Markaziy Osiyo bo‘ylab joylashgan xalqlar va elatlar: o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, afg‘on, uyg‘ur, oltoy elatlari, tibet xalqlarining etnik holati
9-mavzu so‘nggi o‘rta asrlarda markaziy osiyo etnik jarayonlarn
Markaziy Osiyo bo‘ylab joylashgan xalqlar va elatlar: o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, afg‘on, uyg‘ur, oltoy elatlari, tibet xalqlarining etnik holati.
XVI- XVIII asrlarda Markaziy Osiyoda Amir Temur va temuriylar davlati o‘rnida bir necha mustaqil davlatlar paydo bo‘la boshladi. Aholining aksariyat qismi qishloqlarda yashagan va sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Tog‘ va tog‘ oldi qishloqlari aholisi kam sonli bo‘lgan va lalmi dehqonchilik bilan shug‘ullangan.
Shu asrlarda Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda XIII-XV asrlar davomida ko‘chib kelgan barlos, jaloyir, arlot, qavchin, qipchoq va boshqa qavmlarning avlodlari yashagan. Ular XVI- XVIII asrlarda o‘troqlashib, ayrimlari o‘zlarining nomlarini ham unutib yuborgan. Yarim o‘troq qavmlar tog‘ oldi hududlarda va vohalarga tutashgan adir, cho‘llarda joylashib o‘tov va kapalarda yashaganlar. Erta bahorda chorva mollarini haydab dasht-adirlarga chiqib ketganlar. Qavmlarning juda oz qismi yarim ko‘chmanchilikda kun kechirib, cho‘llarda yashab chorvachilikbilan shug‘ullangan.
XIV-XVI asrlarda Xorazm aholisining ma’lum qismi Mavorounnahrga ko‘chib kelgan.1388 yil A.Temur Urganch shahrini egallab, shahar aholisining ko‘pchiligini Samarqandga ko‘chirgan. XIX asr oxiri - XIX asr boshlarida bu xududda «urganji» nomi bilan ma’lum guruxlar uchraganligi, o‘sha Urganchdagi ko‘chirilganlarining keyingi avlodlari bo‘lishi mumkin. Shaybonixon Xorazmni egallaganda Qiyot va Baldumsoz shaharlari aholisi Movarounnahrga ko‘chirilgan. 1537 yil Ubaydullaxon xorazmlik asirlarni Xisor, Buxoro, Samarqand va Toshkentga ko‘chirgan.
XVI asrning birinchi yarmida Movarunnahr va Xorazmga Dashti Qipchoqda o‘zbek qavmlari ko‘chirilgan. O‘zbek davlatining etnik tarkibi o‘ta murakkab bo‘lgan. Dashti Qipchoqda juda ko‘p turkiy va turkiylashgan mo‘g‘ul qabilalari va qabila birlashmalari yashagan.
Volga va Ural daryolari oralig‘ida mang‘it qabilalari ko‘chib yurgan. Mang‘it qabilalari Abdulxayrxonning tayanchi bo‘lgan. Ular XV asrning ikkinchi yarmida No‘g‘ay O‘rda nomi bilan davlatiga asos soladilar. No‘g‘ay O‘rdasidan shimolda mustaqil Sibir xonligi tashkil topgan. Mazkur xonlik XVI asrda Sibir yoki Tumen xonligi nomi bilan ma’lum edi.
Kireyxon va Jonibekxon boshliq o‘zbek kabilalarining bir qismi (200 mingga yaqini) Abdulxayrxon hayotligidayoq Chu daryosi vohasiga borib 1466 yildan hayot kechiradilar. Bu qabilalar qozoq nomini olgan. 1468 yilda Abdulxayr xon vafotida keyin taxt un kurashlarda qatnashishni xohlamagan Oq O‘rda qabilalarining bir qismi Chu vohasida yashovchi qozoqlarga borib qo‘shiladilar.
XVI- XVIII asrlar boshlarida qazoq xalqi kuchayib o‘zbek shayboniylari bilan kurashib Dashti Qipchoqning sharqiy qismini egallay boshlaydilar. Dashti Qipchoq qabilalarining bir qismi Movarounnahrga ko‘chib o‘tadilar, ular o‘rnini qozoqlar egallaganlar.
Fazlulloh Ruzbexon «Mehmonnamayi Buxoro» kitobida Dashti qipchoq o‘zbeklarini uch guruhga bo‘lgan: Shayboniylar qo‘l ostidagi kabilalar; Dashti Qipchokning sharqiy qismiga ko‘chib ketgan kozoqlar; mang‘itlar.
Kozoqlar XV asrning ikkinchi yarmi XV asrning birinchi choragida o‘zlarini «o‘zbek qozoqlari» deb atagan. Demak, shu asrlarda qozoqlar o‘zlarini dashtiqipchoq o‘zbeklarining bir qismi hisoblanganlar.
XVI asr o‘rtalaridayoq qozoqlar alohida etnik birlik bo‘lib shakllangan bo‘lishi kerak. Shu davrdan boshlab qozoq xalqi va Movarounnahrga ko‘chgan ko‘chmanchi o‘zbeklarning tarixiy taraqqiyoti alohida yo‘nalishda rivojlangan.
Shayboniyxon yurishlarida qo‘shchi, nayman, qarluq, uyg‘ur, o‘tarchi, ichki, qipchoq, do‘rmon, ming, qiyot, qo‘ng‘irot, keneges, tuman, tangut, chimboy, burqut, shunqorli, mesit, shodboqli, yidjon, mang‘it, xitoy va boshqalar qatnashgan.
Dashti Qipchoq o‘zbeklarining ayrim guruhlari, ya’ni naymanlar, uyg‘urlar, mang‘itlar, qo‘ng‘irotlar, qushchi, ming va boshqalar Movarounnahr va Xorazm egallanmasdan ancha oldin mazkur hududlarga kelib o‘rnashgan edilar. Qolganlari keyinchalik XVI asrdan ko‘chib kela boshlagan. Dashti Qipchoqdan ko‘chib kelgan qabilalar qipchoq yoki qipchoq-o‘g‘uz lahjasida so‘zlashganlar. Bu lahja dashtiqipchoq o‘zbeklari ko‘chib kelmasdan oldin ham keng tarqalgan edi. Ko‘chmanchi o‘zbeklar Movarounnahrda mahalliy o‘zbek aholisining «Eski o‘zbek» yoki «chig‘atoy» tilini o‘zlashtira boshlaydilar.
XVI- XVIII asrlarda va keyinchalik ham O‘zbekiston xududida rasmiy til o‘zbek tili edi. Tojik tili Buxoro vohasida ikkinchi til hisoblangan. Saroy shoiri, tarixchilar o‘z asarlarini ko‘pincha tojik tilida yozganlar. Ish yuritish tojik tilida bo‘lgan. Ko‘chmanchi o‘zbeklar Movarounnahr va Xorazm aholisi tarkibiga singib ketgan.
Tarixiy manbalarda XVI asr oxirida Buxoro xonligida uch turkum aholi yashaganligi qayd etilgan. Bular: Muhim yashab dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar – “dehnishin”; Yarim o‘troqlikda hayot kechirganlar – “qishloqnishin”; Ko‘chmanchilar – “sahronishin”.
XVII asrda Xorazmdagi ichki ziddiyatlarga, kurashlarga barham berish maqsadida Abdulxayrxon 1646 yil islohot o‘tkazadi. Unga ko‘ra Amudaryo quyi oqimida yashovchi ko‘chmanchi o‘zbek qavmlarining har ikkitasini bir jamoaga birlashtirib, to‘rt juft guruh tashkil qilgan: uyg‘ur-nayman, qo‘ng‘irot-qiyot, nukus-mang‘it, qang‘li-qipchoq birlashmalari.
Har bir birlashmaga ekin yerlari, ariqlar va yaylovlarni bo‘lib bergan. To‘rt etnik birlashmaga yana 14 ta kichik etnik guruhlarni qo‘shib qo‘ygan.
Xiva xonligida 1778-79 yillar ochlik va o‘lat tarqalib, aholining aksariyati qorilib keta boshladi. Bu vaziyatdan qo‘ng‘irot qavmidan bo‘lgan amir Muhammad Amin foydalanib, hokimiyatni o‘z ko‘liga oladi va Xorazmda qo‘ng‘irotlar sulolasiga asos soladi.
Shunday qilib, XVIII asrda O‘rta Osiyoning Markaziy hududlarida uchta markazlashgan davlat vujudga keladi. Bu davlatlarni uchta o‘zbek qavmlaridan chiqqan hukmronlar boshkarib turgan. Buxoro amirligida mang‘itlar, Qo‘qonda minglar va Xorazmda ko‘ng‘irotlar sulolalari. Dashti Qipchoqdan Movarounnahrga ko‘chib kelgan etnoslarning ko‘psonlilari: qipchoq, saroy, qo‘ng‘irot, yuz, nayman, mang‘it, xitoylar nisbatan yirik etnik guruhlar edi. XVIII asr oxiri XX asr boshlarida qipchoqlarning umumiy soni 270 ming bo‘lgan.
Shuni aytmoq kerakki, Dashti Qipchoq aholisining hammasi ham Movarounnahrga ko‘chib kelmagan. Ularning katta kismi Dashti Qipchoqda kolib, bu yerda tashkil topgan turli etno-siyosiy uyushmalarga kirgan. Masalan: qo‘ng‘irotlar, qoraqalpoq, qozoq va Xorazm aholisi tarkibiga; qipchoqlar, qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, boshqir, turkman va boshqa xalqlar bilan qo‘shilib ketgan; naymanlar qozoq, qirg‘iz xalqlariga qo‘shilgan; qtay qoraqalpoq, boshqird, qozoq xalqlarining tarkibiga kirgan. Dashti Qipchoq o‘zbeklarining faqat ma’lum guruhlari Movarounnahrga kelib joylashgan edilar. Bular XVIII asr boshlarida hozirgi O‘zbekiston aholisining ¼ qismini tashkil qilgan.
Ko‘manchi o‘zbeklar o‘troqlikka o‘tib mahalliy aholi bilan aralashib keta boshlaydi va aholi nomida ham o‘zgarish ro‘y beradi.
XVI asr oxirlarida Buxoro aholisi (ko‘chib kelganlardan tashqari) «chig‘atoy» yoki «turk chig‘atoy» va tojikka bo‘lingan. XVII asr oxirlaridan esa manbalarda faqat o‘zbek va tojik nomi uchraydi. Demak, Temuriylar davrida turkiy va mo‘g‘ul aholiga nisbatan qo‘llanilgan «chig‘atoy» tushunchasi oldingi ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa kerak. XIX asr oxiri XX asr boshlarida urug‘ qabilalarga bo‘linmagan mahalliy aholining bir qismi, ya’ni O‘zbekiston va Tojikiston janubiy xududlarida yashovchi o‘zbeklarning turkiy guruhi va tojiklarning ozrog‘i o‘zlarini «chig‘atoy» atab kelganlar.
XVII asrning birinchi yarmigacha Xorazm aholisining aksariyat ko‘pchiligi o‘zlarini chig‘atoy deb ataganlar. Keyingi asrlarda chigatoy etnik nomi Xorazm aholisining oz qismida saqlanib qolgan xolos.
Dashti Qipchoqdan ayrim etnik guruhlarning Movarounnahrga ko‘chib kelishi XVI- XVIII asrlarda ham davom etgan.
XVII asr boshlarida Buxoroning siyosiy mavqeining pasayishida qozoq xonlari foydalanib Toshkentni egallaydilar va ular vohadagi yaylovlarni egallaydilar.
XVII asrda qalmoq (oyrot)lar Qozog‘iston cho‘llariga bir kecha marta hujum qilishlari natijasida qozoqlarning ayrim guruhlari Xorazmga, Zarafshon daryosi o‘rta qismiga, Nurota tog‘ining janubiy yon bag‘irlariga joylashgan edilar. Qalmoqlardan zarbaga uchragan qipchoqlarning bir qismi Zarafshon vohasiga, ikkinchi qismi esa Toshkent vohasi va Mirzacho‘lga kelib yashaydilar. Qipchoq va qoraqalpoqlar kelmaslaridan oldin Mirzacho‘l va Toshkent vohasida qurama, do‘rmon, qirq, yuz, ming va boshqa guruhlar yashagan edi.
XVIII asrning 30-yillarida qipchoqlar bu yerda yaylov qidirib Farg‘onaning tog‘ oldi mintaqalariga ko‘chib ketgan, ozroq qismi esa Toshkent vohasida qolgan.
Qoraqalpoq etnik guruhlari esa Markaziy Farg‘onaning cho‘l qismlariga ko‘chib o‘tadilar va bu yerlar keyinchalik Qoraqalpoq cho‘li nomi bilan atalgan edi.
Sirdaryoning o‘rta oqimida yashagan ko‘chmanchi uz qabilalari qalmoqlar ta’sirida XVIII asrning birinchi yarmida Nurota tog‘lari shimoliy yonbag‘irlariga, keyinchalik u yerdan Zarafshon vohasiga kelib joylashadilar va o‘troqlasha boshlagan. Uzlarning bir qismi esa Qarshi cho‘liga o‘tib chorvachilik bilan shug‘ullanadilar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, XVI- XVIII asrlarda murakkab siyosiy vaziyat aholining etnik tarkibiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Dashti qipchoq o‘zbeklari Movarounnahrga ko‘chib kelgan vaqtgacha bu yerda o‘zbek elati tashkil topgan edi. Bu elat qadim, shu yerda yashab kelgan mahalliy aholidan tashkil topgan edi. XIII asrdan boshlab esa Dashti Qipchoqdan Movarounnahrga ko‘chib kelgan ko‘chmanchi o‘zbek urug‘lari o‘zbek elatining tarkibiga kirgan navbatdagi komponentlar edi. Bular mahalliy o‘zbek xalkining turmush tarziga, an’analariga, madaniyatiga, xo‘jalik faoliyatiga ta’sir ko‘rsata olmadilar. Lekin mahalliy aholiga «o‘zbek» nomini bergan edi.