11 Mavzu O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
O‘zbekiston Respublikasig Oliy Majlisining davlat hokimiyati tizimidagi o‘rni va vazifasi deganda nima tushuniladi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi jahon miqyosida olinadigan bo‘lsa - parlamentdir.
Konstitutsiyaning beshinchi bo‘limidagi XXIII bob “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi” – deb nomlanib, uning moddalari Oliy Majlis faoliyatini tartibga soladi. Konstitutsiyaning 91moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi” - deyilgan.
Oliy Majlis ikki palatadan, Qonunchilik palatasi - quyi palata, Senat yuqori palatadan iborat.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan.
Qonunchilik palatasining bir yuz ellik deputati hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.
Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Siyosiy partiyalar deputatlikka bir yuz ellik nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir. Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.
Ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerak.
Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Senatning to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Senatning vakolat muddati — besh yil.
Savol: O‘zbekiston Respublikasida parlament islohotlari qanday bosqichlarda amalga oshirildi? Qanday ijobiy natijalarga erishildi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning tarkibiy tuzilishi qanday?
Oliy Majlis ikki palatadan, Qonunchilik palatasi - quyi palata, Senat yuqori palatadan iborat.
Spikeri – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘z tarkibidan saylanuvchi Qonunchilik palatasining rahbari.
Senat raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanuvchi Senat rahbari.
Qo‘mita –Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun o‘z vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan yoki Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun o‘z vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan saylanuvchi tuzilmadir (87-modda).
Komissiya – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, zarurat bo‘lgan taqdirda, muayyan vazifalarni bajarish uchun deputatlar, senatorlar orasidan tuzadi.
Qonunchilik palatasi Kengashi – Qonunchilik palatasining faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Qonunchilik palatasi Kengashi tuziladi.
Deputatlar birlashmalari – Qonunchilik palatasi deputatlari siyosiy, professional va boshqa asosda fraksiyalar va deputatlar guruhlari shaklida tuzishladigan birlashmalar.
Senat Kengashi – Senatning faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning tarkibiy tuzilishi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunilarida belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida o‘tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta o‘tkaziladi.
Savol: Qanday holatlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlislari o‘tkaziladi? Fikringizni qonun hujjatlari va amaliy misollar bilan yoritib bering?
Palatalarning birgalikdagi va mutlaq vakolatlariga nimlar kiradi?
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari 94-moddasida belgilangan. Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari amalga oshirish jarayonida qarorlar qabul qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari 95-moddasida belgilangan. Senat mutlaq vakolatlari amalga oshirish jarayonida qarorlar qabul qilishi mumkin.
Palatalarning birgalikdagi va mutlaq vakolatlarini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni bilan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida qonunchilik jarayoni qanday bosqichlardan iborat?
Birinchi bosqich – qonunchilik tashabbusi (huquqi) – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi. Ushbu faoliyat O‘zbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqich – Qonunchilik palatasi tomonidan qonunni qabul qilish - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasi. Ushbu faoliyat O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan amalga oshiriladi.
Uchinchi bosqich – Senat tomonidan qonunni ma’qullanishi - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasi. Ushbu faoliyat O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan amalga oshiriladi.
To‘rtinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun imzolanashi – O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonun bilan amalga oshiriladi.
Beshinchi bosqich – qonunni matbuotda e’lon qilinishi – O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonun bilan amalga oshiriladi.
Savol: Qonunchilik jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati o‘rtasida vujudga keladigan kelishmovchiliklar qay tartibda hal etiladi? Fikringizni qonun hujjatlari va amaliy misollar bilan asoslaab yoritib bering?
Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zosining huquqiy maqomi deganda nima tushuniladi?
Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zolarining huquqiy maqomi – Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zosining Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini qamrab oluvchi tushuncha.
Deputat - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylangan va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
Senator - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga saylangan va “zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Senatga tayinlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati a’zolari maqomiga oid konstitutsiyaviy normalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 88-moddasida mustahkam-langan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati a’zolari maqomiga oid normalar O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati a’zosini chaqirib olish to‘g‘risida”gi Qonunida aks etgan.
Savol: Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zolari qanday holatlarda daxlsizlik huquqidan mahrum etilmasdan turib, ushlab to‘rilishi yoki qamoqqa olinishi mumkin? Fikringzini qonun hujjatlarga asoslanib bayon eting?
Seminar bo‘yicha topshiriqlar:
1. O‘zbekiston Respublikasida parlament islohotlari qanday bosqichlarda amalga oshirildi? Qanday ijobiy natijalarga erishildi?
2. Qonunchilik jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati o‘rtasida vujudga keladigan kelishmovchiliklar qay tartibda hal etiladi? Fikringizni qonun hujjatlari va amaliy misollar bilan asoslaab yoritib bering?
3. Qonunchilik palatasi deputati va Senat a’zolari qanday holatlarda daxlsizlik huquqidan mahrum etilmasdan turib, ushlab to‘rilishi yoki qamoqqa olinishi mumkin? Fikringzini qonun hujjatlarga asoslanib bayon eting?
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bir qator deputatlar guruhi tomonidan Qonunchilik palatasi Reglamentiga o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi kiritildi. Mazkur loyihaga muvofiq Qonunchilik palatasi kengashiga mamlakatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi o‘zgarishlardan kelib chiqib yangi qo‘mitalar tashkil etish, vaqtinchalik komissiyalar tuzish hamda quyi palata qo‘mitalariga ayrim masalalar bo‘yicha quyi palata nomidan qaror qabul qilish vakolati berilishi nazarda tutilgan. Qaror loyihasi tashabbuskorlarining fikriga ko‘ra, mazkur amaliyot bir qator xorijiy mamlakatlar parlamentida keng qo‘llanilayotgan bo‘lib, quyi palata faoliyatini optimallashtirish va samaradorligini oshirishga, uning mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotiga ta’sirini ortishiga xizmat qiladi.
Savol:
1. Ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida muhokama qilib, vaziyatga huquqiy baho bering.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tarkibiy tuzilmalarining shakllanish tartibi, vakolatlari va faoliyatining yo‘nalishlarini ko‘rsating.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga 2014 yilning 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tasdiqlandi va Vazirlar Mahkamasi tarkibini shakllantirildi. Yangi shakllantirilgan Vazirlar Mahkamasining birinchi majlisida Bosh vazir tomonidan Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasidagi vazifalarning qaytadan taqsimoti amalga oshirildi. Vazifalar taqsimotiga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosarlariga o‘zlari rahbarlik qilayotgan kompleksdagi ishlarning ahvoli uchun shaxsan javobgarlik ma’suliyati yuklatildi hamda ushbu taqsimot Vazirlar Mahkamasining majlis bayoni bilan rasmiylashtirildi. Biroq ushbu bayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kelishish uchun taqdim etilganida, ushbu masalaga davlat boshlig‘i tomonidan e’tiroz bildirildi. Asos sifatida Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarning taqsimoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilishi lozimligi alohida ko‘rsatildi.
Savol:
1. Vaziyatga huquqiy baho bering.
2. Ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida muhokama qiling.
Dostları ilə paylaş: |