5-chizma. Sug‘urta tashkilotlari faoliyatni amalga oshirish chog‘ida turli tashkilot va idoralardan axborot olish huquqiga ega. Bu O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 25moddasida qat’iy belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra: huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, shuningdek, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari va boshqa tashkilotlar sug‘urtalovchilarning so‘roviga ko‘ra sug‘urta hodisalarining yuz berishi sabablari va holatlari to‘g‘risidagi hamda sug‘urta tovoni miqdorlari sug‘urtalovchi tomonidan aniqlanishi maqsadida yetkazilgan zarar to‘g‘risidagi masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va xulosalarni taqdim etishlari shart. Maxsus vakolatli davlat organi sug‘urtalovchilar yoki sug‘urta brokerlaridan qabul qilingan pul mablag‘lari va majburiyatlarining miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek, boshqa axborotni o‘z vakolati doirasida talab qilib olishga haqli. Bunday axborotni talab qilib olish yozma ravishda, so‘rov sabablari ko‘rsatilgan holda amalga oshirilmog‘i lozim.
Sug‘urta tashkilotlarining faoliyati boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatidan tubdan farq qilishiga qaramasdan amaldagi qonunchilikka muvofiq ular turli tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilishi mumkin. Chunonchi, 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunda «Sug‘urtalovchilar qonunlarda nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shakllarda tuziladi» deb qayd etilgan.1 2013-yil 1-yanvar holatiga mamlakatimizda 33 ta sug‘urta tashkiloti faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 2 tasi hayot sug‘urtasida, 31 tasi umumiy sug‘urta tarmog‘ida sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatadi.2 Davlat ro‘yxatiga olingan va sug‘urta faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega sug‘urta tashkilotlarining aksariyati aksionerlik sug‘urta tashkiloti maqomiga ega. Ularning ayrimlari ochiq, ayrimlari esa yopiq aksionerlik jamiyati shaklida tashkil etilgan.