Pedagogikaning oʻquv predmeti sifatidagi asosiy rivojlanish davrlari.
Pedagogika avval tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini oʻrganadigan falsafa fani tarkibidan ajralib chiqib fan sifatida taniladi.
Hozirgi davrda inson faoliyati bilan shu qoʻllanadigan fanlar juda koʻp. Pedagogika fani oʻzi oʻrganadigan mavzu ya’ni inson, odam, bola va uning shakllanishini tadqiq qiladi va fan sifatida tan olinib, rivojlanib bormoqda. Juda qadimgi davrda jamiyatning inson zotini qoʻllab-quvvatlash va saqlab qolish ehtiyojidan kelib chiqqan holda tarbiyalash jarayoni, avvalo, u ijtimoiy-tarixiy tajriba jarayonida toʻplangan va toʻplanayotgan ijtimoiy tajribani bir-birining oʻrniga kelib turadigan avlodlarga yetkazib berishi bilan xarakterlanadi.
Yangi avlod oʻzidan oldingi keksa ajdodning ijtimoiy turmushdagi tajribasini (fan, san’at, axloq) xulq-atvor sohalarini oʻzlashtira borib uni boyitadi. Bu haqda Beruniy “jamlangan tajribani har bir avlod oʻzidan keyin kelayotgan, oʻzidan keyin uni taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga yetkazib beradi” deb oʻrinli ta’kidlagan. Ijtimoiy tajriba, tabiat, jamiyat, texnika va voqealarni qayta oʻzgartirish uchun zarur boʻlgan faoliyat usullari haqidagi bilimlar, koʻnikma va malakalar insonning dunyoga, odamlarga, oʻziga nisbatan munosabatining alohida tizimi sifatidagi tarbiyalanganliklari tarkib topganidir. Ijtimoiy tajriba moddiy va ma’naviy qadriyatlarning yigʻindisi sifatida ijtimoiy ongning turli shakllarida shuningdek, ijtimoiy munosabatlar, xulq-atvor tizimida mujassamlashgan tarbiya muayyan ijtimoiy funksiyalarni bajarishga tayyor boʻlgan shaxsni voyaga yetkazadi.
Inson egallab olishi lozim boʻlgan ijtimoiy tajriba qanchalik murakkab boʻlgani sari, bu tajribani yetkazish yuzasidan maxsus tashkil etilgan faoliyatga ya’ni (biror ishlab chiqarishni oʻrgatishga) ehtiyoji paydo boʻla boshladi. Tarbiya mohirlik va ishning koʻzini bilishni talab eta boshladi. Tarbiyani amalga oshirish, anglash va bu sohadagi tajribalarni oʻrganishga ehtiyoj tugʻilishi natijasida pedagogika fani yuzaga keldi. Agar insoniyat tarixining ilk bosqichlarida bolalar va kattalar bilan birgalikda mehnat qilish jarayonida tarbiya olgan boʻlsa, jamiyatning, hayotning rivojlanib borishi bilan bilim va tajribani oʻrganishning bunday yoʻli hayot talablariga javob bermay qoldi. Bular esa oʻz navbatida oʻqitishni, tarbiyalashni taqozo etar edi. Bu vazifa pedagogika fanining alohida bir fan sifatida shakllanishiga imkon berdi. Bu hayotning obyektiv talabi natijasida roʻy berdi. “Taraqqiyot tasodif emas, balki zaruratdir” deb ta’kidlagan fransuz olimi Viktor Gyugo.
Hayotning barcha yoʻnalishlaridagi tajribalar maktabning vujudga kelishiga sabab boʻldi. “Maktab” soʻzi yunon tilida “dam olish, mehnatdan soʻng hordiq chiqarish” degan ma’noni anglatadi. Qadimgi Gresiyada maktab deb tajribaliroq, bilagʻonroq odamlarning bolalari va oʻsmirlar bilan suhbatlashishini aytishgan.
Keyinchalik “maktab” termini maxsus oʻquv-tarbiya muassasalari sifatida ishlatila boshlagan va hozirgi vaqtda ham shu ma’noda ishlatiladi. Tarbiyaning takomillasha borishi natijasida jamiyat tuzilishida faoliyatning yangi turi yuzaga chiqdiki, u yoshlarni maxsus ijtimoiy pedagogik dasturlar asosida hayotga ongli va maqsadga muvofiq tayyorlashga moʻljallangandir. Bu masala pedagogik kasbning boʻlishini taqazo etardi. Uni amalga oshirish uchun maxsus tayyorlangan mutaxassislarga ehtiyoj tugʻdirdi.
Pedagogik bilimlar inson faoliyatining maxsus yoʻnalishlarida yosh avlodni ijtimoiy hayotga tayyorlashda va tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham pedagogika fani jamiyatning rivojlanishida, odamlarning ijtimoiy ishlab chiqarish, ijtimoiy va ma’naviy tajribalarini keyingi avlodga yetkazishini hal qiluvchi va jamiyatning rivojlanishini ta’minlovchi fan deyish mumkin. Bu haqda AQShning buyukpedagogi Bendjamin Spok “Mening oldimda ikki asosiy vazifa aniq boʻla boshladi. Bu bir tomondan, pedagogikani asrimizning ma’naviy darajasiga koʻtarish boʻlsa, ikkinchi tomondan men tarbiyaning psixologik-pedagogik qonuniyatlarini falsafiy anglab yetish bilan birga ota-onalarga aniq tavsiyalar berish, ularning savollariga aniq javob berishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim” - degan edi. Haqiqatan ham pedagogika fani inson shaxsini ma’naviy kamolotini ta’minlaydigan fan boʻlmogʻi darkor.
Fan va oʻquv predmeti, ularning aloqasi va oʻziga xos xususiyatlari.
Pedagogika fani inson tarbiyasi bilan shugʻullanganligi sababli unga hamma fanlar koʻmaklashishi tabiiydir. Inson tarbiyasining qaysi sohasini olib koʻrmang, u qaysidir fan bilan aloqadorlikda amalga oshiriladi, oʻsha fanning qonun-qoidalariga suyanadi.
Dostları ilə paylaş: |