Maktabgacha pedagogika fanining asosiy kategoriyalari. Bizga yaxshi ma`lumki, har bir fan o`zining tayanch tushunchalari, qonuniyatlari, tamoyillari, qoidalari tizimiga ega. Aynan mana shu holat uning fan sifatida e`tirof etilishini kafolatlaydi. Fanning mohiyatini ochibberuvchi eng muhim, asosiy tushuncha kategoriya deb ataladi. Maktabgacha pedagogika fanining asosiy kategoriyalari shaxs kamolotini ta`minlash, ta`lim va tarbiya samaradorligiga erishishga haratilgan jarayonlarning umumiy mohiyatini yoritadi. Eng muhim kategoriyalar sirasiga quyidagilar kiradi: shaxs, tarbiya, ta`lim (o`qitish, o`qish), bilim, ko`nikma, malaka, ma`lumot, rivojlanish.
Shaxs – psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi, muayyan xulq-atvor va dunyoqarashga ega bo`lgan jamiyat a`zosi.
Tarbiya-muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama o`stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyo-qarashini tarkib toptirish jarayoni.
Ta`lim-maktabgacha yoshdagi bolalarni nazariy bilim, amaliy ko`nikma va malakalar bilan qurollantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o`stirish va dunyoqarashlarini shakllantirishga yo`naltirilgan jarayon.
Bilim-shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma`lum obrazlar ko`rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma`lumotlar majmui.
Ko`nikma-shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati.
Malaka-muayyan harakat yoki faoliyatni bajarishning avtomatlashtirilgan shakli.
Ma`lumot-ta`lim-tarbiya natijasida o`zlashtirilgan va tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko`nikma va malakalar hamda tarkib topgan dunyoqarash majmui.
Rivojlanish-shaxsning fiziologik va intellektual o`sishida namoyon bo`ladigan miqdor va sifat o`zgarishlar mohiyatini ifoda etuvchi murakkab jarayon.
Maktabgacha pedagogika fanlarini boshka fanlar bilan bog`likligi. Shaxs kamolotini ta`minlash, uning intellektual, ma`naviy-axloqiy hamda jismoniy jihatdan rivojlanishiga erishishda turli yosh davrlari, har bir davrning o`ziga xos jihatlari, shuningdek, bolaning fiziologik, psixologik holatini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. Shu bois yaxlit pedagogik jarayon muayyan turkumni tashkil etuvchi pedagogik fanlar tomonidan o`rganiladi. Ular quyidagilardir:
1. Yosh fiziologiyasi-maktabgacha yoshidagi bolalarning yosh va fiziologik xususiyatlarini o`rganadi.
2. Bolalar psixologiyasi-maktabgacha yoshidagi bolalarni psixologik xususiyatlarini o`rganadi
3. Korrektsion (maxsus) pedagogika-rivojlanishida turli psixologik va fiziologik nuqsonlari bo`lgan bolalarni tarbiyalash va o`qitish bilan bog`liq muammolarni o`rganadi.
O`z navbatida korrektsion pedagogika tarkibiga maxsus pedagogika va psixologiyaning turli sohalari kiradi. Ular quyidagilardir:
3.1. Surdopedagogika va surdopsixologiya-eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni rivojlantirish, o`qitish va tarbiyalash masalalarini o`rganadi.
3.2. Oligofrenopedagogika va oligofrenopsixologiya-aqli zaif bolalarni rivojlantirish, o`qitish va tarbiyalash masalalarini o`rganadi.
3.3. Tiflopedagogika va tiflopsixologiya-ko`rish qobiliyati buzilgan bolalarni rivojlantirish, o`qitish va tarbiyalash masalalarini o`rganadi.
3.4. Logopediya va nutqiy buzilishlar psixologiyasi-nutqi, shuningdek, motorli-harakatlanish doirasida murakkab nuqsonlari bo`lgan bolalar (ko`r, soqov va kar bolalar)ni rivojlantirish, o`qitish va tarbiyalash masalalarini o`rganadi.
4. Metodika – xususiy fanlarni o`qitish xususiyatlarini o`rganadi.
5. Pedagogika tarixi – ta`lim va tarbiyaning yuzaga kelishi, taraqqiy etishi, muayyan tarixiy davrlarda etakchi o`rin egallagan pedagogik fikrlar taraqqiyoti masalalarini o`rganadi.
6. Pedagogik texnologiya–ta`lim va tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo`llash, texnologik yondashuv asosida ta`lim va tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish muammolarini o`rganadi.
7. Pedagogik mahorat-bo`lajak tarbiyachilarning kasbiy mahoratlarini oshirish, takomillashtirish muammolarini o`rganadi.
8. Ta`limni boshqarish-ta`lim muassasalarining faoliyatini yo`lga qo`yish, boshqarish, nazorat qilish hamda istiqbollarini belgilash masalalarini o`rganadi.
9. Ijtimoiy pedagogika-ijtimoiy munosabatlar jarayonida maktabgacha yoshidagi bolalarni ijtimoiy hayot va faoliyatga yo`naltirish muammolarini o`rganadi.