Информационный дайджест



Yüklə 44,07 Kb.
tarix17.07.2018
ölçüsü44,07 Kb.
#57000

23.02.2018 =========

Yangiliklar Xabarnomasi

============= № 38






YANGILIKLAR XABARNOMASI №38

O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati

2018-yil 23-fevral



PREZIDENT 1

Turizmmamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni 1

Rasmiy 3

Jasur Aripov Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 3

IQTISODIYOT 3

Bugungi kunda O‘zbekiston oltin, uran, mis kabi bir qator foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘n davlati qatoriga kiradi. 3

MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI 4

O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasining bo‘lajak majlisi to‘g‘risida 4

Ishchi guruhlarning farg‘ona shahridagi uchrashuvi yakunlari to‘g‘risida 4

Tayinlov 4

xalqaro munosabatlar 5

O‘zbekiston – Hindiston ishbilarmonlari biznes-forumi 5

O‘zbekiston Hukumati bilan Quvayt Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi 6

jamiyat 6

2017 yilda jinoyatlar soni 15,7 foizga kamaydi — IIV rahbari 6

А.Каипбергенов

О.Алимов

PREZIDENT

Turizm – mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-fevral kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi.

Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib keldi.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, sayyohlik mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida belgilandi. Prezidentning 2017-yil 16-avgustdagi qarori bilan 2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Joriy yil fevral oyining o‘zida Prezidentning shu sohaga doir 4 ta muhim hujjati qabul qilingani davlatimizning turizm rivojiga yuksak e’tiboridan dalolat bo‘ldi. Ushbu hujjatlar bilan sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko‘plab imtiyozlar, yengilliklar berildi.

Shavkat Mirziyoyev turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini alohida ta’kidlab, mamlakatimizda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim o‘rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Joriy yilning 10-fevralidan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo‘lishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018-yil 1-iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi.

Yig‘ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirish, jahon tajribasini o‘rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Turistlar mamlakatimizga kelgandan so‘ng yashash joyi bo‘yicha 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi ularga noqulaylik tug‘dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o‘rinlari ochamiz desak, turistga shart qo‘yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda 2017-yilda O‘zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko‘rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko‘rish, davolanish, o‘qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etishi ta’kidlandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, turizmning barcha istiqbolli yo‘nalishlarida sayyohlar sonini ko‘paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5 yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.

Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha natijali ish olib borilmayapti.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ularga muvofiq, aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo‘lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Chet el tajribasini o‘rganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo‘llanadi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi.

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko‘rsatiladigan xizmat turlarini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko‘paytirish, shu bilan birga, bu yo‘nalishda xususiy joylashtirish obyektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo‘llar bo‘yida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Madaniy meros obyektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko‘paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan “Duty Free”, “Tax Free” tizimidagi savdo shoxobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand siti” turistik zonalari tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Videoselektor yig‘ilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Xalqimiz, ayniqsa, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va kam ta’minlangan oilalar vakillarining mamlakatimiz hududlariga sayohatlarini an’anaga aylantirish, tashkilotlar kasaba uyushmalari mablag‘larida sayohat uchun xarajatlar ulushini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ziyorat turizmi bo‘yicha mamlakatimizning salohiyati juda yuqori. Bu yo‘nalishda zarur qulayliklar yaratish maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tarkibida Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etildi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar uchun vizasiz rejim joriy qilindi.

Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlardan to‘la foydalanilmayotgani, bir qator ziyoratgohlar qarovsiz ahvolda ekani qayd etildi.

Yurtimizda islom dunyosida tan olingan allomalarning maqbaralari, tabarruk qadamjolar ko‘p, dedi Shavkat Mirziyoyev. Masalan, turli viloyatlarda Naqshbandiya tariqatini targ‘ib qilgan 12 ulamoning qabri bor. Biz hozir ularning 8 tasi, ya’ni Buxorodagi “Etti pir” va Samarqanddagi “Xo‘ja Ahror Valiy” ziyoratgohlarini obod qilyapmiz. Lekin Surxondaryodagi Muhammad Zohid Buxoriy, Alovuddin Attor va Qashqadaryodagi Muhammad Darvesh, Muhammad Imganakiy maqbaralari ta’mirga muhtoj.

Shundan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimlariga ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularga olib boruvchi yo‘llar holatini yaxshilash, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston turizm brendini xorijda targ‘ib qilish masalasi ham tahlil qilindi.

Mamlakatimiz investitsiya, savdo va turizm salohiyatini o‘zaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi ta’kidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga O‘zbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targ‘ib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli ko‘rsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi.

Xorij davlatlaridagi elchilar mamlakatimiz, milliy qadriyatlarimizning targ‘ibotchilari bo‘lishi, bunga chet eldagi vatandoshlarimiz ham hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi. Turizm rivoji uchun zarur sharoitlar yaratishga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Soha mutasaddilari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.



(Manba: O‘zA)

Rasmiy

Jasur Aripov Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.


Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Jasur Aripov O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekiston Prezidenti 21 fevral kuni shu haqdagi qarorni imzoladi, deya xabar qildi DBQ matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bunga qadar DBQ raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida Baxtiyor Raimov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

(Manba: Gazeta.uz)

IQTISODIYOT

Bugungi kunda O‘zbekiston oltin, uran, mis kabi bir qator foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘n davlati qatoriga kiradi.


Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hisobiga mo‘ljallangan 7 yangi kon o‘rniga jami 26 ta kon: 14 ta yerosti suvi, 5 ta oltin, 3 ta kvars, 1 tadan temir rudasi, volfram, slanets, glaukonit konlari sanoatda o‘zlashtirishga tayyorlangan.

Tadbirda Qo‘mita tomonidan istiqbolda amalga oshiriladigan ishlar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.

2018-2019-yillarda 25 turdagi foydali qazilmalar zaxiralarini ko‘paytirish va geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hisobiga 50 ta yangi kon sanoatda o‘zlashtirishga tayyorlanadi. Ularning 22 tasi oltin, 3 tasi uran, 2 tasi rangli metall va har xil noruda foydali qazilmalardir.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari A.Mavlonovning ta’kidlashicha, tizimda yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida yagona markazlashgan nazorat tizimini amalga oshiruvchi yangi inspeksiya tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Joriy etiladigan yangi tartibga ko‘ra, litsenziya olishda tadbirkorlarga qulay bo‘lishi uchun talab etiladigan hujjatlar hududlarning o‘zida qabul qilinadi. Ilgarigidek, yil boshidagi ochiq savdolar kutilmaydi, 20 kun ichida litsenziya olish imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-aprelidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining yer osti suvlaridan foydalanish uchun ruxsatnomalar berish vazifasi ham Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Natijada tadbirkorlar ikki idoraga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qo‘mitaning hududiy gidrogeologiya stansiyalariga murojaat qilib, 10 kun ichida ruxsatnomaga ega bo‘ladi.

Joriy yilning 1-iyulidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan Qo‘mita ma’lumotlar bazasining boshqa vakolatli davlat organlari va tashkilotlari bazalari bilan elektron bog‘lanishi va ma’lumotlar almashuvi natijasida yerosti boyliklaridan foydalanish sohasida ruxsatnomalar berish jarayoni tezlashadi.

Anjumanda malakali kadrlar tayyorlash, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish borasida ham fikr-mulohazalar bildirildi.

(Manba: O‘zA)

MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI

O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasining bo‘lajak majlisi to‘g‘risida


2018-yilning 24-fevral kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona shahriga keladi.

Hukumat a’zolari, yetakchi iqtisodiy tuzilmalar rahbarlaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisida ishtirok etadi.



(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati)

Ishchi guruhlarning farg‘ona shahridagi uchrashuvi yakunlari to‘g‘risida


2018-yilning 18-22 fevral kunlari Farg‘ona shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumatlari delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining qolgan uchastkalari o‘tish chizig‘i loyihasi yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuv do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik ruhida o‘tdi.

Tayinlov


2018-yilning 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Ergash Shaismatov Toshkentdan Dushanbega jo‘nab ketdi. U ilgari O‘zbekiston energetika xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi lavozimida ishlagan.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati)

xalqaro munosabatlar

O‘zbekiston – Hindiston ishbilarmonlari biznes-forumi


Hindistonning kimyo sanoati va o‘g‘itlar davlat vaziri Mansuh Mandaviya boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralarining biznes-anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning farmatsevtika va kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Hindistonning kimyo sanoati va o‘g‘itlar davlat vaziri M.Mandaviya va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega ekani, o‘zaro manfaatdorlik va amaliy hamkorlik tamoyillariga asoslangan ishonch va hurmat ruhidagi aloqalar bugun barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot, 2017-yilda ShHTning Ostona sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvi yakunlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, turizm, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, qurilish kabi qator sohalarda yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Hindistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, transport va sayyohlik xizmatlari, o‘simlik sharbatlari va ekstrakti, ko‘nchilik xomashyosi eksport qiladi. Hindistondan O‘zbekistonga farmatsevtika va kimyo sanoati mahsulotlari, mexanik va elektron uskunalar, avtomobil ehtiyot qismlari import qilinadi. 2017-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 323 million AQSh dollaridan oshdi.

O‘zbekistonda hind tadbirkorlari sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 100 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, farmatsevtika sohasida “Kuramaks Medikal”, “Novafarm”, “Bravo Farm”, “Ultra Xels Kear” kabi qo‘shma korxonalar tuzilgan. Mamlakatimizda Hindistonning 16 kompaniyasi vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Forum doirasida mehmonlarga mamlakatimizda ishlab chiqarishni erkinlashtirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, erkin va kichik sanoat zonalari, ularda investorlar uchun yaratilgan soliq imtiyozlari va boshqa qulayliklar haqida ma’lumot berildi. Hindiston farmatsevtika va kimyo sanoati kompaniyalari vakillari mamlakatimizning shu sohadagi salohiyati bilan ham atroflicha tanishtirildi.

Yurtimizda 1100 dan ortiq turdagi dorivor o‘simlik mavjud. Ulardan 1 ming 400 dan ziyod xildagi dori-darmon ishlab chiqarilayotir. Olimlar yangi preparatlar yaratish ustida izlanmoqda. Bu ishlab chiqaruvchilarni ko‘paytirish, mahalliy preparatlar tayyorlashni kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

– O‘zbekiston – Hindiston hamkorligida farmatsevtika tarmog‘i alohida o‘rin tutadi, – dedi M.Mandaviya. – Ushbu tashrifdan maqsad farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, birgalikdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etishdan iborat. Biznes-forum kelajakdagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini bergani bilan muhim ahamiyatga ega.

Anjumanda farmatsevtika va kimyo sanoati sohasidagi aloqalarni faollashtirish, shu orqali savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Hindiston kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etish kabi masalalar muhokama qilindi.

(Manba: O‘zA)

O‘zbekiston Hukumati bilan Quvayt Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi


2018-yilning 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim kuchga kirdi. Hujjat 2017-yil 9-fevralda Al-Quvayt shahrida imzolangan.

Bitim oliy ta’lim va fan sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari (OTM) va tadqiqot markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Hujjatga ko‘ra tomonlar talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi amalga oshiradilar va ular uchun har yili tegishli stipendiyalar ajratadilar, shuningdek, O‘zbekiston va Quvayt OTMlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadilar.

Bitim arab tilini o‘qitish va o‘rganish, manbalarni tadqiq qilish va sharq qo‘lyozmalarini saqlash ishlarida o‘zaro hamkorlikka ko‘maklashadi.

Bitim asosida Quvayt OTMlarida arab tili va adabiyoti o‘qituvchilarining amaliyot o‘tashi orqali hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston OTMlarida arab tili xonalari va kutubxonalarini zamonaviy texnika vositalari hamda arab tilidagi adabiyotlar bilan jihozlashda o‘zaro hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.

Bitimning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.



(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati)

jamiyat

2017 yilda jinoyatlar soni 15,7 foizga kamaydi — IIV rahbari


O‘tgan yili O‘zbekistonda qariyb 74 mingta yoki 2016 yilga nisbatan 15,7 foiz kam jinoyat ro‘yxatga olindi, deya ma’lum qildi ichki ishlar vaziri. 2017 yilda O‘zbekistonda 73,7 mingta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 13 ming 720 taga yoki 15,7 foizga kamayishga erishildi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik 22, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 7,1, nomusga tegish 21,8, bosqinchilik 22,8, talonchilik 21, o‘g‘irlik 6,6, firibgarlik 5,7, bezorilik 37,9, transport vositalarini olib qochish 6,2 foizga kamaydi.

Po‘lat Bobojonovning qayd etishicha, o‘tgan yil davomida respublikadagi mavjud 8973 mahallaning 1079 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi.

Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 9,5 mingdan ortig‘i xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, tarbiyasi og‘ir, ish va o‘qishga joylashmagan yoshlar tomonidan 26,6 mingta jinoyatga qo‘l urilgan. Bunda, maktab o‘quvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilgan.

IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasidagi Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boshqarmasi va uning joylardagi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2017 yilda narkotik moddalar bilan bog‘liq 4806 jinoyatni 4 mingdan ortiq shaxs sodir qilganligi aniqlandi. Ulardan bir tonnadan ortiq turli xildagi narkotik moddalar olindi. Tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 895 holat aniqlandi. Yoshlar orasida «engil narkotik» sifatida ommalashgan, inson ruhiyati va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi psixofaol tibbiy preparatlarni noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan 310 shaxs ushlandi.Ulardan 62,5 ming dona dori vositalari olindi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan 2017 yil mobaynida korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlardan 1426 tasi aniqlandi. Mazkur jinoyatlarning 171 tasi poraxo‘rlik, 109 tasi tovlamachilik, 517 tasi firibgarlik, 125 tasi valyuta bilan bog‘liq qoidalarni buzish, 19 tasi qalbaki pul yasash, 190 tasi talon-torojlik hamda 295 tasi boshqa turdagi holatlardir.

Tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida 407 guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar fosh etilib, jinoyat sodir etgan ikki mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Jinoyatlar natijasida yetkazilgan 45 milliard so‘mlik (O‘R MB kursi 23.02.2018, 1$= 8182,73 so‘m) zarar undirildi.

Po‘lat Bobojonov ichki ishlar organlari o‘z saflarini «o‘z manfaatini davlat va xalq manfatlaridan ustun qo‘yadigan xodimlar"dan tozalash o‘tkazayotganini ham ta’kidladi. 2017 yilda xizmat intizomini buzganligi uchun 8 ming 32 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi. Shundan 230 nafari turli jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.



(Manba: Gazeta.uz)

Ish jarayonida fodalanilganda maba lavhasi qo‘yilishi shart


_______________________________________________________________________



O’zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati


Yüklə 44,07 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2023
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə