O`zbek xalq maqollari
Reja:
Kirish.
Asosiy qism
I.1. Xalq maqollarining janr xususiyatlari
I.2. Xalq iboralarining janr xususiyatlari
I.3.Xalq matallarining janr xususiyatlari
III. Xulosa
IV.Foydalanilgan adabiyotlar
Kirish
Mavzuning dolzarbligi. Xalqimiz boy ma’naviy me’rosining ajralmas bir bo’lagi sifatida yashab kelayotgan maqol, matal va iboralarni o’rganish, ularda aks etgan xalq hayotini, insoniy tuyg’ular tasvirini ko’rsatish har doim dolzarblik kasb etib kelgan. Bu xususida prezidentimizning shunday fikrlari bor: “Ma’naviyati, o’z xalqining tarixini, uning madaniyatini chuqur bilish va tushunib yetishga suyangandagina qudratli kuchga aylanadi.”(Karimov. I O’zbekiston milliy istiqlol iqtisod, siyosat-mafkura. 6 tomlik T.: O’zbekiston. 1996, 80-bet) O’zbek xalq maqollari, matallari va iboralarini qiyosiy o’rganish bugungi kunda adabiyotshunoslik, tilshunoslik, xususan, folklorshunoslikning oldida turgan muhim masalalardan biridir. Yuqorida sanab o’tilganlarning janr xususiyatlarini, ular orasidagi mazmuniy hamda shakliy bog’liqliklarni o’rganish orqali bular orasidagi chegarani ochish mumkin bo’ladi. Agar ushbu bitiruv malakaviy ishi orqali ma’lum maqsadga erishsak, ya’ni janrlar orasidagi o’zaro chegara munosabatini oydinlashtirsak, u holda o’zbek xalq maqollari, matallari va iboralaridagi to’plamlar tarkibida ham o’zgarish yuz beradi. Bunday to’plamlarning tarkibini qayta ko’rib chiqish asosida mavzuning dolzarb ekanligi anglashiladi.
I.1.Xalq maqollarining janr xususiyatlari
Maqol xalq og’zaki ijodining ixcham shaklga, ammo chuqur mazmunga ega bo’lgan janrlaridan biri bo’lib, u xalqning ko’p asrlik hayotiy kuzatishalri, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy tajribalari asosida vujudga kelgan. Shu sababli ham maqollar o’ziga xos tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir maqol kishilarning uzoq yillar mobaynidagi hayotiy tajribalari hamda turmush sharoitlarida necha martalab sinovdan o’tadi.Rus folklorshunosi V. P. Anikin ta’biri bilan aytganda, “Xalq tajribasida bo’lmagan narsa, maqolda ham bo’lmaydi”. Xalq tajribasi esa asta-sekinlik bilan asrlar mobaynida boyib boradi. Maqollar fikrni lo’nda aniq va obrazli bayon etishda nutqimiz uchun zaruriy vosita hisoblanadi. Shuning uchun ham V. G. Belinskiy xalq maqol va matallarini “poeziyaning mohiyati” deb hisoblagan edi.
Tarixiy manbalarda ham, xalq orasida ham xalqimizning aforistik ijodi turli-tuman atamalar bilan nomlanib keladi. Maqol, matal, naql,masal, zarbulmasal, hikmatli so’z, ibora, ta’bir, aforizm, otalar so’zi, ota-bobolardan qolgan so’z, abushqa so’zi, mashoyixlar so’zi, donolar so’zi, donishmandlar so’zi, hikmatlar so’zi, oqinlar so’zi, qadimgilar so’zi burungilar so’zi, ilgari o’tgan yaxshilar so’zi, va boshqalar.1(O’zbek folklori ocherklari. I tom 1988. 85-86 betlar)
O’zbeklarda maqol, tojiklarda zarbulmasal, ruslarda poslovitsa, arablarda (jonli so’zlashuvda) naql, turklarda ata so’zi atamasi bilan yuritiladi. Maqol atamasi arabcha qavlun – gapirmoq, aytmoq so’zidan olingan. Bu janr dunyodagi hamma xalqlar og’zaki ijodida bor bo’lib, hajm, shakl, yaratilishi maqsadiga ko’ra mushtarak hisoblanadi. Hatto nomlanishida ham yaqinlik aniq seziladi. Jumladan, arablarda “qavlun” – gap, so’z ma’nosini ifodalasa, tojiklarning “zarbulmasal” atamalarida misol keltirish, ruslar “poslovitsa” sida so’zlar bilan fikrni ifodalash, turklardagi “ata so’zi” da esa ajdodlar so’zini eslash ma’nosi yetakchi. Mahmud Koshg’ariyning “Devoni lug’otit turk” asarida ham “sav” atamasi otalar so’zini eslash tarzida keltirilgan. Alisher Navoiyda esa maqoldan misol keltirilib “masal” atamasidan foydalanilgan. Xullas, maqol atamasi umumiy mazmun jihatdan “so’z” tushunchasi bilan bog’lanadi. Dunyodagi hamma xalqlar og’zaki ijodida maqollarchalik shaklan va mazmunan o’zaro yaqin janr deyarli yo’q. Filologiya fanlari doktori, professor X. G. Ko’r-o’g’li Safaviylar davri (XV-XVI asr)da turkiy maqollar to’plangani, ammo bu majmuaning yo’qolgani haqida ma’lumot bergan. O’zbek tilidagi hikmatli so’zlar to’plamini 1923-yilda “O’zbekcha otalar so’zi” (to’plovchi va tuzuvchi Mullo Bekjon Rahmon o’g’li) deb nomlashgan bo’lsalar, 1926-yilda “O’zbek maqollari” (to’plovchi va tuzuvchi Sherali Ro’zi) deb atashdi. Shu paytdan “maqol” atamasi janr sifatida keng o’rin oldi, deyish mumkin. Shundan keyin B.Karimov. Sh.Rizo, O’.Azimov, Holmatov, H.Zarif, M.Afzalov, S,Ibrohimov, S.Xudoyberganov, R.Jumaniyozov, M.Ahmadboyeva, E.Siddiqov, T.Mirzayev, K.Imomov, G’.Jahongirov, S.Qosimov, Z.Husainova, B.Sarimsoqov, A.Musaqulov, M.Jo’rayev kabi o’nlab olim va ziyolilar xalq maqollarini to’plash va o’rganishda faol ishtirok etdilar. Ayniqsa, 1987, 1988- yillarda ikki jilddan iborat “O’zbek xalq maqollari” kitoblarining nashr ettirilishi bu sohadagi alohida voqea sifatida ta’kidlash mumkin.
Folklorshunos olimlar maqollar va matallarni o’rganuvchi sohani paremiologiya deb atashadi. Paremiya – yunoncha chuqur ma’noli gap, hikmatli so’z, ibora, maqol, matal ma’nosini beradi. (O.Madayev)
Yevropaning taniqli sharqshunos olimi, professor G. Vamberi XIX asrning ikkinchi yarmida o’lkamizga qilgan safaridan qaytgach, quyidagicha yozgan edi: “…Sharq qadimdan she’riyat tuyg’ulari o’lkasi bo’lib kelgan… Shuning uchun ham o’tovda istiqomat qiluvchi kishilarda she’riyatga bo’lgan ishtiyoq Parij yoki Londondagi ma’lumotli jamiyat a’zolaridagiga qaraganda kuchliroq ekanligiga hech kim ajablanmasligi kerak… O’rta Osiyoda bir-biriga muhabbat qo’ygan yosh oshiq-moshiqlar ham, ruhoniylar va oqsuyaklar ham – xullas, hamma-hamma poetik ijodiyotga bir xilda qiziqadi… Maqollarni yozma tilda ham, jonli tilda ham uchratish, yurt kazolarining saroyida ham, ko’chmanchining o’tovida ham eshitish mumkin… Sahro o’g’loni bunday “otalar so’zi”ni hamma vaqt yuziga jiddiy tus kiritgan holda tinglaydi. Maqol ma’nosiga zid bo’lgan hech qanday oqilona gap, hech qanday ishontiruvchi so’z uning fikriga ta’sir qila olmaydi, uning tabiatidagi tug’ma mutaassiblik hech narsaga ajdodlar va ular qoldirgan hikmatlarning donolik bilan aytilganiga, noto’g’ri aytilmaganiga astoydil, qattiq ishonchidan boshqa hech bir narsada bunchalik kuchli tarzda namoyon bo’lmaydi.” (Hikmatnoma)
Maqollarning janr xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1.Maqollarning hajmi qisqa va cheklangan:
2.Maqollar mazmunan serko’lam va chuqur ma’noni ifodalaydi:
3.Xalq maqollari shaklan she’riy va nasriy bo’ladi. Ammo nasriy
maqollar ham she’riy misralarni eslatadi. Masalan: Ko’za kunda emas, kunida sinadi
4. Maqollarda hayotiy voqea-hodisa haqida qat’iy hukm ifodalanadi. Bu hukm musbat yoki manfiy mazmunda aks etadi.
5.Maqol shaxs hayotidagi xususiy vaziyatni xalq, omma, hayot nuqtai nazardan umumlashtiradi.
6. Maqol matni tilshunoslikda shaxsi umumlashgan gap hisoblanadi.
Mahmud Koshg’ariy “Devoni lug’otit turk ” tadqiqotida dala safarlarida yozib olgan 268 maqol matnini keltirgan. Bu namunalar qatorida biroz o’zgarish bilan yashayotgan quyidagilarni uchratamiz: “Otug’ uzguch birla o’churmas” – O’t alanga bilan o’chirilmas; “Tog’ toqqa qavushmas, kishi kishiga qavushar” – tog’ tog’ bilan uchrashmas, odam odam bilan uchrashar. Ayni paytda “Ot tesa ag’iz kuymas” – o’t degan bilan og’iz kuymaydi; “tulki o’z iniga ursa, uzuz o’lur” – tulki o’z iniga qarab hursa, qo’tir bo’ladi kabilar bugungi kunda unutilgan. Ular o’rniga “Holva degan bilan og’iz chuchimas”, “Vataniga tosh otgan , vatangado bo’ladi” degan maqollar ham bor.
O’zbek tilida maqol so’zi ikki ma’noni anglatadi.
1.Umuman so’z, kalima, nutq ma’nosida. Masalan:
Kremldan keldi sevinch ham shirin maqol
Saodatlik soat ekan el bo’ldi masrur.
2. Xalq og’zaki ijodining janri sifatida.
Maqol so’zi o’zbek tilida juda qadimdan mavjud, chunki bu so’z o’tmish adabiy yodnomalarda ko’p uchraydi. Bu yodnomalarda maqol so’zi yuqorida aytilgan birinchi ma’noda keladi. XIX asr oxirlariga kelib maqol so’zi folklorda shu janrning nomi sifatida ishlatila boshladi. Jumladan, XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida Turkiston o’lkkasida nashr qilingan turli maktab darsliklariva xrestomatiyalarida maqollardan namunalar berilsa ( “maqol”arabchasini yozamiz) sarlavhasi ostida berilgan. Lekin XX asrning yigirmanchi yillarigacha maqol termini umumlashmagan. 20 – yillardan boshlab Hamza, Abdulla Qodiriy va Sadriddin Ayniylarning asarlarida ishlatila boshlangan. Hozirda esa nazm, nasr va drama asarlarida eng ko’p iste’mol qilinadi. Masalan: Yetimning og’zi oshga yetishsa, burni qonar, degan burungilar maqoli bari menim uchun aytilgan tuyulur* (Hamza, Tanlangan sarlar, O’zdavnashr, T., 1949, 162-bet)
Maqol termini bir necha turkiy tillarda: boshqird, qozoq, qoraqalpoq, qirg’iz, turkman , tatar, uyg’ur tillarida uchraydi. Tojik tilida ham bu termin bor. Tojik folklorshunos olimlari maqol termini tojik tilida ruscha “пословица” ma’nosini emas, balki ruscha “поговорка” terminining muqobili bo’la oladi, deb ko’rsatadilar.*(Zarbulmasal va maqolhoy tojikiy. Dushanba, 1960, 13-bet ) maqol so’zi fors tilida ham tojik tilidagi kabi ma’noga ega.
Maqol so’zining ishtirok etishi bilan ham maqollar yaratilgan. Masalan:
So’z ko’rki – maqol, er ko’rki – soqol.
Bu maqol tatar tilida va qozoq tilida ham mavjuddir.* (Muhammadjon Hakimov , Maqol terminlari haqida, O’zbek tili va adabiyoti jurnali , 1965, )
Xalq og’zaki ijodining maqollar janri tarixiy hayot davomida son va mazmun jihatdan boyish xususiyatiga ega. Ya’ni maqollar zamon o’tishi bilan iste’moldan chiqishi va ayni paytda yangi-yangi namunalari vujudga kelishi mumkin.
Maqollarning iste’moldan chiqishida quyidagi omillar sabab bo’ladi:
1.Tarixiy hayotning o’zgarishi. Ijtimoiy hayotda maqolni qo’llash ehtiyojining yo’qolishi oqibatida maqol xalq esidan chiqadi
Omoch seni to’ydirgay,
Omboringni to’ldirgay.
Omoch ishlatish asta-sekin yo’qola borgan sari bu maqol ham iste’moldan chiqqan.
2. Tarixiy so’zlar ishtirokidagi maqollar vaqt o’tishi bilan yo’qoladi.
Qoziga bersang suyar,
Bermasang – so’yar.
3. Ayrim maqollar og’zaki ijodning og’zakiligi belgisi ta’sirida yo’qolishi ham mumkin. Bir avlod qo’llamagan maqol o’limga mahkum.
Xitoy xonining gazmoli ko’p, lekin o’lchamay kesilmaydi.
Ba’zan maqolning bir qismi yashaydi, ikinchisi yo’qoladi.
Ash tatig’i tuz jug’rin jemes.
(Osh tuz bilan totli, lekin lagan bilan yolg’iz tuzning o’zi yeyilmaydi).
Yuqoridagi sabablar maqolning yo’qolishiga olib keladi. Ayni paytda maqollarimiz namunalarining boyish manbalari ham yo’q emas. Ular quyidagilardan iborat:
1.Ijtimoiy hayotdagi o’zgarishlar natijasida yangi maqollar vujudga keladi. Masalan, O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatli so’zini qo’llash ommalashdi. Dastlab bu maqolsifat jumla Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobida Muhammad Payg’ambarimiz (s.a.v) hadisi ekani aytilgan edi. Ammo bu hikmatli so’z xalqimiz orasida ko’p qo’llanmagan. Mustaqillikdan so’ng eng ommaviy maqolga aylanib ketdi.
2. Xalq maqollarining yangi-yangi namunalari xalqlar o’rtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy aloqalarning rivojlanishi natijasida paydo bo’ldi. “Olma og’ochidan olisga tushmas” maqoli “Яблока от яблони далеко не падает” ning tarjimasi. Bugungi kunda bu maqolning kelib chiqishi bizni deyarli qiziqtirmaydi.
3. Yangi maqollarning paydo bo’lishi allomalar, dono adiblar aytgan so’zlar bilan bog’liq bo’ladi. Tarixda biz yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy ijodi bilan tanishar ekanmiz aforizm deb atalmish muallifi aniq dono va hikmatli so’zlarga duch kelamiz. “Oz-oz o’rganib dono bo’lur, qatra-qatra yig’ilib daryo bo’lur” kabi misollar shular jumlasidandir.
Maqollar o’z va ko’chma ma’nolarga ega bo’lishi bilan yana ham diqqatga sazovordir. “Yomon xotin olguncha, bo’ydoq yurgan yaxshiroq”, “Qizi borning nozi bor”, “Quda bo’lguncha, ko’p sinash, quda bo’lgach ko’p siylash” kabi maqollar o’z ma’nosida qo’llanadi. Ayrim maqollar faqat ko’chma ma’noda qo’llanadi. “Shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamas”, “Egrining omochi yerga botmas”, “O’tin ayirgan bolta maydonda qolar” kabi maqollar bilan tanishganimizda, ko’chma ma’no yashiringanini his qilamiz. Bir qarashda “Shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamas” maqoli o’z ma’nosida ham qo’llanadigandek tuyiladi. Ammo bu hikmatli so’zni hech kim o’z ma’nosida deyarli qo’llamaydi. Aslida, hayotda uchrab turadigan turli mish-mishlarning rost ekanligini ta’kidlash maqsadida bu maqolni esga olish odat tusiga kirgan.
Yozma adabiyotda maqollardan foydalanishning uch ko’rinishi mavjud:
1.Xalq maqoli aynan keltiriladi.
Alisher Navoiydan Muqimiygacha, Cho’lpondan O’tkir Hoshimovgacha o’z asarlartida fikrni ixcham va tushunarli ifodalash maqsadida maqol matnidan aynan foydalanganlar.
“Masaldurkim, uyqu o’limdir” (Alisher Navoiy)
“Otning o’limi, itning bayrami” (Abdulla Qahhor)
2. Maqoldagi ayrim so’zlar o’zgaradi, ma’no saqlanadi.
“Otalarda bir so’z bor, eshit og’ajon,
Bosgan izidan qaytmas, o’lsa ham arslon” (Hamza).
Bu misralarda shoir “Arslon izidan qaytmas, yigit so’zidan” maqolidan ijodiy foydalangan.
3. Shoir biror fikrni maqoldagi ma’nodan foydalanib ifodalaydi. Bir qarashda bu fikr mustaqildek ko’rinadi. Fikr yuritsak, adibning xalq maqollaridagi ma’noni o’ziga xos boshqa so’zlar bilan ifodalaganini anglaymiz. Masalan, Alisher Navoiy g’azallaridan birida “O’lturur mahramni sulton ganji pinhon aylagach”, - degan misra bor. Unda xo’jayin, sulton, hokim xazinasini yashirishni mahramiga, ya’ni eng yaqin xizmatlarini bajaruvchi xizmatkoriga buyurishi, xazina biror yerga ko’milganidan so’ng ortiqcha guvohdan qutilish uchun uni o’ldirish aytilgan.
Dostları ilə paylaş: |