5.2. Sug‘urta syurveyerlari, aktuariylari va ularning faoliyat
yo‘nalishlari
Sug‘urta bozorining jadal rivojlanishi, sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojning yil sayin oshib borishi tufayli bozorning sug‘urtalovchilar hamda ularning mijozlari bo‘lmish yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta faoliyati bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishga ixtisoslashgan sug‘urta syurveyerlari, aktuariylar kabi yangi muassasalarning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
Syurveyer inglizcha «surveyor» so‘zidan olingan bo‘lib, bu tushuncha O‘zbekiston sug‘urta bozorida 1997-yildan qo‘llanilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish choratadbirlari to‘g‘risida» 618-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Sug‘urta bozorining professional qatnashchilari to‘g‘risidagi Nizom»da sug‘urta syurveyerining vakolatlari, huquq va majburiyatlari o‘z ifodasini topdi. Shu yili O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi va unda sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari qatori sug‘urta syurveyerlari faoliyat yo‘nalishlarining huquqiy asoslari mustahkamlandi. Mazkur qonunning 96 va 97-moddalarida sug‘urta syurveyerining huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
Sug‘urta syurveyeri quyidagilar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, o‘z shtatida tegishli mutaxassislarga ega bo‘lgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir:
sug‘urta shartnomasi tuzilguniga qadar sug‘urta obyektini ko‘zdan kechirish va tekshirish;
sug‘urta shartnomasi tuzilguniga qadar barcha faktlarni va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish, tavakkalchilik darajasini aniqlash; – tekshirilayotgan sug‘urta obyekti bo‘yicha xulosa tuzish.
Sug‘urta ekspertizasini o‘tkazishga vakolatli mutaxassislarning (ekspertlarning) ish tartibi sug‘urta syurveyeri tomonidan belgilanadi.
Sug‘urta syurveyeri o‘z faoliyatini sug‘urtalovchi (sug‘urta qildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Sug‘urta syurveyeri:
sug‘urtalovchi sifatida sug‘urta va qayta sug‘urta qilish operatsiyalari o‘tkazishga;
sug‘urta bo‘yicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sug‘urtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Sug‘urta syurveyeri ishining natijalari bo‘yicha hisobot taqdim etiladi, sug‘urtalovchi (sug‘urta qildiruvchi) bu hisobotdan sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomasi tuzish chog‘ida foydalanishi mumkin.
Sug‘urta syurveyerining hisobotida ko‘rsatilgan xulosalar mustaqil sug‘urta ekspertizasi jarayonida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Sug‘urta syurveyeri:
xizmatlar ko‘rsatiladigan sug‘urtalovchini (sug‘urta qildiruvchini) erkin tanlashga;
sug‘urta obyektini o‘rganish uchun sug‘urta qildiruvchidan (sug‘urtalovchidan) zarur axborotni so‘rash va olishga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, faoliyati sug‘urta obyektlariga daxldor bo‘lgan boshqa tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni so‘rash va olishga haqli.
Sug‘urta syurveyeri qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Sug‘urta syurveyeri: sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya
etishi;
sug‘urta ekspertizasi o‘tkazish uchun taraflar taqdim etgan hujjatlarning saqlanishini ta’minlashi; mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etadigan
ma’lumotlarning maxfiyligini saqlashi shart.
Sug‘urta syurveyeri zimmasida qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Hozirgi kunda mamlakatimiz sug‘urta bozorida bir nechta syurveyer tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
«Aktuar» atamasi «aktuariy» tushunchasi bilan uzviy bog‘langan va inglizcha «actuaru», lotincha «actuarmus» so‘zlaridan olingan bo‘lib, hisobchi, tez yozuvchi degan ma’nolarni anglatadi. Aktuariy sug‘urta kompaniyalarida ishlaydigan mutaxassis bo‘lib, u sug‘urta turlari bo‘yicha tarif stavkalarini hisoblash usullarini ilmiy jihatdan asoslab beradi. Ma’lumki, sug‘urta tariflari sug‘urtalovchilarning moliyaviy jihatdan barqaror faoliyat ko‘rsatishlarida muhim omil bo‘lib hisoblanadi. Xo‘sh shunday ekan, rivojlanishning hozirgi bosqichini boshidan kechirayotgan milliy sug‘urta kompaniyalarimiz sug‘urta tariflarini ishlab chiqishda aktuar hisob-kitoblarning usullaridan qanchalik foydalanishmoqda?
Respublikamizda aktuar hisob-kitoblarni mukammal biladigan mutaxassislar yetarlimi? Sug‘urta tariflarini ishlab chiqishda aktuar hisob-kitoblardan foydalanish hozirgi sug‘urta kompaniyalari uchun qanchalik samara beradi?
Avvalo, yuqorida sanab o‘tilgan savollarga javob berishdan oldin aktuar hisob-kitoblarning mazmun-mohiyati xususida biroz to‘xtalib o‘tsak.
Aktuar hisob-kitoblar o‘zida statistik va iqtisodiy-matematik usullar asosida tarif stavkalarini hisoblash tizimini mujassamlashtiradi. Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urtalanuvchiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning tannarxini hisoblash aktuar hisob-kitob kalkulatsiyasi, deb ataladi. Aktuar hisob-kitob kalkulatsiyasi shartnomadagi sug‘urta to‘lovlarini aniqlash imkonini beradi.
Aktuar hisob-kitoblar sug‘urtaning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, amalga oshiriladi:
sug‘urta hodisalari sodir bo‘lishining ehtimollik xususiyatiga ega ekanligi va ularning baholanishi. Bu sug‘urta mukofotlarining hajmiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi;
sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urtalanuvchiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning to‘liq tannarxi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatiladigan sug‘urta mukofotlari summasida o‘z aksini topadi;
sug‘urtalovchining sug‘urta zaxiralarining optimal hajmini aniqlash va shakllantirishning zarurligi;
sug‘urta hodisasi ro‘y berishi natijasida yuzaga keladigan qisman yoki umumiy zararlarning mavjudligi;
sug‘urta risklarining guruhlarga ajratilishi.
Sug‘urta faoliyatida aktuar hisob-kitoblarning vazifalari quyidagilardan iborat:1
jami sug‘urta hajmida risk guruhlari klassifikatsiyasini o‘rganish;
sug‘urta hodisasi ro‘y berishining matematik ehtimolligini hisoblash;
sug‘urtalash jarayonini tashkil etishda kerakli xarajatlarning matematik asoslanganligi;
sug‘urtalovchilarning zaxira fondini shakllantirishning matematik asoslanganligi.
Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta mukofotlarini investitsiya maqsadlarida ishlatishda foiz normalarini aniqlash;
Aktuar hisob-kitoblarning nazariy asoslari XVII asrda D.Graund, Ya. De Vitt va E.Galley kabi olimlar tomonidan ishlab chiqilgan hamda hozirgi paytda ancha takomillashtirilgan.
Sug‘urta tarmoqlariga ko‘ra aktuar hisoblar shaxsiy sug‘urta bo‘yicha hisob-kitoblar, mol-mulk sug‘urtasi va javobgarlik sug‘urtasi bo‘yicha aktuar hisob-kitoblarga guruhlanadi. Vaqt ko‘rsatkichlari esa reja asosidagi hisob-kitoblarga guruhlanadi. Bu hisob-kitoblar kelajakda ushbu sug‘urta turini amalga oshirishda sug‘urtalovchiga tayanch bo‘ladi.