2.3. 1995-2001-yillarda O‘zbekiston sug‘urta bozorining
rivojlanishi
Sug‘urta tashkilotlari taraqqiyotining ikkinchi bosqichi 1995-2001yillarni o‘z ichiga oladi. 1995-yil 1-yanvardan transport vositalari va boshqa o‘ziyurar mashina va mexanizmlar egalarining uchinchi shaxslarga zarar keltirish bo‘yicha javobgarligini majburiy sug‘urta qilish joriy etildi. Bu davrda bevosita davlat ishtirokida yirik sug‘urta tashkilotlari tashkil etildi.
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta tashkilotlari haqida gapirganda, albatta, «Madad» sug‘urta agentligini ham alohida tilga olish joiz. Bu agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni sug‘urtaviy himoya qilish bo‘yicha agentlikni tashkil etish to‘g‘risida» 1995-yil 26-iyuldagi farmoniga binoan tashkil etilgan va bugungi kunda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatyapti1. Agentlik ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, uning asosiy muassislari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, «O‘zsanoatqurilishbank», «Tadbirkorbank» (hozir Mikrokreditbankka aylantirilgan) va boshqa bir nechta tijorat banklari hamda tashkilotlardir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, aholiga hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari korxonalariga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish agentlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘lib hisoblanadi.
«Madad» sug‘urta agentligi, dastlabki tashkil etilgan yillaridayoq, mamlakatimizda tadbirkorlik harakatini qo‘llab-quvvatlashda, ayniqsa kichik biznes subyektlariga «Biznes-fond» tomonidan ajratilgan kreditlarga sug‘urta kafolatlarini berish hamda ularni imtiyozli tariflar asosida sug‘urta qilishda muhim rol o‘ynadi. Hozirgi kunda ushbu agentlik respublikamizning barcha viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z filiallariga ega. Agentlikda yuqori malakali mutaxassislarning mavjudligi sug‘urta faoliyatini muntazam takomillashtirib borish, yangi sug‘urta xizmatlarini joriy etishda katta omil bo‘layapti.
O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatiga tobora integratsiyalashuvi, o‘z navbatida, sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish darajasini xalqaro andozalarga moslashtirishni talab etadi. Shuningdek, vatanimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan chet el investitsiyalarini sug‘urtaviy himoya qilish va chetga eksport qilinayotgan mahsulotlarni siyosiy hamda tijorat risklaridan sug‘urta qilish tizimini yaratish o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Buni e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 1997-yilning 18-fevralida «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Ushbu hujjatga ko‘ra, sobiq «O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi negizida tashkil etilgan yangi tashkilotning ustav kapitali 60,0 mln AQSh dollari miqdorida belgilandi. Bugungi kunda uning ustav kapitali to‘liq shakllantirilgan. Kompaniyaning asosiy muassislari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidir.
1997-yilning 14-martida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etilgan «Kafolat» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi haqida ham iliq gaplarni aytish mumkin. Bu kompaniya sug‘urta operatsiyalari hajmi va ustav kapitali miqdori jihatidan respublikamizdagi yirik sug‘urta tashkilotlari tarkibiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida» 1998-yil 8-iyuldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlat sug‘urta nazorati funksiyasi yuklatildi va shu munosabat bilan uning markaziy apparatida Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi tashkil etildi.