Darsning maqsad va vazifalari: -badiiy ijodkorlikni o'stirish;
-tasviriy malakalarni mustahkamlash; badiiy-estetik didini o'stirish:
-Vatanga, jonajon o'lkaga mehr-muhabbatni tarbiyalash;
-ko'z xotirasi va kuzatuvchanlikni o'stirish.
Tasviriy faoliyat turi: Rangtasvir kompozitsiya.
Darsning jihozlanishi: Hovli tasviri aks etgan tasviriy san'at asarlarining reproduksiyalari, rasmlar, slaydlar.
Dars tafsilotlari: I.Dars mavzusiga kirish: Darslikda taavirlangan to'rt faslning o'ziga xos xususiyatlariga e'tibor qaratiladi. Savol-javob orqali aynan bir bog'ning yoz, bahor kuz va qish faslidagi ko'rinishlari, daraxt barglarining ranglari, tabiat o'zgarishlari tahlil qilinadi.
II.Asosiy qism: «Bizning hovli» mavzusida xayolan rasm ishlanadi. O'quvchilardan imkoni boricha bu rasmni biror faslga bog'lab ishlashlari talab qilinadi.
III.Darsga yakun yasash: O'tilgan materiallar darslikdagi savollar yordamida takrorlanadi. Amaliy mashg'ulotni yaxshi bajargan o'quvchilar ishi namoyish etiladi va tahlil qilinadi. O'quvchilarning ishlari baholanib, darsga yakun yasaladi.
22-dars. Mavzu: «Zumrad va Qimmat» ertagi asosida rasm ishlash
Darsning maqsad va vazifalari: -qalam va mo'yqalam bilan rasm ishlash malakalarini mustahkamlash;
-tasavvur va tafakkurni, badiiy-ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish;
-axloqiy jihatdan tarbiyani takomillashtirishga ko'maklashish;
-tasviriy savodxonlikni o'stirish.
Tasviriy faoliyat turi:Dekorativ kompozitsiya.
Darsning jihozlanishi: Multfilm qahramonlari aks ettirilgan lavha-larning rasmlari.
Dars tafsilotlari: I.Dars mavzusiga kirish: Multfilm ham o'ziga xos ko'rgazmali, tasvirli ertak ekanligi haqida so'z yuritiladi. Multfilm yaratishda rassomlar mehnatining ahamiyati tushuntiriladi. O'quvchilar bilan multfilmlar, ularning qahramonlari haqida, o'quvchilarga qaysi qahramonlar ko'proq yoqishi xususida suhbat uyushtiriladi. «Zumrad va Qimmat» ertagi savol-javob yordamida esga tushiriladi. Multfilm qahramonlarini o'quvchilar qanday tasvirlashni hohlashlari haqida gapirib berishlari uchun savollar bilan murojaat qilinadi.
Mazkur darsda ertak qahramonlari yuz ifodalarini tasvirlash yuzasidan ko'rsatmalar hamda portret janri yuzasidan ham ma'lumotlar beriladi.
Portret - tasviriy san'at janri bo'lib, ma'lum bir shaxs yoki bir necha kishini tasvirlashga bag'ishlangan rasm ekanligi ta'kidlanadi. Mazkur janr namoyandalari, ularning asarlari bilan o'quvchilar tanishtiriladi. Rassom, pedagog, O'zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, O'zbekiston xalq rassomi Malik Nabiyev haqida ma'lumot beriladi. U asosan portret va tarixiy janrlarda ijod qilgan. Portret janridagi «Do'stim portreti», «Abu Rayhon Beruniy», «Bobur», «Amir Temur» portretlari sanab o'tiladi.
II.Asosiy qism: 1.O'qituvchi ertak qahramonlari Zumrad va Qimmatlarning rasmini alohida-alohida ishlash bosqichlarini tushuntiradi. So'ngra «Zumrad va Qimmat» ertagidagi o'gay ona rasmini ishlash yuzasidan ko'rsatma beriladi.
2.Amaliy mashg'ulot: O'quvchilar mustaqil ravishda ertak qahra-monlaridan biri o'gay ona rasmini ishlashga kirishadilar.