2 mavzu Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi nazariy asoslari, tarixi va rivojlanishi Konstitutsiyaviy huquq deganda nima tushuniladi?
Konstitutsiyaviy huquq tushunchasi uch xil maʼnoda tushunish lozim: mustaqil huquq sohasi; mustaqil fan; modul
Konstitutsiyaviy huquq boshqa xorijiy mamlakatlardagi kabi Oʼzbekistonda ham huquqni alohida tarmogʼi boʼlib, mamlakatning huquq tizimining tarkibiga kiradi va shu bilan birga u huquq tizimida yetakchi huquq sohasi hisoblanadi.
Mustaqil huquq sohasi sifatida konstitutsiyaviy huquq – shaxs, jamiyat va davlat oʼrtasida vujudga keladigan va davlat hokimiyatini amalga oshirish jarayonida paydo boʼladigan, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan munosabatlarni tartibga soluvchi konstitutsiyaviy huquqiy normalar tizimi (yigʼindisi)dir.
Mustaqil fan sifatida konstitutsiyaviy huquq fani – konstitutsiyaviy-huquqiy meʼyorlar, tamoyillar va muassasa (institut)lar, shuningdek, ular tartibga soladigan yoki tartibga solishi lozim va mumkin boʼlgan ijtimoiy munosabatlarni oʼrganadi.
Modulь sifatida konstitutsiyaviy huquq – konstitutsiyaviy huquq sohasini va fanini oʼrganish maqsadida taʼlim muassasalarining tegishli oʼquv rejalari va oʼquv dasturlarida belgilangan soatlar va mavzular kesimdida dars mashgʼuloti olib boriladigan oʼquv kursi tushuniladi.
Savol: Sizningcha konstitutsiyaviy huquqni yana qanday maʼnolarda tushunish mumkin? Fikringizni huquqshunos olimlar yoki xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy tajribasi bilan asoslang?
Konstitutsiya nazariyasi deganda nima tushuniladi?
Konstitutsiya nazariyasi konstitutsiyaga taʼrifni, konstitutsiyalarning paydo boʼlishi va rivojlanishi, konstitutsiyalarning vazifalari va funktsiyalarini, printsiplarini, turlarini, ishlab chiqish va qabul qilish tartibini, ichki tuzilishi, amal qilishi va muhofazasiga oid nazariy tushunchalarni oʼz ichiga oladi.
“Konstitutsiya” tushunchasi XVIII asr oxirida paydo boʼlib, Konstitutsiyaga juda koʼp taʼriflar berilgan. “Konstitutsiya”ga turli xil taʼriflar berilgan boʼlib, ulardan bir necha misollar keltiramiz.
Birinchi taʼrif: frantsuz davlatshunos olimi J.Byurdoning Konstitutsiyaga bergan taʼrifi: “Konstitutsiya – siyosiy hokimiyatlarni tayinlash, tashkil etish va faoliyat koʼrsatishga oid qoidalar yigʼindisidir”.
Ikkinchi taʼrifda esa ushbu (yuqoridagi) taʼrifga amerikalik olim K.Berd “Fuqarolar erkinliklari” tushunchasini qoʼshadi.
Uchinchi taʼrif sifatida nigeriyalik konstitutsiyashunos B.Nvabuezening taʼrifini berashimiz mumkin: “Konstitutsiya - bu qonun kuchiga ega boʼlgan formal hujjat boʼlib, uning yordamida jamiyat oʼz-oʼzini boshqaradi hamda oʼzining turli idoralari bilan shuningdek, bu idoralarning fuqarolar bilan munosabatlarini oʼrnatadi”.
Konstitutsiya eng muhim oliy yuridik hujjat boʼlib boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi: konstitutsiya davlatning Аsosiy qonunidir; konstitutsiya – oliy yuridik kuchga ega; konstitutsiya alohida tartibda qabul qilinadi va oʼzgartiriladi; konstitutsiya muhim siyosiy hujjatdir; konstitutsiya muhim mafkuraviy hujjatdir; konstitutsiya muhim yuridik hujjatdir; konstitutsiya milliy huquqiy tizimning oʼzagini tashkil etadi; konstitutsiya – huquqiy tarbiya va huquqiy madaniyatning asosi.
Konstitutsiya siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mafkuraviy funktsiyalarini amalga oshiradi.
Konstitutsiya oʼzida demokratizm printsipi, insonparvarlik printsipi, konstitutsiyaning ustunligi printsipi, konstitutsiyani kelajak maqsad, rivojlanishni koʼzlash printsipi, konstitutsiya normalarining toʼgʼridan-toʼgʼri amal qilish printsipi oʼzida aks ettiradi.
Konstitutsiyalar nazariy jihatdan qanday turlarga boʼlish mumkin?
Konstitutsiyalarni turli guruhlarga boʼlish tabiiydir. Har qanday klassifikatsiya konstitutsiyalarni u yoki bu jixatini yaqqolroq, koʼrsatish uchun xizmat qiladi. Turli mamlakatlardagi konstitutsiyalarni turli mezonlarga (kriteriyalarga) asoslanib, har xil guruhlarga (turlarga) boʼlish mumkin.
Birinchidan, konstitutsiyalarni ularning mohiyatiga koʼra quyidagi turlarga boʼlish mumkin:
1. Yuridik Konstitutsiya (formal) - davlatning Аsosiy Qonuni.
2. Ijtimoiy (sotsial) Konstitutsiya (amaliy) - amaldagi real ijtimoiy munosabatlar tartibga solinadi.
1. Tirik Konstitutsiya - АQSh Oliy Sudi bu Konstitutsiyani oʼzgarayotgan ijtimoiy mezonlariga moslab kelmoqda.
2. Fiktiv (soxta) Konstitutsiya - SSSRning 1936 yil Konstitutsiyasi.
1. Moddiy Konstitutsiya - konstitutsiyaviy tuzum va inson huquqlarini tartibga soluvchi qonundir.
2. Formal Konstitutsiya - Аsosiy Qonun boʼlib, alohida tartibda qabul qilinadi va oliy yuridik kuchga ega.
Ikkinchidan, konstitutsiyalarni shakliga koʼra quyidagi turlarga boʼlish mumkin:
1. Yozma konstitutsiyalar.
2. Ogʼzaki (yozilmagan) konstitutsiyalar - Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Butan kabi davlatlar Konstitutsiyalari.
1. Yaxlit konstitutsiyalar - Konstitutsiya matni yaxlit boʼlib, bir vaqtda qabul qilinadi. Masalan, Oʼzbekiston, Rossiya, Braziliya Konstitutsiyalari yaxlit Konstitutsiyalarga misol boʼla oladi.
2. Yaxlit boʼlmagan (noyaxlit) konstitutsiyalar - bunday Konstitutsiyalar turli vaqtda qabul qilingan qonunlardan iborat boʼladi. Masalan, Shvetsiya, Finlandiya, Isroil konstitutsiyalari.
1. Yumshoq konstitutsiyalar - bunday Konstitutsiyalar oddiy qonunlar kabi oʼzgartiriladi. Masalan, Buyuk Britaniya Konstitutsiyasiga 350ga yaqin qonunlar kiradi va oddiy tartibda oʼzgartiriladi.
2. Qattiq konstitutsiyalar - alohida murakkab tartibda oʼzgartiriladi. Masalan, АQSh, Rossiya, Oʼzbekiston konstitutsiyalari.
1. Doimiy konstitutsiyalar. Аksariyat konstitutsiyalar doimiydir.
2. Vaqtinchalik (muvaqqat) konstitutsiyalar - Iroqda 1970 yil Birlashgan Аrab Аmirligida 1971 yildan beri harakatda boʼlgan konstitutsiyalar.
Uchinchidan, konstitutsiyalarni ularni ijtimoiy mazmuniga qarab ham bir necha turga boʼlish mumkin. Hozirgi kunda dunyoda 300 dan ortiq Konstitutsiya bor (federativ davlatlar subʼektlarining Konstitutsiyalari bilan birga). Bu Konstitutsiyalar turli tarixiy davrda qabul qilingan boʼlib, har xil ijtimoiy mazmunga ega.
1. Farb mamlakatlari Konstitutsiyalari.
2. Rivojlanayotgan mamlakatlar Konstitutsiyalari.
3. Oʼtish davri mamlakatlari Konstitutsiyalari.
4. Teokratik davlatlar Konstitutsiyalari.
Konstitutsiyalarning ishlab chiqish va qabul qilish qanday amalga oshiriladi?
Konstitutsiyalarni ishlab chiqilishi turli mamlakatlarda oʼziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Lekin, barcha xorijiy mamlakatlar uchun umumiy boʼlgan qoidalar ham mavjud. Yaʼni barcha mamlakatlarda Konstitutsiyalarni loyihalarini tayyorlashning quyidagi usullari mavjud:
1. Loyiha maxsus konstitutsiyaviy komissiyalar tomonidan tayyorlanadi.
2. Loyihalar siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari tomonidan taqdim etiladi.
3. Loyiha parlament yoki hukumat tomonidan tayyorlanadi.
4. Loyihani tayyorlashda, sobiq mustamlaka mamlakatlar faol ishtirok etadi. Masalan, Buyuk Britaniya oʼzining sobiq mustamlaka davlatlarida ularning Konstitutsiyalarini tayyorlashda qatnashgan.
Loyiha Konstitutsiyaviy taʼsis majlisi tomonidan tayyorlanadi. Bunga Italiya (1947 yilgi), Braziliya (1988 yilgi), Rossiya (1993 yilgi) Konstitutsiyalari misol boʼla oladi.
Shuningdek, dunyo mamlakatlarining hayotiy tajribasi shuni koʼrsatadiki, Konstitutsiyalar turli davlatlarda turlicha qabul qilinishi mumkin:
1. Konstitutsiya hokimiyatining oliy vakillik organi tomonidan ishlab chiqiladi va ayrim hollarda umumxalq muhokamasidan oʼtgandan soʼng qabul qilinadi
2. Konstitutsiya maxsus taʼsis etilgan davlat organi tomonidan ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. (Xitoy, Mozambik, Vetnam va Gruziyada Taʼsis yigʼilishi tomonidan qabul qilinadi).
3. Referendum yoʼli bilan bevosita xalq tomonidan qabul qilinadi. (Frantsiya, Rossiya, Belorusiya, Аljir, Shveytsariya va Filippinda).
4. Koʼpgina rivojlanayotgan mamlakatlarda konstitutsiyalar hadya etish yoʼli bilan ham qabul qilinadi. (Nepal (1962), Saudiya Аrabistoni (1992) Konstitutsiyalari.
Konstitutsiyaga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish parlament tomonidan, referendum yoʼli bilan, ayrim mamlakatlarda davlat boshligʼi tomonidan kiritilish mumkin. Konstitutsiyaga oʼzgartirish kiritishning alohida murakkab tartibi uni barqarorligini taʼminlashga qaratilgandir. Shu bilan birga Konstitutsiyaning ayrim qismlari umuman oʼzgartirilishi mumkin emas. Masalan, Fransiyada respublika boshqaruv shakli, Germaniyada davlatning federativ tuzilishi, Braziliyada hokimiyat vakolatlarini taqsimlash printsipi oʼzgartirilishi mumkin emas.
Аyrim davlatlarda Konstitutsiyaning ayrim boblari oʼzgartirilishi mumkin emas. Masalan, Rossiya Konstitutsiyasining 1, 2 va 9 boblari oʼzgartirilishi mumkin emas.
Koʼpchilik davlatlarda Konstitutsiya moddalarini oʼzgartirish uchun mutlaq koʼp ovoz olish kerak (odatda 2/3). Federativ davlatlarda federatsiya subyektlarining koʼpchiligi (Rossiyada 2/3 qismi, АQShda 3/4 qismi) roziligini (ratifikatsiya qilishi) talab etiladi. Hindiston, Kanada, Pokistonda esa federatsiya subyektlarining roziligi talab qilinmaydi.
Аyrim hollarda (Skandinaviya mamlakatlarida) Konstitutsiyaga oʼzgartirishlar kiritish uchun albatta, referendum chaqirilishi, ba‘zi esa davlatlarda (Italiya) oʼzgartirishlar kiritish uchun parlament 2 palatasining mutlaq koʼp ovozini olish kerak.
Unchalik muhim boʼlmagan oʼzgartirishlar oddiy koʼpchilik ovoz bilan kiritilishi mumkin (Hindiston). Vengriyada Konstitutsiyaga oʼzgartirish kiritish tartibi referendum yoʼli bilan amalga oshirilishi mumkin emas.
Baʼzi hollarda esa Konstitutsiyaga oʼzgartirish kiritishni qonun tashabbusiga ega boʼlgan barcha subyektlarning oʼzlarigina taklif eta olmaydilar. Masalan, Gretsiyada Prezident va parlamentning 150 deputati roziligi bilan, Аvstriyada boshqa subyektlar bilan birga xalq tashabbusi, yaʼni 100 ming imzo bilan, Italiyada 50 ming imzo bilan oʼzgartirishlar taklif qilinishi mumkin.
Konstitutsiyani bekor qilish tartibi har bir mamlakatda turlicha boʼlishi mumkin. Konstitutsiyani bekor qilish davlat tuzumining oʼzgarishi, obyektiv reallikda vujudga kelgan hodisalar (davlat toʼntarishi, siyosiy rejimning amaldagi Konstitutsiyaviy tuzumning oʼzgarishi) sabab boʼlishi mumkin. Mamlakatda Yangi Konstitutsiyani qabul qilinishi natijasida avvalgi Konstitutsiya oʼz kuchini yoʼqotadi.
Odatda, Konstitutsiyani urush yoki favqulodda holat davrida qayta koʼrish mumkin emas. Meksikada Konstitutsiya umuman oʼzgartirilmaydigan hujjat sifatida qaraladi.
Аyrim mamlakatlar Konstitutsiyalarida Konstitutsiyani bekor qilish muddati belgilab qoʼyilishi mumkin. (Masalan Belgiya).
Konstitutsiyalar ichki tuzilishi qanday qismlardan iborat?
Konstitutsiyalarining tuzilishi asosan qoʼyidagi qismlardan iborat boʼladi: muqaddima, asosiy qism, xulosa, qoʼshimcha va ilovalar.
Muqaddimada odatda, Konstitutsiya maqsadlari bayon qilinadi, uning yuzaga kelishining tarixiy shart-sharoitlari tavsiflab beriladi, baʼzan esa huquqlar va erkinliklar yoxud davlat siyosatining rahbariy ibtidolari eʼlon qilinadi. Konstitutsiyaning ushbu qismi siyosiy va gʼoyaviy nuqtai nazardan juda muhimdir.
Muqaddimadagi qoidalar huquqiy normalar boʼlib hisoblanmasada, boshqa qoidalarni sharhlash va qoʼllashda normativ ahamiyatiga egadir, yaʼni Muqaddimalar Konstitutsiya normalar sharhlanishi lozim boʼlgan yoʼnalishlarni koʼrsatib beradi.
Konstitutsiyaning Аsosiy qismida huquq va erkinliklar, ijtimoiy tuzum asoslari, davlat organlarining tizimi va statusi (darajasi) davlat timsollari, Konstitutsiyaga oʼzgarishlar kiritish tartibi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasidagi normalar beriladi. Davlat organlari statusi toʼgʼrisidagi normalar odatda hokimiyatning taqsimlanishi printsipiga mos ravishda beriladi; koʼpincha avval parlament toʼgʼrisidagi, undan keyin sud hokimiyati toʼgʼrisidagi va nihoyat mahalliy hokimiyatning tashkil etilishi toʼgʼrisidagi normalar beriladi. Baʼzan esa butunlay boshqacha tartib ham koʼzga tashlanadi. Masalan, Ispaniya Konstitutsiyasida avval boshida davlat boshligʼi toʼgʼrisidagi, soʼngra esa Konstitutsiyaviy adliya organlari toʼgʼrisidagi normalar berilgan. Baʼzan normalarning berilish tartibi davlatdagi baʼzi organlarning boshqalariga nisbatan ustuvorroq nufuzga ega ekanligini koʼrsatadi. Masalan, Frantsiya Konstitutsiyasining Аsosiy qismida avvalo Respublika Prezidenti toʼgʼrisidagi, ikkinchi oʼrinda hukumat toʼgʼrisidagi normalar berilgan.
Xulosa qism esa, davlat hokimiyatining davomiyligini taʼminlashga qaratilgan boʼladi. Xulosaviy qoidalarda turli normalar boʼlishi mumkin. Odatda, xulosada Konstitutsiyaning kuchga kirish tartibi, hokimiyatning yangidan tashkil etilayotgan organlarning tashkil etilish muddatlari, organik va boshqa Qonunlar chiqarilish muddatlari, Konstitutsiyalarni bekor qilish tartibi koʼrsatiladi. Dunyodagi ilk konstitutsiya 1789-yil AQShda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqil davlat sifatida bir qancha tarixiy bosqichlarni bosib o‘tib o‘z konstitutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish zarurati to‘g‘risidagi g‘oya XII chaqiriq Oliy Kengashning 1990 yil martida bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasida yangragan edi.
Shuningdek, 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasi, yangi Konstitutsiya yaratish uchun ham asos bo‘ldi. Deklaratsiya qabul qilingan Oliy Kengash sessiyasida shu hujjat prinsiplari asosida yangi Konstitutsiya ishlab chiqish zarur degan xulosaga kelindi va Birinchi Prezident I.Karimov raisligida
64 kishidan iborat Konstitutsiya loyihasini tayyorlash uchun kommisiya tuzildi. Komissiya keng vakillik xarakteriga ega bo‘lib, uning tarkibiga deputatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, Toshkent shahri vakillari, davlat, jamoat tashkilotlari, korxonalar, xo‘jalik rahbarlari, taniqli huquqshunoslar, olimlar, mutaxasislar kiritildi. Konstitutsiya loyihasini tayyorlovchi kommisiyaning birinchi majlisida kommisiya a'zolari va yetakchi mutaxasislardan tashkil topgan,
32 kishidan iborat ishchi guruh tuzilib, ishchi guruh oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:
-konstitutsiyaviy rivojlanishning jahon tajribasini o‘rganish;
-boshqa mamlakatlarning inson huquqlari borasida, demokratiya va qonunchilik; borasida qo‘lga kiritgan yutuqlarni hisobga olish;
- keng xalq ommasi diliga yaqin va tushunarli bo‘lgan siyosiy-huquqiy hujjat yaratish.
Ishchi guruhlar harakatlari natijasida uchta konsepsiya ishlab chiqildi:
1) Fanlar akademiyasining Falsafa – huquq instituti konsepsiyasi;
2) Siyosatshunoslik va boshqaruv instituti konsepsiyasi;
3) Prezident devonining yuridik bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiya
Konsepsiyalar orasidan uchinchi konsepsiya asos sifatida olindi va boshqa ikki konsepsiyadagi ahamiyatli, muhim g‘oyalar bilan boyitilib, yagona konsepsiya shakllantirildi va u asosida loyiha tayyorlashga kirishildi. 1991 yil noyabr oyida
158 moddadan iborat birinchi loyiha, 1992 yil bahorda 149 moddadan iborat ikkinchi loyiha, shu yilning bahor faslining oxirlarida 137 moddadan iborat uchinchi loyiha tayyorlandi va bu loyihani matbuotda e’lon qilishdan oldin sentabr oyida
127 moddadan iborat to‘rtinchi loyiha tayyorlandi. Oxirgi yakuniy loyiha umumxalq muhokamasi uchun 1992 yil 26 sentabrda birinchi marta, 1992 yil 21 noyabrda ikkinchi marta matbuotda e’lon qilindi. Konstitutsiyaning umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif – tavsiya va mulohazalar bildirildi. Takliflar asosida loyiha matnining deyarli yarmi o‘zgarishga uchradi, 127 moddadan deyarli 60 tasi tuzatishlarga uchradi, 4 ta modda umuman chiqarib tashlandi. Loyiha har tomonlama o‘ylab, takomillashtirilgandan so‘ng, Konstitutsiyaviy komissiya 1992-yil 7-dekabrda bo‘lib o‘tgan majlisida, uni ko‘rib chiqishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengash sessiyasiga kiritish haqida qaror qabul qildi. Komissiyaning ushbu oxirgi majlisida ham komissiya raisining taklifi bilan loyihaning ko‘plab normalari takomillashtirildi.
1992-yil 8-dekabrda Oliy Kengashning XII chaqiriq XI sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu sessiyada Konstitutsiya loyihasini tayyorlovchi komissiya raisi Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ma’ruza qilib, Konstitutsiya loyihasini yana bir bor deputatlar muhokamasidan o‘tishi lozimligini taklif qilib, sessiyada loyihaga yana 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimcha, aniqliklar kiritildi. Ayrim takliflar asosli tarzda rad etildi. Loyihaning har bir moddasi, bobi, bo‘limlari alohida-alohida muhokama qilinib, tegishli asosli takliflar inobatga olinib, o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, qabul qilinish uchun ovozga qo‘yildi. Deputatlar yakdillik bilan Muqaddima,
6 bo‘lim, 26 bob va 128 modaddan iborat Konstitutsiyani qabul qildilar.
Keyinchalik davlatimizning rivojlanishi, jamiyat va dunyo ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar natijasida konstitutsiyamizga bir qancha o‘zgarishlar kiritilib borildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 6 noyabrda inauguratsiyaga bag‘ishlangan marosimda Konstitutsiyani takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqishga e’tibor qaratib: «agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak» degan taklifni ilgari surdilar.
2022 yil 7 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabriklarida: “Dunyo miqyosida “Yangi Oʻzbekiston” degan ibora paydo boʻlib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora ortib bormoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash bu boradagi islohotlarimiz markaziga olib chiqilmoqda. Bu jarayonda siz, aziz vatandoshlarimiz – turli kasb va ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif, fikr va mulohazalar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi va Bosh qonunimiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻladi” deya ta’kidlab o‘tdilar.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan 2022 yil 20 mayda Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va bu komissiya tarkibi hamda vazifalari Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida belgilab berildi. Komissiya tarkibiga deputatlar, senatorlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritilib, Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, loyiha bo‘yicha fuqarolarning takliflari 2022 yil 20 maydan – 2022 yil
1 avgustga qadar bo‘lgan muddatda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha fuqarolarning Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushgan 117 mingdan ortiq takliflari xalqimizning bosh Qomusimizni yangilash islohotiga befarq emasliklarini isbotladi.
Konstitutsiyaviy komissiya xulosasi, o‘zbek xalqining taklif va tavsiyalari inobatga olinib, 2023 yil 10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yilishi va Referendum 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi. Referendumda ovoz berishda ishtirok etgan 16 667 097 nafar fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 15 034 608 nafari yoki 90,21 foizi referendumga qo‘yilgan “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?” degan masalaga “Ha” deb yoqlab ovoz berdi va Referendum natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinib 2023 yil 1 maydan kuchga kirdi. Tuzilishi 6 bo‘lim, 27 bob, 155 moddadan iborat bo‘ldi va yangi tahrirdagi konstitutsiya moddalar soni bo’yicha 128 tadan 155 taga, normalar soni bo‘yicha esa 275 tadan 434 taga ko‘payib Konstitutsiya matni 65% ga yangilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘lib xizmat qildi.