Morfemikaga oid mashq va topshiriqlar 1. Ajratib ko’rsatilgan so’zlarni morfemalarga ajrating. O’zak va affikslarning ma’nolarini, vazifalarini aniqlang. 1. Anvarning maxdum hovlisida turishini joysizlikdan va yoshlikdan shunda o’sib o’rgangandan, deb yurgan Sultonali mirzo bu kun ertalab o’z uyiga kelgan maxdumning so’zidan keyin bir oz haqiqatga tushungandek bo’ldi. 2. Saidiy Munisxonning haligi so’ziga muvaffaqiyatli javob qilgandan so’ng yana o’shanday so’zlatib javob qilishni xohladi. 3. Quvonchimdan terimga sig’may Turg’un degano’rtog’imnikiga yugurdim. 4. Kuz iliq kelgani uchunmi, Hirot tojdorlari hali ham qal’a tashqarisidagi bog’larda yashamoqda edilar. 5. Qiz mojarosi boshlanishidan ikki kun oldin Chavandoz Komila bilan birga toqqa chiqib ketgandi. 6. Qizlar sandiqchalaridan, yostiqlarining ostlaridan tugunchalarini keltirib, nonlarini o’rtaga to’kib, nonushtaga o’tirganlaridan keyin ham o’zaro pichirlash tugamadi. 7. Yulduzlar bekinmachoq o’ynayotgandek, onda-sonda yalt-yalt etib qoladi. 8. Ko’ngilli o’tgan bir hafta, ayniqsa, Qo’qondan hatlab nariga chiqa olmagan Salimda katta taassurot qoldirgan edi.
2. Matndagi so’zlarni morfemik tahlil qiling, so’z yasovchi va shakl yasovchi qo’shimchalarni aniqlang. Qasida o’qib tugatilganda Bobur ta’sirlanganidan qayerda o’tirganini ham unutgan edi. U atrofiga qarab, go’yo mehmonxonaga uzoqlardan qaytib kelganday bo’ldi.
-Mavlono, bu qasidani Alisherbekka nega yubormaysiz?
-Hirotga boradigan tayinli odam yo’q, amirzodam.
-Biz yaqinda Hirotga elchi yubormoqchimiz. Kaminaga Alisherbekdan kitobat kelgan edi. Javobini yozib yubormoqchiman.
-Amirzodam, qani edi, qulingizning bu qasidasini ham…
-Marhamat, xattotga berib ko’chirtirmoq zarur bo’lsa, men buyururmen. So’ng elchidan berib yuborurmiz.
Gap shunga qaror topdi-yu, mulla Binoiy xursand bo’lib chiqib ketdi. Bobur yana xonayi xosga kirib, chala qolgan she’rini qo’lga oldi.
O’zbek tili asrlar davomida arab, fors-tojik, rus tillari bilan o’zaro aloqada yashab keldi. Buning natijasida tilimizda o’sha tillarga xos bo’lgan yasalmalar va so’z yasalish qolipi ham o’zlashdi. Shulardan biri old qo’shimchali so’zlar va old qo’shimchalar sanaladi. Bular quyidagilar: ba-, be-, no-, ser- ,shuningdek, badfe’l, xushro’y, hamfikr
Mashq. Gaplarni o’qing, old qo’shimchalarni aniqlang.
Serjahl va serzarda bo’lmang, odamlar e’tiboridan qolasiz. Noo’rin aytilgan so’z boshga kulfat keltiradi. Baquvvat va kuchli farzandlari bor xalqni hech kim yengolmaydi. Serquyosh o’lkamizning har bir qarich yeri biz uchun muqaddas. Nomard do’st dushmandan yomon.