FRANTSIYA DIREKTORIYA, KONSULLIK VA 1-IMPERIYA DAVRIDA.
1795 yilda Termidorchilar Konventi Yangi Konstitutsiyani, Respublika III yili Konstitutsiyasini qabul qildi (1793 yilda qabul qilingan inqilobiy kalendar bo’yicha 1792 yil Respublikaning I yili deb qabul qilingan edi). Bu Konstitutsiya respublikani saqlab qolgan bo’lsada, uning asosiy yutuqlaridan biri – umumiy saylov huquqini yo’q qildi. Bu Konstitutsiya xususiy mulkdorlar huquqlarini e’lon qildi. Konvent o’rniga Oqsoqollar kengashi (250 odam) va Besh yuzlar Kengashi saylandi. Bu ikki palata qonunchilik hokimyatiga ega edi. Qonunchilik hokimyati 3 direktordan iborat ijroiya hokimyatini – Direktoriyani sayladi. Diretoriyaning siyosati asosan inqilob davrida boylik to’plagan moliyachilar va sanoatchilar guruhlarining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan edi. Direktoriya tarkibi uning faoliyati davomida (1795 yil 4 bryumer – 1799 yil 18 bryumer) bir necha marta o’zgargan bo’lsa ham shahar va qishloq kambag’allarining ahvoli yaxshilanmadi. Direktoriya siyosatidagi ziddiyatlilik va harbiy muvaffaqiyatsizliklar, tashqi dushman xavfi Frantsiyadagi boy qatlamlarni tashvishga solib qo’ydi. 1799 yil 18 bryumerda (9 noyabr) Yakobinchilar isyoni to’g’risidagi mish-mishlar Qonunchilik korpusi binosiga etib keldi. Korpus majlisi shahar tashqarisidagi Sen-Klu saroyiga ko’chirildi va Napoleon shu yerga etib keldi.Napoleon Direktoriyaning 2 a’zosi – Siyes va Roje Dyuko bilan davlat to’ntarishini amalga oshirish haqida oldindin kelishib oldi. Napoleon askarlari Majlislar binosini o’rab oldi. Napoleon zalga kirib Besh yuzlar Kengashidan Konstitutsiyani o’zgartirishni taklif etdi. Lekin deputatlar Napoleon Bonapartni «Yo’qolsin tiran» degan chaqiriqlar bilan qarshi olib, uni zaldan chiqib ketishini talab qildilar. Shunda majlisga raislik qilayotgan Napoleonning ukasi Lyusen Bonapart askarlar yoniga chiqib, Napoleon Bonapartni urishyapti deb aytadi. Askarlar zalga bostirib kirib, qisqa vaqt ichida norozilarni zaldan chiqarib tashlaydilar. Kengashning zalda qolgan bir qancha a’zolari hokimyatni Bonapart, Roje Dyuko va Siyesdan iborat 3 Konsulga berish haqida dekret qabul qildilar. Napoleon Bonapart birinchi Konsul bo’ldi, hokimyat birinchi Konsul qo’lida to’plandi. Napoleon 18 bryumer to’ntarishidan keyin o’z hokimyatini huquqiy jihatdan rasmiylashtirib olishga shoshildi. Yangi Konstitutsiya qabul qilindi, bu masalada plebistsit politsiya nazorati ostida o’tkazildi. 3 milliondan ko’proq frantsuzlar Yangi Konstitutsiyani yoqlab ovoz berdi, 1,5 ming kishi qarshi ovoz berdi. Yangi Konstitutsiya bo’yicha Frantsiya respublika bo’lib qoldi, lekin amalda barcha hokimyat birinchi Konsul qo’lida to’plangan edi. Qonunchilik hokimyati nomigagina Davlat kengashi, Qonunchilik korpusi va Tribunat qo’lida bo’lib, ijroiya hokimyati 10 yilga konsullar qo’liga berilgan edi.
Dostları ilə paylaş: |