Oila psixologiya



Yüklə 290,5 Kb.
səhifə1/2
tarix04.01.2023
ölçüsü290,5 Kb.
#121983
  1   2
12-mavzu


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI JIZZAX FILIALI

OILA PSIXOLOGIYA” KAFEDRASI


BAKALAVR YO‘NALISHI TALABALARI UCHUN “MULOQOT PSIXOLOGIYASI” FANI


12-MAVZU: MULOQOT JARAYONIDA O‘ZARO TA’SIR ETISH USULLARI.



JIZZAX – 2022
12-MAVZU: MULOQOT JARAYONIDA O‘ZARO TA’SIR ETISH USULLARI.
REJA:



  1. Muloqotda liderlik va ustunlik.

  2. Ta’sir etishning kommunikativ-shaxsiy potensiali.

Tayanch tushunchalar: fenomen, liderlik, ustunlik, xulq-atvor, ta’sir ko‘rsatish.
Muloqotning kommunikativ jihatida individlarning o‘zaro ma’lumot almashinishi sodir bo‘ladi. Muloqotning interaktiv jihatida individlar nafaqat bilim va g‘oyalar, balki harakatlar bilan ham o‘zaro ta’sirni amalga oshiradilar. Yanada aniqlik kiritadigan bo‘lsak, muloqot shaxslararo birgalikdagi harakat, ya’ni odamlarning hamkorlikdagi faoliyati jarayonida tarkib topadigan aloqalari va o‘zaro bir-birlariga ta’sirining yig‘indisi sifatida yuzaga chiqadi. Hamkorlikdagi faoliyat va munosabat ijtimoiy qoidalar – odamlarning birgalikdagi harakati va o‘zaro munosabatlarini qat’iyan belgilab qo‘yadigan hamda jamiyatda udum bo‘lgan xulq-atvor namunalari asosida amalga oshiriladigan ijtimoiy nazorat sharoitida yuz beradi. Jamiyat ijtimoiy qoidalar sifatida qabul qilgan, ma’qul topgan, udumga aylangan va tegishli vaziyatda turgan har bir kishidan bajarilishini kutayotgan namunalarning o‘ziga xos tizimini yaratadi. Ularning buzilishi qoidadan chetga chiqadiganlarning xulq-atvori to‘g‘rilanishini ta’minlaydigan ijtimoiy nazorat mexanizmlari (ma’qullamaslik, ta’na qilish, jazolash)ni o‘z ichiga oladi.
Muloqotning pertseptiv jihati muloqot jarayonida o‘zaro bir-birini idrok qilish orqali tushunishdir, ya’ni muloqotning ushbu jihatida bir kishining ikkinchi kishi tomonidan idrok qilinishi, tushunilishi, baholanishi kuzatiladi. Muloqotning mazkur jihatida idrok qilinayotgan odamni idrok qiluvchi o‘zining shaxsiy xislatlari bilan qiyoslash natijasida anglaydi va tushunadi. Idrok qilinayotgan shaxsning o‘rniga idrok qiluvchi o‘z xohishi bo‘yicha mulohaza yuritishi, uni tushunishga intilishi o‘z-o‘zini anglash negizida namoyon bo‘ladi.
Yuqorida qayd etilgandek, muloqot – bu birinchi navbatda axborot bilan bog‘liq noyob hodisa, o‘ziga xos axborot jarayonidir. Umuman olganda, axborot jarayonlari axborotni qabul qilish, saralash, saqlash, uzatish va boshqalardan iborat ijtimoy jarayonlardir. Axborot jarayonlari butun jamiyat organizmini qurshab olib, barcha ijtimoiy tizimlarni qamraganligi, ijtimoiy hayotning har qanday, hatto, eng kichik qismida ham mavjudligi bilan ahamiyatlidir. Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy axborot asosiy turlari ichida axborot almashinuvidan iborat muloqot turi ustunlik qiladi. Insonlar muloqotining chuqur ijtimoiy determinatsiyasi hayot faoliyati va umuman olganda, butun jamiyat rivojlanishi uchun axborot almashinuvining o‘rni qanchalik muhimligidan dalolat beradi.
«Kommunikatsiya» atamasi fanga XX asrning boshida kirib kelgan. «Kommunikatsiya» lotincha communicatio, communico so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, bog‘layman, muloqot qilaman ma’nolarini anglatadi. Ijtimoiy fanlarda kommunikatsiya birgalikda harakat qilish, o‘zaro ta’sir haqidagi ilmiy bilim sohasi hamda ushbu jarayonlar va ularning natijalarini ifodalash uchun qo‘llaniladi. Kommunikatsiya muammolariga tadqiqotchilar, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan keyin qiziqa boshlashdi. Bunga yaqqol misol sifatida 1960-yillar boshiga kelib, falsafa va sotsiologiya ilmiy adabiyotlarida kommunikatsiya tushunchasining yuzdan ortiq ta’riflari mavjud bo‘lganini aytish mumkin. Tasavvur hosil bo‘lishi uchun mazkur ta’riflardan faqat to‘rttasni keltirib o‘tamiz:
«Kommunikatsiya – bu murakkab dinamik tizimlar va uning axborotni qabul qilish, to‘plash, o‘zgartirish imkoniga ega qismlari o‘rtasida axborot almashinuvi».
«Kommunikatsiya – bu axborotni o‘ziga xos almashish, uning emotsional va intellektual mazmunini aks ettirish jarayoni».
«Kommunikatsiya – insonlarning kongitiv va mehnat faoliyati jarayonida o‘zaro munosabatlarga kirishishning o‘ziga xos shakli».
«Kommunikatsiya – noverbal va verbal harakatlar natijasida axborot olish».
Ko‘rinib turibdiki, bu ta’riflarda mazkur fenomenning ayrim jihatlarigagina urg‘u berilgan. Shuning o‘zi kommunikatsiyaning naqadar qamrovi keng va murakkab hodisa ekaniga ishoradir. Kibernetika asoschisi Norbert Viner ta’kidlashicha: «Axborot almashinuvi – bu jamiyatni birlashtiruvchi sement» [3]. Ijtimoiy kommunikatsiya – insonlarning o‘zaro munosabatlarga kirishishning o‘ziga xos shakli bo‘lib, unda axborot uzatish til va boshqa belgilar tizimlari yordamida amalga oshiriladi. Kanadalik sotsiolog Marshal Maklyuen fikricha, kommunikatsiya usulining almashishi tarixning rivojlanish bosqichlarini ifoda etadi. Shunga ko‘ra u insoniyat rivojlanishning quyidagi davrlarini ajratgan:
— og‘zaki kommunikatsiya (bu davrda jamoa doirasida kommunikativ muhit kommunikantlarni bevosita har tomonlama qamrab olgan);
— yozma kommunikatsiya (yozilgan xabarlar vaqt va makon to‘siqlarini kesib o‘tgan);
— nashr-kommunikatsiya (kommunikantlarni yalpi qamrab olishning oshishi, «Gettenberg galaktikasi»ning yaratilishi, ya’ni bosma kitoblar chop etish texnologiyasining ixtiro qilinishi);
— multimedia kommunikatsiyasi (bevosita muloqotga global miqyosda kirishish).
M.Maklyuenning g‘oyasiga binoan, kommunikativ muhit madaniyat xususiyatlarini belgilab beradi. Uning fikricha, zamonaviy madaniyat mazmunan vizual, XIX asr oxiri XX asr boshi madaniyati esa asosan yozma bo‘lgan. Shunday qilib, hozirgi vaqtda sotsiomadaniy kommunikatsiya – bu umume’tirof qilingan tushunchalarda asoslangan, kommuntatorlar o‘zaro munosabatlari mazmuni hamda ularning ijtimoiy muhiti bilan shartlangan xabarlarni almashish bo‘yicha ikki tomonlama jarayon.
Kommunikatsiya muammolarini gumanitar, tabiiy va texnik fanlar vakillari tadqiq qilishadi. Faqat insonlararo emas, balki hayvonlararo, kompyuterlararo, «inson-mashina» va aloqa tizimlarida axborot almashinuvini o‘rganuvchi fanlarning vakillari – kibernetiklar, biologlar, etologlar, semiotiklar axborot almashinuvini “kommunikatsiya” deb ataydilar. Shuningdek, XX asrning 60-yillarida amerikalik sotsiloglar (Lazarsfeld, Lippman, Lassuell, Merton, Maklyuen va boshqalar) o‘z tadqiqotlarida «ommaviy kommunikatsiya» atamasini ham qo‘llay boshladilar. Shu tariqa, kommunikatsiya nazariyasi mustaqil fan sifatida shakllanib borib, o‘zining predmeti, kategoriyalar apparati, o‘z qonuni va tarixiga ega bo‘ldi. U falsafa, sotsiologiya, psixologiya, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik iqtisodiyot va boshqa fanlar bo‘yicha tadqiqotlarning natijalarini o‘zida mujassam qilgan ilmiy bilimning kompleks sohasi hisoblanadi. Kommunikatsiya nazariyasi axborot almashinuvining universal mexanizmlari va qonuniyatlarini o‘rganadi. Shuningdek, uning ommaviy kommunikatsiya nazariyasi, shaxslararo kommunikatsiya nazariyasi kabi tarmoqlari ham mavjud. Kommunikatsiyani amalga oshirish imkoniyati muayyan shartlar bajarilgandagina paydo bo‘ladi. Ular quyidagilar:

  • kommunikativ jarayon uchun kamida ikki tomonning ishtiroki zarur;

  • kommunikatsiya doimo teskari aloqa tamoyiliga tayanadi;

  • kommunikatsiya ma’lum belgilar tizimisiz amalga oshirilmaydi.

Hаr qanday nazariyada bo‘lganidek, kommunikatsiya nazariyasi ham «axborot», «kommunikatsiya», «axborot almashinuvi», «kommunikativ makon» kabi o‘ziga xos tushunchalari (kategoriyalari) ga ega. M.Veber, G.Gadamer, G.Shpetler ilgari surgan kommunikatsiya modelida kommunikatsiyaning asosiy natijasi bu insonning boshqa inson tomonidan tushunilishi, o‘zaro tushunish [4] deb ataladi. Axborot jamiyati nazariyasi vakillari (D.Bell, A.Toffler, G.Maklyuen) kommunikatsiyaga futurologik yondashadilar. Ushbu nazariyada kommunikatsiya vositalari yagona rag‘batlantirish va ijtimoiy rivojlanishning manbai tarzida talqin qilinadi. Axborot bu holda madaniyat va barcha madaniy qadriyatlarning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Kommunikatsiya – bu o‘ziga xos axborot almashinuvi bo‘lib, uning natijasida jo‘natuvchidan qabul qiluvchiga intellektual va emotsional axborotni uzatish jarayoni kechadi. Kommunikativ jarayonning turli modellari mavjud. Misol uchun, Aristotel kommunikatsiya jarayonining uchta (notiq – nutq – auditoriya) komponentini ajratgan bo‘lsa, zamonaviy variantda u «kommunikator – xabar – kommunikant» ko‘rinishiga ega. Axborot almashinuvi kommunikatsiyaning ham, muloqotning ham markaziy xususiyati ekanligi tufayli bu kategoriyalarni tushuntirish, izohlash borasida, tabiiy ravishda, xilma-xilliklar kelib chiqdi va bir qator yondashuvlar paydo bo‘ldi. Birinchi yondashuv mazmunan ikki tushunchani ma’no jihatdan aynanlashtirishdan iborat. Bu yondashuv yuzaga chiqishiga yetakchi psixolog va faylasuflar L.C.Vigotskiy, V.N.Kurbatov, A.A.Leontevlar katta hissa ko‘shgan. Qator qomusiy va izohli lug‘atlarda «kommunikatsiya» atamasi «xabar yo‘li, muloqot» deb talqin qilingan.
Ukrainalik tadqiqotchi, muloqot nazariyasi sohasida taniqli mutaxassis Yu.D.Prilyuk tarixiy-lingvistik tadqiqotlar asosida ushbu atamalarning dastlabki va hozirgi ma’nolarini etimologik va semantik jihatdan bir-biriga yaqin, shuning uchun «jamiyatda axborot almashinuvi»ni bildiruvchi tushunchalar sifatida ular o‘zaro tengdir, degan to‘xtamga keladi. Shunga o‘xshash fikrlarni T.Parsons va K.Cherri kabi etakchi xorijiy olimlar ham bildirishgan. Ikkinchi yondashuv «kommunikatsiya» va «muloqot» tushunchalarini farqlash bilan bog‘liq. Taniqli faylasuf M.S.Kagan fikricha, kommunikatsiya va muloqot kamida ikki jihatdan farqlanadi. Birinchidan, «muloqot amaliy, moddiy va ma’naviy axborot almashinuvidir va u amaliy-ma’naviy xarakterga ega, kommunikatsiya esa … u yoki bu xabarlarni uzatish bilan bog‘liq sof axborot jarayonidir»[5]. Ikkinchidan, ular o‘zaro munosabatga kirishayotgan tizimlarning aloqa xossalari bo‘yicha bir-biridan ajralib turadi. Kommunikatsiya subyekt-obyekt aloqasi bo‘lib, unda subyekt ma’lum axborotni uzatadi, obyekt esa axborotning passiv qabul qiluvchi sifatida namoyon bo‘ladi, uning vazifasi axborotni qabul qilish, tushunish, yaxshi anglash va shu axborotni inobatga olib, harakatlanishdan iborat. Shunday qilib, M.S.Kagan fikricha, kommunikatsiya bir tomonga yo‘naltirilgan jarayondir[6]. Muloqot esa, aksincha, subyekt-subyekt aloqasi bo‘lib, unda «xabarlar jo‘natuvchisi va qabul qiluvchilar yo‘q, balki suhbatdoshlar, umumiy faoliyat ishtirokchilari bor». Muloqotda axborot sheriklar o‘rtasida harakatlanadi, demak, muloqot jarayoni kommunikatsiyadan farqli ravishda ikki tomonlama yo‘naltirilganlik xarakteriga ega[7].
Yirik psixolog olim G.M.Andreyevaning fikricha, muloqotni kommunikatsiyaga qaraganda kengroq kategoriya sifatida talqin etib, muloqot tuzilmasida uchta o‘zaro bog‘langan jihatlarni ajratishni taklif qiladi[8]. A.V.Sokolov muloqot kommunikativ faoliyatning shakllardan biri, bu shakllar kommunikatsiyaga kirishayotgan sheriklarning maqsadlariga qarab bir-biridan farqlanadi, deya mazkur fikrga qarshi chiqadi[9]. Yana bir yondashuv bo‘yicha muloqot jamiyatdagi barcha axborot jarayonlarini qamrab olmaydi, degan fikrni ilgari suruvchi olimlar guruhi mavjud. Vaholanki, axborot jarayonlari jamiyat organizmini, barcha ijtimoiy tizimostilarni qamrab oladi va ijtimoiy hayotning har qanday, hatto, eng kichik qismida ham mavjud, shu bilan birga, ular hamisha ham so‘z, nutq yoki matn shaklida bo‘lmasligi mumkin. Aslida, verbal(so‘z) shaklidagi xabarlar jamiyatda axborot almashinuvining kichik bir ulushini tashkil qiladi, qolgan vaziyatlarda axborot almashinuvi tildan foydalanmasdan amalga oshiriladi hamda axborot tashuvchilari sifatida noverbal signallar (mimika, intonatsiya, harakatlar va h.k.), shu bilan birga, madaniyatning moddiy shakllari, buyumlar xizmat qiladi. Madaniyatning moddiy shakllari axborotni ham makon, ham zamon bo‘yicha uzatishga imkon beradi. Aynan shuning uchun muloqot insonlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni o‘rnatish va ta’minlashga qaratilgan hamda, birinchi navbatda, verbal, ya’ni til (nutq yoki matn) yordamida amalga oshiriladigan o‘ziga xos axborot almashinuvi jarayonlarini bildiradi.


  1. Yüklə 290,5 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin