidagi nuqsonlar (skolioz); qoʻl yoki oyoqlarning rivojlanmaganligi va nuqsonlari; qoʻl barmoqlarining anomal rivojlanishi; artrogripoz (tug‘ma mayiblik);
3) orttirilgan kasalliklar va tayanch-harakat apparatining zararlanishi; orqa miya, bosh miya va qoʻl-oyoqlarning travmatik jarohatlanishi; poliatrit; skelet kasalliklari (tuberkulez, suyaklardagi shishlar, osteomielit), skelet tizimi kasalliklari (raxit, xondodistrofiya).
Tayanch-harakat apparati patologiyasi boʻlgan bolalarda asosiy buzilish harakatlanishdagi nuqson hisoblanadi. Bunday nuqsonlarga ega bolalarning 89 % ini serebral paralichli bolalar tashkil etadi. Ularda harakat buzilishi psixik va nutqiy buzilishlar bilan birga namoyon boʻladi. Shu bois bu kabi bolalar nafaqat davolash va ijtimoiy yordamga, balki psixologik-pedagogik va logopedik korreksiyaga ham muhtoj boʻladilar.
Harakatlanish buzilishlari oʻrtacha darajada boʻlgan bolalar yurishni oʻrganib olsalar-da, biroq, ishonch bilan yura olmaydilar, ular uchun maxsus moslamalar zarur. Harakatlanish buzilishining yengil shaklida bolalar uyda va koʻchada mustaqil, qoʻrqmay yura oladilar, oʻzlariga toʻla xizmat koʻrsatadilar
Rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar bilan ishlashning glen doman, valdorf va montessori usullari
1. Qarama qarshilikka boy Glen Doman usuli
Koʻpgina tortishuv va muhokamalarga sabab boʻlgan usullardan biri, oʻtgan asrning 40 yillarida oʻz ibtidosini boshlagan, harbiy shifokor, amerikalik Glen Doman tomonidan ishlab chiqilgan. Glen Doman urush yillarida og‘ir miya jarohatini olgan bolalarni davolaydi. Bemor bolalarga kata-katta qizil harfli soʻzlar yozilgan kartochkalar koʻrsatilardi va bir vaqtning oʻzida unda yozilgan soʻzlar talaffuz qilinardi. Darslar juda qisqa boʻlib, 5-10 soniya davom etar, ammo kun davomida bir necha marotaba takrorlanardi. Bu shaklda mashg‘ulotlarda ishtirok etgan falaj holatida yotgan bolalar sekin-asta harakat qila boshlaydi, keyinchalik emaklash, yurish va hatto sog‘lom bolalar kabi yugurish qobiliyatlari ham tiklanadi. Shu sababli, Glen Doman bir vaqtning oʻzida ham oddiy, ham genial xulosaga keladi: koʻzni doimiy ravishda stimulyatsiya qilish miya faoliyatining umumiy faollashishiga sabab boʻladi.
Shundan soʻng Domen bu usulni sog‘lom bolalarda ham sinab koʻradi. Bola tug‘ilgandan e’tiboran, unga bu kabi kartochkalar koʻrsatiladi. Kartochkadagi soʻzlar turli-tuman boʻlishi mumkin: nuqtalardan iborat sonlar, qizil rang bilan yozilgan harflar, hayvonlar rasmi, arboblar rasmi, tabiat hodisalari va hokazo… Bunday kartochkalarni Doman ma’lumot bitlari deb atardi. Kartochkalar kun davomida bolaga bir necha marta, bir necha soniyaga koʻrsatilardi. Doman oʻz usulini qoʻllash natijasida daholarni tarbiya qilishiga ishonardi. Bu fikrni koʻpgina pedagog va psixologlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun qarash natijasida yuzaga kelgan taassurotlar muhim ekanligini tan olishlari ham tasdiqlaydi.
Dostları ilə paylaş: |