3. MAVZUGA OID MANBALAR BAZASINI YARATISH. Foydalaniladigan adabiyotlarning bazasini yaratishda va ularni o‘rganishda talaba tomonidan ijodiy yondashish talab etiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, Vazirlar mahkamasining qarorlari, mavzuga oid vatanimiz va chet el olimlari, mutaxassislar tomonidan chop etilgan ilmiy asarlarga chuqur e’tibor berish talab etiladi, shuningdek, mavzuga oid tadqiqotlar, sohaga oid ilmiy nashrlar, gazeta va jurnallar bilan tanishish, undagi materiallar va ma’lumotlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
4. KURS ISHINI BAJARISHNI REJALASHTIRISH.
Kurs ishini bajarishga kirishish yetarli darajada adabiyotlar bazasi shakllantirilgandan keyin uning rejasini tuzishdan boshlanadi. Kurs ishi rejasi talaba tomonidan “Menejmentga kirish” fanini o‘rganishi davrida olgan bilimlariga tayangan holda va to‘plagan materiallar asosida tuziladi va kurs ishi rahbari tomonidan tekshiriladi.
Kurs ishi bo‘yicha tayinlangan rahbar o‘ziga biriktirilgan talabaning kurs ishini bajarish bo‘yicha topshiriq beradi va ishni bajarilishi bo‘yicha kalendar grafik tuzadi, belgilangan grafik asosida talaba tomonidan bajarilayotgan ishni doimiy nazorat qilib boradi va bu haqda kafedra yig‘ilishlarida hisobot berib boradi.
5. KURS ISHINING TUZILISHI VA MAZMUNI.
Kurs ishini bajarishda mavzu bo‘yicha ko‘riladigan masalalarning tasdiqlangan rejaga mos kelishi va qo‘yilgan masalani to‘la yorita olishiga alohida e’tibor berish talab qilinadi. Kurs ishini mazmun va mohiyati to‘la ochib berilishi uchun, u tegishli boblardan iborat bo‘ladi.
Kurs ishi tuzilishining maqbul ko‘rinishi quyidagicha:
Kirish. I bob. Nazariy qism. II bob. Tahlil qismi. Xulosa. Foydalanilgan adabiyotlar va manbalar ro‘yxati. Ilovalar. Kurs ishining kirish qismida kurs ishi mavzusining dolzarbligi, mohiyati, amaliy ahamiyati, ilmiy yangiligi, malakaviy ishda ko‘rib chiqiladigan muammolar, ishning maqsad va vazifalari yoritiladi.
Kurs ishining birinchi bobida kurs ishi mavzusini nazariy jihatdan to‘liq yoritib berish kerak. Bunda kurs ishi mavzusiga oid ilg‘or tajribalar va ilmiy tadqiqot yangiliklari keltirilishi zarur.
Kurs ishining ikkinchi bobida tanlangan mavzu bo‘yicha ilg‘or korxona(firma)lar tahlili keltiriladi, zarur holatda boshqa tarmoq yoki xorijiy davlatlar firmalari bilan solishtirma tahlil ishlari amalga oshirilishi mumkin.
Kurs ishining xulosa qismida ish mazmuni bo‘yicha ishlab chiqilgan xulosalar va aniq takliflar, erishilgan natijalar mujassamlashtiriladi va bu tavsiya va takliflar, ularni qay darajada qo‘llash hamda uning natijasida kanday ijobiy samaraga erishish mumkinligi va boshkaruv jarayonini takomillashtirish yo‘llari ko‘rsatiladi.