1-masalaning bayoni: Gaplarning tuzilishiga ko’ra turlarini belgilashda quyidagilar asos qilib olinadi:
Grammatik asos, predikativ markazning miqdori.
Gaplarning grammatik asos, predikativ markazning miqdoriga ko’ra turlarini belgilashda oddiy gaplarning grammatik asosi, struktura asosi, predikativ markazi, yadrosi tushunchalarini bilib olish lozim. Bu terminlar har qanday gapning tuzilishida asosiy rol o’ynovchi bo’laklar yoki bo’lak ma’nosini bildiradi. Bu bo’laklarsiz gap shakllanmaydi, predikativ munosabat yuzaga kelmaydi, fikr ifodalanmaydi. Shuning uchun uni ba’zilar grammatik asos, predikativ markaz, yana ba’zilar predikativ yadro deydi. Nima deyilishidan qat’i nazar, so’zni o’zak morfemasiz tasavvur qilib bo’lmaganidek, gapni ham mazkur bo’laklarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi.
Gapda bunday vazifani ega va kesim munosabati yoki kesimning o’zi yoki kesim sostavi bajaradi. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. Yangisini qurmay, eskisini buzmang. Shovqin qilmang. Etti o’lchab, bir kes.
Demak, gapning grammatik asosi, predikativ markazi ega va kesim munosabatidan tashkil topgan predikativ qurilma yoki kesim sostavi yoki kesimning o’zidan tashkil topgan predikativ birlikdan iborat.
Gaplarning tuzilishiga ko’ra turlarini belgilashda dastlab ana shu grammatik asos, ya’ni ularning necha grammatik asosli ekanligiga qaraladi. Bunga ko’ra gaplar dastlab ikki katta guruhga bo’linadi:
1. Sodda gaplar.
Qo’shma gaplar.
Sodda gaplar bir grammatik asosdan, bir predikativ markazdan iborat bo’ladi. Bu grammatik asos ega-kesim munosabati yoki kesim sostavi (yoki kesimning o’zi) bilan ifodalangan bo’ladi. Masalan: Qo’ng’iroq chalindi. Hamma o’z o’rnini egalladi. O’qituvchi kirib keldi. Salomlashdik. Dars boshlandi.
Qo’shma gaplar ikki yoki undan ortiq grammatik asoslarning birikib, bir semantik butunlik hosil qilishidan yuzaga keladi. Bu grammatik asoslar mustaqil holda ishlatilishi ham, ishlatilmasligi ham mumkin. Bu erda ularning mustaqil ishlatilishi yoki ishlatilmasligiga emas, balki grammatik asos talablariga javob berishi yoki bermasligiga e’tibor beriladi. Qo’shma gapning grammatik asoslari xuddi sodda gap singari ega - kesim munosabati yoki kesim sostavi (yoki kesimning o’zi) dan iborat bo’lishi va ularning biri ikkinchisidan pauza-to’xtam bilan ajralib turishi kerak.
Ana shunday semantik-sintaktik, intonatsion xususiyatlarga ega bo’lgan sintaktik butunliklar qo’shma gap hisoblanadi. Masalan: Havoni bulut qopladi, lekin yomg’ir yog’madi. Buxoro xonligida rus boj nazorati o’rnatilgach, choyning har pudi uchun 6 so’m miqdorida boj belgilangan. Bu gaplarning har ikkisi ham ikki sodda gap predikativ birlikdan iborat bo’lishi bilan birga, bu predikativ birliklar o’zaro grammatik jihatdan bog’langandir.
Albatta, tilning dastlabki davrlarida sodda gap qo’llangan, keyinchalik sodda gaplarning qo’shilishi va fikrni ifodalashning turli ko’rinishlariga o’tilgandan keyin qo’shma gaplar ham yuzaga kelgan. Hozirgi kunda og’zaki nutqda sodda gap ko’proq qo’llansa, yozma nutqda qo’shma gap ham faol qo’llanadi. Yozma nutqda og’zaki nutqga qaraganda vaqt va imkoniyat kengroq bo’lgani uchun fikr qo’shma gaplar shaklida ham ifodalanadi, qolaversa, yozma nutqda ko’proq murakkab voqea-hodisalar bilan bog’liq jabhalar bayon qilinadi. Masalan: Qo’ng’iroq chalindi va dars boshlandi. Mumtoz tilimizga oid so’zlarning loaqal 10 foizi nutq madaniyatimizga (muomalaga) kiritilsa, davlat tilimizning obro’si yanada oshgan bo’lardi. Qor yog’di - don yog’di. Qo’shning tinch-sen tinch. Borsam, yo’q ekansan.
Shu bois ushbu talablarga javob bermagan, biroq shaklan qo’shma gapga juda o’xshash bo’lgan quyidagi sintaktik qo’shilmalar qo’shma gap hisoblanmaydi:
Omon bo’lsak, uchrashamiz. Onasi mukofotlangan qiz keldi. Soqol-mo’ylovlariga oq oralagan, peshonasi keng, ko’zlari mehr bilan boquvchi bu kishi bir ko’rinishdayoq kishida iliq taassurot qoldirardi. Birinchi gapda ega bitta, ikkinchi gapda predikativ birikma ikkita bo’lsa-da, birinchisi aniqlovchi vazifasida kelgan (qanday? qaysi? so’rog’iga javob bo’ladi), uchinchi gapda ham predikativ birikmalar va sifatdosh oborot aniqlovchi vazifasida kelgan. Ular predmetdan ajralib turuvchi alohida intonatsiyaga ega emas. Binobarin, ular sodda gaplardir.