Tuproqlari va o’simliklari. Janubiy Amerika tuproq-o’simlik zonal tipining ancha xilma-xilligi va o’n minglab o’simlikni o’z ichiga oluvchi florasining nihoyatda boyligi bilan ajralib turadi.
Bu xususiyat Janubiy Amerikaning shimoliy yarim shardagi subekvatorial mintaqa bilan janubiy yarim shardagi mo’tadil mintaqa orasida joylashganligi, shuningdek, materikning rivojlanish xususiyatlari bilan bog`liqdir; Janubiy
Amerika materigi avvaliga janubiy yarim shardagi materiklar bilan chambarchas bog`liq holda, keyinchalik esa katta quruqlik massivlaridan butunlay ajralgan holda rivojlandi. Materikning Panama bo’yni orqali Shimoliy Amerika bilan bo’lgan aloqasi bundan mustasnodir.
Janubiy Amerikaning 40° j. k. gacha bo’lgan katta qismi Markaziy Amerika va Meksika bilan birga Neotropik flora dunyosi (o’lkasi)ni tashkil etadi. Materikning janubiy qismi Antarktika (Golantarktika) flora dunyosi (o’lkasi)ga kiradi.
Bir vaqtlar Janubiy Amerika platformasini Afrika platformasi bilan tutashtirgan quruqlikda, aftidan, har ikki materik uchun markazi bitta bo’lgan savanna va tropik o’rmon floralari shakllangan; bu floralar tarkibida ba’zan bir xil o’simlik turi va avlodlarining uchrashi ham shuni ko’rsatadi. Biroq mezozoy oxirida Afrika bilan Janubiy Amerikaning bir-biridan ajralib ketishi har bir materikda mustaqil flora komplekslarining rnvojlanishiga hamda Paleotropik va Neotropik o’simliklar dunyosining ajralib chiqishiga sabab bo’lgan. Neotropiklar o’simlik turlariga boyligi va endemikning yuksak darajada rivojlanganligi bilan xarakterlanadi; bu xususiyat neotropik floraning mezozoydan boshlab to’xtovsiz rivojlanganligi va turlar paydo bo’lishining bir qancha katta markazlari mavjudligi bilan bog`liq bo’lgan.
Janubiy Amerika florasining eng muhim endemik oilalari ananasdoshlar, nastursiyadoshlar, kannadoshlar, kaktusdoshlar va boshqalardir.
Dostları ilə paylaş: |